Sharil perro ijodi u yaratgan ertaklar


Download 114 Kb.
bet2/2
Sana13.04.2023
Hajmi114 Kb.
#1354367
1   2
Bog'liq
SHARIL PERRO IJODI U YARATGAN ERTAKLAR

Sharl PERRO (Fransiya)

Bor ekan, yo'q ekan, bir qishloqda jajjigina bir qizcha bor ekan. U, dunyoda tengi yo'q, juda yoqimtoy ekan. Buvisi unga tug'ilgan kuni sharafiga bitta qizil shapkacha sovg'a qilibdi. Qizcha qayoqqa borsa, shu chiroyli, yangi qizil shapkachasini kiyib borar ekan. Qo'ni-qo'shnilar uni ko'rganda: "Ana, qizil Shapkacha kelyapti!" — der ekanlar.
Bir kuni oyisi somsa pishirib, qiziga:
— Oppoq qizim, qizil Shapkacha, mana bu somsa bilan kuvachadagi yog'ni buvingga oborib bergin, eson-omonligini bilib kelgin, — debdi.
Qizil Shapkacha buvisini ko'rgani narigi qishloqqa ketibdi.
U o'rmondan chiroyli gullar terib, sekin-asta ketayotsa, oldidan och Bo'ri chiqib qolibdi.
— Qizil Shapkacha, qayoqqa ketyapsan? — debdi Bo'ri.
— Buvimni ko'rgani ketyapman, buvimga mana bu somsalar bilan kuvachada yog' olib boryapman.
— Buvingning uyi uzoqdami? — deb so'rabdi Bo'ri.
— Ha, uzoqda, — deb javob beribdi qizil Shapkacha. — Huv anavi tegirmon orqasidagi qishloqda. Eng chekkadagi uyni ko'ryapsanmi? O'sha.
— Yaxshi, — debdi Bo'ri. — Men ham buvingni ko'rib kelaman. Men manavi yo'ldan boraman, sen bo'lsang, anavi yo'ldan bor. Ko'ramiz, kim oldin borarkin.
Shunday deb, Bo'ri eng yaqin yo'ldan g'izillab chopib ketibdi. Qizil Shapkacha bo'lsa eng uzoq yo'ldan yurib ketibdi. U yo'lma-yo'l to'xtab, gullar teribdi, guldasta yasabdi.
Qizil Shapkacha hali tegirmon oldiga ham yetmagan ekan, Bo'ri kampirning uyiga yetib, eshikni taqillatibdi:
— Taq-taq!
— Kim? — deb so'rabdi kampir.
- Men, - nevarangiz qizil Shapkachaman, — deb javob beribdi Bo'ri ovozini ingichka qilib. — Siznikiga mehmon bo'lib keldim, somsa bilan kuvachada yog' keltirdim.
Kampir bu vaqt to'shakda kasal bo'lib yotgan ekan. U chindan ham qizil Shapkacha kelibdi, deb o'ylab:
— Jonginam, ipni tort, eshik ochiladi! — debdi.
Bo'ri ipni tortibdi, eshik ochilibdi.Bo'ri chopib borib, kampirni bir yamlab yutib yuboribdi. Keyin eshikni yopib, kampirning o'rniga yotib, burkanib olibdi-da, qizil Shapkachani kuta boshlabdi. Tezda qizil Shapkacha kelib, eshikni taqillatibdi:
— Taq-taq!
Qizil Shapkacha uyga kirib, karovat yoniga kelibdi-da:
— Voy, buvijon, qo'llaringiz muncha uzun?! — deb so'rabdi.
— Seni mahkam quchoqlash uchun, bolaginam, — debdi Bo'ri.
— Buvijon, quloqlaringiz muncha katta? — debdi qizil Shapkacha.
— Gaplaringni yaxshiroq eshitish uchun, jonginam, — debdi Bo'ri.
— Buvijon, ko'zlaringiz muncha katta?
— Seni yaxshiroq ko'rish uchun, jon bolam.
— Buvijon, tishlaringiz muncha katta?
— Seni tezroq yeb qo'yish uchun, jonginam! — deb och Bo'ri qizil Shapkachaga tashlanibdi-da, uni boshmog'i va qizil shapkachasi bilan birga yutib yuboribdi. Qizil Shapkacha dod deyishga ham ulgurmay qolibdi.
Shu vaqt, baxtiga, uy yonidan o'tinchilar o'tib borayotgan ekan. Yelkalarida boltalari ham bor ekan.
Ular Bo'rining ovozini eshitib, uyga chopib kiribdilar va Bo'rini o'ldiribdilar. Keyin uning qornini yorsalar, ichidan qizil Shapkacha bilan buvisi chiqibdi — ikkovlari ham sog'-omon ekanlar.
PERRO SHARL (1628.12.1, Parij -1703.16.5) — frantsuz shoiri va tanqidchisi. Frantsiya akademiyasi a’zosi (1671). 19-asr frantsuz adabiyotida avj olgan “qadimgilar va yangilar bahsi”da ishtirok etib, zamondosh yozuvchilarning qadimgi yozuvchilardan afzalligini yoqlab chiqqan va shu bilan shuhrat qozongan. Ilk parodiyali dostoni — “Troya devori” (1653). Shundan keyin uning “Buyuk Lyudovik asri” (1687) dostoni hamda 4 jildli “san’at va fan masalasida qadimgilar bilan yangilar o’rtasidagi qiyoslar” (1688— 89) dialog shaklida yozilgan asari, “ayollarning ta’rifu tavsifi” (1694) satirik she’ri e’lon qilingan. Perro so’nggi 2 asarida Bualo singari zamondoshlari bilan bahs-munozara yuritgan. Perroning adabiyotning ma’rifiy ahamiyati hamda adabiy taraqqiyotning fan va tamaddunga bog’liqligi masalasidagi qarashlari frantsuz ma’rifatparvarlari tomonidan rivojlantirilgan. Ammo Perroning frantsuz adabiyotidagi katta o’rni “Onaginam Gusina bonuning ertaklari yoki o’tgan zamonlarning ibratli voqea va ertaklari” to’plami bilan belgilanadi. Mazkur to’plam Perroning o’g’li Darmankur nomidan e’lon qilingan. U dastlab 8 ta ertakdan tashkil topgan bo’lib, keyinchalik yana 3 ta she’riy ertak hisobiga boyigan. Frantsuz adabiyotidagi antik madaniyat an’analariga qarshi kurashgan Perro xalq ertaklariga xos “qissadan hissa” chiqarish tamoyilini samarali, deb hisoblagan. U ertakka hazil-mutoyibalar yordamida chinakam xalq ijodiga xos latofat va jozibani olib kirdi. Perro “Ertaklar”i frantsuz adabiyotida xalqchillikning oshishi va ertakning adabiy janr sifatida rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatgan. Perroning ertaknavislik an’analari akauka Grimmlar, L.Tik, X.K.Andersen singari yozuvchilar tomonidan davom ettirildi. Perroning “Zolushka”, “Etik kiygan mushuk”, “ko’k soqol” singari ertaklari asosida opera va balet spektakllari, multfilmlar yaratilgan. Perroning ayrim ertaklari o’zbek tiliga tarjima qilingan. As: Volshebnne skazki, M., 1984. Bundan 390 yil oldin «Qizil qalpoqcha», «Zolushka», «Ko‘ksoqol» kabi mashhur ertaklar dunyoga keldi. Yozuvchi ularni umrining so‘nggi yillarida yozgan. Ungacha esa Sharl Perro Fransiyaning nufuzli amaldorlaridan biri edi.
«Men 1628-yil 12-yanvarda egizaklardan biri bo‘lib dunyoga kelganman. Mendan bir necha soat avval tug‘ilgan egizagim olti oydan so‘ng vafot etgan», — deb yozgandi Sharl Perro o‘z xotiralarida. Bu oiladagi barcha aka-ukalar Lyudovik XIV davridagi ijtimoiy hayotda muhim rol o‘ynashgan.
O‘n yettinchi asrda Fransiya har tomonlama: san’at, ilm, sanoat, harbiy tizim jihatdan yuksak darajada edi. Fransuz qiroli Yevropadagi eng nufuzli insonlardan biri hisoblanardi. Lyudovik XIVning «o‘ng qo‘li» bo‘lgan Jan Batist Kolber davlat boshqaruvini noldan boshlab shakllangantirgan shaxsdir. Kolberning «o‘ng qo‘li» esa Sharl Perro edi.
Perro ham o‘z o‘rnida katta kuchga ega bo‘lgan. Uning vazifalari quyidagilardan iborat edi:
• Qirollik qurilishi intendantligining bosh kotibi. Bu juda muhim lavozim bo‘lib, o‘sha davrlarda Luvr muzeyi, Versal saroyi bunyod etilgan. Uning qurilishiga Sharl Perro bosh bo‘lgan.
• «Qirollik shon-shuhrati byurosi»ning amaldagi boshqaruvchisi. Keyinchalik byuro kichik akademiyaga aylantirilgan. Uni tashkil qilish uchun Lyudovik XIVning shaxsan o‘zi 1664-yili Perro bilan uchrashgan.
• Madaniyat bo‘yicha kotib. Perro adabiyot olamini ham kuzatib borardi.
• Gobelen ustalari nazoratchisi. Garchi oddiy lavozimdek ko‘rinsa-da, o‘n yettinchi asrda bu muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Gobelen tayyorlashda fransuzlarning oldiga tushadigan yo‘q edi, global brend sifatida bu mahsulot chet elga eksport qilinib davlatga katta foyda keltirgan.
• Kolberning shaxsiy kotibi. Bu Perroning asosiy yumushi edi. U boshlig‘ining barcha buyruqlarini ado etardi. 1666 yili Kolber adabiyot ahli uchun 100 ming livrlik fond tashkil qildi, uni Perro boshqardi. Fond pullari nafaqat fransuzlar, balki xorijiy yozuvchilar uchun ham ajratilgan. Shuningdek, dunyo olimlari ham Parijda ishlashga jalb etilgan.
Perro mas’uliyatli va sharafli lavozimlardan bo‘shab, nafaqaga chiqqanidan so‘ng ertaklar yozishni boshlagan. Ilk ertagi 1691-yili chiqqan, eng mashhur to‘plami — «Ona g‘oz ertaklari» esa 1697-yili nashr qilingan. Akademik Sharl Perro bularni haqiqiy adabiyot deb hisoblamas, hatto muallif sifatida ismini ham ko‘rsatmas edi. Barchasini o‘g‘li Per de Armankur-Perro taxallusi ostida e’lon qilardi. Uning kitoblari qirolning aziz jiyani — malika Orleanskiyning sevimli asarlari edi. Afsuski, Sharlning o‘g‘li armiyada halok bo‘ladi. Uning ismi bilan chiqarilgan kitoblarning asl nusxasi haligacha saqlanib kelinadi.
Sharl Perroning ismi bilan yozilgan kitoblar esa 1724-yilda, yozuvchining o‘limidan 21 yil o‘tgachgina chop qilingan.
«Qizil qalpoq»chaning yashirin siri nima edi?
Nima uchun kichkina qizaloq bo‘ri bilan gaplashishdan qo‘rqmaydi? Axir bolalar bo‘rini ko‘rishlari bilan qochishlari kerak emasmi? Bu savol ko‘plab ota-onalarni qiziqtirib kelgan. Chindan ham o‘rmonda yolg‘iz ketayotgan qizchaning bo‘ri bilan yuzlashib, u bilan bemalol suhbatlashishi tabiiylikdan uzoqdek. Buvisining qiyofasiga kirib olgan bo‘rini ham tanimasligi g‘alati emasmi? Qizil qalpoqcha g‘ilay yoki ovsar edimi?
Bu g‘alati ertakni tushunish uchun Sharl Perro yashagan davrlarga sayohat qilishimiz kerak. Perroning «Buvi haqidagi ertak» hikoyasi shunday boshlanadi: bir kuni ayol non pishirib qiziga deydi: «buvingni ko‘rib kel, unga issiq bulochka va sut eltib berasan». Qizcha yo‘lga chiqdi. Ikki yo‘lga ajralgan chorrahada esa bzuni uchratdi. U qizdan qayerga ketayotganini so‘radi. Bzu kim edi? O‘sha paytda mahalliy aholida odam-bo‘rilarni bzu deb atashgani ma’lum bo‘lgan. Qizcha ham odam ko‘rinishiga kirib olgan bo‘ridan shu sabab cho‘chimagan, deb taxmin qilinadi. Buvisining qiyofasiga kirib olgan bo‘rini ham taniy olmaydi. Faqatgina og‘zini ochib yirik tishlari ko‘ringachgina bo‘ri ekani ma’lum bo‘ladi.
Perro ertakdagi bzu obrazini nega oddiy bo‘riga almashtirdi? Buning sababi qirol Lyudovik XIV o‘sha davrda mahalliy bid’atlar, folchilik, aql bovar qilmas hodisalar haqdagi rivoyatlarga qarshi kurash ochgandi. Qora kuchlarga tegishli bo‘lgan bo‘ri-odam obrazini ham kitoblarda targ‘ib qilish mumkin emasdi. Sharl Perro, albatta, qirolning buyruqlarini bekamu ko‘st ado etardi. U o‘z ertaklarini yozishda ham qirolga sodiq qoldi, maxluq va yalmog‘izlarni qalamga olmay, barchasiga real yondashishga harakat qildi. Darhaqiqat, uning ertaklari Fransiyada tez ommalashdi.
Perro har bir ertagini masal kabi yozardi. Qizcha va bo‘ri haqidagi bu ertak ham majoziy bo‘lgan. Bo‘ri timsolida yozuvchi yomon odamlarni nazarda tutgan. Ammo ertak oxiri fojiali: bo‘ri qizchani va uning buvisini yeb qo‘yadi. Lekin ertak xalq orasiga kirgach, ota-onalar uni farzandlariga o‘zgartirgan holda so‘zlab berardilar: ovchilar qizchani va buvisini saqlab qolishgan. Aka-uka Grimmlar aynan xalq tanlagan variantni o‘z kitoblariga kiritishgan. O‘shandan beri barcha davlatlardagi nashriyotlar Grimmlarning ertagini chop etib kelmoqda, biroq hech kim asl muallif sifatida Sharl Perroni eslamaydi…
Download 114 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling