Urganch davlat universiteti zohid jumaniyozov tarjimaning nazariy va amaliy asoslari


Download 0.5 Mb.
bet27/131
Sana08.01.2022
Hajmi0.5 Mb.
#244742
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   131
Bog'liq
Urganch davlat universiteti zohid jumaniyozov tarjimaning nazari

So’zma-so’z tarjima. Muallif matnini hijjalab o’girish orqali uning mazmuniy-vazifaviy uyg’unligini soxtalashtiradigan, hissiy-ta’sirchanlik xususiyatini, badiiy-obrazli asosini xiralashtiradigan, tarjima tili me’yori va madaniyatini barbod etadigan, binobarin, asliyatning tugal-adekvat tarjimasi sifatida qabul qilib bo’lmaydigan ikkilamchi matnga aytiladi.

Bu tarjima turida asliyat tarkibidagi so’z birikmalari, barqaror iboralar, grammatik qurilish, so’z tartibi aksariyat hollarda tarjima tili qonuniyatlariga moslashtirilmaydi. Ko’pchilik lisoniy vositalar matniy holatlariga, vazifaviy jihatlariga, davriy va milliy xususiyatlariga qarab emas, balki lug’aviy ma’nolari asosida o’giriladi. Bu hol milliy-tarixiy va hissiy-ta’sirchan lisoniy vositalarning qo’shimcha xususiyatlardan holi uslubiy betaraf, nursiz so’z va so’z birikmalari yordamida talqin etilishiga olib keladi. Binobarin, so’zma-so’z tarjima noshud tarjimonlar nazarda tutgan maqsadni, asarning mazmuniy-g’oyaviy xususiyatini kitobxonga to’la-to’kis yetkazib berish kabi vazifani nazarga olmaydi, chunki tarjimon oldida badiiy asarning boshqa bir shaxs tomonidan to’g’ri ma’nodagi, nursiz lisoniy vositalar yordamida amalga oshirilgan bayoni turadi. Shuning uchun bunday amaliyot turi soxta tarjima usuli deyiladi. Turli mamlakatlarda badiiy tarjima muammolariga bag’ishlab o’tkazilgan mintaqaviy kengash va simpoziumlarda so’zma-so’z tarjima amaliyoti qattiq qoralanib kelindi va bu haqda ko’pgina tanqidiy fikrlar bayon etildi. A.Sharif o’z ma’ruzasida so’zma-so’z tarjima amaliyotini illatli usul deb hisoblagan bo’lsa, T.Gnedich uning ijodiy ish emas, balki “sirk tomoshasiga o’xshash masxarabozlik” ekanligini qayd etdi. X.Xantemirovaning fikricha, “eng yaxshi so’zma-so’z tarjima” ham asliyat boyligi va o’ziga xosligini to’la-to’kis talqin etishga ojizlik qiladi.

1975 yili tarjimon va tarjimashunoslarning Mores Torez nomidagi Moskva chet tillar institutida “Tarjima nazariyasi va tarjimonlar tayyorlashning ilmiy asoslari” nomi bilan o’tkazilgan anjumanida M.L.Gasparov o’zining “So’zma-so’z tarjima va to’laqonlik darajasi” deb atalgan ma’ruzasida amaliy faoliyatning ayni turini puch va samarasiz deb baholab, uning badiiy yodgorlik shakl va mazmunining dialektik birligi va butunligini qayta yaratib berishga ojiz ekanligini amaliy dalillar zaminida ilmiy asoslab beradi.

Darhaqiqat, so’zma-so’z amalga oshirilgan tarjima adabiy asar milliyligi va badiiyligini tashkil etadiga barcha unsurlarni juda xira talqin etadi: asar yaratilgan davr bo’yog’i, uning musiqiyligi va ritmi, hissiy-obrazli vositalari, personajlari nutqi tasviri, muvaffaqiyatli qo’llanilganligi tufayli ifodaning joziba kuchini oshiradigan yangi til birliklari, yozuvchining individual-ijodiy uslubi – bularning hammasi deyarli yo’qqa chiqarildi. Tarjimon yaratgan nursiz vositalarda muallif uslubidan ko’ra tarjimon qalami ko’proq ko’zga tashlanib turadi. Demak, so’zma-so’z tarjimaga mamlakatimizda ilgari xorijiy tillarni puxta egallagan, ijodiy ziyolilarning yetishmaganligi tufayli noiloj murojaat qilingan, hozir esa o’zga tillarni mukammal egallagan, ijodkorlarning borgan sari kop’lab yetishib chiqayotganligi tufayli unga amaliy faoliyatdan bemalol siqib chiqarilishi lozim bo’lgan illatli usul sifatida qaraladi.

So’zma-so’z tarjima kitobxonni asar mazmuni bilan umumiy tarzda tanishtirgani holda, mukammal badiiy tarjima yaratish uchun xomaki matn sifatida xizmat qilishigina mumkin. Shu maqsadda ataylab tayyorlanadigan so’zma-so’z tarjimani ilmiy adabiyotda “taglama” deb atashadi. Bu tarjima usuli yordamida sobiq ittifoq davrida ko’pgina ittifoqdosh respublikalar mualliflari ijod namunalari, shu qatorda o’zbek qalamkashlari asarlari ham, rus tiliga o’girilar edi.

Taglamadan goho tarjimadan tarjima qilishda ham foydalaniladi. Erkin Vohidovning “Faust” fojiasini o’zbek tiliga Boris Pasternakning ruscha tarjimasidan o’girganida, shu asarning N.Xolodkovskiy rus tiliga ag’dargan rucha tarjimasidan taglama o’rnida foydalangan va bu matnning unga so’zsiz yordami tekkani haqida gapirgan.

Shuni ham qayd qilish lozimki, taglama badiiy nutqqa xos xususiyatlardan birortasini ham o’zida mujassam etmasligi tufayli hech qachon nazariy umumlashtirish materiali sifatida xizmat qila olmaydi.


Download 0.5 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   23   24   25   26   27   28   29   30   ...   131




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling