Tarixi muhammadiy


Download 5.12 Kb.
Pdf ko'rish
bet29/59
Sana23.09.2017
Hajmi5.12 Kb.
#16304
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   59

www.ziyouz.com kutubxonasi 
176
shundan boshqa bir qancha urush asboblari bor edi. 
Jonlik-jonsiz butun mol-dunyolari askar o‘rtalarida taqsim qilindi. Ertasi kuni asirlarni 
olib, Madinaga keldilar. 
So‘ngra shahardan tashqari joyda bir necha katta xandaqlar qazdirib, shu yerda hukm 
yurgizildi. 
Agar bu yahudlar tillari bilan bo‘lsa ham iymon keltirganlarida, albatta, mollari o‘ljadan, 
o‘zlari o‘limdan qutulur edilar. Lekin ularning Payg‘ambarimizga dushmanliklarining 
qattiqligidan, buni qilishni xohlamadilar. Hukm yurgizish ustida Rasululloh o‘zlari 
turdilar. Ularning raisi Ka’b ibn Usaydni o‘limga keltirildi. Anda Rasululloh unga qarab: 
— Ey Ka’b, sizlarning eng ulug‘ oliminglar bo‘lgan Ibn Haroshning qilgan nasihati sizlarga 
nechuk ta’sir qilmadi? Ul meni ko‘rmay turib, iymon keltirmish edi. Meni haq payg‘ambar 
deb tanimish erdi, o‘lar vaqtida aytgan uning salomini menga yetkazgan edinglar. Nega 
uning so‘zini qabul qilmadinglar? — dedilar. 
Anda Ka’b: 
— Ey Abul Qosim, bu aytgan so‘zlaring barisi to‘g‘ridur. Qilichdan qo‘rqib iymon keltirdi, 
degan ta’na so‘zdan saqlanurman. Yo‘q esa hozir iymon keltirur edim. Men uchun or, 
nordan (olovdan) qattiqroqdir. Ordin qochib nor bo‘lsa ham, yahud dinida o‘lishni 
yaxshiroq ko‘rdim, — dedi. 
Bu hukmni bajarish xizmati esa Hazrati Ali bilan Zubayr ibn Avvomga topshirilgan edi. 
Qurayz xotinlaridan Bayona degan bir xotinni ham o‘ldirishga buyurildi. Chunki bu xotin 
qamal kunlarida qal’a ostida turg‘on sahobalardan Xallod ibn Suvayd degan bir kishi 
ustiga yorg‘uchoq toshi tashlab, uni o‘ldirgandi. Shuning o‘rniga qasos qilib o‘ldirildi. 
Yo‘q esa, Islom qonunida xotin va bolalarni, qari chol, ko‘r-shollarni urushda o‘ldirmoq 
yasoq erdi. Bu xotin ersa chiroyli, bek husnli bo‘lganligidan, eri qizg‘anib o‘zidan keyin 
tirik qoldirmaslik uchun shu ishni unga qildirtirgan edi. Uning deganidek bo‘lib, eridan 
keyin tirik qolmadi. 
Sa’d ibn Mu’oz Allohdan ikki narsani so‘rab, duo qilmish edi. Har ikkovi ham qabul bo‘lib, 
maqsadiga yetdi. 
Birinchisi, Qurayza yahudlarining qilgan xiyonatlaridan ko‘p g‘azablik bo‘lmish edi. 
Alarga jazo kesish aning qo‘liga topshirildi, Xudo xohlagandek hukm chiqarib, bu 
to‘g‘rida maqsadi hosil bo‘ldi. 
Ikkinchisi, shundoq deb duo qilmish erdi: «Ey bor Xudoyo, Quraysh kofirlari bilan yana 
g‘azot qilishimizni taqdir qilgan bo‘lsang, bu jarohatimga shifo bergil. Chunki mening 
dunyoda eng qiziqarlik ishim Xudoga va aning Payg‘ambariga qarshi bo‘lgan kofirlar 
bilan savashmoqdur. Agar sening taqdiringda alar bilan ikkinchi g‘azot qilishimiz yo‘q 
ersa, shu jarohatimdan qoldirmay menga shahidlik nasib qilg‘aysan». 
Qurayza ishi tugagandan so‘ngra Rasululloh aytdilar: 
— Endi Quraysh mushriklarining kuchlari sindi, ustimizga kelib alarning g‘azot qilishlari 
yo‘qdur. Bundin so‘ngra bizlar alar ustiga borg‘aymiz. 
Shu orada Hazrati Sa’dning jarohati qaytadan yorilib, qon oqa boshladi, to‘xtatish iloji 
bo‘lmay, o‘zi tilagandek shu jarohat bilan shahodat topdi. 
Bu kishi ersa, Rasululloh jannatga kirishi bashorat bergan o‘n kishining birisi edi. Ya’ni, 
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jannatga kirursan, deb bu kishiga ham 
bashorat bermish edilar. Janozaga qo‘yilgan vaqtda, uning onasi yaxshi sifatlarini qo‘shib 
yig‘laganda, Rasululloh aytdilar: 
— «Mundin boshqa o‘lganlar haqida aytilgan qo‘shiqlar ko‘pincha yolg‘ondur. Lekin bu 
Sa’dga yig‘lab qo‘shiq aytqon xotinlar so‘zining barisi to‘g‘ridur, raziyallohu anhu». 
Shu bilan Qurayza voqeasi ham tamom bo‘lib, alarning sharridan musulmonlar 
qutuldilar. 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
177
QURUTO CHOPULI 
Bu voqea shunday erdikim, hijratning oltinchi yili Muharram oyida Payg‘ambarimiz 
sollallohu alayhi vasallam Bani Bakra qabilasiga chopul (hujum) qilmoqqa o‘ttiz otliq bir 
bo‘luk askar yubordilar. Bu qabila ersa Madinadan yetti kunlik uzoqdagi Zariyya degan 
joyda turishar edi. Dushmanni tuydirmasdan bosish uchun kunduzi yashirinib, kechalab 
yurishga buyurdilar. Askar borib, Rasululloh buyurganlaridek tuyuqsizdan dushman 
ustiga hujum qildilar. Shoshilishgandan bosh-oyog‘ini yig‘isholmay qolib, nochorlik bilan 
bir oz urushgan bo‘lsalar ham, oxiri o‘n o‘lik qoldirib, qolganlari qochishga majbur 
bo‘ldilar. 
Bir yuz ellik tuya, uch ming qo‘y o‘lja olishib, sog‘-salomat Madinaga keldilar. 
Qaytayotganlarida yo‘liqqan mushriklardan bir necha kishilarni asir olishdi. Bular ichida 
Bani Hanifa qabilasining atoqlik raislaridan Samoma ibn Osol ham bor edi. Bu kishi 
o‘zining kim ekanini askardan yashirdi. 
Madinaga kelgandan so‘ngra Rasululloh ko‘rib: 
— Bu asir kim ekanini tanimaganga o‘xshaysiz. Bu asir Samoma ibn Osoldur, buni bo‘sh 
qo‘ymangiz, — deb masjid ustuniga bog‘latib qo‘ydilar. Bundan maqsadlari esa, 
musulmonlarning toat-ibodat, namoz jamoatlarini ko‘rsatish edi. Bir kun o‘tgandan 
so‘ngra Rasululloh chiqib: 
— Ey Samoma, senda nima yaxshilik bordur? — deb so‘radilar. 
Anda ul: 
— Ey Muhammad, menda har yaxshilik topilur. Agar mol olmoqchi bo‘lsang, har qancha 
desang berurman. Agar o‘ldirur ersang, o‘ldirurga arzigudek xalq ichida obro‘lik 
kishidurman. Agar biror yaxshilik qilur bo‘lsang, uni hech vaqt unutmasman, — dedi. 
U kunni o‘tkazib, ertasi Rasululloh: 
— Ey Samoma, senda nima bor? — deb yana so‘radilar. 
U bo‘lsa yana ilgarigidek javob berdi. U kuni ham bog‘lab qo‘yib, uchinchi kuni uning 
oldiga kelib yana: 
— Ey Samoma, hech yaxshilik topdingmi? — dedilar. 
U yana burungidek so‘z aytdi. 
So‘ngra Rasululloh unga boqib, buni bo‘shatib qo‘yinglar, deb buyurdilar. U bo‘shanib 
olgach, masjiddan chiqib bir xurmozor boqqa kirib, g‘usl, tahorat oldi, qaytib masjidga 
kirib Rasululloh oldilariga keldi, darhol shahodat aytib musulmon bo‘ldi. Uch kungacha 
«Senda yaxshilik bormi?» deb so‘rashlaridan maqsadlari esa, aning musulmon bo‘lishi 
edi. Uni ham topdilar. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rahmatan lil alamiyn 
bo‘lganlari uchun dunyodan bir odamning iymonsiz ketishiga rozi emasdurlar. 
Shunga o‘xshash mal’un shayton ham dunyodan bir odamning iymon bilan o‘tishiga 
hech rozi emasdur. Chunki har yaxshilikning asosi iymondir. Har yomonlikning 
boshlanishi kufr bilan bo‘lur. Kufrning eng yomoni dinsizlikdur. Xudo oldida maqbul din 
Islom dinidur. Chunki Alloh taolo Qur’onda xabar bermishki: «Innad-dina indallohil 
Islamu», deb. Ya’ni, «Xudo qoshida qabul qilingan din — Islom dinidur». Bu dinni «Fitrat 
dini» «Xilqat dini» deb aytilur. Buning ma’nosi esa «insonning yaratilishidagi dini» 
demakdur. Chunki Alloh insonni yaratganda bu dinni unga loyiq ko‘rib, Lavhul mahfuzda 
yozmish edi. 
Demak, Islom dini insonlar uchun azaldan qurilg‘on Alloh qonunidur. Islom dinining 
qonunnomasi Allohning kitobi — Qur’ondir. Bu kitobni Allohdin keltirib xalqqa 
yetkazuvchi haq yo‘lning qolovuzi Payg‘ambarimiz Hazrati Muhammad Mustafodurlar, 
sollallohu alayhi vasallam. 
Bu Qur’on qonunlari Rasululloh zamonlariga qanday moslashgan bo‘lsa, ming uch yuz 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
178
sakson yil o‘tgandan keyin, shu hozirgi zamonimizga ham aning moslashib kelmog‘ida 
hech shak yo‘qdur. Chunki ul Allohning qonuni bo‘lgach, inson davri o‘tib, qiyomat qoyim 
bo‘lguncha har davrdagi va har joydagi xalqning butkul hojatlarini chiqarib turishi 
lozimdur. Inson ilmi cheklik bo‘lganlikdan, bularning chiqargan qonunlari ham 
cheklikdur. Shunga bir hukumatning, balki butun dunyoning eng oliy darajalik zo‘r 
olimlari, huquqshunos, dono bilguvchilari yig‘ilsalar ham, bir mamlakat xalqining biror 
yillik hojatlarini qoplagudek bir qonunnoma chiqarishdan ojizdurlar. 
Ammo Qur’on hukmlari hakimi Azaliy qurgan qonun bo‘lgani bois dunyo umricha 
yetarlikdur. Buni bilmaganlar, yozgan bu chiziqdan chiqqanlar — to‘g‘ri yo‘ldan 
ozgandurlar. Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. 
So‘ngra Samoma: 
— Ey Muhammad, ilgari yuzlar ichida eng yomon ko‘rganim — sening yuzing edi. Xudo 
haqqi, endi eng yaxshi ko‘rganim sening yuzingdur. Yer ustida eng yomon ko‘rgan 
narsam — sen tutgan din edi, endi ersa sening dining ko‘zimga eng yaxshi ko‘rgan 
narsam bo‘ldi. YO Rasululloh, men uyimdan Umra qilmoqchi bo‘lib, Makkaga chiqqan 
edim, sening askarlaring meni tutib buyon keltirdilar. Niyat qilgan ishimni qila olmadim. 
Buni hukmi qandoq bo‘lgay? — deb so‘radi. 
Anda Rasululloh: 
— Ey Samoma, senga bashorat bo‘lgaykim, ikki dunyo yaxshiligini topding, barcha 
gunohdan pok bo‘lib, do‘zax azobidan qutulding. Agar Umrani niyat qilgan bo‘lsang, 
Makkaga borib, uni ado qilishing lozimdur, — dedilar. 
So‘ngra Samoma Umra qilmoq uchun Makka shahriga kirdi. Qilgan ibodati, o‘qigan 
namozlarini ko‘rishib: «Muhammadga aldanibdur» deb, mushriklar unga ta’na so‘zlar 
aytishdi. Hatto: «O‘z diningdan qaytib, Muhammad diniga kiribsan», deb ozor berishdan 
ortiq uni o‘ldirmoqchi bo‘ldilar. Anda raislaridan biri turib aytdikim: «Agar bunga ziyon 
yetkazur bo‘lsangiz, Yamomadan aloqamiz uzilur, alardan olayotgan foydadan quruq 
qolurmiz», deyishib, uni bo‘shatdilar. Shuning bilan Samoma Makkadan qaytib o‘z yurti 
Yamomaga ketdi. Makka xalqining ko‘proq oziq-ovqatlari shu Yamomadan kelar edi. 
«Rasulullohdan ruxsatsiz hech bir narsa o‘tkazmasman», deb Makka yo‘lini to‘sib qo‘ydi. 
Shu sabablik, Makkada qahatchilik bo‘lib, Quraysh xalqi ocharchilikka qoldilar. Ular 
tarafidan Abu Sufyon Madinaga kelib, Rasulullohga: 
— Ey Muhammad, men olamga rahmat uchun keldim, azob uchun kelmadim, der eding. 
Kattalarimiz qiliching bilan o‘ldilar, qolganlarimiz ochlik bilan qirilmoqdamiz. Yamomadan 
yeb turgan oziq-ovqatlarimiz sen sabablik to‘sildi. Qarindoshlik haqqi uchun bu to‘g‘rida 
sendan yordam so‘rab keldim, — dedi. 
Buning so‘zini qaytarmay, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Yamoma yo‘lini to‘smas 
uchun Samomaga xat yozdilar. Xat borgach, karvon yurdi. Oziq-ovqat yo‘li ochilib, 
Makka xalqi ochlik balosidan qutuldilar. 
Bu kabi ulug‘ axloqni payg‘ambarlardan o‘zga hech kim qilaolmagay. Bo‘lmasa, Abu 
Sufyon boshliq Quraysh mushriklarining Rasulullohga qilgan yomonliklari, bermagan 
ozorlari qolmagan edi. Bularning cheksiz dushmanliklari orqalik chiqqan urushlarda 
to‘kilgan qonlar hali qotmagan, ayniqsa, Uhud, Badr, Ahzob kunlaridagi bular qoldirgan 
jarohatlari hali bitmagan edi. 
Buning ustiga Abu Sufyon o‘z hojatini aytishda, qanchalik qo‘pollik ko‘rsatgan bo‘lsa 
ham, Rasulullohning axloqlari o‘zgarmadi. Uning hojatini chiqarish uchun chora ko‘rdilar. 
Xulosa shulki, Rasulullohni «sen eng oliy axloq va go‘zal sifat egasi erursan», deb Alloh 
aytgan edi. Buning chinligini esa Payg‘ambarimiz Sollallohu alayhi vasallam har damda 
va har ishda ko‘rsatmoqda edilar.  
So‘ngra sahobalar Samomani ziyofat qilib, oldiga yemakka ovqat qo‘ydilar. Bir oz 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
179
yegandan so‘ngra taomdin qo‘l tortdi, buni ko‘rib sahobalar hayron qoldilar. Chunki 
iymon keltirishdan oldin bundan necha barobar ortiq ovqat yeganini ko‘rishgan edi. Anda 
Rasululloh: 
— Kishi kofirlik holda tomoq yer ersa, yetti qat ichagi to‘lmagunchalik qanoat qilmagay, 
ammo mo‘minlarning bir qat ichagigagiga taom yetsa, qanoat hosil bo‘lg‘ay. Ertalab 
kofirlik holida erdi, kechqurun mo‘minlik sifatiga kirdi. Bu ikki holda birdek bo‘lmagay, — 
dedilar. 
So‘ngra Hazrati Samoma Rasulullohdan ruxsat olib, o‘z yeri Yamomaga qaytdi. Bu 
kishining tashviqoti bilan o‘z qavmi va boshqalardan bo‘lib, bir qancha kishilar musulmon 
bo‘ldilar. 
So‘zda subutlik, dinda ixloslik ulug‘ sahobalardan edi. Rasululloh vafotlaridan so‘ngra 
Yamomadan yolg‘on payg‘ambar Musaylama Kazzob huruj qildi. Yerlik arablardan 
ko‘plari murtad bo‘ldilar. Shu chog‘da Hazrati Samoma bularga qarshi chiqib, Islom 
askariga ko‘p yordam yetkazdi, raziyallohu anhu. 
BANI LIHYON G‘AZOTI 
Bu voqea shundoq erdikim, bu qabilaning raislaridan bir necha kishilar Madinaga kelib, 
Rasululloh bilan ko‘rishdilar. Bular yolg‘ondan, munofiqlik bilan, «bizlar musulmon 
bo‘ldik», deyishib, Rasulullohdan Islomni o‘rgatib: «Qur’on o‘qitgudek bizga kishi 
qo‘shing», deb so‘rashdilar. 
Anda Rasululloh sahobalarning qorilaridan Osim ibn Sobitni boshliq qilib olti kishi 
yuborgan edilar. Bu voqea yuqorida yozilib o‘tgandur. Bu qori sahobalar ularning yurtiga 
borishgandan so‘ngra xiyonat qilishib, u borganlarni o‘ldirishgan edi. Shu shahidlarning 
qasoslarini olish uchun yigirmata otlik, bir yuz saksonta tuyalik, barisi ikki yuz askar olib 
yo‘lga chiqdilar. 
Dushman sezib qolmasin deb yashirin yo‘llar bilan yurishib, o‘shal sahobalar shahid 
bo‘lgan joylariga yetganlarida, haq yo‘lida jon bergan birodarlarini eslab, 
Payg‘ambarimiz yig‘ladilar. Alarga rahmatlar aytib, haqlariga duo qildilar. So‘ngra 
ko‘rdilarkim, dushmanlar ilgariyoq askar kelishidan xabar topishib, tog‘-toshlarga 
qochishib ketgan ekanlar. Dushmanlardan birorta kishi ham ko‘zga ko‘rinmadi. Atrofga 
chopulchi (hujumchi) askar yuborib, bu joyda alarni kutib ikki kun turdilar. Dushmandan 
kishi yo‘liqmagach, borgan askarlar ham qaytib kelishdi. Lekin Rasululloh bulardan bir 
bo‘lak askar ayirib, Makka shahri yaqinida Asfon degan joyga borib qaytishga buyurdilar. 
Bundan maqsadlari esa, Makka kofirlariga haybat ko‘rsatib, alarni cho‘chitmoqchi edilar. 
Shuning bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu atrofda o‘n to‘rt kuncha yurib, 
salomatlik bilan yana Madinaga keldilar. 
Shu safarlarida ko‘pincha o‘qiydigan duolari bu edi: «Allohumma inniy auzu bika min 
va’soissafari va kabatil munqolabi va suil manzari fil ahli val yamoli val valadi». Ma’nosi: 
«Ey bor Xudoyo, safarning xatarlaridan o‘zing saqlagil, qaytgandan keyin molda va 
xotin-bolada ko‘ngilsiz bir ish ko‘rishdan o‘zing saqlagil. Bu narsalarning bo‘lishidan 
O‘zingga sig‘indim», demakdur. 
Ilohiy, Rasulullohning haq yo‘lida qilgan safarlari haqqi, safarga chiqqan mo‘min 
qullaringni safar xatarlaridan o‘zing asragil. Omin! 
G‘OBA G‘AZOTI 
Hijrat tarixining oltinchi yili erdikim, bu voqea bo‘ldi. Buning sababi Madinadan bir kunlik 
G‘oba degan joyda boqilayotgan Rasulullohning yigirmata yangi tuqqan sutlik tuyalari 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
180
bor edi. Sahobalardan Hazrati Abu Zar oilasi ila ularga boqmachilik qilar edilar. Fizor 
qabilasining raisi Uyayna ibn Hisn boshliq qirq otlik bosmachilar kelishib, bu tuyalarni 
haydab olib ketishdi. Bu xabar Rasulullohga yetishi bilan darhol besh yuz askar olib 
chiqdilar. Ansor sahobalari ichida Salama ibn Akva’ degan bir mergan kishi bor edi. Agar 
yayov bo‘lib yugursa, unga otliq odam yeta olmas edi. Dushman ortidan quvib yetishga 
uni buyurdilar. 
Rasululloh aytganlaridek oyoq uza chopib-o‘ltirib, dushmanga yetib bordi. Tog‘ning qisiq 
joylarida oldilaridan to‘sib, o‘qqa tutar edi, otgan o‘qi yangilmag‘onlikdan piyoda, otliq 
hech kimarsa muning yaqiniga yo‘lamas edi. Tog‘ning g‘or joylariga kelganda dushmanni 
olg‘a yurgizmasdan, alarga ko‘p to‘sqinlik ko‘rsatar edi. Shu to‘g‘ridan dushmanlar ko‘p 
uzoqqa keta olmadilar. 
Ungachalik orqadan quvishib chiqqan askarlar yetishib keldi. Otliqlardan eng oldin 
kelgan Abu Qatoda bilan Miqdod ibn Asvad edilar. Ikki orada chorpishma bo‘lib, 
o‘g‘rilardan ikki kishi o‘ldirilib, mo‘minlardan bir kishi shahid bo‘ldi. Bir muncha og‘irlik 
narsalarni tashlashib, olgan tuyalarini yarmini qoldirib qochdilar. Buning ustiga 
Rasululloh ham qolgan askarlar bilan yetib keldilar. Anda Salama, ibn Akva’: 
— Yo Rasulalloh, dushman qo‘rqinch holga tushib qoldi. Agar bular ortidan yuz kishi 
bilan meni yuborur bo‘lsangiz, butun mollarini haydab, o‘zlarini bo‘yinlaridan boylab 
oldingizga keltirur edim, — dedi. Anda Rasululloh aytdilar: 
— Dushmanni yengding ersa, endi yaxshilik qil. Qochgan dushmanni quvlamoq ko‘p 
yaxshi ish emasdur. 
Yana bu voqeada bir mo’jizalik qissa ham o‘tmish edi. Shundoqki, bir kuni hazrati Abu 
Zar Rasululloh oldilariga kelib: 
— Yo Rasululloh, G‘oba o‘tlog‘idagi sutlik sog‘in tuyalaringizga meni boquvchi qilib 
qo‘ying, ularning sutlaridan foydalanib turaylik, — dedi. 
Anda Rasululloh: 
— Fizor qabilasining raisi Uyayna ibn Hisn ahmoq odamdur. U senga bir ziyon yetkazib 
qo‘yadimi deb qo‘rqaman, — dedilar. 
Yana bir kun Rasululloh oldilariga kelib: «Shu xizmatga meni yuboring», deb qattiqroq 
talab qo‘ydi. 
— Abu Zar, shu ishni qo‘ygin, o‘g‘ling o‘ldirilgudek, xotining asirga olingudek, asoingga 
suyanib, o‘zing oldimga kelgudek bo‘lib, ko‘zimga ko‘rinursan, — dedilar. 
Shunchalik so‘zlarini eshitib turib, yana so‘ragan edi, bu yo‘li indamasdan javob berdilar. 
So‘ngra Abu Zar oilasi bilan ko‘chib borib, bir necha kun tuyalar ustida boqmachilik qilib 
o‘ltirdi. Fizor qabilasining bosmachilari buni eshitdilar. Rasululloh deganlaridek, raislari 
Uyayna ibn Hisn qirq kishi bilan kelib, Abu Zarni bosdi, qarshilik ko‘rsatgan o‘g‘lini 
o‘ldirdi, xotinini asir oldilar. Mol-jonidan ayrilib, nima qilishini bila olmay, asoga 
suyangan holda Payg‘ambarimiz oldilariga keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam 
nima degan bo‘lsalar, xuddi shunday bo‘ldi. Bu ham bo‘lsa, Rasulullohning mo’jizalari 
edi. 
Bu voqea bo‘lib o‘tgandan so‘ngra hazrati Abu Zar bu ishga hayron qolib, aytur edi: 
«Ko‘rgulik ko‘zimni bog‘lamish ekan, yo‘q esa, bu ishdan meni Rasululloh necha yo‘l 
qaytarmish edilar. Unga unamasdan ko‘rgiligimni o‘zim keltirdim». 
Ammo Abu Zarning xotinini esa dushmanlar bir qancha kun asirlikda tutdilar. Bir kecha 
payt topib, yarim tunda tuyalar o‘tlog‘iga keldi, qaysi tuyani tutmoqchi bo‘lsa, «boof» 
deb baqirur edi. Oxiri bir tuyaning oldiga kelib, uni ushlab edi baqirmasdan tek turdi. 
Qarasa, Rasulullohning Azbo otli tuyalari ekan. O‘g‘rilar olib qochgan tuyalar ichida buni 
ham keltirmish edilar. 
Xotin darhol buning ustiga o‘zini olib, choptirib qochdi. Dushmanlar xabar topgandan 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
181
keyin, orqasidan quvlab chiqqan bo‘lsalar ham, unga yetolmay qaytdilar. Chunki u necha 
poygalarda o‘zib chiqqan yuguruk tuya edi. Shuning bilan salomat Madinaga kelgach, 
xotin Rasululloh oldilariga kelib: 
— Yo Rasululloh, shu tuya ustida salomat qutulsam, muni so‘yib Xudo yo‘lida qurbon 
qilayin deb atab edim, — dedi. 
Anda Rasululloh: 
— Bu qanday yomon ishdur, Alloh seni muning ustida dushmandan qutqazgan bo‘lsa, 
yana uni bo‘g‘izlab o‘ldirmoqchi bo‘libsan. Gunoh ishga nazr aytmoq durust emas. O‘zi 
ega bo‘lmagan birovning molini qurbonlik qilish yo‘qdur, bu tuya esa mening molimdur. 
Endi o‘z uyingga qaytgil. Alloh baraka bersin, — dedilar. 
Rasululloh solallohu alayhi vasallam bu g‘azotdan Madinaga qaytib kelgach:  
«Yayovlarimizning yaxshisi Abu Salama, otliqlarimizning yaxshisi Abu Qatoda ekan», 
dedilar. Chunki bul ikkovlari Rasulullohga yoqarlik darajada bu g‘azotda ish ko‘rsatdilar. 
ZAYD IBN HORISANING CHOPULI 
Bu voqea shundoq erdikim, mol bilan Shom shahridan chiqqan Quraysh karvoni 
Makkaga o‘tub boradur, deb Rasulullohga xabar yetdi. Buni anglab, Rasululloh Zayd ibn 
Horisa qo‘l ostida bir yuz yetmish kishilik bir bo‘luk otliq askar chiqardilar. Maqsadlari 
esa, karvondagi dushman molini bosib olish edi. Orada tinchlik shartnomasi tuzilmagan 
bo‘lsa, u kunlarda qaysi yo‘l bilan bo‘lsa ham dushmanga zarba yetkazmak siyosat 
olamida yurib turgan bir qonun edi. Shu borishlarida dushman karvonini butun mollari 
bilan qo‘lga tushirdilar. Bir nechalari qochib qutuldi, qolganlari esa asir olindi. 
Bular ichida Rasulullohning kuyov o‘g‘illari Abul Os ibn Robi’ ham asirga tushgan edi. Bu 
kishi ersa Rasulullohning qizlari Zaynabning abushqosi erdi, Badr urushida asirga 
tushganida qizlari Zaynabni Madinaga yuborib berish sharti bilan o‘zini asirlikdan ozod 
qilgan edilar. Oradan to‘rt yil o‘tgandan keyin karvon bilan yana u kishi asir tushib qoldi. 
Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kuyovlaridan rozi edilar. Chunki Makkada 
turganlarida butun Quraysh raislari Payg‘ambarimizning qizlari Zaynabga taloq berishni 
unga taklif qilsalar ham, qabul qilmagan edi. Buni anglagach, Rasululloh undan shod 
bo‘lgan edilar. Lekin Qur’on hukmida kufr va iymon bir nikohda bo‘lishi mumkin 
bo‘lmaganlikdan, qizlari Zaynabni undin ajratib olmish edilar. Shundan beri Zaynab 
Rasulullohning qo‘llarida edi. Ammo Abul Os ersa, Quraysh raislaridan bo‘lib, alar ichida 
e’tiborlik kishilardin sanalur edi. Va onamiz Hazrati Xadicha ham unga xola bo‘lur edilar. 
Necha tomondan Rasulullohga qarindoshligi bor edi. Yo‘l to‘sib chiqqan sahobalar karvon 
qatoridan uni ham asir olib, molini o‘lja qilmish edilar. 
Madinaga keltirilgandan so‘ngra Zaynabga bir kishi yuborib, o‘zi uchun omon olishni 
so‘radi. Anda Zaynab to‘g‘ri Rasulullohga kelib: 
— Yo Rasulalloh, Abul Os bilan oramiz uzilmagan bo‘lsa bolamning otasidur, agar uzilgan 
bo‘lsa qarindoshimdur. Bu kishiga omon berib, uni o‘z himoyatimga oldim, — dedi. 
Bu so‘zni butun xalq eshitdi. 
Anda Rasululloh sahobalarga qarab aytdilarkim: 
— Bu kishining bizga qanday yaqin ekanligi sizlarga ma’lumdir. O‘zi asir tushib, mollari 
o‘rtada taqsimlandi. Agar unga yaxshilik qilur ersangiz, o‘zini ozod qilib, molini qaytarib 
bergaysiz, yo‘q der ekansiz, Xudo yetkuzgan o‘z halol molingiz bo‘lib, bu ishda ixtiyor 
sizlardadur». 
Sahobalar Rasulullohdan bu so‘zni anglashib, bu ishga roziliklarini bildirishdilar. So‘ngra 
o‘rtada taqsim topib ketgan unga qarashlik barcha mollarini o‘ziga qaytarib berishdi. Shu 
bilan Abul Os boshi bo‘shab, hamma molini olib, Makkaga keldi. Shom savdosiga 

Tarixi Muhammadiy. Alixonto’ra Sog’uniy 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
182
chiqqan chog‘ida boshqa savdogarlar unga omonat qilib bir muncha mol qo‘shgan edilar. 
Alarni o‘z egalariga topshirdi. Va: «Mening ustimda hech kimning haqqi qoldimi, 
va’damga vafo qilib omonat olgan mollaringizni topshirib berdimmi?» deb alardin so‘radi. 
Mol egalari rozilik bildirishib, unga ko‘p rahmat aytdilar. Ularning so‘zlari to‘xtashi bilan 
Abu ul Os o‘rnidan turib: 
— Men endi Muhammad tutgan yo‘lning haqligiga ishonib, aning diniga kirdim, — deb 
ko‘pchilik xalq ichida shahodat aytib, musulmon bo‘ldi. 
Shunda ular: 
— Mundoq ekan, nega bu ishingni oldinroq qilmading? — dedilar. 
Anda ul: 
— Men Shom tijoratiga chiqqanimda, bir necha kishilar menga omonat qilib mol 
qo‘shgan edilar. Ul omonat mollarni topshirmay musulmon bo‘lsam, aning egalari 
bizning molimizni bosib qolish uchun musulmon bo‘ldi, degaylarmu deb qo‘rqdim. 
Shundoq so‘z chiqmasin uchun shu kungacha sabr etdim, — dedi. 
So‘ngra Makkadan Madinaga hijrat qilib kelgach, Rasululloh qizlari Zaynabni yangidan 
nikohlab, yana unga berdilar. 
Download 5.12 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   59




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling