Xulosa - Falsafa «dunyo-inson» tizimini tushunishga intilib, unda yuz berayotgan jarayon va munosabatlarni faqat gnoseologik jihatdan, «haqiqat» nuqtai nazaridan qaramaydi. Uning uchun bu jarayonlar va munosabatlarni qadriyatlar orqali, «Ezgulik», «Muruvvat», «Yovuzlik», «Foyda», «Go‘zallik» va hokazolar nuqtai nazaridan baholash ham muhimdir. Bu jihatdan falsafa aksiologiyadir (qadriyatlar to‘g‘risidagi ta'limot, grekcha axios - qadrli va logos - ta'limot so‘zlaridan).
- Falsafaning qadriyat yo‘nalishi uning dunyoqarashiga taalluqli tabiatidan kelib chiqadi. Biz har qanday dunyoqarashni insonning dunyoga bo‘lgan munosabati deb qayd etgan edik. Va bu munosabatlarni oddiy dalillar, jarayonlar, hodisalar, hattoki ularni tushuntirish va tushunishni qayd qilish deb bo‘lmaydi. Faylasuf uchun dunyo - bu beparvo kuzatuvchi tomonidan mikroskop orqali ko‘riladigan tor, ajratilgan bir parcha borliq emas. Bu dunyo hamisha inson, uning ehtiyojlari, ishonchlari va ideallarining o‘zaro munosabati orqali «insoniylashtirilgan» va «ruhlantirilgan». Dunyoda ro‘y beradigan barcha narsalar inson uchun o‘z me'yoricha ahamiyatga ega. Falsafaning dunyoni faqat bilishi emas, balki uni baholashni ham shundan kelib chiqadi. Bundan tashqari har qanday falsafiy tizimning o‘zi qadriyatlarning muayyan tizimi sifatida namoyon bo‘ladi. Masalan, biz g‘arbiy va sharqiy tafakkur turining xristian va islom falsafasi qadriyatlari to‘g‘risida gapirishimiz mumkin va hakozo.
Do'stlaringiz bilan baham: |