111) Umumbashariy muammolarni xal etishda falsafiy tafakkurga extiyojning tobora ortib borish sabablari.
Globallashuv insoniyat taraqqiyoti va jamiyat hayotining jahon miqyosida integratsiyalashishi natijasida sodir bo’layotgan jarayonlarning olamshumul ahamiyat kasb etishidir.
Global muammolarning kelib chiqishi, mavjudligi va hal etilishi zarurati insoniyat jamiyati yangi sivilizatsiyaviy sifat o’zgarishini taqozo etmoqda. Bu jarayon mohiyatini anglash uchun uning jadalligiga, chuqurligiga va miqyosiga e’tibor berish lozim. Zero, o’nlab va hatto yuzlab yillar davomida o’zgarmas bo’lib ko’ringan ijtimoiy munosabatlar g’oyat qisqa vaqtda tubdan o’zgarmoqda. Bu hol kishilar hayoti qatlamlarining barcha bo’g’inlarida ko’rinmoqda.
Globallashuv va axborotlashuv biz uchun qator umumbashariy muammolarni jahon hamjamiyati bilan birgalikda hal etishni ham vazifaga aylantiradi. Ular quyidagilar:
— yer yuzida yalpi tinchlikni saqlash, termoyadro urushining oldini olish va adolatli xalqaro iqtisodiy tartibot o’rnatish;
— atrof-muhitni samarali muhofaza qilish (ekologik muammo);
— aholi soni va tarkibi bilan moddiy va ma’naviy qadriyatlar yaratilishi mutanosibligiga erishish (demografik muammo);
— yer yuzi aholisini zarur oziq-ovqat va quvvat manbalari bilan ishonchli ta’minlash;
— ochlik qashshoqlik va qoloqlikni tugatish uchun yuksak rivojlanish va ulardan keyinda qolgan mamlakatlar o’rtasidagi keskin farqni bartaraf etish;
— xavfli kasalliklarni tugatish;
— inson haq-huquqlari va erkinligini himoya qilish, gender tengligini ta’minlash;
— jahon ma’naviy muhiti sofligini ta’minlash (etikologiya muammosi);
— terrorizm, diniy ekstremizm va fundamentalizma, narkobiznesga qarshi kurash va boshqalar.
112) Jamiyatning ijtimoiy va milliy tarkibi, ularning o’zaro munosabati.
Kishilarni oila bo’lib, jamoa bo’lib uyushishga nima majbur qilgan, degan masala qadim zamonlardanoq ulug’ mutafakkirlar e’tiborini jalb etgan. Bu masalani diniy tushunish — uni ilohiy kuch, xudo bilan bog’lab izohlashdir.
Dunyoviy qarashlarga ko’ra, odamlar o’zlarining moddiy va ma’naviy extiyojlarini qondirish uchun birgalikda yashashga, jamoa bo’lib birlashishga ko’nikkan. Kishilar hayotiy tajriba, aql va tafakkur tufayli jamiyat bo’lib yashashning qulay, afzal va zarurligini tushungan. Bu jarayonda o’zaro munosabatlarga kirishgan kishilar ana shu munosabatlarni takomillashtirish, yanada rivojlantirish orqali ma’naviy kamolotga erishgan. Bu kishilarni bir-biri bilan yaqinlashtirgan, moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qondirish imkonini bergan.
Ijtimoiy munosabatlarning amal qilish jarayonida odamlarni uyushtirishning tarixiy shakllari — oila, davlat, jamoa (qishloq, shahar) vujudga kelgan. Odamlar o’rtasida amal qiladigan axloqiy, diniy, ilmiy, falsafiy, huquqiy, iqtisodiy, mafkuraviy kabi munosabatlarning barchasi bir so’z bilan ijtimoiy munosabatlar deyiladi. Ijtimoiy uyushmalar kishilarning moddiy va ma’naviy ehtiyojlarini qoldirishga yordam beradi. Ular mohiyatan inson va jamiyat mavjudligining zarur sharti hisoblanadi. Masalan, oila, davlat, ta’lim-tarbiya, mahalla, Vatan kabi qadriyatlarsiz inson va jamiyat o’z mohiyatini yo’qotadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |