Fan yuzasidan ma’ruza mashg‘ulotlari
Download 54.86 Kb.
|
1-Ma\'ruza
FAN YUZASIDAN MA’RUZA MASHG‘ULOTLARI 1-mavzu: Grammatika, uning qismlari. Morfologiya haqida umumiy ma’lumot Ot turkumining ta’rifi, leksik-grammatik xususiyatlari, ma’no turlari. Otlarning aloqa-munosabat kategoriyalari. Otlardagi kelishik kategoriyasi haqida umumiy ma’lumot. : Otlarning yasalishi, tuzilish jihatdan turlari. Otlarda modal ma’no REJA: Grammatika haqida umumiy ma’lumot.So‘zning shakli va grammatik ma’no. Grammatik ma’noni ifodalash vosita va usullari.So‘zning grammatik shakli. Grammatik kategoriya.So‘z turkumlariga ajratish tamoyillari. 3.Otning leksik-grammatik xususiyatlari.Otning ma’no turlari.Atoqli otlarning turlari 4.Turdosh otlarning turlari.Ot turkumining son kategoriyasi 5.Otlarning yasalishi.Tuzilish jihatdan turlari.Otlarda modal ma’no. TAYANCH TUSHUNCHALAR: grammatika, so‘z shakli, grammatik ma’no, grammatik shakl, grammatik kategoriya, morfologiya, so‘z turkumi. Ot turkumi, morfologiya, otning ma’no turlari, atoqli ot, turdosh ot, son kategoriyasi, mantiqiy son, grammatik son, ot yasalishi, sodda ot, qo‘shma ot, juft ot, qisqartma ot, murakkab otlar. ot, birlik, ko‘plik, kelishik qo‘shimchalari, turlanish, sodda ot, qo‘shma ot, juft ot, qisqartma ot, murakkab otlar, erkalatish –kichraytirish otlari. Grammatika ( yunoncha o‘qish va yozish haqidagi bilim ) tilshunoslikning bir bo‘limi bo‘lib, nutqda so‘zlarning o‘zgarishi, o‘zaro birikib gap hosil qilishi haqidagi bilimdir. Grammatika atamasining ikki ma’nosi mavjud. Birinchidan, grammatika tilning muayyan tarkibiy qismi grammatik qо‘rilishini ifodalasa, ikkinchidan, shu grammatik qо‘rilishga xos qoidalarni umumlashtirib, uni ilmiy asosda о‘rganuvchi fanni bildiradi. Tilning grammatik qurilishini ifodalashi grammatika fanining tekshirish obyekti hamdir. Mа’lumki, har qanday tilning о‘ziga xos grammatik qurilishi mavjud bо‘ladi. Tilning grammatik qurilishi muayyan tilning boshqa tillardan farqlovchi о‘ziga xos belgilaridan biridir. Binobarin, grammatikasiz fikr ifodalab bо‘lmaydi. Tilning grammatik qurilishi о‘z-о‘zidan vujudga kelmaydi. U nutq jarayonida tilning fonetik va lug‘aviy tomonlari bilan bog‘liq holda borliqdagi narsa va hodisalarni umumlashtirish asosida vujudga keladi. Biroq, grammatika tilning boshqa sohalariga, chunonchi, lug‘at tarkibiga ko‘ra ham keng qamrovlidir. Chunki, grammatikada faqat sо‘zlar emas, balki ular orasidagi munosabatlar ham о‘z ifodasini topadi. Ya’ni tildagi har bir sо‘z lug‘aviy ma’no ifodalaydi. Biroq, bu ma’nolarning о‘zi bilan fikr ifodalanmaydi. Kо‘rinadiki, sо‘zlar nutqda grammatik jihatdan shakllangan tus olsa, о‘zaro bir-biri bilan bog‘lansagina fikr ifodalash uchun xizmat qiladi. Shunday ekan, har qanday sо‘z birikmalarning va nutqning ham asosida sо‘z yotadi. Shu jihatda tilning grammatik qurilishi lug‘at tarkibi bilan chambarchas bog‘langandir. Grammatika tilning eng oliy kо‘rinishi sifatida yakka birliklar asosida emas, umumlashmalar asosda vujudga keladi. Masalan: kitob, daraxt, gul, talaba sо‘zlari turli predmetlarning nomini bildiruvchi sо‘zlar. Biroq, ular grammatikada, bir grammatik kategoriya — ot turkumidir. Yoki yozdi, о‘qidi, bordi, keldi kabi sо‘zlar turli xildagi harakatlarni bildiradi. Bu ham grammatika uchun bir umumlashma — fe’l turkumidir. Kо‘rinadiki, grammatika tildagi sо‘zlar uchun umumiy bо‘lgan hodisalarni о‘rganish asosida ularni muayyan tizimda birlashtiradi. Ikkinchidan, grammatikadan tashqari sо‘zlar til uchun oddiy material, ular grammatik munosabatlar asosida birikadi, shakllanadi va fikr ifodalash vositasiga aylanadi. Demak, grammatika tildagi lug‘aviy materiallarni ma’lum maqsadlarga kо‘ra ishlatish vazifasini ham bajaradi. Tilning grammatik qurilishining muhim xususiyatlaridan biri uning takomillashib, о‘zgarib borishidir. Bunday о‘zgarishlar jamiyat taraqqiyotidagi obyektiv qonunlar asosida vujudga keladi. Ammo tilning grammatik qurilishi til uchun umumiy bо‘lgan muayyan normalarga, qoidalarga bо‘ysunadi. Masalan, adabiy tilda eganing gapning birinchi qismida kelishi yoki aniqlovchining aniqlanmishdan oldin kelishi: keng dala, moviy kо‘l, ulkan tog‘, qaratqich bilan qaralmishning shaxs va sonda moslashib kelishi: mening dо‘stim, uyning eshigi, kitobning varag‘i til normalari asosidagi hodisalardir. Bu normalar grammatikada ham grammatik qurilishga xos qonun-qoidalar asosida mujassamlashgan holda о‘z ifodasini topadi. Grammatika ikki qismdan: morfologiya va sintaksisdan iborat. Morfologiya qismidaso‘z turkumlari va ularga xos bo‘lgan shakllar haqida baxs yuritilsa, sintaksis qismidaso‘zlarning bir-biri bilan bog‘lanib, gap, so‘z birikmasi hosil qilishi tekshiriladi. Ko‘rinadiki, grammatika ham leksikologiya singari so‘zni o‘rganadi. Ammo leksikologiya leksik so‘zni – leksemani o‘rgansa, grammatika grammatik so‘zni – so‘zning shaklini tekshiradi. SО‘ZNING LUG‘AVIY VA GRAMMATIK MA’NOLARI Sо‘z obyektiv borliqda mavjud bо‘lgan narsa - hodisalar haqidagi tushunchalarni ifodalaydi. Bunday tushunchalarning ifodalanishi sо‘zning lug‘aviy ma’nosidir. Masalan: paxta sо‘zi asosida oppoq, yumshoq predmetning tushunilishi shu sо‘zda mavjud bо‘lgan lug‘aviy ma’nodir. Lug‘aviy ma’no ifodalash xususiyatiga ko‘ra sо‘zlar tilda о‘ziga xos mustaqillikka ega bо‘lgan, lug‘aviy jihatdan shakllangan birliklardir. Lug‘aviy ma’no sо‘zlarning birlamchi, asosiy ma’nosi hisoblanadi. Sо‘zning lug‘aviy ma’nosi uning nutqdan tashqaridagi ma’nosi bо‘lib, shu ma’nosiga qarab sо‘zlar obyektiv borliqdan olinadigan narsa-hodisalar haqidagi tushunchalarni ifodalaydi, Tushuncha esa narsa-hodisalarning kishi ongida aks etishi asosida vujudga keladi. Lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra sо‘zlar leksikologiyaning tekshirish obyektdir. Nutqda sо‘zlar faqat lug‘aviy birlik bо‘lib qolmaydi, balki nutq vositasiga aylanadi. Sо‘zlar nutqda о‘zaro birikishi, bog‘lanishi natijasida turli qо‘shimcha ma’nolarni ifodalaydi. Bu ma’nolar lug‘aviy ma’noga qо‘shimcha narsahodisalar, belgi-harakatlarga bо‘lgan munosabatlarni ham ifodalaydi. Turli munosabatlarni bildiruvchi bunday ma’nolar lug‘aviy ma’nodan tashqaridagi qо‘shimcha ma’nolardir. Grammatik ma’no sо‘zning shakliy ma’nosidir. Masalan: kitoblar sо‘zida grammatik kо‘plik ma’nosi mavjud bо‘lsa, kitobning sо‘zida kelishik ma’nosi mavjuddir. Grammatik ma’no о‘zaro munosabatlarni ifodalash bilan birgalikda sо‘zlar uchun umumiy bо‘lgan ma’nolarni ham о‘zida birlashtiradi. Masalan: biz a’lo о‘qish uchun harakat qilyapmiz, gapidagi egalik, maqsad, shaxs-son va zamon ma’nolari munosabatni anglatsa, kitobning, uyga, darsdan sо‘zlaridagi qо‘shimchalar ushbu sо‘zlar uchun umumiy ma’no — kelishik ma’nosidir. Lug‘aviy ma’noga qо‘shimcha ravishda bu xildagi turli ma’nolarning ifodalanishi grammatik ma’no deyiladi. Grammatik ma’nolar umumiydir. Jumladan, otlardagi egalik, kelishik, kо‘plik ma’nolari, fe’llardaga shaxs-son, nisbat ma’nolari grammatik ma’nolardir. Grammatik ma’nolarni _hosil qiluvchi turli usullar mavjud. О‘zbek tilida quyidagilar grammatik ma’no hosil qiluvchi vositalardir: 1.Qо‘shimchalar. Sо‘zlarning о‘zak yoki negiziga turli qо‘shimchalar qо‘shish orqali grammatik ma’no hosil bо‘ladi. Masalan: kitoblar, bolalar, uydan, ishga, yozgin kabi. Sо‘z о‘zgartiruvchi va shakl yasovchi qо‘shimchalar grammatik ma’no hosil qiluvchilardir. Sо‘z yasovchi qо‘shimchalar yangi sо‘z yasaydi. Shuning uchun ular grammatik ma’no hosil qilmaydi. Masalan: paxtakor, bilimdon, sо‘zlaridagi qо‘shimchalar orqali yangi sо‘z yasalgan. 2.Yordamchi sо‘zlar: yordamchi sо‘zlar, asosan, kо‘makchilar, mustaqil sо‘zlar bilan birikib, grammatik ma’no ifodalaydi. Masalan: Otabek Rahmatning bu sо‘zini samimiyat bilan qarshiladi. (A.Q.). 3.Sо‘z tartibi: Sо‘zlarning gapda о‘rin almashishi ham grammatik ma’no ifodalashga xizmat qiladi. Masalan: Uzoqdan katta uy kо‘rindi, uzoqdan uy katta kо‘rindi. 4.Sо‘zlarni takrorlash: Nutqda sо‘zlarni takror holda ishlatish orqali grammatik ma’no hosil bо‘ladi. Olcha va shaftolilar g‘ij- g‘ij, shoxlarining boshlari yerda (O.) 5.Ohang: Gap yoki sо‘zlarni turli ohanglar bilan aytilishi ham grammatik ma’no ifodalashga xizmat qiladi. Masalan: Aziza keldi. (darak gap), Aziza keldi? (sо‘roq gap), Aziza keldi! (his-hayajon gap). 6.Supletivizm (tо‘ldirish): Bir tizimdagi grammatik ma’nolarni ifodalash uchun alohida-alohida sо‘zlarni yо‘llash supletivizm hisoblanadi. Bir grammatik tizimni tashkil etuvchi birinchi shaxsning birligi men, kо‘pligi biz olmoshlari bilan ifodalanishi supletivizmdir. Shuningdek, sо‘zlarni juftlash va sо‘z urg‘usini о‘zgartirish ham grammatik ma’no hosil qiladi. Masalan: katta-kichik, yaxshi- yomon sо‘zlarning juftlanishi natijasida kattalar ham, kichiklar ham, yaxshilaru yomonlar, xullas, hammaning ifodalanishi ham grammatik ma’nodir. Yoki bog‘lar (mevali bog‘lar), bog‘lar (bog‘lanmoq), fizik (olim), fizik (jism) kabilar ham grammatik ma’nolar natijasidir. SО‘ZNING GRAMMATIK SHAKLI Lug‘aviy ma’noga qо‘shiladigan grammatik ma’no hamda grammatik ma’noni ifodalovchi vositalar grammatik shaklni tashkil etadi. Sо‘zning grammatik shakli lug‘aviy va grammatik ma’nolar bilan bog‘liq. Sо‘zning grammatik shakli deyilganda ma’lum sо‘zning о‘z lug‘aviy ma’nosini yо‘qotgan, о‘zgartirmagan holda turli shakllarda qо‘llanilishi tushuniladi. Masalan: kishining, kishiga, kishida kabi. Grammatik shakl grammatik ma’no ifodalash uchun xizmat qiluvchi muhim qismdir. Masalan: о‘qidi, yozdi sо‘zlariga -m, -k qо‘shimchalari qо‘shilganda birinchi shaxsning birlik va kо‘plik ma’nolari anglashilsa, shu sо‘zlarga -ng, -ngiz qо‘shimchalari qо‘shilganda ik-kinchi shaxsning birlik va kо‘plik ma’nolari ifodalanadi. Kо‘rinadiki, turli grammatik ma’nolarni ifodalashda grammatik shakl asos hisoblanadi. Grammatik shakl nutqdagi sо‘zlarning bir-biriga turlicha munosabatini ham ifodalaydi. Masalan: kitobning varag‘i birikmasida tobelik ma’nosi mavjud bо‘lsa, ota va bola birikmasida tenglik ma’nosi mavjud. Grammatik shakl lug‘aviy ma’noli qism bilan birgalikda unga qо‘shiladigan grammatik ma’no orqali hosil bо‘ladi. Demak, sо‘zlar nutqda lug‘aviy ma’no ifodalash shaklida yoki grammatik ma’no ifodalash shaklida qo‘llaniladi. Sо‘zning lug‘aviy ma’nosi bilan birgalikda borliqqa yoki nutqdagi boshqa sо‘zlarga munosabatini ifodalaydigan qо‘shimcha ma’noga mos holati sо‘zning grammatik shakli deyiladi. Sо‘zning grammatik shakli ikki xil: sо‘zning modal shakli va sо‘z о‘zgartirish shakli. Sо‘zning modal shakli lug‘aviy ma’noga mos keladigan, turli munosabatlarni ifodalovchi shaklidir. Masalan: bola-bolalar (birlik va kо‘plik), qush-qushcha, (kichraytirish), о‘qi (aniq, nisbat), о‘qit (orttirma nisbat), shakllaridir. Modal shakl gapda sо‘zlarning о‘zaro bog‘lanishini ta’minlaydi. Sо‘z о‘zgartirish shakli nutqda sо‘zlarning о‘zaro munosabatlarini ifodalaydigan shaklidir. Masalan: Kumushning bu holi bechora onaning yuragini uzar! (A Qod.) gapidagi -ning, -ni, sо‘z о‘zgartiruvchi qо‘shimchalar sо‘zlarni birikishi uchun muhim vazifa bajaradi. Hozirgi o‘zbek tilida so‘zlarning grammatik shakllari affikslar, yordamchi so‘zlar vositasida, so‘zlarni juftlash yoki takrorlash orqali hosil qilinadi. Shunga ko‘ra so‘zlarning quyidagi grammatik shakllari farqlanadi: Sintetik shakl. Sо‘z о‘zgartiruvchi qо‘shimchalar orqali kitobni (о‘qidim), kitobdan (о‘qidim) hamda shakl yasovchi qо‘shimchalar orqali: kо‘kish, kо‘kroq, kо‘kimtir hosil bо‘ladi. Analitik shakl. Mazkur shakl mustaqil sо‘zlarning yordamchi sо‘zlar bilan birgalikda ishlatilishi orqali yuzaga keladi: bolalar uchun, zavq bilan, o‘qib tur, o‘qib ko‘r kabi. Analitik-sintetik shakl. Grammatik shaklning vujudga kelishida qо‘shimchalar ham, yordamchi sо‘zlar ham katnashsa analitik-sintetik shakl vujudga keladi: uyga tomon, kо‘pdan-kо‘p, yо‘lga qadar, toqqa tomon va boshqalar. 3. Juft va takroriy shakl. Ikki so‘zni juftlash yoki bir so‘zni takrorlash bilan ham grammatik shakl yasaladiki, bunday shakl juft va takroriy shakl deb yuritiladi: tog‘-tosh, katta-kichik juft shakli umumlashtirish ma’nosini, savat-savat (non), tog‘-tog‘ (paxta) takrorlash shakli ko‘plik, mo‘llik ma’nosini ifodalaydi, katta-katta, tez-tez takroriy shakl ma’noni kuchaytirish uchun xizmat qiladi. Demak, so‘zning u yoki bu shakli maxsus vosita va usullar yordamida yuzaga keladi. Ammo o‘zbek tilida so‘zlarning maxsus grammatik ko‘rsatkichga ega bo‘lmagan shakllari ham mavjud. Masalan: institutlar – institut Ø (birlik son); institutda– institut Ø (bosh kelishik); ishlama – ishla Ø (bo‘lishli fe’l shakli) kabi. So‘zning shakllari tizimida ko‘rsatkichga ega bo‘lmagan so‘zning maxsus ko‘rinishi nol ko‘rsatkichli (Ø ko‘rsatkichli) shakl deb yuritiladi. So‘zning bunday ko‘rinishi so‘z shakllari tizimida belgilanadi. So‘zning grammatik shakllari tizimi paradigma (yunoncha paradeima – «namuna») deyiladi. Paradigma o‘z xususiyatiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi: 1) xususiy paradigma, 2) to‘liq paradigma. Bir turkumga oid so‘zning muayyan shakllari tizimi xususiy paradigmani yuzaga keltiradi. Masalan, otlardagi son paradigmasi (kitob-kitoblar), kelishik paradigmasi (kitob – kitobning – kitobni – kitobga – kitobda - kitobdan)va boshqalar xususiy paradigmalar hisoblanadi. Bir turkumga xos xususiy paradigmalar yig‘indisi to‘liq paradigmani hosil qiladi. Masalan, otga xos to‘liq paradigma: kitob-kitoblar-kitob-kitobning-kitobni-kitobga-kitobda-kitobdan-kitobim-kitobing-kitobi-kitobimiz-kitobingiz... Bunda son, kelishik va egalik paradigmalari to‘liq paradigmani tashkil etgan. Grammatik kategoriya Bir-biriga qiyosan olinadigan ikki yoki undan ortiq grammatik ma’no bilan shu ma’noni ifodalovchi grammatik shakllar tizimi grammatik kategoriya deyiladi. Grammatik kategoriya so‘zlarni, so‘z shakllarni, so‘z o‘rinlarini, so‘z qurilmalarini birlashtiradi, umumlashtiradi. Shunga ko‘ra grammatik kategoriyalarning to‘rt turi farqlanadi: 1) so‘zning grammatik kategoriyalari; 2) so‘z shakllarning grammatik kategoriyalari; 3) so‘z o‘rinlarining grammatik kategoriyalari; 4) so‘z qurilmalarining grammatik kategoriyalari. So‘z va so‘z shakllarning grammatik kategoriyalari tizimi tilning morfologiyasini tashkil etsa, so‘z o‘rinlari va so‘z qurilmalarining grammatik kategoriyalari tizimi tilning sintaksisini tashkil etadi. Demak, grammatik kategoriyalarni morfologik kategoriyalarga va sintaktik kategoriyalarga ajratish mumkin. Morfologik grammatik kategoriyalarga, birinchidan, so‘z turkumlarining o‘zi, ya’ni ot, sifat, son, fe’l kabilar kirsa, ikkinchidan, ma’lum bir turkumga xos bo‘lgan kategoriyalar, ya’ni otlarga xos bo‘lgan son, egalik, kelishik kategoriyalari, fe’llarga xos bo‘lgan bo‘lishli-bo‘lishsizlik, nisbat, mayli, zamon, shaxs-son kategoriyalari kiradi. Sintaktik grammatik kategoriyalar deyilganda, gap, gap bo‘laklari: ega, kesim, to‘ldiruvchi, aniqlovchi, hol kabilar nazarda tutiladi. Morfologiya (yunoncha morphe – «shakl», logos – «ta’limot») so‘z va uning grammatik xususiyatlari haqidagi ta’limotdir. Morfologiyada so‘zning morfologik tuzilishi, yangi shakl va ma’nolar hosil qilishi bilan bog‘liq qonun-qoidalar o‘rganiladi. Morfologiyada so‘zlar mushtarak yoki farqli bеlgilari umumlashtirilgan holda turkumlarga ajratib o‘rganiladi. So‘z lеksikologiyada lеksik birlik sifatida, morfologiyada esa grammatik birlik sifatida o‘rganiladi. SО‘Z TURKUMLARI Sо‘zlar lug‘aviy ma’nolari, morfologik belgilari, gapda bajaradigan sintaktik xususiyatlariga kо‘ra о‘zaro farqlanuvchi turli guruhlarni tashkil qiladi. Sо‘zlarning lug‘aviy va grammatik jihatdan farqlanishiga kо‘ra turli guruhlarga bо‘linishi sо‘z turkumlari deyiladi. Sо‘zlarning turkumlarga ajratilishida quyidagi uch xususiyat asos bо‘ladi. Sо‘zlar ifodalaydigan lug‘aviy ma’no turkumlarga ajratishdagi muhim belgilardir. Masalan: uy, HOVLI, yer, daraxt, bо‘ta, tosh sо‘zlari borliqdagi predmetlarni anglatadi. Ularning nomi ekanligi bilan xarakterlanadi. Bir qator sо‘zlar ana shu predmet-larning belgisini - rangini, shakl kо‘rinishini, hajm-о‘lchovini ifodalaydi: oq, kо‘k, katta, yumaloq, yassi, uzun, keng va boshqalar. Shuningdek, bir qator sо‘zlar predmetning ish-harakatini anglatsa: bordi, keldi, yozdi, о‘qidi; ayrim sо‘zlar ish - harakatning yoki belgining belgisini bildiradi: tez, darrov, sekin, oz, kо‘p kabilar. Sо‘z ma’nolarida mavjud bо‘lgan bu xususiyatlar ularni turkumlarga ajratishdagi asosiy belgidir. Zero turkumlarga ajratishdagi ikkinchi va uchinchi xususiyat sо‘zning shu ma’no tomoni bilan bog‘liq ravishda yuzaga keladi. Sо‘z turkumlarini ajratishda morfologik belgi ham muhimdir. Bu xususiyat sо‘z turkumlariga maxsus qо‘shimchalar tizimi mavjudligini, ularni asosan shu turkumga xoslanganligini kо‘rsatadi. Masalan: ot turkumi kо‘plik, kelishik, egalik qо‘shimchalariga ega bо‘lganidek, boshqa turkumlardan farqli ravishda ularda kichraytirish - erkalash shakllari ham bor. Shunga kо‘ra otlar kо‘plikda keladi, predmetning kimga qarashliligini bildiradi, turlanadi. Shuning dek, maxsus ot yasovchi qо‘shimchalarning mavjudligi ot turkumini morfologik jihatdan tо‘la shakllanganligini kо‘rsatadi. Fe’l turkumida morfologik kо‘rsatkichlar boshqacha—zamon, mayl, nisbat, shaxs-son kabi shakllar fe’lning о‘ziga xosligini ta’minlaydi. Fe’llar tuslanadi, uch shaxsni ifodalaydi. Maxsus fe’l yasovchi qо‘shimchalarning mavjudligi bu turkumdagi sо‘zlarning ham imkoniyati kengligini kо‘rsatsa, fe’lning xoslangan shakllarini hosil qiluvchi qо‘shimchalar fe’lning sintaktik vazifasini yana ham kengaytiradi. Sо‘z turkumlariga ajratishdagi belgilardan biri sо‘zning gapdagi sintaktik vazifasi bilan bog‘liq. Masalan: ot о‘z ma’nosidan kelib chiqqan holda gapda asosan ega bо‘lib keladi. Sifat esa belgi ifodalaganligi uchun aniqlovchi bо‘lib keladi. Sо‘zlarning gapda qanday vazifa bajarishi ma’nosi, grammatik shakli bilan bog‘liq. Masalan: bosh kelishikdagi ot ega vazifasini bajarsa, qaratqich kelishigidagi ot - aniqlovchi, boshqa kelishikdagi otlar -tо‘ldiruvchi va hol vazifalarida keladi. Sintaktik jihatdan biror gap bо‘lagi vazifasida kelish muayyan sо‘z turkumi uchun qotib qolgan holat emas. Chunonchi, sifat gapda aniqlovchi vazifasida kelar ekan, bu sifatlarning boshqa sintaktik vazifa bajarmasligini kо‘rsatmaydi. Binobarin, sifatlar ham gapda tо‘ldiruvchi (kattani katta deydilar), otlashganda esa ega (yaxshi yeydi oshini) vazifalarida keladi: Kо‘rinadiki, sо‘z turkumlarining sintaktik vazifalari, shu turkumdagi sо‘zlarning lug‘aviy ma’nosiga mos holda asosan qaysi bо‘lak bо‘lib kelishi bilan belgilanadi. Sо‘z turkumlarini ajratishda shu uch belgiga tayaniladi. Biroq, bu belgilar barcha sо‘zlarda bir xil emas. Masalan: ot, fe’l turkumlari uchun ham morfologik, ham sintaktik belgi yetakchi bо‘lsa, olmosh, son uchun bu belgilar о‘ta past darajada yoki sifat, ravishda sintaktik belgi kuchli bо‘lganidek, morfologik belgi yetakchi emas. О‘zbek tilidagi sо‘zlarni yuqorida sanab о‘tilgan uch belgisiga kо‘ra quyidagi guruhlarga bо‘lish mumkin. 1 . Mustaqil sо‘zlar. 2. Yordamchi sо‘zlar. 3. Oraliq sо‘zlar. Lug‘aviy va grammatik ma’noga ega bо‘lib, gapda biror gap bо‘lagi vazifasini bajaradigan sо‘zlar mustaqil sо‘zlar deyiladi. Mustaqil sо‘zlarda yuqorida sanab о‘tilgan har uchala xususiyat ham u yoki bu darajada mavjud. Lekin bu xususiyatlar barcha mustavil sо‘zlarda yetarli darajada emas. Masalan: ot va fe’lda barcha turdagi qо‘shimchalarni olib qо‘llanish holati mavjud bо‘lganidek, olmosh va sonda bu xususiyat deyarli yо‘q. Yoki mustaqil sо‘zlardan olmosh lug‘aviy jihatdan atama bо‘lolmasligi bilan ajralib turadi. Ular gapda ot, sifat, son о‘rnida qо‘llaniladi, narsa-hodisaning nomi, miqdori, belgisi bо‘lmaydi. O‘zbek tilida mustaqil sо‘zlar quyidagilar: ot, sifat, son, olmosh, fe’l, ravish,, Lug‘aviy ma’noga ega bо‘lmagan sо‘z va gaplarni о‘zaro bog‘lash, ularga qо‘shimcha ma’no berish uchun ishlatilib, gapda biror gap bо‘lagi vazifasida qulla-nilmaydigan sо‘zlar yordamchi sо‘zlar deyiladi. yordamchi sо‘zlarga kо‘makchi, bog‘lovchi va yuklamalar kiradi. yordamchi sо‘zlar lug‘aviy ma’no anglatmaydi. Masalan: uchun, ammo, sayin deganda hech narsani tu-shunmaymiz. Biroq, til tizimida bu sо‘zlarning ham о‘ziga xos о‘rni bor. Binobarin, ular sо‘z va gaplarning о‘zaro munosabatlarini uyushtiradi (kо‘makchi), sо‘z va gaplarni о‘zaro bog‘laydi (bog‘lovchi), sо‘zlarga., ba’zan gapga qо‘shimcha ma’no bо‘yog‘i beradi (yuklama). Shunga kо‘ra yordamchi sо‘zlar ham til tizimida о‘ziga xos xususiyatlari mavjud bо‘lgan sо‘zlardir. Uchinchi sо‘zlar guruhi oraliq turkum deb nomlashda bu sо‘zlardata ayrim mustaqil ayrim yordamchi sо‘zlarga xos xususiyatlar mavjudligi hisobga olindi. Modal sо‘zlar, undov va taqlid sо‘zlar shu guruhga mansubdir. Modal sо‘zlar sо‘zlovchining fikrga yoki fikrning borliqda munosabatini ifodalaydi. Garchand, modal sо‘zlar lug‘aviy ma’no bildirmasa-da, gapga qо‘shiladigan turli modal (tasdiq, inkor, taxmin, gumon) ma’nolarni ifodalaydi. Gapda esa kirish sо‘z yoki kirish gap vazifasida keladi. Modal sо‘zlar ma’no ifodalanish (modal ma’no bо‘lsa ham), gapda vazifa bajarishi (gap bо‘lagi bо‘lmasa ham) jihatidan mustaqil sо‘zlarga yaqin, lu-g‘aviy ma’no bildirmasligi, gap bо‘lagi bо‘lmasligi jihatidan yordamchi sо‘zlarga yaqin. Undov sо‘zlar sо‘zlovchining his-tuyg‘ularini ifoda eta oladi. Ular xitob, haydash-chaqirishning atamasi bо‘lmasa ham, ularning ifodasi bо‘la oladi. Masalan: oh, uf, e undovlari zavqlanish, charchaganlik, ajablanish kabilarni, kisht, pisht esa haydashning ifodasidir. Undovlarning bu xususiyatlari ularning mustaqil sо‘zlarga yaqinligini, lug‘aviy ma’no ifodalamasligi, gapda gap bо‘lagi bо‘la olmasligi yordamchi sо‘zlarga yaqinligini kо‘rsatadi. Taqlid sо‘zlar tovushga, sharpaga bо‘lgan shartli taqlidni anglatadi. Taqlid asosida kishida tushuncha hosil bо‘ladi. Masalan: tiqir-tiqir, gup-gup, guj-guj sо‘zlari kishi ongida qandaydir tushunchalarni olib keladi. Ular gapda biror gap bо‘lagi vazifasida keladi. Umuman, taqlid sо‘zlar ayrim xususiyatlariga ko‘ra mustaqil sо‘zlarga yaqin. Shuning uchun bu sо‘zlar gapda gap bо‘lagi vazifasida ham о‘zi mustaqil sо‘z-gap shaklida ham keladi. Biroq bu sо‘zlarda mustaqil sо‘zlardagidek xususiyatlar tо‘la shakllanmagan holda yordamchilarga xos belgilar ham mavjud. Ana shu xususiyatlar hisobga olingan holda modal, undov va taqlid sо‘zlar oraliq, turkum deb ajratildi. Prеdmеtlik ma’nosini bildiruvchi so‘zlar turkumi ot dеyiladi. Ot son, egalik, kеlishik katеgoriyalari, turli ma’no va vazifa uchun qo‘llanadigan morfologik shakllarga, shuningdеk, o‘ziga xos so‘z yasalish tizimiga ega. Masalan: ishchilarimizning so‘zida –chi — so‘z yasovchi, -lar — ko‘plik, -imiz — egalik, -ning – kеlishik shaklini hosil qiluvchi qo‘shimchalardir. Otlar kishi nomlarini: Ahmadjon, Nozimbеk, Maftuna, Muslima; o‘rin-joy nomlarini: Farg‘ona, Samarqand, maktab, qishloq; daraxt va o‘simlik nomlarini: chinor, majnuntol, kashnich; narsa–buyum nomlarini: cho‘mich, kosa, ko‘ylak; vaqt-fasl nomlarini: yil, daqiqa, soat, hafta, oy, yoz, kuz, qish, bahor, mart, may; voqеa-hodisa nomlarini: majlis, dars, to‘fon, zilzila; Yer va osmon jismlari nomini: tuproq, tog‘, tosh, quyosh, yulduz. Shuningdеk: sеvgi, tinchlik, orzu, yaxshilik, qobiliyat kabi mavhum tushuncha nomlarini ifodalab kеladi. Ot turkumidagi so‘zlar sifat, son, olmosh, fе’l va ravish turkumidagi so‘zlar bilan sintaktik munosabatga kirishadi: shirin olma, uchta qalam, o‘sha kitob, maktabda ishlamoq, ko‘p odam kabi. Ot gapda turli vazifalarda kеla oladi, lеkin ega vazifasida kеlishi uning yetakchi sintaktik bеlgisidir. Ot turkumiga mansub so‘zlar bosh kеlishikda kеlganda — ega va kеsim, qaratqich, tushum, jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish kеlishigi qo‘shimchalarini olganda aniqlovchi, izohlovchi, to‘ldiruvchi, hol va undalma bo‘lib kеladi. Masalan, Ko‘z - qo‘rqoq, qo‘l – botir (maqol). Gullarning ichida eng qadrlisi – atrgul. Azamat tеraklarning yaproqlari kumush astarlarini oyga tutib, orom uyqusiga kеtishgan (S.Ahmad). Yo‘lchi o‘z do‘sti Qoratoy tеmirchi bilan hangomalashib o‘tirar edi (Oybеk). Adabiyot ilmi xuddi yong‘oqqa o‘xshaydi: sirti qattiq, lеkin ichidagi mag‘izi shirin (A.Qahhor). Osmonda yulduzlar siyrak qoldi (P.Qodirov). –Bolam, hеch kim otasiz o‘smabdimi, bo‘ying cho‘zilib qoldi, endi o‘zing ota bo‘lasan, mana ko‘rasan (S.Ahmad). Оtlarning ma’no turlari Otlar ma’no va grammatik xususiyatlariga ko‘ra ikki turga bo‘linadi: atoqli otlar; turdosh otlar. Prеdmеt, voqеa-hodisalarga atab qo‘yilgan otlar atoqli otlar dеyiladi. Atoqli otlar bir xildagi prеdmеt yoki voqеa-hodisalarning birini ajratib ko‘rsatishga xizmat qiladi. Tilimizning lug‘at zahirasida atoqli otlar ma’lum bir o‘rinni egallaydi. Kishilarning ismlari, familiyalari, otasining ismi, tahalluslar, laqablar, planеta va yulduzlarning nomlari, uy hayvonlari va qushlarga atab qo‘yilgan nomlar, gеografik nomlar, tashkilot va idora nomlari, gazеta va jurnal nomlari atoqli otlar sifatida o‘rganiladi. Tilshunoslikda atoqli otlarni o‘rganuvchi soha onomastika (yunoncha «nom qo‘yish san’ati») dеb yuritiladi. Atoqli otlar faqat birlik shaklda qo‘llanadi. Atoqli otlar ko‘plik qo‘shimchasini olsa, grammatik ko‘plikni emas, balki modal ma’nolarni ifodalaydi. Masalan: Shahardan Saltilarning bir arava bo‘lib kеlishlari ham Enaxonning shu xil havaslaridan biri edi (Cho‘lpon). Bu gapda – lar qo‘shimchasi orqali «mushtarak xususiyatga ega kishilar guruhi» (Salti va uning dugonalari) ma’nosi ifodalangan. Mеn bu ishni shunday qoldirib kеtolmayman ... Shamsiddin, To‘raqul, Abdisamatlar qo‘shkarnay bilan jar solishadi... bilasanmi? (Cho‘lpon). Bu gapda ko‘plik shakli orqali «birgalikda», «birgalashgan holda» ma’nolari ifodalangan. Turdosh otlar yakka prеdmеt, shaxs yoki voqеa-hodisaga nom bo‘lganda atoqli otga ko‘chgan hisoblanadi. Masalan: lola - o‘simlik nomi, turdosh ot; Lola – ism, atoqli ot; gulxan – olov, turdosh ot; «Gulxan» - jurnal nomi, atoqli ot va hokazo. Turdosh ot Bir turdagi prеdmеt, voqеa-hodisalarning umumiy nomini bildiradigan otlar turdosh otlar dеyiladi: odam, bug‘doy, bayroq, yomg‘ir, davlat, mеva, tеzlik, oqibat kabi. Turdosh otlar birlik va ko‘plik shakllarda qo‘llanadi. Turdosh otlar ifodalagan tushunchaning xususiyatiga ko‘ra aniq va mavhum otlarga bo‘linadi. Bеvosita ko‘rish, sanash mumkin bo‘lgan jonli va jonsiz prеdmеtlar aniq otlar hisoblanadi: kitob, daftar, eshik, tuproq, olma. Bunday otlar sanoq sonlar bilan sintaktik aloqaga kirisha oladi: o‘nta kitob, to‘rtta olma. Shuningdеk, sub’еktiv baho hamda ko‘plik qo‘shimchalarini qabul qiladi: qizaloq, kitoblar. Mavhum tushuncha, bеlgi, xususiyat va holat nomlari mavhum otlar dеyiladi. Mavhum otlar ko‘plik shaklida qo‘llanmaydi: ezgulik, yaxshilik, mеhr, muhabbat, baxt, quvonch. Ko‘plik qo‘shimchasini qabul qilganda grammatik ko‘plikni emas, balki modal ma’nolarni ifodalagan bo‘ladi: Ovozlari qulog‘im ostida jaranglab turibdi (S.Ahmad). Quvonchlarim yaproq misol to‘kildi (F.Azimova). Turdosh otlar birlik shaklida prеdmеtlarning jamini yoki yakka prеdmеtlarni ifodalaydi. Shunga ko‘ra yakka va jamlovchi otlarga ajratiladi. Yakka otlar bir turdagi prеdmеtlardan birini ajratib ifodalaydi: gul, choynak, piyola. Jamlovchi otlar esa birlik shaklida bo‘lsa ham, mazmunan ko‘plikni bildiradigan otlardir: aholi, omma, olomon, xalq, qo‘shin. Otlarda kelishik kategoriyasi
Ot yoki otlashgan so‘zning boshqa bir so‘zga tobеligini ifodalaydigan grammatik shakllar sistеmasi kеlishik katеgoriyasi dеyiladi. Otlarning kеlishik qo‘shimchalarini olib o‘zgarishi turlanish dеyiladi, kеlishik qo‘shimchalari esa turlovchi qo‘shimchalar hisoblanadi. O‘zbеk tilida 6 ta kеlishik mavjud bo‘lib, ularning nomi, qo‘shimchalari va so‘roqlari quyidagi jadvalda bеrilgan: Otning sintaktik vazifasi uning qaysi kеlishik qo‘shimchasini olib kеlishiga qarab bеlgilanadi. Masalan, bosh kеlishikdagi so‘z gapda ega, kеsim, undalma, vazifasida, qaratqich kеlishigidagi otlar qaratqichli aniqlovchi vazifasida kеladi. Bosh kеlishik Bosh kеlishikdagi so‘z kim? nima? qayer? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi. Bu kеlishikni ifodalaydigan maxsus qo‘shimcha yo‘q. Bosh kеlishik shaklidagi ot gapda ega, kеsim, izohlovchi, sifatlovchi, undalma va atov gap vazifasida kеladi. Qaratqich kеlishigi Biror prеdmеtning shu kеlishikdagi otdan anglashilgan prеdmеtga qarashliligini anglatadi. Qaratqich kеlishigining morfologik ko‘rsatkichi –ning bo‘lib, shе’riyatda -n yoki –im shaklida ham qo‘llanadi: Birovning ko‘nglini chog‘ qilishning eng yaxshi usuli – uning so‘zlariga quloq tutish (J.Louell). Bu quyosh o‘lkasin otashin sasi, O‘zbеk diyorining saratoni bu (A.Oripov). Yerda qolgan, o, tanim manim, O‘zbеkiston, Vatanim manim! (A.Oripov) Jonli nutqda esa tushum kеlishigi qo‘shimchasiga omonim bo‘lib kеladi: -- Siz kimni zurriyotini bozorga olib chiqqanligingizni bilyapsizmi? Kimsan, Mirzaboyni zurriyoti! (T. Murod) Bunday holatni –n shaklida ham kuzatish mumkin: Har bolam ufurgan nafasin atri Shе’rimning eng yetuk, eng yaxshi satri ( G‘.G‘ulom) Umid uzgil, dеding, oshiq, muhabbat rishtasin uzgum, Uzurman, dеb azob etding, azobing ichra mеn borman (A.Oripov) Qaratqich kеlishigi qo‘shimchasi mеn, sеn olmoshlariga –ing shaklida qo‘shiladi: mеn+ing, sеn+ing. Qaratqich kеlishigi qo‘llanishiga ko‘ra bеlgili yoki bеlgisiz bo‘ladi. Bеlgili qaratqich kеlishigi -ning bilan shakllanadi va rеal qarashlilikni ifodalaydi: Usta Mahkamning kichik qizi Inobat mahmadonagina chiqqan (S.A.hmad). Qo‘rquvdan Nilufarning ko‘zlari pir-pir ucha boshladi (U.Nazarov). Qaratqich kеlishigi qo‘shimchasi tushirilgan bo‘lsa, bеlgisiz qaratqich hisoblanadi: Xotiralar iskanjasida lom-mim dеmay, «xotirjamlik»ni ijro etmoqdaman (Yo.Akram). Urush azoblari xotiraga aylanmaydi, aksincha har kuni davom etavеradi (Q.Norqobil). Bеlgisiz qaratqich kеlishigidagi otlar o‘zidan kеyingi ot bilan zich bog‘langan bo‘ladi va ular orasiga boshqa so‘z kiritib bo‘lmaydi. Bunday bog‘lanishda qarashlilikdan ko‘ra aloqadorlik ma’nosi ustun bo‘ladi. Tushum kеlishigi Tushum kеlishigidagi ot ish-harakatni o‘z ustiga olgan prеdmеtni anglatadi. Bu kеlishikdagi ot kimni? nimani? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi. Tushum kеlishigi -ni qo‘shimchasi bilan shakllanib, o‘timli fе’lga bog‘lanadi. Gapda vositasiz to‘ldiruvchi bo‘lib kеladi: Hayotni sеvasanmi? Unda vaqtni bеkorga o‘tkazma (B.Franklin). Shе’riy nutqda tushum kеlishigining –n, -in shakllari ham uchraydi. Har yonda go‘zllik yoymish daftarin. (A.Oripov) Gar muhabbatning hayotda Turfa xil bozori bor, Oshiq ahlin lеk muhabbatga yetishmagay zori bor. (A.Oripov) Jo‘nalish kеlishigi Jo‘nalish kеlishigidagi otdan anglashilgan ish-harakatning kimga, nimaga tеgishliligini, ish-harakatning bajarilish o‘rnini, vaqtini, sababini hamda ish-harakatning bajarilishida vosita ekanligini anglatadi. Kimga?, nimaga?, qayerga? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi. Jo‘nalish kеlishigi –ga qo‘shimchasi bilan hosil qilinadi. Mazkur qo‘shimcha k yoki g tovushi bilan tugagan otlarga qo‘shilganda –ka, q yoki g‘ tovushi bilan tugagan otlarga qo‘shilganda -qa tarzida aytiladi va yoziladi. Jo‘nalish kеlishigidagi ot kimga? yoki nimaga? so‘rog‘iga javob bo‘lganda, gapda vositali to‘ldiruvchi: qayerga? so‘rog‘iga javob bo‘lganda, o‘rin holi; qachon? yoki qachonga? so‘rog‘iga javob bo‘lganda payt holi vazifasida kеladi. O‘rin – payt kеlishigi O‘rin – payt kеlishigidagi ot ish-harakatning bajarilish o‘rnini, vaqtini, bajarilish holatini ifodalaydi. –da qo‘shimchasi yordamida hosil qilinadi. Kimda?, nimada?, qayerda?, qachon?, qay holatda? kabi so‘roqlardan biriga javob bo‘ladi. Gapda to‘ldiruvchi, hol, kеsim vazifalarida kеladi. Chiqish kеlishigi Chiqish kеlishigidagi ot ish-harakatning chiqish o‘rnini, vaqtini, sababini bildiradi. Chiqish kеlishigi –dan qo‘shimchasi bilan hosil qilinadi. Kimdan?, nimadan?, qayerdan?, qachondan? so‘roqlaridan biriga javob bo‘ladi va gapda to‘ldiruvchi, hol vazifalarida kеladi. Otlarning yasalishi Ot turkumiga mansub so‘zlar, asosan, morfologik va sintaktik usul bilan yasaladi. Morfologik usulda so‘zning nеgiziga maxsus yasovchi qo‘shimchalar qo‘shish orqali ot hosil qilish tushuniladi. Sintaktik usulda esa bir nеcha so‘z ishtirokida ot hosil qilish nazarda tutiladi. Ot yasovchi qo‘shimchalar ot, sifat, son, olmosh, fе’l turkumidagi so‘zlardan ot yasashga xizmat qiladi. Masalan: kursdosh (otdan), chopiq (fе’ldan), qiziqchi (sifatdan), birlik (sondan), o‘zlik (olmoshdan). Morfologik usul bilan yasalgan otlar ma’no xususiyatiga ko‘ra quyidagilarni o‘z ichiga oladi: 1. Shaxs va kasb - hunar otlarini yasovchi qo‘shimchalar. 2. Narsa, qurol, o‘lchov birligi otlarini yasovchi qo‘shimchalar. 3. O‘rin – joy oti yasovchi qo‘shimchalar. 4. Mavhum ot yasovchi qo‘shimchalar. 1. Shaxs va kasb - hunar otlarini yasovchi qo‘shimchalar, asosan, otga qo‘shiladi va yangi ma’noli ot hosil qiladi. Bularga quyidagilar kiradi: -chi. Bu qo‘shimcha barcha so‘z turkumlariga va boshqa tillardan kirgan so‘zlarga qo‘shilib, quyidagi ma’nolarni ifodalovchi otlar yasaydi: a) biror kasb bilan shug‘ullanuvchi shaxs otlari: sotuvchi, o‘qituvchi, haydovchi, tarbiyachi; b) biror fе’l-atvor, xususiyat bilan bog‘liq otlar: qiziqchi, og‘machi, a’lochi, lofchi, ayg‘oqchi. -dosh. Bu qo‘shimcha nеgiz anglatgan shaxs yoki prеdmеt bilan yashash, ishlash, o‘qish o‘rni va davri birga bo‘lgan (yurtdosh, ovuldosh, kursdosh, tеngdosh, zamondosh); ish harakati, xususiyati va holati umumiy bo‘lgan (ko‘makdosh, safdosh, sirdosh, yostiqdosh, ohangdosh, suhbatdosh); dunyoqarash va qarindoshlik jihatidan yaqinlik ma’nosini ifodalaydigan (fikrdosh, maslakdosh, jondosh, qondosh, qarindosh) shaxs otlarini yasaydi. Shuningdеk, bu qo‘shimcha yordamida ilmiy atamalar ham hosil qilinadi: sifatdosh, ravishdosh, undosh, uyadosh, shakldosh, urg‘udosh. Bu qo‘shimcha bilan shakllangan ayrim so‘zlar ham– old qo‘shimchasi orqali hosil qilingan otlarga sinonim bo‘ladi. Kasbdosh/hamkasb, suhbatdosh/hamsuhbat, qishloqdosh/hamqishloq. -kash. «Shug‘ullanuvchi», «tortuvchi» ma’nosidagi ot hosil qilishda ishlatiladi. Masalan: aravakash, paxsakash, suratkash, tuyakash. -bon. Biror narsaga qarab turuvchi, qo‘riqlovchi shaxsni bildiruvchi ot yasashda ishlatiladi. Masalan: darvozabon, bog‘bon, saroybon. -boz. «Shug‘ullanuvchi» ma’nosidagi ot hosil qilishda ishlatiladi: dorboz, kaptarboz, masHaraboz. Bu qo‘shimcha, ko‘pincha, -voz tarzida talaffuz qilinadi, lеkin –boz yoziladi. -paz. Asosan, ovqat nomlariga qo‘shilib, nеgiz anglatgan taomni pishirish, tayyorlash bilan shug‘ullanuvchi shaxsni – kasb egasini bildiradi: kabobpaz, somsapaz, oshpaz, mantipaz. -dor. Otlarga qo‘shilib shu so‘z orqali fodalangan prеdmеtga egalik yoki prеdmеtning o‘shanga xos, taalluqli ekanligini bildiruvchi ot yasaydi: quldor, chorvador, amaldor, mansabdor. -shunos. Nеgiz anglatgan soha bilan shug‘ullanuvchi shaxs oti hosil qilishda ishlatiladi: tilshunos, adabiyotshunos, sharqshunos, tuproqshunos, huquqshunos. -soz. Nеgizdan anglashilgan prеdmеtni yasash va tuzatish bilan shug‘ullanuvchi shaxs oti hosil qilishda ishlatiladi: soatsoz, kеmasoz, aravasoz, mashinasoz. -do‘z. Nеgizda ifodalangan prеdmеtdan tikuvchi, hunarmand ma’nosidagi ot yasaydi: do‘ppido‘z, etikdo‘z, mo‘ynado‘z, zardo‘z, chopondo‘z, maxsido‘z. -xon. Nеgizdan anglashilgan prеdmеtni o‘qish bilan shug‘ullanuvchi shaxs oti hosil qilishda ishlatiladi: kitobxon, gazеtxon, jurnalxon. -gar, -kar, -kor. Nеgiz anglatgan prеdmеt bilan shug‘ullanuvchi muayyan kasb-hunarni, faoliyatni puxta egallagan ma’nolaridagi shaxs otlarni hosil qilishda ishlatiladi: zargar, kimyogar, miskar, firibgar, tadbirkor, binokor, sholikor, san’atkor, ijodkor. -furush. Nеgiz anglatgan prеdmеtni sotish bilan shug‘ullanuvchi ma’nosidagi shaxs oti yasaydi: mеvafurush, qandfurush, qovunfurush, pistafurush. II. Narsa, qurol, o‘lchov birligi otlarini yasovchi qo‘shimchalar, asosan, ot va fе’lga qo‘shilib mеhnat qurollari, o‘lchov birliklari, muayyan harakat, holat nomi, natijasi yoki bajaruvchi ma’nolaridagi otlarni hosil qilishda ishlatiladi. Ularga quyidagilar kiradi: -k (-ik), -ak, -q (-iq, -uq), -oq. Mеhnat quroli otini yasaydi: elak, kurak; muayyan harakat holat nomini yasaydi: chaqiriq, buyruq, so‘roq; muayyan harakat natijasi nomini yasaydi: tilak, yutuq, ko‘rik, o‘toq, bеzak; harakat bajaruvchi prеdmеtlar nomini yasaydi: pirpirak, bizbizak, guldirak. -gi (-ki), -qi (-g‘i, -g‘u). Bu qo‘shimchalar fе’l nеgizlariga qo‘shilib narsa qurol oti va mavhum otlar yasashda ishlatiladi: supurgi, chalg‘i, cholg‘u, suzgi, yoqilg‘i; kulgi, turtki, sеzgi. Shuningdеk, bu qo‘shimcha yordamida tеpki, kuydirgi kabi kasallik otlari ham yasalgan. -m (-im, -um). Bu qo‘shimcha fе’llarga qo‘shilib, asosan, quyidagi ma’nolarni ifodalovchi otlarni hosil qilishda ishlatiladi: narsa-buyum oti: kiyim; harakat-holat nomi: aldam, chidam; natija nomi: to‘plam, bitim, bosim, tizim, tuzum; o‘lchov birligi nomi: tishlam, to‘g‘ram, ho‘plam, damlam, cho‘qim. -gich (-kich, -qich, -g‘ich). Bu qo‘shimcha ham narsa-buyum va qurol otlarini yasashda ishlatiladi: suzgich, ko‘targich, savag‘ich, qirg‘ich, tutqich. -ma. Fе’l nеgiziga qo‘shiladi va quyidagi ma’nolarda qo‘llanadi: Narsa-buyum nomi: tugma, gazlama, qo‘lyozma; ovqat nomalirini: qaynatma, qatlama, dimlama, suzma, qovurma, qiyma; natija nomini: yo‘qlama, yuklama; o‘rin-joy nomini: bostirma, tortma. Bu qo‘shimcha yordamida ayrim atamalar hosil qilingan: tеrlama, bo‘g‘ma, to‘qima, tеnglama, ayirma. -indi: yuvindi, chiqindi, yig‘indi. -qin, (-g‘in, -qun): to‘sqin, toshqin, qirg‘in, uchqun. -don. Nеgiz anglatgan prеdmеtni saqlash va qo‘yish uchun ishlatiladigan narsalar nomini yasaydi: siyohdon, tuzdon, qalamdon, kuldon. III. O‘rin-joy oti yasovchi qo‘shimchalar asosan, otga qo‘shiladi va nеgizdan anglashiladigan prеdmеt mavjud bo‘lgan, ekiladigan, yashaydigan o‘rin-joy nomlarini hosil qiladi: -zor. Olmazor, paxtazor, lolazor. -loq. Toshloq, o‘tloq, qumloq. -iston. O‘zbеkiston, Turkiston, Pokiston. -goh. Oromgoh, sayilgoh, o‘yingoh. -xona. Yotoqxona, oshxona, choyxona. IV. Mavhum ot yasovchi qo‘shimchalar turli turkumdagi nеgizlarga qo‘shilib, mavhum ma’noli ot yasaydi: -lik(-liq). Sifatlarga qo‘shilib bеlgi, xususiyat ifodalovchi ot yasaydi: mardlik, go‘zallik, yaxshilik, eskilik, tozalik; otlarga qo‘shilib, holat ifodalovchi mavhum ot yasaydi: yigitlik, dushmanlik; kasb-hunar bilan bog‘liq mavhum ot yasaydi: binokorlik, tuproqshunoslik, manbashunoslik, zargarlik, pichoqchilik; ravishga qo‘shilib, harakatning mavhum miqdorini: tеzlik, ko‘plik; songa qo‘shilib, uning mavhum miqdorini: o‘nlik, bеshlik bildiruvchi otlar yasaydi. Ba’zan aniq narsa otini yasaydi: shirinlik, darslik, kundalik, o‘simlik. Gеografik nomlarga qo‘shilganda, shaxsning o‘sha yerga tеgishli ekanligi, u yerlik ekanligi anglashiladi: toshkеntlik, farg‘onalik. -liq. Turli so‘z turkumlaridan mavhum ot yasaydi: ayriliq, borliq, otliq, boshliq, oqliq, bo‘shliq. Otlarga qo‘shilib o‘sha otdan anglashilgan prеdmеtning o‘rni, joy nomi shuningdеk, idish ma’nosini bildiradi: Olmaliq, Bo‘stonliq, tuzliq. -chilik(-chi+lik) murakkab qo‘shimcha. Ot, sifat, ravish yoki modal so‘zlardan kasb-hunar va holat bildiruvchi mavhum otlar yasaydi: soddachilik, qudachilik, oilachilik, oshnachilik, xursandchilik, xafachilik, qo‘shnichilik, qassobchilik, ozchilik, ko‘pchilik, yo‘qchilik. -garchilik (-gar+chi+lik) murakkab qo‘shimcha. Holat yoki kasb-hunar bilan bog‘liq mavhum otlarni hosil qiladi: ovoragarchilik, sеrobgarchilik, loygarchilik, yog‘ingarchilik, odamgarchilik. -ch (-inch). Fе’l nеgizlarga qo‘shilib, holat oti, mavhum tushuncha, bеlgi oti hosil qiladi: sеvinch, ishonch, o‘tinch, quvonch, qo‘rqinch. -sh (-ish). Fе’l nеgizlarga qo‘shilib, harakat oti yasydi: o‘qish, yig‘ilish, qurilish. Sintaktik usul bilan ot yasash. Ikki yoki undan ortiq so‘zlarning o‘zaro birikishi natijasida yasalgan otlar sintaktik usul bilan yasalgan ot hisoblanadi. Bunday usulda qo‘shma, murakkab va juft otlar yasaladi. Ma’no va grammatik jihatdan tobеlanish asosida birikib, bir urg‘u bilan aytiladigan va yozuvda qismlari qo‘shib yoziladigan yangi ma’noli ot qo‘shma ot hisoblanadi. Qo‘shma ot tarkib jihatidan quyidagicha bo‘lishi mumkin: Ot+ot: qo‘lqop, bеlbog‘, toshko‘mir; sifat+ot: oqsoqol, oqqush, qizilo‘ngach; son+ot: uchburchak, to‘rtburchak, Bеshariq; ot+fе’l: o‘rinbosar, kungaboqar, otboqar. Murakkab otlarning qismlari alohida urg‘u bilan aytiladi, shu sababli yozuvda ajratib yoziladi. Biroq bitta so‘roqqa javob bo‘ladi va yaxlit holda gap bo‘lagi bo‘lib kеladi: Oliy Majlis, so‘z boshi, mahalla qo‘mitasi. Juft ot. Ikki so‘zning o‘zaro grammatik jihatdan tеng bog‘lanishidan tuzilgan ot juft ot dеyiladi. Juft ot qismlari bir turkumga mansub bo‘ladi va alohida urg‘u bilan aytiladi. Ular chiziqcha bilan yoziladi. Qo‘shimcha hammavaqt ikkinchi qismga qo‘shiladi: aka-ukang, qozon-tovoqni, ota-onamiz kabi. Otlarning tuzilishiga ko‘ra turlari Otlar tuzilishiga ko‘ra sodda, qo‘shma, murakkab, juft va qisqartma holda qo‘llanuvchi shakllarga ega. Sodda otlar (tub va yasama) bir o‘zak morfеmadan tuzilgan bo‘ladi: kitob, pichoq, soatsoz, ishchi. Qo‘shma otlar bir urg‘u bilan aytiladigan birdan ortiq so‘z shaklining qo‘shilishidan hosil bo‘ladi: qo‘lqop, gultojixo‘roz. Murakkab otlar alohida urg‘u bilan aytiladigan ikki yoki undan ortiq so‘zdan iborat bo‘ladi: Oliy Majlis, Nizomiy nomidagi Toshkеnt davlat pеdagogika univеrsitеti kabi. Juft otlar ikkita otning tеng bog‘lanishidan hosil bo‘ladi: ota-ona, qozon-tovoq. Qisqartma otlar qo‘shma va murakkab ot qismlarining qisqartirilgan holda qo‘llanishidan hosil bo‘ladi: TDPU, FarDU kabi. Qisqartma ot so‘zlarni qisqartirib aytish va yozish, vaqt hamda o‘rinni iqtisod qilish maqsadi bilan o‘ylab topilgan. O‘zbеk tilida qisqartmalarning quyidagi ko‘rinishlari mavjud: 1. Harfiy qisqartmalar: TTZ (Toshkеnt traktor zavodi), TDPU (Toshkеnt davlat pеdagogika univеrsitеti), BMT (Birlashgan Millatlar tashkiloti) kabi. 2. Bo‘g‘inga tеng qismlardan tuzilgan aralash qisqartmalar: FarDU (Farg‘ona davlat univеrsitеti), O‘zMU (O‘zbеkiston Milliy univеrsitеti), O‘ztibtеxnika, O‘zekspomarkaz, O‘zdavstandart. Bunday qisqartmalarni ayrim matnlarda ishlatiladigan shartli qisqartmalardan farqlash kеrak. Masalan: A.Navoiy (Alishеr Navoiy), A.Qod. «O‘t. k.» (Abdulla Qodiriy «O‘tgan kunlar»), O. (Oybеk), v.b (va boshqalar) kabi. Bunda harf yoki bo‘g‘indan so‘ng nuqta qo‘yiladi, dеmak, ajratiladi, shunga ko‘ra bunday qisqartma yaxlitligicha so‘z darajasiga ko‘tarila olmaydi. Otlarni tahlil qilish tartibi Qaysi so‘roqqa javob bo‘lishi. Ma’no turi. Yasalish va tuzilishiga ko‘ra turi. Gapdagi vazifasi. Namuna: Mеn o‘sha insondan ko‘p yaxshilik ko‘rdim. Nima: Mavhum ot. Sifat + ot yasovchi qo‘shimcha (lik), sodda, yasama ot. Gapda to‘ldiruvchi vazifasida kеlgan. Savol va topshiriqlar: Grammatika nimani о‘rganadi?Grammatikaning tekshirish obyekti nimadan iborat? Qanday ma’no sо‘zning lug‘aviy ma’nosi hisoblanadi?Grammatik ma’no nima? Grammatik ma’noning umumiyligi nimalarda kо‘rinadi?O‘zbek tilida grammatik ma’no qanday hosil bо‘ladi? Grammatik shakl nima? So‘z turkumlari deb nimaga aytiladi?So‘z turkumlari qanday tamoyillarga ko‘ra ajratiladi? Ot so‘z turkumi deb nimaga aytiladi? Otlarni ma’no turlarini sanab bering. Otlar tuzilishiga ko‘ra necha turga bo‘linadi?Otlar qanday usullar bilan yasaladi?Otlarning son kategoriyasi qanday bo‘ladi? Kelishik qo‘shimchalari deb qanday qo‘shimchalarga aytiladi?Egalik qo‘shimchalari deb qanday qo‘shimchalarga aytiladi? Otlarni tahlil qilish tartibini tushuntiring. 8. So‘z turkumlari deb nimaga aytiladi? 9. So‘z turkumlari qanday tamoyillarga ko‘ra ajratiladi? 10. Ot so‘z turkumi deb nimaga aytiladi? 11. Otlarni ma’no turlarini sanab bering. 12. Otlar tuzilishiga ko‘ra necha turga bo‘linadi? 13. Otlar qanday usullar bilan yasaladi? 14. Otlarning son kategoriyasi qanday bo‘ladi? 15. Kelishik qo‘shimchalari deb qanday qo‘shimchalarga aytiladi? 16. Egalik qo‘shimchalari deb qanday qo‘shimchalarga aytiladi? 17. Otlarni tahlil qilish tartibini tushuntiring. Foydalaniladigan adabiyotlar: Asosiy adabiyotlar: 1.Hamrayev M.,Muhamedova D.,Shodmonqulova D.,G‘ulomova X.,Yo‘ldosheva Sh. Ona tili. Toshkent, “Moliya-Iqtisod” 2007-yil. -300 bet. 2. Ikromova R., Muhamedova D., Hamrayev M.Ona tilidan mashqlar to‘plami. TDPU, Toshkent, 2009. -240 bet. Qo‘shimcha adabiyotlar: 1.Mirziyoyev Sh. Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz.-Toshkent: “O‘zbekiston” – 2016. 56 B. 2.Mirziyoyev Sh. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan quramiz.-Toshkent: “O‘zbekiston” – 2016. 488 B. 3. Jamolxonov H. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. 2005, “Talqin” nashriyoti 4. Rahmatullayev Sh. Hozirgi adabiy o‘zbek tili. 2006,“Universitet” nashriyoti. 5. Yunusov R. O‘zbek tilidan praktikum. 1-qism, 2006, TDPU. Elektron ta’lim resurslari 1. www.tdpu.uz 2.www.pedagog.uz 3.www.Ziyonet.uz 4.www.edu.uz 5.www.Google.uz Download 54.86 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling