Etiologiyasi
Yurak embriogenezining buzilishiga olib keluvchi ikki guruhdagi sabablarga qaralsin.
Embrogenetik kelib chiqishiga ko‘ra bo‘lmachalararo to‘siq yetishmovchiligi 3 guruhga bo‘linadi: birlamchi, ikkilamchi defektlar va yakka bo‘lmacha. Birlamchi BATY bo‘lmachalar orasidagi birlamchi tutashuvning bitmaganligi natijasida hosil bo‘ladi. U bo‘lmachalararo to‘siqning pastki bo‘limida joylashgan bo‘lib, uning pastki cheti bo‘lma-qorincha teshiklariga to‘g‘ri keladi.
Ikkilamchi defekt nuqsonining eng ko‘p tarqalgan turi bo‘lib, u hamma BATYlarning 85-98 %ni tashkil qiladi. Bunda bo‘lmachalararo to‘siqning pastki cheti har doim saqlanib qoladi. To‘siqda defekt turlicha joylashishi mumkin: To‘siq o‘rtasida pastki kovak vena o‘zagi ustida, yuqori kovak vena o‘zagi oldida ko‘p sonli defektlar ko‘rinishida yoki “orqa” defektlar ko‘rinishida joylashgan bo‘ladi. Yakka bo‘lmacha juda kam uchraydigan nuqson bo‘lib, bunda bo‘lmachalararo to‘siqning birorta to‘qimasi bo‘lmaydi va bo‘lmacha-qorincha klapanlari patologiyasi bilan birga bo‘ladi.
Gemodinamikasi
Bo‘lmachalararo to‘siq yetishmovchiligida gemodinamik o‘zgarishlar chap bo‘lmachadan qonning o‘ng bo‘lmachaga oqishi bilan xarakterlanadi. O‘ng bo‘lmachaning cho‘ziluvchanligi va uning katta hajmliligi sababli undagi bosim chap bo‘lmachadagiga nisbatan 3-5 mm sim ustunigacha past bo‘ladi. Chap tomondan o‘ngga katta hajmdagi qonning oqishi o‘pka qon tomirlarining katta hajmliligi sababli, o‘ng qorinchadagi bosimning ko‘tarilishiga tez olib kelmaydi. Avvalo o‘ng qorinchaning hajmiy zo‘riqishi ortadi. O‘pka arteriyasidagi bosimning uzoq vaqt yuqori bo‘lib turishi o‘pka gipertenziyasiga olib keladi. Vaqt o‘tgan sari bu gipertenziya o‘pka arteriolalarining obstruksiyalanishiga sabab bo‘ladi. BATYda qon aylanishi buzilishini asosan o‘ng qorincha kompensatsiyalaydi. Uning ishi bir necha martaga oshib ketadi. Bu yo‘l bilan uzoq vaqt kompensatsiyalashni imkoni katta bo‘lsa ham, hayotni ikkinchi o‘n yilligida o‘ng qorincha yetishmovchiligi va qon aylanishining buzilishi rivojlanadi. Yana bir necha yildan so‘ng chap qorincha yetish-movchiligi ham rivojlanadi.
Klinikasi
Nuqsonning klinik alomatlari gemodinamikaning buzilishlar darajasiga va bemorning yoshini kattalashib borishiga bog‘liq ravishda yuzaga chiqadi. Kasallik asoratlanmaganida bemorlar jismoniy harakat vaqtida tezda hansirashga, yurakning tez urishiga, og‘riqqa va darmonsizlikka shikoyat qiladilar. Bemorlar jismoniy rivojlanishdan bir qancha orqada qolgan, teri qavatlari va shilliq qavatlari oqish rangda bo‘ladi. Yurak chegaralari hamma bemorlarda chapga kengaygan.
Auskultatsiyada to‘shdan chapga ikkinchi va uchinchi qovurg‘alar orasida ko‘p ifodalanmagan sistolik shovqin, o‘pka arteriyasi ustida ikkinchi ohangning bo‘linganligi eshitiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |