Djurabayeva Z. A. Ona tili


-§. TIL  – IJTIMOIY HODISA


Download 1.49 Mb.
Pdf ko'rish
bet7/214
Sana05.01.2022
Hajmi1.49 Mb.
#225945
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   214
Bog'liq
66onatilipdf

2-§. TIL  – IJTIMOIY HODISA 
 
Reja: 
1. Olamning tilda aks etishi. 
2. Til ijtimoiy hodisa sifatida. 
3. Til va tafakkur.  
 
Tayanch  iboralar:    til,  nutq,  jamiyat,  muomala,  munosabat,  ijtimoiy,  lafz, 
lison, suxan, zabon, til taraqqiyoti. 
 
Topshiriq.  Matnni  o‘qing,  til  va  uning  inson  hayotida  tutgan  o‘rni  haqida 
fikrlashing.  
 
Til  qalbning  tarjimoni  sanaladi.  Qalb  esa  imon  maskanidir.  Insonning  imoni 
qanchalik baquvvat, qalbi qanchalik sof bo‘lsa, uning tilidan faqat hikmatli, shirin 
so‘zlar chiqadi. O‘z navbatida til qanchalik ko‘p gapirsa, shuncha ko‘p xato qiladi. 
Natijada  inson  qalbi  qorayadi  va  imoni  susayadi.  Til  orqali  sodir  bo‘ladigan 
gunohlar ma’naviy jinoyatlar bo‘lib, ularga g‘iybat, fitna, tuhmat, yolg‘onchilik va 
yolg‘on  guvohlik,  chaqimchilik  kabilar  kiradi.  Chaqimchi  va  g‘iybatchi  kishilar 
o‘simlik  ildiziga  tushgan  qurtday  xalq  orasida  ittifoq  va  birdamlikni  ketkazib, 
umumxalq hayoti uchun zarur bo‘lgan mehr-oqibat ildizini yemiradi. (S.Isoqov)  
Olam  tabiat  va  jamiyatdan  iborat.  Olamning  harakatlanishida  o‘ziga  xos 
qat’iy  qonuniyatlar  bor.  Mazkur  harakatlarning  markazida  eng  oliy  mavjudod 
sanalgan Inson shaxsi turadi. Olamni va o‘zligini anglash, tabiatga ta’sir ko‘rsatish 
uchun  insoniyatni  eng  katta  qurol,  bebaho  aloqa  vositasi  –  til  ato  etilgan. 
Zamonaviy tilshunoslikda “Olamning lisoniy manzarasi” degan tushuncha mavjud. 
Buning ma’nosi shuki, olam qanday shaklda, qanday ko‘rinishda bo‘lsa, u tilda shu 
holida  aks  etadi.    Inson  o‘zini  o‘rab  turgan  tevarak  olamni  real  holatda  boshqa 
shaklda tasavur qila olmaydi. Masalan: yer, osmon, bulut, suv, tog‘, qir, adir, cho‘l, 
daraxt,  gul,  shox,  qush,  shahar,  qishloq,  bino,  o‘zgarish,  kitob,  daftar,  qalam, 
kompyuter,  oq,  qizil,  sariq,  yashil,  oppoq,  uch,  to‘rt,  besh,  qirq,  yurmoq, 
to‘xtamoq, gapirmoq  va hokazo.   
Inson  binafsha  bilan  boychechakni,  yer  bilan  osmonni,  gul  bilan  daraxtni 
farqlaydi va har birini alohida so‘z bilan ifoda etadi.  
Shu  bilan  birga  tilda  insonning  ruhiy  olami,  ichki  dunyosi:  quvonchu 
shodliklari,  qayg‘u  va  alamlaridan  iborat  his-tuyg‘ulari  ham  o‘z  ifodasini  topadi. 
Misol  uchun  o‘ylamoq,  fikr  yuritmoq,  fahmlamoq  sevinmoq,  yig‘lamoq, 
achinmoq, qayg‘urmoq, dalda bermoq kabi. 


Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk” asarida “Erdam (adab,odob) 
boshi    til”  degan  ajoyib  maqol  bor.  Darhaqiqat,  insonni  inson  qilgan,  ilm-fan, 
texnikaning  rivojlanishiga,  siyosatu  iqtisodiyotining,  madaniyati  va  san’atining 
yuksalishiga sababchi bo‘lgan bosh vosita bu tildir. Til orqali insonlar fikrlashib, 
birlashib    dunyoni  obod    qilishi  yoki  vayronaga  aylantirishi  mumkin.  Yaxshilik 
ham,  yomonlik  ham  tildan  keladi.  Bu  haqda  buyuk  alloma  Abu  Ali  ibn  Sino: 
“Inson  hayvondan  aqli  va  tili  bilan  farq  qiladi,  shuning  uchun  insonlarning  eng 
yetugi ularning oqili va chechanidir”, – degan edi.  
“Kishilar  til  vositasida  bir-birlaridan  bilim  va  hunar  o‘rganadilar  va  
rivojlanadilar.    Bilim  va  hunar  deb  atalgan  haqiqiy  boylikni  avloddan  avlodga  til 
xazinasi tufayli topshirib boradilar”, – deb aytiladi “Odob va odoblilar” kitobida.   
Yuqorida aytilganidek, tilning belgilari juda ko‘p. U tarixiy, ruhiy-psixologik, 
mantiqiy,  geografik, antopologik,  ilohiy  xususiyatlarga  ega.  Ularning  ichidan  eng 
muhimi tilning ijtimoiy xarakterga ega ekanligidir.  
Ijtimoiy  so‘zi  arab  tilidan  olingan  bo‘lib,  jamoa,  jamoaga  oid  degan 
ma’nolarni  bildiradi.  Til  insonga  va  uning  vositasida  muayyan  jamoaga  tegishli 
bo‘lib,  jamiyatga  xizmat  qiladi,  insonlarning  ehtiyojlari  ta’minlash  vazifasini 
bajaradi.  Til  hech  qachon  jamiyatdan  tashqarida  paydo  bo‘lmaydi  va  rivoj 
topmaydi.  Bu  haqda  eski  o‘zbek  tilining  asoschisi  Alisher  Navoiy  shunday  deb 
aytadi: “So‘z judo ayladi insonni hayvondin, Bilki guhari sharifroq yo‘q ondin”.   
Darhaqiqat, insonni hayvonot dunyosidan ajratib turadigan, jamiyat a’zolarini 
turli maqsadlar sari birlashtira oladigan, ularni o‘zaro jipslashtiradigan va qudratli 
kuchga aylantiradigan qudratli vosita bu – tildir.  
Til  haqida  qat’iy  ta’rif  yo‘q.  Xalqning  ongida  yashovchi,  insonlarni 
birlashtirib  turuvchi,  so‘zlovchilarning  barchasi  uchun  umumiy  bo‘lgan  ijtimoiy 
hodisaga til deyish an’anaga aylangan. Til so‘zlar yordamida yuzaga chiqariladi.  
Eng  muhimi,  til  jamiyatga  xizmat  qiladi.  Tilni  jamiyatsiz  tasavvur  qilib 
bo‘lmaydi.  Til  insonlar  o‘rtasida  fikr  almashish  vazifasini  bajaradi.  Til  jamiyat 
tafakkuri  bilan  chambarchas  bog‘liq.  Til  va  tafakkur  bir-biri  bilan  chambarchas 
bog‘liqdir.  
Izohli lug‘atda tafakkur so‘ziga shunday ta’rif berilgan: Obyektiv voqelikning 
tasavvur,  tushuncha  va  muhokamadagi  faol  in’ikos  jarayoni,  insonning    fikrlash 
qobiliyati,  fikrlash;  o‘ylash,  fikr  yuritish,  muhokama,  o‘y”.  Bundan  shu  narsa 
anglashiladi,  olamdagi  narsa  va  hodisalarni  idrok  qilish,  sezish,  his  qilish,  ularni 
bir-biriga taqqoslash va zaruriy xulosalar chiqarish qobiliyati faqat insongagina ato 
etilgan.  Tabiatdagi  boshqa  tirik  organizmlarda    –  hayvonlarda  ham  sezish  hissi 
mavjud,  lekin  ular  fikrlay  olmaydi,  qorin  to‘ydirishdan  tashqari  o‘zlarining  xatti-
harakatlarini  boshqarishdan  mahrum,    sodir  bo‘layotgan  voqea  va  hodisalarga  
javob  qaytarish  xislatiga  ega  emas.  Ularda  ikkinchi  signal  tizimi  yo‘q.  Inson 
ulardan o‘z ongi, tafakkuri bilan ustun turadi. U hamma narsani ongiga joylaydi, 
fikrlaydi,  mulohaza  qiladi,  ehtiyoj  tushganda  so‘zlarni  saralab  o‘z  o‘rnida  ishlata 
biladi.  Bu  jarayon  ongning  amaliy  shakli  sanalgan  til  orqali  yuzaga  chiqariladi. 
Amaliy  ong  sifatida  til  avloddan-avlodga  o‘tib  boradi  va  o‘zida  madaniy-tarixiy 
an’analarni ifoda etadi.    
Masalan, daraxt ostida turgan inson ustiga shox qulab tushayotganini ko‘rgan 
boshqa  bir  inson  uni  bu  xavfdan  ogoh  qilib:  “Qoching!”,  “Daraxt  shoxi  uzilib 


tushmoqda!”,  “Ehtiyot  bo‘ling!”  –  deb  ogohlantirishi  mumkin.  Bu  tarzda 
ogohlantirish bironta jonzotning qo‘lidan kelmaydi.  
Har  bir  milliy  til  tarixan  tarkib  topadi  va  asrlar  davomida    sayqallashib, 
go‘zallashib  boradi  va  o‘zining  qat’iy  me’yorlariga  ega  bo‘ladi.  Bu  me’yorlarga 
bo‘ysunish shu tilda so‘zlashuvchi insonlarning barchasi uchun majburiy sanaladi. 
Ijtimoiy  hayot  takomil  topgani  sari  til  ham  boyib  boradi.  Til  ijtimoiy  hayotning 
o‘ziga xos ko‘zgusidir.  
 

Download 1.49 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   214




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling