Fahriddin roziy ibn sino asarlarining mohir sharhlovchisi
Download 68.83 Kb.
|
FAHRIDDIN ROZIY - IBN SINO ASARLARINING MOHIR SHARHLOVCHISI
FAHRIDDIN ROZIY - IBN SINO ASARLARINING MOHIR SHARHLOVCHISI Umarjonov Sohibjon Soyibjon o’g’li Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Ijtimoiy –gumanitar fanlar kafedrasi tayanch doktoranti e-mail: fenomen1993@bk.ru Insoniyat tarixida shunday davrlar bo’ladiki, muayyan hududda shakllangan, biron-bir xalq erishgan yuksak intellektual salohiyat jahon svilizatsiyasi va madaniyati xazinasiga ulkan xissa bo’lib qo’shiladi, uning taraqqiyotiga katta ta’sir ko’rsatadi. Bunday davrlarda nomlari tarixda qolgan ko’plab allomalar va mutafakkirlar bir joyda yashab, yonma-yon ijod qiladilar, jamiyatni ma’naviy yuksalish va madaniy taraqqiyotga yetaklaydilar. Qadimgi Yunonistonning mashhur allomalari Epikur, Geraklit, Demokrit, Suqrot, Platon, Aristotel va boshqalar nom qozongan miloddan avvalgi VII-V asrlar yoki Xitoydagi qariyb barcha antik dinlar va ta’limotlarni vujudga keltirgan Konfutsiy, Lao Szi, Fun Szi kabi qadimgi Chin mamlakatining deyarli barcha mutafakkirlari yashagan ikki-uch asr ham insoniyatning madaniy xazinasiga ulkan hissa bo’lib qo’shilgan buyuk yuksalish davrlari bo’lgan. Yurtimiz o’tmishiga xolisona nazar tashlagan har bir kishi bir emas ikki marta bunday noyob jarayonni guvohi bo’lishi mumkin. Vatanimiz tarixidagi “Ilk o’rta asrlar (Uyg’onish davri)” deb yuritiladigan milodning IX-XI asrlari hamda Amir Temur va temuriylar davri insoniyat tarixining ana shunday buyuk yuksalish davrlari bo’lgani shubhasiz. Bu Amudaryo va Sirdaryo bo’ylarida yashagan xalqimizning intellektual salohiyati, ilmiy-falsafiy dahosi eng yuksak darajaga ko’tarilgan, uning Al-Xorazmiy, Farg’oniy, Imom Buxoriy, at-Termiziy, Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Zamahshariy, Ulug’bek, Alisher Navoiy, Bobur kabi atoqli namoyyandalari jahon sivilizatsiyasi va madaniyati sahifalariga o’zlarining o’chmas nomlarini muhrlab ketgan davrlardir. [1; 81] Bugungi kunda ilm-fanga, yoshlar tarbiyasiga har qachongidan-da ko’proq e’tibor qaratilmoqda. Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a’zolarining bilimi, saviyasini oshirish uchun avvalo ilm-ma’rifat, yuksak ma’daniyat kerak. Ilm yo’q joyda qoloqlik, jaholat va albatta to’g’ri yo’ldan adashish bo’ladi. “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” [2; 24] Shu asosda ajdodlarimiz ma’naviy merosini, ularning ibratli hayot yo’lini tadqiq qilish jamiyatimiz uchun, ta’lim-tarbiya uchun juda muhim jarayon hisoblanadi. Sharafu-l-mulk – Abu Ali ibn Sino insoniyat madaniyati taraqqiyotiga juda katta ta’sir ko’rsatgan, jahon fani, falsafa, badiiyati, ijtimoiy-siyosiy, ahloqiy tafakkuri rivojiga ulkan hissa qo’shgan vatandosh mutafakkirlarimizdan hisoblanadi. Ibn Sinoning dunyoqarashi o’zi yashagan madaniyatini aks ettiradi. Uning dunyoqarashi Hindiston tabiatshunosligi va Yunoniston falsafasi ta’siri ostida shakllandi. Ibn Sino Buqrot (Gippokrat), Jolinus (Galen), Yevklid, Arximed, Pifagor, Arastu, Porfiriylarning asarlari bilan yaxshi tanish edi. Ibn Sinoga Abu Bakr Zakariyo ar-Roziy va Forobiylar juda katta ta’sir o’tkazishdi. [3; 69] Ibn Sino yaratgan asarlar jahon xalqlari ma’naviy-madaniy mulkiga aylandi. Uning “Tib qonunlari”, o’n sakkiz jilddan iborat “Kitob ash-Shifo”, “Kitob an-Najot”, “Ruh haqida kitob”, “Al-ishorot va-t-tanbihot”, “Quroza-ey tabiat” (“Tabiat durdonasi”), “Risolai tadbiri manzil” (“Oilaviy baxt-saodatga erishish tadbiri haqida risola”) va qator boshqa asarlari asrlar davomida turli fan sohalari mutaxassislarinining diqqat-e’tiborini o’ziga jalb qilib kelmoqda. [4; 27] Donishmand umrining oxirida, 1030-1034 yillarda o’zining prinsipial asari “Kitabu-l-ishorot va-t-tanbihot” ni yozdi. [5; 142] Bu asar musannifning bibliografiyasida aytilishicha “boshqalardan sir tutgan so’ngi asari” [6; 155] hisoblanadi. Unda muallifning mustaqil fikrlari bayon etilgan. Shu sababli bu asar talabalar orasida “Kitob ash-shifo” dan ko’ra katta e’tiborga sazovor bo’lgan edi. [7; 100] Ushbu asar ko’plab faylasuf mutafakkirlar e’tiborini torta oldi va bir nechta sharhlar yozildi. Chunki u Ibn Sinoning mantiq ta’limoti, ijtimoiy-siyosiy, ontologik, gnoseologik qarashlarining muhim xususiyatlarini aks ettiradigan asardir. [8; 102-103, 9; 1] Fahriddin Roziy Aristotel, Demokrit, al-Kindiy, Zakariyyo ar-Roziy, Farobiy va Ibn Sinolarning tafakkur rivojidagi ilmiy merosi va faoliyatini yuksak baholaydi va o’zini ularning g’oyalari davomchisi deb biladi. [10; 8] Fahriddin Roziy birinchi bo’lib Ibn Sinoning “Al-ishorot va-t-tanbihot” ya’ni “Ishoralar va tanbehlar” asariga mukammal, to’liq dalillash uchun keltirilgan fikrlarga sharh yozgan bo’lsada, sharhlash an’anasi undan boshlanmagan edi. Roziydan oldingi sharh “Al-Mabahis va-l-shukuk ala kitab al-Ishorot va-l-tanbihot” (Ishoralar va tanbehlarga e’tirozlar va tekshiruvlar) deb nomlangan yetarlicha isbotlanmagan sharh muallifi Sharafiddin al-Mas’udiy (v. 600/1204- yildan oldin) bo’lgan edi. [11; 16] Roziy tanqidchi sifatida Ibn Sino asarlarining eng mohir sharhlovchisi bo’lgan. Bunga uning “Sharh al-Ishorat” (Ishoralarga sharh) asari dalil sifatida ko’rsatishimiz mumkin. [12; 20] Uning “Sharh al-Ishorat” deb nomlangan asari Ibn Sinoning “al-Ishorot val-tanbihot” (Ishoralar va tanbehlar) asariga mashhur sharhi hisoblanadi va u faqatgina Roziyning sharhidan iborat emas. Uch to’mli asarning ikkinchi to’mi “Ishorot” asari bilan bog’liq. “Lubab al-Ishorot” (“Ishoralarning eng muhim qismi”) deb nomlangan uchinchi to’mi “al-Ishorot va-l-tanbihot” asariga muhim hisoblangan to’liq sharhi hisoblanadi. [13; 473] Bu qism “al-Tafsir al-Kabir” va “Kitab al-Muhassal” kabi Roziyning asarlari qatoridagi shoh asar hisoblanadi. [14; 3] “Javabat al-masail al-buxariyya” (“Buxorodagi [falsafiy] muommolarga munosabat”) deb nomlangan Roziyning super sharhi “Sharh al-Isharat” asarining birinchi to’mi bo’lib, quyidagi ikki jihatdan juda muhim hisoblanadi: Birinchisidan, Roziyning dastlabki falsafiy asari sifatida faylasuf tafakkurining dastlabki rivojlanishidagi qimmatli yangi ma’lumotlarni beradi. Ikkinchidan, ehtimol eng muhim jihati Roziyning ilmiy muhit bilan qanday munosabatda bo’lganligi haqidagi hayotiy ma’lumotlarni beradi va bu nafaqat “Ishorot” ning to’liq sharhini muhokama qilishga, shuningdek, uning butun falsafiy va ilohiyotshunoslikka oid faoliyati va samaradorligi kengroq bo’lishiga xizmat qiladi. Professor Ayman Shihadeh “Ishorot” ning ba’zi qismlarini bir nechta tadqiqotlarida tahlil qilgan va qimmatli ma’lumotlarni bayon qilgan. [15, 16, 17,18] Quyida muhokamalarimizni Ayman Shihadeh, A. Michael Rapoport, Frank Giffel va boshqa sharqshunos olimlarning ilmiy izlanishlari asosida davom ettiramiz. A. Michael Rapoport 4 ta sharhni, xususan, ularning ikkitasi juda mashhur (bu sharhlarning mazmuni bo’lmasada hech bo’lmaganda mualliflarning obro’si sifatida), qolgan ikkitasi esa unday mashhur bo’lmagan sharhlarni o’zining doktorlik dissertatsiyasida tadqiq qiladi. Dastlabki ikki mashhur mualliflar va ularning asarlari quyidagicha: Fahriddin ar-Roziyning “Ishoralar va tanbehlarga sharh” (Sharh al-Ishorat val-Tanbehot)1 va Nosiriddin Tusiyning “Ishoralardagi muommolarga yechim” (Hall mushkilot al-Ishorat).2 Keyingi ikki sharh esa kamroq ma’lum bo’lgan asarlar hisoblanib, sharhlarni sharhlash an’anasi janridagi ikkita namunasi, ya’ni hukm va muhokama; bu holda hukm yuqorida tilga olingan ikki sharhlovchi o’rtasida bo’ladi. Birinchisi Badriddin al-Tustarining (v. 1332) “Nosiriddin va al-Roziy o’rtasidagi muhokama” (al-Muhokama bayna Nasir al-Din val-Razi)3 va ikkinchisi Qutbiddin al-Razi al-Tahtaniyning (v. 1365) “Al-Imom va al-Nosir o’rtasidagi muhokama” (Kitab al-Muhokama baynal-Imam val-Nasir).4 Biz ushbu tadqiqotimizda Fahriddin Roziyning sharhini tadqiq qilamiz. Roziy birinchi bo’lib “Ishoralar” ga mukammal, to’liq isbotlash uchun keltirilgan fikrlarga sharh yozgan bo’lsa-da [19;48], sharhlash an’anasi undan boshlanmagan. Roziy taxminan 1180-yilgacha yozilgan “Ishoralar va tanbehlarga e’tirozlar va tekshiruvlar” (al-Mabahis val-shukuk ala-kitab al-Ishorat val-Tanbihot) deb nomlangan, yetarlicha isbotlanmagan sharh muallifi Sharafiddin al-Mas’udiy (v.1204) dan keyingi sharh muallifi bo’lgan. [20;41] Mas’udiyning “Ishoralar” ga tanqidiy sharhi Fahriddin Roziyning Ibn Sino asariga yozgan uchta sharhning birinchisi hisoblangan “Buxorodagi masalalarga javoblar” (Javabat al-masail al-Buxariyya) deb nomlangan sharhni yozishga turtki bo’ladi. [11;16] Al-Mas’udiy o’zining “E’tirozlar va tekshiruvlar” asarining muqaddima va xulosa qismida Ibn Sinoning “Ishoralar” asariga to’xtalib, uni mutolaa qiluvchilar biroz shubha (shubah) va jumboqlarga (shukuk) duch kelishi haqida ma’lumot beradi va o’z sharhini qaysidir jihatdan “adovat va tarafkashlik” dan yiroq holda, ideal ravishda ularga yechim topish va tadqiq qilish uchun yozgan edi. [19;48-53] Umuman olganda Mas’udiy “Ishoralar” da berilgan 50 ta masalani (mas’ala) muhokama qiladi. (Matn bilan muommolar bo’lganligi sababli barcha masalalarni qamrab olish kerak emas shuning uchun u birlamchi masalalarning hosilasi bo’lgan ikkilamchi masalalarga e’tibor qaratmaganligini tan oladi.) Mas’udiyning har bir masalaga munosabati garchi bu masalalar qat’iy tartibda ko’zga tashlanmasada quyidagi tarkibni o’z ichiga oladi: “Ishorat” ga tegishli parchadan mulohaza (lemma), biroz tafsir sharhi, muhim bo’lgan parchada uchragan jumboqlar va e’tirozlarni ko’rsatish, shuningdek, izohlar hamda gipotezalarning muqobil variantini ko’rsatish. [19;53-59] Biroq, Mas’udiyning sa’r-harakatlari Roziyning yuqori darajadagi mezonlariga javob bermasligini ko’rsatadi. Roziy “Javabat” asarining muqaddimasida bir nomalum homiy undan “bu mummolar ummonini sinchkovlik bilan o’rganishini va o’sha jumboqlarga yechim topishini” soraydi. [18;11] Shunday qilib Roziy tanqidiy tadqiqotning o’ziga hos ravishda tizimli va keng qamrovli uslubini tadbiq qildi va Mas’udiyni o’z sharhida bir xil tizimli tarzda yozmaganligini quyidagicha tanqid ostiga oldi: فإن من حق هذا الفاضل أن يعترض أؤلا على الحجة التى نقلها من ا٧شارات ثم يشتغل بيان مذهب نفسه فإن من خالف الجميور فى شىءلا يكفيه أن بشتعل بيبان مذهب نفسه بلا لا بذ وأن يقدح في أدلة المتقدمين ويبين في مقدمات تلك الأدلة من الضبحف والغلط. “Xurmatli sharhlovchi “Ishorat” dan keltirgan fikrga e’tiroz bildirishi va keyin o’zining yondashuvini tushuntirishga harakat qilishi kerak. U kim bo’lsa ham o’zining yondashuvi asosida ko’pchilikning fikriga qarshi chiqishi yetarli emas. Yo’q albatta! Aksincha u o’zidan oldingi shaxslarning fikrlarini noto’g’ri ekanligini isbotlashi va bu fikrlarning mazmunidagi xatolik va kamchiliklarni tushuntirishi kerak.” [18;33] Roziy o’zining bir qator asarlari muqaddimalarida Mas’udiyning tanqidiy tadqiqoti uslubi haqida bevosita to’xtalib o’tadi. U “Sharq munozaralari” asarining muqaddimasida o’z nuqati nazarini tasdiqlaydigan dalil keltirishi kerakligiga urg’u beradi. Ahamiyatsiz ma’lumotlarni deb xushomadgo’ylik bilan ularning salaflariga ergashganlarni qattiq tanqid qiladi. Bunday xatolardan xalos bo’lish uchun Roziy “Aqlning cheklanishi” asari muqaddimasida “mashaqqatli tadqiqotning savol-javoblari va muommolar ummonini batafsil, sinchkovlik (ta’ammuq) bilan tadqiq qilish” [16;299] metodini talab qilishga urg’u beradi. Shihadeh bu terminlarni Roziyning bir masalani to’g’riligini aniqlashdan oldin barcha ehtimoliy fikrlar va qarshi fikrlarning batafsil va tizimli tahliliga murojaat qilgan holda tushuntiradi. [16;300] O’z da’volarini faqatgina o’tmishdagi bilimlar bilan asoslash yoki shunchaki bu bilimlarga qarshi e’tirozlarni oshirish va uni shunday qoldirish Roziy uchun qoniqarli holat emas edi. Visnovskiy ta’kidlaganidek, Roziy uchun “Agar siz tasodifan haq bo’lsangiz bu yetarlicha yaxshi emas: siz to’g’ri sabablarga ko’ra haq bo’lishingiz kerak.” [21;361] Roziy o’zining uslubini juda puxta, keng qamrovli ekanligini ta’kidlaydi va holisona baho beradigan bo’lsak, Roziyning asarlari qarama-qarshi maktab vakillarining (madhab) asarlaridagi g’oyalarga ko’proq foydali ekanligini isbotlaydi. Roziy asarlariga tadbiq qilgan mukammal tahlil uslubi puxta tarkibiy strukturada namoyon bo’ladi. Bu struktura Roziy masala yoki muommo deb tariflagan qisqa savollar va bildirilgan fikrlardagi saralab olingan murakkab falsafiy va teologik masalalarni o’z ichiga oladi. “Ishoralar” ga Roziyning sharhida muommolar ba’zida bo’limlarning (qism) keng sarlavhasi ostida joylashgan. Bu muommolar qismlar (fasl) yoki nuqtai nazarlarga (vajh) bo’linishi mumkin lekin har doim ham bunday bo’lmaydi. Roziy esa bu tamoyildan ko’plab asarlarida foydalangan, ayniqsa Ibn Sino atayin mavhum qilib yozgan “Ishoratlar” ga sharhi bu tamoyilga mos tushadi. Shunday qilib Roziy bu asarning istehzoli va mavhum tiliga yashiringan argumentlarni tushunishga harakat qilganlar uchun yo’l xaritasini ishlab chiqqan edi. Roziy o’zining jiddiy tanqid uslubiga qay darajada amal qilganligi uning postklassik Islom tarixidagi tutgan o’rnini qaytadan ko’rib chiqishni, baholashni talab qiladi. Ash’ariy g’oyalarini qabul qilishiga qaramasdan, Roziy qat’iy ravishda tanqidchilarning qarshiligiga uchragan. Ibn Sino va falsafiy an’analarning manfaatlarini ximoya qildi, Roziy Mas’udiyni Ibn Sinoga nisbatan adolatsiz munosabatda bo’lishini va “Ishoralar” ni yaxshiroq tushunishi uchun Ibn Sinoning boshqa asarlariga murojaat qilmaganligini qoralaydi. Roziy doimo Ibn Sino asarini Mas’udiy noto’g’ri o’qiganligini yoki noto’g’ri tushunganligini ta’kidlaydi. [16;303-304] Buning natijasida zamonaviy olimlar odatda Avitsennaizmning himoyachisi sifatida Nosiriddin Tusiyni ko’rsatadilar. Roziy “Ishoralar” asarini o’ziga xosligi va qadr-qimmatini, shuningdek, uni o’qigan har bir kishi uchun qanday qiyinchilik tug’dirayotganligini aniq tushunadi. Roziyning “Javabat” asaridan ko’rinib turibdiki, Mas’udiy bu mashaqqatni yengib o’ta olmagan. Shu tariqa “Ishoralar va tanbehlarga sharh” nomli ikkinchi sharhni yozadi. Birinchisidan farqli o’laroq, bu ishoralarni tushuntirish yoki tanqid qilish uchun oldingi urunishlarga javoban yozilgan super sharh emas, aksincha Roziy Ibn Sino asariga bevosita murojaat qiladi. U o’z oldiga qo’ygan vazifaning muhimligi va ulkanligini quyidagicha tan olishdan boshlaydi: ولما كان كتاب الإ شارات والتنييهات من كتب: الشيخ الرئيس وان كان صغير الحجم إلا أنه كثير العلم عظيم الاسم مستعلق النظم مستصحت على الفهم مشنمل على العجنب العجاب منطبق على كام أولى الألباب متضمن للنكت العجيبة والفوائد الغريبة التي خلت عنها أكثر المنسوطات ولا توجد فى شيء من المطولات ورأبت أكثر الخلق مقيبن على تحقيق معانه باحذين عن أسراره ومبانياه متفحصين عما فيه من الغوامض والمشكاتت متصفحين ما فيه من الفوائد والنكات ثم رأيت بعضهم يرجعون عنه بحفى حين وينصرفون إلى ما وراء هم بذون قرة عين وكنت قد صرقت طرفا صالحا من العمر إلى تتبع فصوصه وتفم نصوصة واستكشاف أسراه والتعمق في أغواره أردت أن أثبت تلك الفوائد إرشادا للطالبين إلى هذا المطلب الحظيم والمقصد الكريم قصرفت عنان العناية إلى تلخيص ذاك الشرح وترتبه. “Buyuk ustozning (Ibn Sino) “Ishoralar va tanbehlar” kitobi kichik hajmli bo’lishiga qaramasdan, ma’no-mazmunga to’la, ajoyib nomli, tushunish qiyin bo’lgan struktura, murakkab tushuniladigan mo’jizalar mo’jizasini qamrab olishi, yozuv tili ko’ngilga yaqinligi, fikrlashga majbur qiladigan g’alati, nozik kinoyalardan va o’ziga xos fikrlardan iboratligi, ko’plab misollar yetishmasligi va ularni hech qanday uzun asarda uchramasligi; va (shuning uchun) men ko’plab odamlarni uning ma’nosini tekshirishga e’tibor berganligini, asarning siri va asosini o’rganib chiqish, asarda mavjud bo’lgan muommo va jumboqlarni tadqiq qilish va undagi foydali fikrlarni va nozik mulohazalarni diqqat bilan ko’rib chiqishini ko’rdim. Shundan keyin men ularning ba’zilarini bo’sh qo’l bilan qaytganini (hech narsaga erishmaganligini) ko’rdim. Hech qanday tasalli bermasdan ularning e’tiborini keyingi narsaga qaratishga va hayotimning katta qismini undagi muhim fikrlarni davom ettirishga va mulohazalarni tushunishga, undagi sirlarni ochishga va asarning tub ma’nosini tushunishga bag’ishladim. Mana shu buyuk izlanish va ezgu maqsad sari intilayotganlarga qo’llanma sifatida men bu muhim, foydali mulohazalarga oydinlik kiritishni xohladim. Shunday qilib men bezovtalikni bir chetga surib (va bor kuchimni) ushbu sharhni ixcham qilish, uni tizimlashtirishga, bo’limlarga bo’lish va qayta ko’rib chiqishga, shu bilan birgalikda zerikarlilikka yetaklaydigan ezmalik va lo’ndalikka olib keladigan tushirib qoldirishga tomon yuzlanishga bag’ishladim.” [16;305-306] Roziy “Ishoralar” ni sharhlash orqali o’ziga ulkan, mas’uliyatli vazifani o’z bo’yniga oladi va bu ishni muaffaqiyatli amalga oshiradi. U “Ishoralar” ni shakllantirib, uni bo’limlarga bo’lish rejasini bayon etar ekan, har biri bir nechta ko’rsatma (ishora), eslatma (tanbih), tanbehlar (tadnib) va asossiz tahminlardan (vahm) tashkil topgan asarning 20 ta bobini mavzular (mas’ala), bo’limlar (fasl) va qismlar (qism) ko’rinishida bayon etishni joriy etadi. [11;22] Roziy sharhining tuzilishi o’z davri nuqtai nazaridan juda innovatsion hisoblangan edi. Shu o’rinda Shihadeh Roziyni aporik va tafsir janrlarini birinchi bo’lib yagona asarda birlashtirganligini ta’kidlaydi. [16;304] Roziyning to’liq tekshirilgan, mukammal sharhi uning “Ishoralar” dagi muommoli masalalarning xulosasidan darak bermaydi. Tahminan 1201-yilda o’zining “Javabat” asarini tugatganidan 20 yil o’tib, Roziy “Ishoralarning eng muhim jihatlari” (Lubab al-Isharat) deb nomlangan sharxni yozdi. Download 68.83 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling