Fargʻona davlat universiteti filologiya fakulteti oʻzbek tili yoʻnalishi 20. 94-guruh talabasi
“Bozor” romanida qahramonlar ruhiyati
Download 96.11 Kb.
|
2 5411380156956689202
2.2. “Bozor” romanida qahramonlar ruhiyati
Istiqlol davri o‘zbek romanlari yangi oʻziga xos yoʻnalishga ega ekanligi bilan ahamiyatli. Uning ifoda tarzi, tasvir obyekti jahonning ilgʻor an’analarini oʻzlashtirish va shu bilan birga milliy adabiyot tajribalarini uygʻunlashtirilishi evaziga yangi usullar bilan boyimoqda. Ifodaning aniqligi, tasvirning serqatlamligi, shakl, mazmun, ruhiy holat manzaralarining turfa xilligi, insonni badiiy tadqiq etishda oʻziga xos usullar (bayon, ifoda etish, ruhiy holatni tasvirlash, kompozitsiyadagi noan’anaviylik)ning birlamchi ekanligi bosh masalaga aylanmoqda. Istiqlol davri oʻzbek romanlarining deyarli barchasida inson va jamiyatga doir haqiqatlar oʻziga xos badiiy talqini bilan e’tiborga molikdir. Aksariyat zamonaviy milliy romanlarda qoʻyilgan muammo asarning markazida turuvchi subyekt (muallif) hayotiy tajribalari asosida, uning qalb prizmasidan oʻtkazib, poetik talqin va ekspressiv bayon qilinmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, istiqlol davri oʻzbek romanlari kichik odamning katta va chigal ichki dunyosidagi behudud poyonsizlikni, turfalikni xilma-xil rakurslarda tadqiq etishga kirishdi. Inson manaviyatining serqirra jihatlarini tekshirish, odam ruhiyatidagi koʻz ilgʻamas sezimlarni tadqiq etishga urinishda shakliy-uslubiy izlanishlar olib borayotgan oʻzbek nosirlarining sezilarli yutuqlari ham, bartaraf qilinishi lozim boʻlgan nuqsonlari ham koʻzga tashlanmoqda. Bu yoʻlda turli avlod ijodkorlari oʻziga xos yoʻsinda qalam tebratmoqdalar. Xurshid Doʻstmuhammadning mustaqillik yillarida yaratilgan “Bozor” 7romani ham aynan shu yoʻsinda yozilgan, kompozitsion qurilmasida noan’anaviylikni oʻzida taqozo etadigan milliy romandir. Yozuvchining diqqat-e’tibori bozor manzaralari va mojarolarining bevosita oʻzini emas, personaj ongi, ruhiyatidagi aks-sadosini ifodalash, badiiy tahlil etishga qaratiladi, bunda ong oqimi tajribalaridan ijodiy foydalanadi. Romanda jamiyat kayfiyatining inson ruhiyatiga ta’siri asar bosh qahramoni Fozilbek obrazi misolida talqin etiladi. Inson va jamiyatni anglash roman talqinida voqelik mohiyatini mantiqan tafakkur etish orqali kechadi. Bozor talqinining zamirida hayot haqiqati va manzaralari tasvirlangan. Fozilbek bozor va hayot haqidagi fozil qarashlarini ruhiyatida kechadigan oʻy-fikrlar, xotiralar dinamikasi orqali kitobxon ongiga singdiradi. Ruhiyatida kechadigan oʻy-xayollar va xotiralar bolaligidan tortib to ulgʻayganiga qadar kechgan voqealar silsilasini oʻz ichiga oladi. U bolaligi bilan bogʻliq boʻlgan xotiralarni juda koʻp qoʻmsaydi, ayniqsa, onasi va Fotma xolaning kinnachiligini, xirgoyi qilmasligini, uni bolasi yoʻqligini yod oladi. Taqir yerda oʻtirgan onasi, onasi emas – Fotma xola – qanday qilib Fotma xola boʻlsin?!. Meni Fotma xola tuqqanida edi, onam oʻlib qolmasdilar, Fotma xolaning oʻgʻli boʻlsam u qovogʻini solmay, kulib yurardi deb oʻzicha koʻoʻp xayol surar edi Fozilbek bolaligida, lekin... dunyodan er qilmay oʻtgan, shu bois farzand koʻrmagan va shu bois qari barmoqlari ma‘suma qizlarnikidek silliqligicha qolgan kampir qanday qilib Fozilbekka ism qoʻyadi, qaydan kelib uning qulogʻiga niyatini xirgoyi qilib quyadi, bordiyu, shu ayol Fotma xola boʻlsa, u holda onasi qani, onasi qayerda, Foziljonning?! Fozilbekning oʻylashga odatlanishi hayotda fozillarcha oqilona yashashi, dunyoga sermulohaza bilan olimona qarashi, oʻzligini anglash yoʻlidagi sofdillik, uni chinakam inson boʻlishga undaydi. Uning fikricha odamiylikning haqiqiy tuygʻulari, tavba va tazarru nihoyatda muhim boʻlib, inson zotini tozartirish, poklanish va komillik sari yetaklaydi. Shuning uchun ham ruhiyatida kechadigan bozor-dunyo haqidagi qarashlarini bir-biri bilan uzviy bogʻlaydi. Bozor qismatidagi nafsni, pul hasratini hayot misolida qiyos etadi. Bozor uchun faslning, har faslda roʻy berayotgan tabiat hodisalarining hech qanday ahamiyati yoʻq. Havo qanday boʻlishidan qat‘iy nazar bozorda hayot qaynayveradi, turli xil hodisalar toʻlib toshaveradi. Insonlar ham shunga qarab odimlaydi. Hayotimiz kechmishida ham fasllarning hech qanday ahamiyati yoʻq. Qor, yomgʻir yogʻsa ham, yuqori tezlikda shamol, yuqori darajada issiq boʻlsa ham hayot oʻz izmida davom etaveradi. Zero, odamzodda har faslga, har faslda roʻy berayotgan tabiat hodisalariga koʻnikish hissi bor. Bozorda turli xil voqea-hodisalar koʻpda tez-tez sodir boʻlib turadi. Odamlar ogʻzidan yoshi kattani yoki kichkinani yoʻqolib qolganini, kimningdir vafot etganini, yana kimningdir qorinbogʻini qirqmoqchi boʻlgan aravakashni ot tepib majaqlaganini va hokazolarni eshitadi. Haqiqatan ham hayot goʻyoki bozorga oʻxshaydi. Hayot bozorning oʻzginasi. Bozorda turfa xil kishilarni, turli taqdir egalarini uchratasan, koʻrasan. Xilma-xil voqealarning guvohi boʻlasan. Hayot ham xuddi shunday. Turli xil kimsalar, turfa taqdirlar, kimdir shoshadi, kimdir oshiqadi. Harakatingga, fe‘l-atvoringga qarab, hayot oʻzining munosib marhamatini ravo koʻradi. Qosimbek bozorboshi bozorni emas, aslida oʻzining oilasidagi ijtimoiy muhitni, farzandlarining taqdirini izga solmoqchi. Syujet qismlari bilan tanishib borish holati, kitobxonga Fozilbek va uning atrofidagi qahramonlar xarakteri bilan bogʻliq boʻlgan jihatlarni toʻla anglatadi. Pul topish niyatida hamma oʻzini bozorga uradi. Fozilbekning otasi bozorboshi, bobolari ham bozor orqasidan kun koʻrgan. Biroq Fozilbek Qosimbek oqsoqolning ― pul hasratida yashamaydigan bir dalli-devonasidir. Fozilbek uchun esa pul – boylik qanchalik begona bo‘lsa, uning evaziga saqlanadigan oʻz joni ham yetti yot begonadek edi. Fozilbek uchun hayot falsafasi shu. Biroq asar qahramoni Baxtish ezma (Toʻrabek egarchining oʻrtanchasi) uchun ― hayot mutlaqo boshqa! Uning fikricha hayotni tutib turgan qonuniyat boshqa. Bozor atrofida qiroatxona qad koʻtargan. Eskiligidan sargʻish tusga kirib qolgan. Oʻsha yerda mil-mil kitob zax, mogʻor bosib yotibdi. Shuncha izdihom orasida qiroatxonaga qadam bosadigan birorta aqli raso topilmaydi. U nurab qolgan, eskiligidan qulab tushish darajasiga yetgan. Uvalanib-uqalanib, arang qad rostlab turgan qiroatxona ma’naviyatning, ilmu-ziyoning evaziga hamon yashab kelmoqda. Qiroatxonada yongʻin xavfi borligi chin edi. Yonmadi ham, oʻpirilmadi ham. Biroq roʻparasiga dangʻillama choyxona, soqqaxona, hammom, dangʻillama hojatxona qurishga pul topildi-yu, qiroatxonaga toʻrtta guvala topilmadi! Yozuvchi tasvirida Fozilbek samimiyatga yoʻgʻrilgan inson. U nafaqat samimiy, sof niyatli, balki vijdoni uygʻoq, oʻzgalar manfaatini oʻzidan-da ustun qoʻyadigan, dardmandlarga dardkash boʻladigan kuyunchak inson ham. Fozilbekning yuqoridagi xislat fazilatlarning haqiqatan egasi ekanligini Gʻulomjon bilan boʻlib oʻtgan suhbatlardan anglashimiz mumkin. Bu asnoda Fozilbek bilan Gʻulomjon dunyoga kelish va dunyodan ketish, tugʻilish va oʻlim, har ikkisining orasida bajariladigan amallar togʻrisida suhbat quradi. Yorugʻ dunyoning hikmati shu — kelish-ketish, kelish-ketish – boshqa gap yoʻq, neki yaxshilik va yomonlik boʻlsa, kelish-ketish orasida sarsonu-sargardon. Uylanmay, bola-chaqa orttirmay ketish esa kelish va yashash ne‘matiga xiyonat. Ogʻir xiyonat. Yuqorida zikr etilgan yorugʻ dunyoning hikmatini Gʻulomjon taqdiri misolida koʻradi. U toʻshakka mixlangan, dardi ado boʻlmaydi. Mehmonga peshvoz chiqa olmaydi, inqillab-sinqillab bosh koʻtaradi, goh-gohida darddan ingrab yuboradi. Goʻyoki Fozilbekning xayolida u ― harakatdan soʻnyapti. Fozilbek dunyo va bozor oʻrtasidagi oʻy-xayollarini, insonlar tomonidan bajariladigan amallarni dalillar orqali, zaruriy qonunlar asosida isbotlaydi. Tugʻildingmi, voyaga yetdingmi – kim bilandir qovushasan, oila qurish uchun bozorga borasan, oila boqish uchun oʻzingni ne-ne bozorlarga solasan, umr shu tariqa kechaveradi, inson hayotining shu qadim va boqiy yoʻlini oʻzgartiraman deb ne-ne aqli botir donishmandlar bosh qotirmagan, shu maqsad – shu niyatda ne-ne kulfatlarga giriftor boʻlmagan, mana, shuuncha savdoi azimlar yetmagandek Fozilbek taqsirim bir umr muhabbat-la yashamoqlik saodati bilan inson hayotini bezamoqqa qasd qildilar. Bozorni izga solish bilan bogʻliq boʻlgan oʻy-xayollarining natijasida quyidagi qarorni ruhan qabul qildi: butun bozorni muhabbatdan oʻzga hech narsa bezay olmasligiga imon keltirdi. Oxir-oqibatda bozorga begona ekanligini tan oldi. Xulosa qilib aytganda, yozuvchi asardan anglashilgan mazmun-mohiyatni hayot bilan bogʻlagan. Ijtimoiy hayotga boʻlgan oʻz munosabatini metaforik usulda, majoziy yoʻl bilan ifodalashga erishgan. Jamiyat kayfiyatining inson ruhiga ta’sirini ramziy-majoziy uslubda tahlil etib, roman kompozitsiyasidagi qahramon ruhiy holatini yorqin tasvirlay olgan. Aniqroq qilib aytganda, yozuvchi oʻz koʻzlagan maqsadiga toʻla erishgan. Xulosa 1. Psixologizmning kelib chiqishi borasidagi qarashlar, birinchi navbatda,“psixologizm” atamasini talqin qilishdagi tafovutlar tufayli, turli-tuman. Keng ma’noda psixologizm adabiyotning ichki tabiatidan kelib chiqadi, uning poydevori so‘z san’ati rivojining ilk bosqichlaridanoq quyilgan. Anglangan estetik tamoyil sifatida uning yuzaga kelishi adabiy jarayonning eng qadimgi davrlariga borib taqaladi. 2. XX asr psixologiyasi va falsafasi inson fenomenini yangicha izohlay boshladi, borliqning dinamik o‘zgaruvchanligi adabiyotning ruhiy-ma’naviy hayotni tadqiq etish maylini kuchaytirdi. Inson ruhiyati realizm an’analarini davom ettirayotgan yozuvchilar uchun ham, modernistik ijodkorlar uchun ham mushohada predmetiga aylandi. XX asr adabiyotida analitik yo‘sindan sintetik prinsip foydasiga siljish, bevosita tasvir usullaridan bilvosita foydasiga yuz burish, ong osti sohasiga yanada sinchkovlik bilan nazar tashlash holatlari psixologizm evolyutsiyasining bosh va umumiy tendensiyasiga aylandi. 3. “Psixologizm” va “psixologik tahlil” tushunchalari qisman bir-birini to‘ldirib kelsalar-da, mazmun jihatdan to‘la ma’noda sinonim emas. «Psixologizm» tushunchasi “psixologik tahlil”dan ko‘ra kengroq, muallif psixologiyasining asardagi aksini ham ifodalaydi. Badiiy psixologizm – inson ichki hayotining muallif tayanadigan tushunchalar, uning shaxs haqidagi tasavvurlari va kitobxonga qaratilgan muloqot strategiyasi bilan shartlanadigan badiiy-obrazli, tasviriy-ifodaviy tiklanishi va tavsiflanishidir. Harakat sub’ekti sifatida personaj tutim va ruhiyati so‘zda ifodalangan hamda kompozitsion jihatdan uyushgan obrazning predmetlik jihatidir. 4. Eng ta’sirchan va samarali badiiy vosita sifatida ruhiy tahlil roman badiiyatining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi. Mohiyatan ruhiy tahlil kompleks xarakterga ega bo‘lib, yozuvchilar undan qahramon ruhiyatini gavdalantirish usuli sifatida, adabiyotshunoslar esa badiiy asarni tekshirish usuli sifatida foydalanmoqda. Ruhiy tahlil personaj jismoniy jihatlari va uning ma’naviyruhiy olamidan chiqib keladigan shaxsiy tajribasining badiiy ifodasi hisoblanib, bugungi o‘zbek romanchiligida uning «nuqtai nazarlar polifoniyasi» va hikoya sub’ekti hamda ob’ekti bilan bog‘liq usullari yetakchilik qilmoqda. 5. Asar olami – bu badiiy tasvirning kompozitsion jihatdan uyushgan va matnda mujassamlashgan predmetlik tomonidir. U butun, shartli, tizimli. Odamlar, narsalar, tabiat, qahramonlarning o‘zini tutishlari, o‘y-fikrlari, kechinmalari singari yozuvchi tomonidan shartli ravishda real voqelikka o‘xshatib chizilgan borliq manzarasi – asar olami nafaqat “moddiy materiallarni”, ob’ektiv borliqni, balki inson ruhiyatini ham tashiydiki, shunga ko‘ra psixologizm epik asar strukturasining shaklida mujassamlashgan bo‘ladi. Tasvirlangan badiiy olam kitobxonga estetik ta’sirning asosini tashkil etadi; kitobxon ijodiy faolligi namoyon bo‘ladigan soha sanaladi. 6. Ekspressiv leksika personaj psixologik portretini, uning ijobiy yoki salbiy obrazini yaratishda ishtirok etadi hamda asardagi (hatto, boshqa asarlardagi) o‘zga obrazlar bilan assotsiativ aloqalarni yo‘lga qo‘yishda qatnashadi. Matnning emotsional mazmuni (qahramonlar ruhiyati) va hissiy bo‘yoqdorligini ta’minlash emotiv leksikaning eng asosiy funksiyasi hisoblanadi. 7. Hikoya qilish – tasvirlangan olam va badiiy butunlik adresati sanaladigan kitobxon o‘rtasida vositachi vazifasini bajaruvchi nutq sub’ektlari (roviy, hikoyachi, muallif obrazi) tomonidan aytilgan barcha mulohazalar majmuidir. Nutqiy xarakteristika personajlarning nimalarni gapirganlaridan ko‘ra, qanday gapirganlaridir. Personaj nutq manerasi, gaplarining stilistik bo‘yoqdorligi, iboralarining ohangdorligi kabi jihatlar ham uning muayyan vaziyatdagi ruhiy holatidan darak beradi. Roviy – barcha obrazlar kabi yozuvchi tomonidan o‘ylab topilgan alohida badiiy obraz. Har qanday obraz singari u birmuncha badiiy shartlanganlikka ega, ikkilamchi badiiy reallikka tegishli. Roviy kitobxonga voqealar va personajlarning qilmishlaridan xabar beradi, vaqt oqimini qayd etib boradi, harakatdagi shaxslar qiyofasi va harakat yuz berayotgan sharoitni tasvirlaydi, qahramon ichki holati va o‘zini tutish motivlarini tahlil qiladi, uning ma’naviy qiyofasini xarakterlaydi. 8. Xurshid Do'stmuhammad asarlarida qahramonlar ruhiyati badiiy psixologizm yordamida ochib berilishi natijasida oʻquvchida asar ichiga kirib borish imkoni kengaytirilgan. 9. Oʻzbek adabiyotida qahramonlar ichki dunyosi tasviri Xurshid Doʻstmuhammad ijodida yanada rivojlandi. Download 96.11 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling