N. raimnazarova


Download 0.96 Mb.
bet44/84
Sana09.11.2021
Hajmi0.96 Mb.
#172330
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   84
Bog'liq
N. raimnazarova

So'zning ma'nosi nima?

Narsa va predmet, voqea va hodisalar yoki ular orasidagi munosabatning kishi ongida aks etishi so'zning ma'nosi deyiladi. Boshqacha aytganda, so'zning borliqdagi narsa va hodisalarni bildirishi uning (so'zning) nimaningdir atamasi, nomi bo'lishidir.

Odatda, predmet yo hodisaga duch kelinganda, dastlab, u tanish predmetlar bilan qiyoslanadi va shu asosda yangi predmet yoki hodisaning biror muhim belgisi (xususiyati) ajratiladi. Ana shu muhim belgi narsa va predmetga nom berish uchun asos bo'ladi, bu nom so'zning ma'nosini tashkil qiladi. Buni, ayniqsa, tildagi barcha yasama so'zlarda yaqqol ko'rish mumkin: ishchi – «ishlaydigan», tomchi – «tomadigan», guliston – «gul o'sadigan», qumtepa – «qum uyumi» kabi.

Gap tub so'zlar haqida borganda, hamma tub so'zlar nom berishda aynan shu premetga nom berishda qaysi belgi asos bo'lgani, uning nima uchun aynan shu ma'noda qo'llanganini izohlash qiyin, lekin ba'zan tub so'zlarda ham qiyoslash ish berishi mumkin: jir, jil, jur (yur) kabi so'zlarda harakat belgisi kabi.

Mustaqil ma'noli har bir so'z o'z (leksik) ma'nosidan tashqari, qo'shimcha ma'nolarga ham ega bo'ladi.

So'zning ob'yektiv borliqdagi narsa va hodisalar haqidagi dastlabki ma'nosiga leksik ma'no deyiladi.

Misollar: tuzmineral modda, jism; suv – ichimlik, tabiiy materiya; ko'k – rang, tus; uchmoq – harakat, qanot qoqib havolanmoq kabi.

So'zlar bunday bosh, asosiy leksik ma'nolaridan tashqari, turli qo'shimcha, ekspressiv-uslubiy ma'nolarga ham ega bo'lishi mumkin.

So'zlovchining turli his-tuyg'u, kayfiyatini, uning atrof-muhitdagi narsa va hodisalarga xususiy (sub'yektiv) munosabatlarini anglatuvchi so'zning asosiy leksik ma'nosidan o'zga ma'nolariga so'zning qo'shimcha ma'nolari deyiladi.

Masalan, tuz so'zi jism, mineral modda ma'nosi bilan birga ozuqa birligi, «gapning tuzi» iborasida ma'no, mazmun tushunchalarini; ko'k so'zi rang, tus ma'nosi bilan birga osmon, o'simlik ma'nosini; uchmoq so'zi «qovog'i uchmoq» iborasida shaxsning biror yaxshi yoki noxush xabar kutishi kabi va boshqa ijobiy yoki salbiy ma'nolarini anglatishi mumkin. Yoki:

Novdalarni bezab g'unchalar,

Tongda aytdi hayot otini.

Va shabboda qurg'ur ilk sahar,

Olib ketdi gulning totini (H.Olimjon) to'rtligidagi «tongda aytdi», «hayot otini», «olib ketdi», «gulning totini» birikmalaridagi aytmoq, ot, olib ketmoq, tot (ta'm) o'z – bosh ma'nolarida emas, balki aytmoq (gapirmoq, xabar bermoq emas) – yaratmoq; ot (ism emas) – mavjudlik; olib ketmoq – barbod qilmoq; tot (ta'm emas) – nafislik, ezgulik ma'nolarida qo'llangan.

So'zning kuchi faqat grammatika ixtiyoriga o'tgandagina bilinadi, chunki so'zlar o'zaro birikib gaplarni tashkil etadi va nutqda ma'lum fikr ifodalaydi. Gap tarkibidagi har bir so'z o'zining asosiy leksik ma'nosidan tashqari, grammatik ma'no ham ifodalaydi. Masalan, paxta gulladi gapida paxta so'zi o'zining leksik ma'no jihatidan texnika o'simligining bir turini, gulladi so'zida esa predmetning gullash holatini bildiradi. Bu leksik ma'nolaridan tashqari, gap tarkibida paxta so'zi grammatik son va grammatik kelishik ma'nolarini, gulladi so'zi esa grammatik shaxs, son, zamon, mayl, bo'lishli-bo'lishsizlik va o'timli-o'timsizlik ma'nolarini ifodalaydi.

Bundan ko'rinadiki, gap tarkibidagi har bir so'z leksik-grammatik jihatdan o'ziga xos yuki, qiymatiga ega bo'lib, bu turli shakllarda namoyon bo'ladi:

1. Gap tarkibidagi har bir so'zning o'ziga xos grammatik ma'noga ega bo'lishi, ot va otlashgan so'zlarning turlanishi, fe'llarning tuslanish paradig-malariga egaligi, yordamchi so'zlarning gap qurilishini shakllantirishdagi grammatik vazifasi va h.

2. Gap tarkibidagi har bir so'zning o'zaro bir-biri bilan o'ziga xos sintaktik munosabatni shakllantirishga xoslanganligi. Masalan, rejali ish buzilmas gapidagi har bir so'z o'ziga xos grammatik vositalari tufayli aynan shu qurilishdagi gapni shakllantirishda xizmat qilgan. Agar so'zlardan bironta-sining grammatik shakli o'zgarsa, uning shu qurilishni tashkil qilishdagi grammatik qiymati ham o'zgaradi va ko'zda tutilgan fikrni ifodalab bo'lmaydi.

3. Gapda turli formalar orqali grammatik modallikning ifodalanishi, so'zlovchining aytilayotgan fikrga har xil sub'yektiv munosabatda bo'lishi, bu munosabatning maxsus fe'l formalari (bordim, borsam, bormoqchiman kabi) bilan yoki maxsus so'zlar vositasida (garchi, balki, shaksiz kabi) shakllanishi va tarkibidagi so'zlarning grammatik qiymati orqali belgilanadi.

4. So'zning qanday grammatik formada bo'lishi uning leksik ma'nosini konkretlashtirishga ham xizmat qiladi. Bu, ayniqsa, shakldosh so'zlarning bir gap qurilishidagi ishtirokida yaqqolroq seziladi. Masalan:

Er kerak o'rtansa, yonsa yolina,



Yastanib yotgay otining yolina.

It o'lumi birla bo'lg'ay nomurod,

Er atalib – dushmanga yolina.

to'rtligidagi yolina so'zining yolin+a, yoli+na, yolin+a kabi tarkiblarga ajralishi, birinchi va ikkinchi holatda so'zlarning jo'nalish kelishigi formasi orqali, uchinchi holatda esa ravishdosh formasi orqali o'zgarishi shu so'zlarning olov, ot yoli va yalinmoq ma'nolaridagi so'zlar ekanligini ham ko'rsatadi.


16- mavzu. BIR MA’NOLILIK VA KO’P MA’NOLILIK


Download 0.96 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   40   41   42   43   44   45   46   47   ...   84




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling