Bobur mirzoning hayoti va faoliyatiga oid mavzular ummonday cheksiz. Bu ummonda o‘nlab, yuzlab adabiy kemalar suzishi mumkin
Download 1.14 Mb. Pdf ko'rish
|
yulduzli tunlar ziyouz com
SEKRI
QAYTA KO‘Z OCHGAN BULOQ 1 Boburning maxsus taklifi bilan Hirotdan Agraga kelayotgan mavlono Xondamir, shoir Shihob Muammiy va mudarris Ibrohim Qonuniy uch oyga yaqin yo‘l yurdilar. Badvahima Xaybar dovonidan o‘tib, sersuv Sind daryosidan kechib, changalzor o‘rmonlarni oralab borar ekanlar, mavlono Xondamir olamning naqadar ulkanligini endi birinchi marta astoydil his qildi. Haftalar, oylar davomida otliq safar qilib oxiriga yetib bo‘lmaydigan bag‘ri keng o‘lkalar hammasi endi yaxlit bir davlat bo‘lib birlashganligi, Balxdan Kobulgacha, undan Laxo‘r va Dehligacha hamma joyda Boburning muhri bosilgan farmonini beto‘xtov ado etishlaridan sezilar edi. Bu farmonga muvofiq Xuroson va Movarounnahrdan Boburning taklifi bilan kelayotgan ilmu san’at ahlini, hunarpeshalarni barcha viloyat hokimlari, barcha qo‘riqchi askarlar va bekat Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov www.ziyouz.com kutubxonasi 298 nazoratchilari qo‘shni davlat elchilariga ko‘rsatiladigan izzat-ikrom bilan kutib olib, kuzatib qo‘yishlari kerak edi. Yo‘llarda hali qaroqchilar tugatilmagan, tartib o‘rnatilmagan notinch shahar va qishloqlar bor edi. Xondamir va uning hamrohlarini bunday joylardan «badraqa» deb ataladigan ikki yuz-uch yuz kishilik qo‘riqchi askarlar o‘tkazib qo‘yishardi. Karvonsaroylarda ham ularni «podshohning xos mehmonlari» deyishib, eng yaxshi xonalarga joylashtirishar, qo‘llaridagi qog‘ozlariga binoan kundalik taomlari uchun bepul guruch, go‘sht, yog‘ berishar, tag‘in mayda xarajatlari uchun maxsus ulufa ham to‘lashardi. Charchagan ot-ulovlarini almashtirishlari kerak bo‘lib qolsa, yomchilar boquvdagi ot-ulovlaridan ularga birinchi navbatda berishar edi. Kobuldan Dehligacha bo‘lgan minglab chaqirim yo‘l bo‘yidagi karvonsaroylar va yomlar Boburning harakatlari bilan shunchalik obod va shunchalik yaxshi ishlab turar edi. Xondamir yo‘llarda, bekatlarda Hindistonga borib kelayotgan elchilar, sayyohlar va savdogarlarni ko‘p uchratardi. Bultur Agradan ellik chaqirimcha g‘arbdagi Sekri degan joyda Bobur Rano Sango bilan urushib, Panipatdagidan ham ulkanroq g‘alabaga erishgandan keyin uni astoydil tan olib, elchi yubora boshlagan podshohlar ko‘payib qolgan edi. Xondamir Laxo‘rda uchratgan qizilboshlarning elchisi Shoh Taxmasi I* nomidan g‘alati sovg‘alar olib bormoqda edilar. Bu sovg‘alar orasida oq tuyaning zar uqali kajavasida parvarishlab olib ketilayotgan ikkita go‘zal cherkas qizi ham bor edi. Shoh Taxmasi bu qizlarni Boburning haramiga atab yuborgan edi. Xondamir Dehlidan shimolroqdagi bir bekatda samarqandlik va toshkentlik elchilarni ham uchratdi. Sekridagi g‘alabaning shuhrati atrof mamlakatlarga yoyilganidan keyin Bobur Hindistonda tuzgan yangi davlatni uning ashaddiy dushmanlari bo‘lgan shayboniyzo-dalar ham tan olgan edilar. Hozir Samarqand taxtida o‘ltirgan Ko‘chkinchixonning elchisi Boburga Samarqandning soyaki mayizlaridan, Konibodomning subhoni o‘riklaridan, Buxoroning o‘tkir maylaridan, Movarounnahrning boshqa noyob ne’matlaridan yetti tuyaga sovg‘a-salom yuklab, yoniga ikki yuzta yaxshi otni ham tortiq qilib qo‘shib keltirgan edi. Bobur bu elchini o‘zining Jamna bo‘yida qurdirgan yangi Hasht Bihisht bog‘ida xonlar o‘tiradigan oq kigiz ustiga o‘tqazib, kamoli ehtirom bilan qabul qilgan edi. Boburning qabulidan va sovg‘a-salomlaridan mamnun bo‘lib qaytayotgan xon elchisi Xondamirga maqtandi: — E, mavlono, biz Hindistonda ko‘rgan xirmon-xirmon oltinlarni hali hech kim ko‘rmagandir. Bobur mirzo quyma oltindan qilingan taxtda o‘ltiribdir. Taxtning pastiga katta gilam to‘shalgan ekan. Viloyat hokimlari har yili beradigan oltinlarini shu gilamning ustiga keltirib to‘kdilar. Birpasda oltindan katta xirmon ko‘tarildi. Bobur shayboniyzodalarning oltinga suq odamlar ekanini bilgani uchun elchining ko‘zi oldida ataylab shunday xirmon ko‘targanini Xondamir ich-ichidan sezib kuldi: — Janob elchi bu xirmondan kapsan olmadilarmi? — Podshoh bizga qimmatbaho sarupolar kiydirdi. Gilam ustidagi oltindan hazrat Ko‘chkinchixonga atab sovg‘a berildi. Oltin tangalarni sanab ham o‘ltirmadilar. Ikki yuz ellik misqolni bir kumush tosh bilan tortib berdilar — qo‘ydilar. — Ikki orada biron shartnoma tuzildimi? — Ha, bemalol bordi-keldi qiladigan bo‘ldik. Savdo-sotiq tiklandi. Aloqalar ilgarigidan yaxshiroq ravnaq topg‘usidir. Biz bulardan ipak, ziravor olurmiz. Bularga ho‘lu quruq mevalar, ot-ulovlar soturmiz... Yo‘li uzoq bo‘lsa ham korvonlarimiz ishtiyoq bilan kelib ketadi. Chunki Bobur mirzo butun qalamravida tamg‘a* solig‘ini bekor qilmishlar. O‘zbek, turkman, tojik, hind, arab, ajam, fors — qo‘yingki, hamma bani bashar* bu og‘ir soliqdan xalos bo‘lib, daromadlari oshibdi. Hunarmandu savdogarlar ham shunisidan juda mamnun. Faqat Bobur podshoning bir amri bizga ma’qul kelmadi. — Qaysi amri? — qiziqib so‘radi Xondamir. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling