Fanning nomi: Tadbirkorlik va biznes asoslari
Mavzu: Yagona soliq tolovi
Download 0.7 Mb.
|
Fanning nomi Tadbirkorlik va biznes asoslari
Mavzu: Yagona soliq tolovi;
Sana: 25.11.2019 Jahon banki reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston keyingi yillarda tadbirkorlik faoliyati uchun ishbilarmonlik muhitini yaxshilash sohasida eng yaxshi natijalarga erishgan dunyodagi o‘nta davlat qatoridan joy oldi. Bu Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda biznes yuritish uchun keng shart-sharoit, himoya va kafolatlar yaratilganining yana bir xalqaro e’tirofidir. Tadbirkorlik subyektlariga ko‘plab soliq imtiyozlari berilayotgani, yagona soliq stavkasi darajasi pasaytirilayotgani soha rivojiga qaratilgan ana shunday imkoniyatlardan. Joriy yilda xizmat ko‘rsatish sohasidagi mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 2015-yildagiga nisbatan yana 1 foizga pasaytirilib, 5 foiz qilib belgilandi. Bu dunyo miqyosida eng maqbul stavkadir. Xorijiy davlatlar soliq amaliyotida kichik yoki o‘rta korxonalar uchun soliqqa tortishning alohida shkalasi mavjud emas. Ko‘pchilik rivojlangan davlatlarda soliqlar daromadga qarab solinadi. Masalan, AQShda katta va kichik korxonalar daromadiga yarasha soliq to‘laydi va uning eng past stavkasi 15 foiz. Buyuk Britaniyada boshqa soliq to‘lovchilar kabi kichik va o‘rta korxonalar ham daromadlarni hisoblash va deklaratsiyalash qoidalariga bo‘ysunadi. Soliqqa tortishning o‘suvchan shkalasi amal qiladi. Soliq stavkasi daromad ortishiga qarab ortib boradi. – Mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi Prezidentimiz Islom Karimov farmoniga muvofiq 2005-yil 1-iyuldan boshlab joriy etilgan, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi yuridik shaxslarga soliq solish bosh boshqarmasi boshlig‘i Hamidjon Habibiddinov. – Buning mohiyati shundaki, shu kundan boshlab soha vakillari byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi, Respublika yo‘l jamg‘armasi va Maktab ta’limi jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lash o‘rniga yagona soliqni to‘lab kelmoqda. Bu ularning ko‘proq daromad topishi, faoliyatini rivojlantirishiga imkoniyat yaratmoqda. 2005-yilda yagona soliq to‘lovi stavkasi 13 foiz edi. Bu ko‘rsatkich yildan-yilga pasaytirilib, ayni paytda 5 foizni tashkil etmoqda. E’tiborli jihati, kichik korxonalarning daromadi qanchalik ortsa ham bu soliq stavkasi o‘zgarmaydi. Yagona soliq to‘lovi stavkasining kamayishi hisobiga joriy yilda ushbu mikrofirmalar va kichik korxonalar ixtiyorida 58,4 milliard so‘m mablag‘ qolishi kutilmoqda. Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga imtiyozlar, preferensiyalar, kafolatlar berish, qulay shart-sharoitlar yaratish borasida izchil siyosat olib borilmoqda. Buning natijasida yalpi ichki mahsulotda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ulushi 2000-yildagi 31 foizdan bugungi kunda 56,7 foizga yetdi. Ushbu sohada jami sanoat mahsulotlarining uchdan bir qismi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 98 foizi ishlab chiqarilmoqda. Ish bilan band jami aholining 77 foizdan ortig‘i mazkur tarmoqda mehnat qilmoqda. – Kichik korxona tashkil etganimga o‘n yildan oshdi, – deydi poytaxtimizdagi “Elkan” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari A.Alimov. – Yelimdan mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz. Davlatimiz ko‘magida faoliyatimiz rivojlanib bormoqda. Yagona soliqqa oid stavkaning keskin pasaytirilgani mahsulotlarimiz turi va ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, ishchilar sonini oshirish imkonini bermoqda. O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 354-moddasiga asosan yagona soliq to‘lovini to‘lovchilar yagona soliq to‘lovi to‘lash muddatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yil muddatga kechiktirish huquqiga ega. Kechiktirilgan summa imtiyozli davr tugaganidan so‘ng o‘n ikki oy ichida qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda, teng ulushlar bilan to‘lanadi. Bu yangi tashkil etilgan mikrofirma va kichik korxonalarga faoliyatining dastlabki yilida qaddini tiklab olish uchun qulay sharoitdir. Soliq kodeksining 356-moddasiga muvofiq, yangi texnologik asbob-uskunalar olish, sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish, mahsulotlarning xalqaro standartlarga muvofiqligini sertifikatlashtirish, laboratoriya testlari va sinovlarini o‘tkazish uchun komplekslar olishga yo‘naltirilgan mablag‘lar, texnologik asbob-uskuna bo‘yicha – u foydalanishga topshirilgan paytdan boshlab besh yil ichida soliq solinadigan bazaning ko‘pi bilan 25 foiziga kamaytirilishi belgilangan. Bu ham korxona faoliyatini zamon talablariga moslashtirish va rivojlantirish uchun qulaylik yaratadi. Shu bilan birga, xizmat ko‘rsatuvchi mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun foyda solig‘i hamda yagona soliq to‘lovi bo‘yicha imtiyozlarning amal qilish muddati 2017-yilning 1-yanvarigacha uzaytirilgan. Biznes yuritish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yaratilgan bunday imkoniyatlar mamlakatimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligida muhim omil bo‘lmoqda. Download 0.7 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling