Faoliyat tushunchasi. Faoliyatning tuzilishi: ehtiyojlar, motivlar, maqsadlar, vositalar


Download 98.62 Kb.
bet8/21
Sana18.06.2023
Hajmi98.62 Kb.
#1594774
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   21
Bog'liq
Faoliyat turlari va ularni inson tomonidan o`zlashtirilishi

Interiorizatsiya tushunchasi. Ong va faoliyatning aloqasi g‘oyasining eng mukammal tavsifiga nemis klassik idealizmi namoyandalarining asarlarida duch kelish mumkin. Nafaqat, Fixte, balki Shelling va Gegel ham ma'naviy hodisalar sababini amaliyotda, odamlar faoliyatida izlagan. Xususan, Shelling amaliyotga, inson faoliyatiga odamzotning o‘zini o‘zi tabiatda gavdalantirishi, ya'ni ob'ektivlashtirishi sifatida yondashgan. U inson faoliyati natijasida ikki dunyo: tabiat dunyosi va inson dunyosi, ya'ni o‘zgartirilgan insoniylashtirilgan tabiat dunyosi mavjud ekanligini qayd etadi. Dunyoga nisbatan harakatda Shelling umuman ong negizini ko‘radi. Insonning insonga ta'sirini u ongning ikkinchi manbai deb hisoblaydi: aqlli mavjudotlarning tinimsiz o‘zaro ta'siri ongning zaruriy omili hisoblanadi. XX asrda psixologlar aynan faoliyat shaxsning ijtimoiy tajribasini o‘zlashtirish, uning qobiliyatlari, irodasi va ongini shakllantirish mexanizmi hisoblanishini tajriba o‘tkazish yo‘li bilan va ko‘p sonli etnografik va tarixiy materialga asoslangan holda ko‘rsatib berdilar. Individual va umuminsoniy rivojlanish jarayonida faoliyatning mustaqil sohasi sanalgan faollik ko‘rinishlari murakkabroq madaniy tuzilmalarga qo‘shilib, asta-sekin ong shakllariga aylangan. Sirtda birlamchi xususiyatga ega bo‘lgan faoliyat sof ichki (interiorizatsiyalashgan) xususiyat kasb etishi mumkin.
Interiorizatsiya tushunchasi faoliyatning tabiatan sirtqi jarayonlarini ichda, avvalo ongda yuz beradigan jarayonlarga o‘tishini ifodalash uchun xizmat qiladi. E.From bu tushunchaga shunday deb tavsif beradi: «Inson yomonlik qilar ekan, uning o‘zi ham yanada tubanlashadi»8. Ajdodlarimiz ruhiyatining shakllanishida muhim rol o‘ynagan qadimgi madaniy institutlar (rasm-rusumlar, cherkov, o‘yin) hozirgi inson ruhiyatida o‘z-o‘zidan amal qilishini nazarda tutadigan tarixiy interiorizatsiya g‘oyasi sirtdagi harakatning shaxs ichki mulkiga aylanish mexanizmini tushuntiradigan interiorizatsiya tushunchasini to‘ldiradi.
Interiorizatsiya mexanizmi. Yuqorida qayd etilganidek, faoliyat insonning dunyoga va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatining universal, umumiy usulidir. Ammo inson qay tarzda ish ko‘rmasin, o‘z faoliyatida qaysi vazifalarni hal qilmasin, uning barcha elementlari: faoliyat predmeti, vositalari va jarayoni doim ramziy tabiatga ega bo‘ladi. Til, ya'ni so‘z eng universal ramz hisoblanadi. XIX asr oxirida tilga ijodning birinchi mahsuli deb tavsif berilgan. Verbal (og‘zaki) til va noverbal til (imo-ishoralar, kiyim-kechak va zeb-gardonlar, san'at va etiket tili) mavjud. Tilning bu ikkala turini ham biz bolalikdan o‘zlashtiramiz va inson o‘zgartirgan tabiat dunyosida, ijtimoiy munosabatlar dunyosida, madaniyat dunyosida til yordamida mo‘ljal olamiz.
Tilda uch element: ovoz, ma'no va obraz farqlanadi. Ma'noning moddiy ifodalovchilari sanalgan ovoz yoki grafik tasvir so‘zga xosdir. O‘zga ramzlar butunlay boshqacha moddiy ifodalovchilarga ega bo‘lishi mumkin (mehnat amali, imo-ishora, rasm-rusum, rassom asarining elementlari va sh.k.). Shunga qaramay, har qanday ramzlarning qolgan barcha elementlari umumiydir: moddiy ifodalovchi, ma'no va obraz shular jumlasidandir. Faoliyatning hissiy idrok etiladigan har qanday elementi moddiy ifodalovchi bo‘lishi mumkin. Masalan, so‘zda bu ovoz yoki grafik tasvir, lekin bunday ifodalovchi vazifasini imo-ishora, mehnat amali yoki boshqa har qanday shunga o‘xshash signal ham bajarishi mumkin.
Ma'noda insoniyatning o‘tmishdagi tajribasi mujassamlashadi. Har qanday ramz ma'nosi insoniyat uchun umumiy xususiyat kasb etadi, ayrim turdagi narsalar, aloqalar, munosabatlar yoki harakatlarning shartli, konvensional mustahkamlangan ifodasi hisoblanadi. Inson faoliyat jarayonida madaniy ramzlarning ma'nolarini anglab yetar ekan, o‘zini qurshagan dunyoni boshqacha idrok eta boshlaydi, chunki unda har qanday hodisani uning so‘zdagi ifodasi bilan bog‘lashga ehtiyoj va qobiliyat yuzaga keladi. Ma'nolar inson ongida dunyoni aks ettiradi.
Obraz – narsa yoki hodisaning o‘ziga xos ma'nosi bo‘lib, u har qanday ramzning haqiqiy ma'nosidan ancha farq qilishi mumkin. Masalan, «tuz» so‘zi hamma uchun ayni bir ma'noni anglatadi – u barcha odamlar ovqatga qo‘shib iste'mol qiladigan moddani ifodalaydi. Ammo kimyogar, yozuvchi yoki oshpaz uchun «tuz» so‘zi butunlay boshqacha ma'no kasb etishi mumkin. Oshpaz tuzda ovqatga xushxo‘r bo‘lishi uchun solinadigan qo‘shilmani ko‘radi, kimyogar tuz deganda ionli tuzilish xos bo‘lgan kimyoviy birikmalar turkumini tushunadi va h.k. Xullas, har qanday so‘z ko‘plab ma'nolarga ega bo‘ladi. Obraz – haqiqiy ma'no va ayrim ma'noning shaxs manfaatlari va ehtiyojlari, uning tuyg‘ulari va mayllari mujassamlashgan o‘ziga xos sintezidir.
Inson faoliyati o‘z tabiatiga ko‘ra madaniydir, til ramzlari esa madaniyatning muhim boyligi hisoblanadi. Inson faoliyat jarayonida tashqi madaniy ramzni o‘zlashtirar ekan, nafaqat rang-barang mehnat qurollaridan foydalanishni, balki ularning boshqalar va o‘zi uchun ahamiyatini anglashni ham o‘rganadi. Madaniyat ramzlari psixologik vositalar hisoblanadi: inson mehnat qurollaridan ularning asl mazmuniga muvofiq foydalanish orqali tabiat dunyosini o‘zgartirishi mumkin. Ammo mehnat qurollari inson uchun muayyan ahamiyat kasb etadigan ramzlar ham sanalgani bois, odamzot ularning yordamida o‘z ruhiy funksiyalari – zehni, irodasi, tafakkurini ham boshqaradi. Ayni shu sababli insonning tabiiy iste'dodi aynan faoliyatda namoyon bo‘ladi, uning qobiliyatlari shakllanadi va ehtiyojlari qondiriladi.

Download 98.62 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   4   5   6   7   8   9   10   11   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling