Fayllar. Org


Sukuk tushunchasi nimani anglatadi?


Download 369.69 Kb.
bet5/36
Sana25.02.2023
Hajmi369.69 Kb.
#1227872
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36
Bog'liq
internetdan olingan ma\'lumotlar

Sukuk tushunchasi nimani anglatadi?
Islom moliyaviy institutlarining buxgalterlik hisobi va auditi tashkiloti (AAOIFI) ta’rifiga ko‘ra, sukuk – bu nominal qiymati teng bo‘lgan sertifikatlar bo‘lib, ular ma’lum bir loyihaning moddiy aktivlari, ko‘rsatilayotgan xizmatlar, aktivlarga egalik huquqining bo‘linmas ulushini tasdiqlaydi.
Sukuk, qarz majburiyatlaridan farqli o‘laroq, ajratilgan moddiy aktivdagi yoki moliyalashtirilgan loyihadagi ulushdir. Uning daromadi, obligatsiyadan farqli ravishda, aktivlar va xizmatlardan foydalanish yoki moliyalashtirilayotgan loyihaning foydasidan hosil bo‘ladi.
Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Otabek Nazirov sukuk qimmatli qog‘ozlarini O‘zbekiston bozoriga joriy etish borasidagi savollarga javob berdi.
Sukuk bizning kapital bozorimizda o‘ziga xos gibrid innovatsion instrument. Ehtimol, ko‘pchilik (vazirlik, idora, Markaziy bank, biznes) uchun sukuk qimmatli qog‘ozlarini chiqarish kutilmagan tashabbus bo‘lgandir. Mazkur masalaning tarixi haqida gapirib bersangiz. U qanday paydo bo‘ldi, shaxsan o‘zingiz bu g‘oyaga nima uchun ishondingiz?
– Men ilgari ham sukukka duch kelganman. Chunki global miqyosda mazkur bozor katta va u nafaqat tarixan musulmon bo‘lgan mamlakatlar, balki Yevropa mamlakatlari va boshqa maydonchalarda ham mavjud. Bundan tashqari, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida faoliyat yuritgan va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun mas’ul bo‘lgan vaqtimda, bankimizning salohiyatli mijozlari mendan islom moliyasini tashkil etish imkoniyati haqida so‘raganlari bilan bog‘liq vaziyatlarga duch kelganman.
Agentlikka rahbarlik qila boshlaganimdan keyin innovatsion fond instrumentlarini joriy etish imkoniyatlarini o‘rgana boshladik. Sukuk bizga aynan shunday instrument bo‘lib ko‘rindi. Buning bir necha sabablari bor. Birinchidan, u islom moliyasi tamoyillariga mos. Bu esa bir vaqtlar islom sivilizatsiyasining markazi bo‘lgan mamlakatimiz uchun muhim ahamiyatga ega.
Ikkinchidan, sukukning o‘ziga xos jihati shundaki, u investitsiyalardan maqsadli foydalanishni talab etadi, real aktivlarni yaratish bilan bevosita bog‘liq va tomonlar o‘rtasida xatarlarni adolatli taqsimlash imkonini beradi. Shuningdek, uning gibridligi shundan iboratki, u to‘liq ulush ham, qarz instrumenti ham emas. Unda har ikki instrumentning xususiyatlari va xatarlari mavjud.
Mamlakat rahbariyati sukukni joriy etish va buning uchun normativ-huquqiy bazani yaratish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi. Shuning uchun biz tashabbus bilan xalqaro tashkilotlarga murojaat qildik va masalani idoralararo muhokamaga qo‘ydik. Sukuk g‘oyasi shu tariqa O‘zbekistonda amalga oshirila boshlandi.
Hozirgi vaqtda agentlik kapital bozori to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ustida ish olib boryapti. Mazkur qonunda sukukning O‘zbekiston kapital bozoridagi muhim instrument sifatidagi o‘rni qanday bo‘ladi?
– Biz «Kapital bozori to‘g‘risida»gi qonunning alohida bo‘limini islom moliyasi instrumentlari, aniqrog‘i sukukka bag‘ishlashni rejalashtiryapmiz.
«Islom moliyalashtirish tamoyillari asosida qimmatli qog‘ozlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori loyihasi tasdiqlanganidan keyin sukuk pilot kelishuvlarini amalga oshirish uchun oraliq mexanizmlardan biriga aylanadi.
Sukukni chiqarish oson ish emas va qonunchilikda jiddiy o‘zgarishlarni talab qiladi. Qonunchilikka kiritiladigan bu o‘zgarishlar qanchalik qamrovga ega bo‘ladi?
– Kapital bozorida umuman yangi instrument bo‘lgan sukuk, tabiiyki, bir qancha tartibga soluvchi va qonunchilikdagi o‘zgartish va qo‘shimchalarni talab etadi. Masalan, prezident qarorida sukukni pilot ravishda chiqarish uchun maxsus soliq rejimi, benefitsiar mulk huquqi, ingliz huquqi normalaridan foydalanish va boshqa talablar nazarda tutilgan.
2021 yilda sukukni pilot ravishda chiqarish g‘oyasidan ko‘zlangan maqsad – sukukni chiqarish va muomalasini ta’minlash uchun qonunchilikda talab etiladigan o‘zgarishlar ko‘lami va boshqa nyuanslarini tushunib olishdan iborat.
Sukukni pilot ravishda chiqarish uchun prezident qarorini tasdiqlash jarayoni hozir qaysi bosqichda? Agentlik turli vazirlik va idoralar bilan qay darajada yaqin hamkorlik olib boradi, mazkur jarayonga qaysi asosiy vazirlik va idoralar jalb etilgan?
– Agentlik bir qator vazirlik va idoralar bilan yaqin hamkorlikda ishlaydi. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va Markaziy bank shular jumlasidan.
Bundan tashqari, sukuk tushunchasi haqida to‘liq ma’lumot olish, u haqida xabardorlik darajasini oshirish, sukuk tuzilishining turli variantlari, shuningdek, sukuk va obligatsiyalar o‘rtasidagi farqni tushunish maqsadida vazirlik va idoralar xodimlari uchun agentlik Islom taraqqiyot banki ko‘magida ikki kunlik trening tashkil etdi.
Prezident qarori loyihasida sukuk qimmatli qog‘ozlarini pilot ravishda chiqarilishini tashkil etish 2022 yilning 1 iyulida yakunlanishi kerakligi nazarda tutilgan. Sizningcha, mazkur loyihani belgilangan muddatda yakunlashga erishiladimi?
– Afsuski, pandemiya o‘z ta’sirini ko‘rsatdi va loyihani amalga oshirishning ayrim jarayonlarini sekinlashtirdi. Biroq bugungi kunda tayyorgarlik jarayoni tabiiy ravishda o‘z tartibi bilan davom etmoqda. Ayrim vazirlik va idoralar bilan muayyan jihatlarni tasdiqlash ishlari qoldi.
Shuni qayd etishni istardimki, vazirlik va idoralar mazkur tashabbusni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashmoqda; mamlakatni rivojlantirish uchun qimmatli qog‘ozlar bozori, shuningdek, innovatsion instrumentlarni rivojlantirish ahamiyatini yaxshi tushunishmoqda.
Yaqinda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) respublika bo‘ylab O‘zbekistonda islom moliyasini rivojlantirish istiqbollari borasida so‘rovnoma o‘tkazdi (7 mingga yaqin respondentlar ishtirok etdi). Respondentlarning ko‘pchiligi O‘zbekistonda islom moliyasi paydo bo‘lishiga katta ehtiyoj borligini ta’kidlashdi. Aholimiz Islom moliyasiga nisbatan anchagina ijobiy munosabatda ekani O‘zbekistonda sukuklar bozorini yaratishdagi umumiy muvaffaqiyatga qay darajada ta’sir qilishi mumkin?
– Xalqimizning ko‘p asrlik madaniyati va an’analari islom dini bilan chambarchas bog‘liq. Shu jumladan, moliya, mulk munosabatlari tamoyillari borasida ham. Aynan shuning uchun xam sukuk yirik va o‘rta biznes tomonidan ham, aholi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanadi, deb hisoblaymiz.
Bundan tashqari, islom moliyasining bir qismi sifatida sukuk birinchi navbatda o‘ziga xos ahloqiy asoslarga ega. Shu bilan birga, undan har kim cheklovlarsiz foydalanishi mumkin. Aytgancha, sukuk chiqarishdagi eng muhim platformalarning ko‘pi – g‘arb yurisdiksiyalari. Yirik xalqaro banklar esa sukuk xaridorlaridir.
Agentlikka qaror loyihasini ishlab chiqishda kim yordam berdi?
– Mazkur loyihani amalga oshirish uchun huquqiy asosni yaratishda ko‘rsatgan texnik yordami, ko‘magi va maslahatlari uchun BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) va Islom taraqqiyot bankidan minnatdormiz. Ular bilan samarali hamkorligimiz davom etishiga umid qilamiz.
***
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston 2021 yilda sukuk qimmatli qog‘ozlarini pilot ravishda chiqarishni rejalashtirmoqda. Otabek Nazirovning so‘zlariga ko‘ra, bu – mahalliy va xalqaro investorlar mablag‘ini jalb etish, moliya bozorini rivojlantirish va islohotlar jarayoniga yordam beradi.
Otabek Nazirovning hisob-kitoblariga ko‘ra, zarur normativ-huquqiy baza yaratilsa, davlat va korporativ sukukning chiqarilishi bir necha yil ichida O‘zbekiston uchun 4–5 milliard dollarlik bozorga aylanishi mumkin. Bu – sukukning xorijiy investitsiyalarni jalb etish va yirik infratuzilma loyihalari, davlat-xususiy sheriklik hamda xususiy sektordagi loyihalarni amalga oshirishda yuqori salohiyatidan dalolat beradi.

Download 369.69 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   36




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling