Filologiya


I bob. Qo‘qon xonligining tashkil topishi va shakillanishi


Download 96.44 Kb.
bet2/6
Sana28.03.2023
Hajmi96.44 Kb.
#1303690
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
QO‘QON XONLIGINING TASHKIL TOPISHI

I bob. Qo‘qon xonligining tashkil topishi va shakillanishi.
1.1. “Qo’qоn хоnligi tаriхi” mахsus kursi mаnbаshunоsligi
Qo‘qon xonligi tarixi davri to‘g‘risida muhim ma’lumotlar bergan original tarixiy manba - bu Xudoyorxonzoda qalamiga mansub “Anjum at-tavorix” (“Tarixlar yulduzi”) nomli tarixiy asardir. Uning muallifi Xudoyorxonzoda minglar sulolasiga mansub bo‘lgan. “Anjum at-tavorix” asarining dastlabki qismi xonlik haqidagi afsona “Oltin beshik” haqida, umuman minglarning kelib chiqishi tarixi haqida qimmatli voqealar bayon etiladi. Xudoyorxonzoda ushbu voqealarni bayon etishda unga ma’lum bo‘lgan sulolaviy ma’lumotlardan to‘liq foydalanganligi shubhasiz. Asarning keyingi qismlarida ham xonlik tarixiga oid qimmatli ma’lumotlarni berib o‘tgan.
Mullo Olim Maxdumxojaning “Tarixi Turkiston” asari o‘zbek tili va kirill alifbosida nashr etilgan. Asarning boshlang‘ich qismida XVIII asr tarixi haqida qisqacha ma’lumot berilib, asarning asosiy qismi XIX asrdagi xonlik tarixini yoritishga bag‘ishlangan. Ayniqsa, Olimxon o‘tkazgan harbiy islohot haqida ham qimmatli ma’lumotlar berilgan.
Umuman xonlik tarixiga oid juda ko‘plab asarlar yaratilgan. Mahalliy tarixchilar tomonidan xonlik tarixiga oid 30 dan ortiq asarlar yaratilgan. Ushbu asarlarda xonlik tarixiga oid “Oltin beshik” afsonasidan boshlanib, xonlik tarixi turli davrlari yoritilgan.
Qo‘qon xonligi tarixi eng avvalo shu yerlik tarixnavislarning asarlarida o‘z aksini topgan. XIX asr va XX asr boshlarida saroy tarixchilari hamda saroyda yashamagan muarrixlar yaratgan qator tarixiy va adabiy asarlarda Qo‘qon xonligining tashkil topishi, bu yerda hukmronlik qilgan xonlarning faoliyati, xonlikdagi siyosiy ahvol, xo‘jalik va madaniy hayot bayon qilingan. Mahalliy tarixnavislarning asarlari xonlik tarixini o‘rganishda birinchi darajadagi ahamiyatga ega bo‘lgan tarixiy manbalar hisoblanadi.
Musulmon mualliflari va ular qatorida Qo‘qon tarixnavisligi maktabi vakillari tarixni “boshidan”, ya’ni olamning, Yer va unda hayotning yaratilishidan, Odam Ato va Momo Havoning paydo bo‘lishidan to o‘zlari yashagan davrgacha yoritish zarur deb hisoblaganlar. Shuning uchun ham ko‘pincha Qo‘qon xonligi tarixiga bag‘ishlangan asarlar “olamning yaratilishi”dan boshlanib, ularda payg‘ambarlar, xalifalar, davlatlar tarixi sulolaviy- xronologik tartibda bayon etiladi va asarning so‘nggi fasllarida bevosita xonlik tarixi yoritiladi.
Qo‘qon xonligi muarrixlari o‘z asarlarini yaratishda oldingi zamonlarda musulmon Sharqida yozilgan tarixiy asarlarga tayanganlar. Shu bilan birga mualliflarning o‘sha zamonda yashaganligi, ko‘p tarixiy voqealarni shohidi va ishtirokchisi bo‘lganliklari ham ular uchun boy materiallar bergan.
Mahalliy tarixnavislarning asarlari o‘z manbaviy ahamiyati nuqtai nazaridan bir xil emasdir. Saroy tarixchilari yoki hukmron sulolaga yaqin muarrixlarning asarlari Qo‘qon xonligi o‘tmishiga oid ishonarli faktlarga boydir, chunki mualliflar mamlakatda ro‘y bergan voqealar xususida yetarli darajada xabardor bo‘lganlar. Ammo poytaxtdan yiroqda yashab ijod etgan tarixchilar esa ba’zi hollarda tarixiy voqealar haqida boshqalardan eshitganlarini yozganlar, shuning uchun ularning asarlarida talay noaniqliklar uchraydi (Ibrat, Muhammad Aziz Marg‘iloniy va b.).
Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, musulmon mualliflari tarixga teologik (diniy) nuqtai nazardan yondashganligi sababli ko‘pincha voqealarning asosiy sabab va oqibatlarini to‘g‘ri talqin qilmaydilar. Tarixiy shaxslar faoliyatiga baho berishda ham ularning ijtimoiy mavqei muhim rol o‘ynagan. Jumladan, hukmdorlarni maqtab, ularning siyosatiga tanqidiy jihatdan yondashmaslik saroy tarixchilari asarlariga xos bo‘lgan nuqsonlardar biridir.
Qo‘qon tarixnavislari asarlarini asosan ikki guruhga bo‘lish mumkin: 1) tarixiy- adabiy asarlar. Bu asarlarda tarixiy voqealar bayoni birinchi o‘rinda turadi; 2) adabiy-tarixiy asarlar. Bu asarlarda tarixiy voqealar sabablariga asosiy e’tibor qaratiladi.
Mahalliy tarixnavislarning Qo‘qon xonligi tarixiga bag‘ishlangan asarlari asosan o‘zbek va fors-tojik tillarida yozilgan.
Qo‘qon xonligi tarixi haqida fikr yuritganda eng avvalo yodimizga mahalliy mualliflar tomonidan yozib qoldirilgan “Oltin beshik” afsonasi keladi. Xo‘sh “Oltin beshik” afsonasi mazmuni nima va u qanchalik tarixiy haqiqatga ega? degan savollar tug‘ilishi tabiiy.
Ushbu afsonaning mazmuni quyidagicha4: Zahiriddin Muhammad Bobur
Shayboniyxondan yengilib, Hindiston tomon ketayotib, safar asnosida xotini tug‘adi yer (manbalarda Farg‘ona hududi deb ko‘rsatiladi). Safarni go‘dak bilan davom ettira olmasligi uchun Bobur bu yerga go‘dakni javohirlar bilan beshigi bilan bir yigitni qorovul qilib tashlab ketadi. Bu atrofda yashagan uch o‘zbek qabilasi bolani o‘zlariga oladilar. Buni bir ayolga topshiradilar va unga Oltin beshik ismini qo‘yadilar. Voyaga yetgach, uni bir qizga uylantiradilar bu nikohdan Sulton Edik (yoki boshqa manbalarda Ilik) ismli farzand tug‘iladi. Undan Xudoyor ismli farzand qolgan, undan esa Abulqosim, undan esa Shohmastbiy, ikkinchi ismi esa Jamoshbiy, Shohmastbiy, Jamoshbiydan Shohruhbiy va undan Hojibiy, undan esa Ashurbiy tug‘ilib, Ashurbiydan esa bizga mashhur Shohruhbiy tavallud topgandir. Oltin Beshik bilan Qo‘qon xonligiga asos solgan Shohruhbiy orasida 10 ta avlod almashgan. “Oltin beshik” haqidagi afsona haqida B.M.Babadjanov5, V.V.Nalivkin6 va Xudoyorxonzoda7 asarlarida batafsil ma’lumot berilgan.
Oltin Beshik haqidagi afsоnaning qisqacha mazmuni shunday. Аslida bu afsоna bilan Zahiriddin Muhammad Boburning hech qanday aloqasi yo‘q. Qo‘qon xonligining tashkil topishida Ming urug‘ining muhim o‘rin tutganligi, uning dastlabki vakillari xususida ilmiy tadqiqotlarda ham, qo‘lyozma manbalarda ham turlicha qarashlar mavjud.
Qo‘qon xonligi tarixi haqidagi yozilgan “Oltin beshik” haqidagi boshqa afsonalardan birida minglarning hokimiyat tepasiga kelishini 1702-1707-yillar mustaqil bo‘lgan Balxning afsonaviy hukmdori Muhammad Muqimxon nomi bilan ham bog‘lanadi. Unga
ko‘ra, Muhammad Muqimxon Boburning to‘rtinchi avlodi bo‘lib, bir vaqtlar Qobulni boshqargan. Keyinchalik Xurosonga, u yerdan Buxoroga, Vali Muhammadxon huzuriga keladi. Valimuhammadxon unga ajdodlari hududi bo‘lgan Farg‘onani beradi. Lekin Imomqulixon uni mag‘lubiyatga uchratadi. Muhammad Muqimxon esa Targavaga yashirinadi. U yerda Niso begimga uylanadi. Bu nikohdan bir farzand tug‘ilgan, lekin tez orada Niso begim vafot etadi. Muqimxon Andijonni bosib olishni orzu qilgan, lekin o‘limi orzusining amalga oshishiga xalaqit bergan. Undan qolgan farzandni esa shu yerdagi to‘rtta qabila boqib katta qiladi. Afsonaning qolgan qismi ham yuqoridagi syujet bo‘yicha davom etadi. Umuman Qo‘qon xonlari shajarasi haqida bir necha faraz mavjud bo‘lib, bu haqida B.M.Babadjanov o‘zining kitobida batafsil ma’lumot bergan.
Shu bilan birga Umarxon davrida xonlar shajarasini ulamolar sinfi bilan ham bog‘lash masalasiga e’tibor berilgan va bu borada bir qancha farazlar yaratilgan. Lekin bu faktlarning barchasi Qo‘qon xonlari shajarasining Boburga bog‘lanishini tasdiqlay olmaydi. Chunki, birinchidan, Boburning Shayboniyxonga qarshi kurashi asnosida farzandi bo‘lganligi haqida biror bir manbada ma’lumot berilmaydi. Ikkinchidan, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma”sida ham Farg‘onada uning o‘g‘li qolganligi haqida ma’lumot bermaydi. Shularni asos qilib olganda Qo‘qon xonlari shajarasining Boburga bog‘lashdan hech qanday ma’no yo‘q. Shu yerda haqli savol tug‘iladi. Nima uchun Qo‘qon xonlari haqidagi asar yozilayotganda shajarani albatta Zahiriddin Muhammad Boburga bog‘lashadi? Buning sababi nima?
Qo‘qonning birinchi hukmdori xususida Mirzo Olim Mushrifning “Ansob us - salotin va tavorixi al-xavoqin” asarida “Muntaxab ut-tavorix”dan farq qiluvchi ma’lumotlar mavjud. “...Xaloyiqni ittifoqi bilan Ashurquli otaliq otasini masnadig‘a o‘lturdi. Bir necha yillar hukmronlik qilib, olamdin o‘tdi. Andin Shohruhbiy yodgor qoldi. Taxti saltanatda o‘lturib o‘n uch yil podshohlig‘ qilib qirq yoshda olamdan o‘tdi” - deb qayd etiladi. Ushbu ma’lumotdan Shohruhbiyga hukmronlik otasi Ashurqulibiydan qolganligi, Ashirqulibiy ham bir necha yil taxtda o‘tirganligini anglash mumkin. Bunday ma’lumotni Ishoqxon To‘raning “Farg‘ona tarixi” asarida ham uchratish mumkin. Shu o‘rinda alohida qayd qilish lozimki, barcha manbalarda Qo‘qon xonlari shajarasi “Oltin beshik” orqali Zahiriddin Muhammad Boburga bog‘lanadigan rivoyat bayon etiladi. Ashurqulibiy hamda uning shajarasi “Oltin beshik” rivoyati bilan bog‘liq. Biroq Ashurqulibiy va uning avlodlari dastlabki vakillarining hukmronlik qilganligini tasdiqlovchi ishonchli biror - bir dalil, hujjat yo‘q. Bu o‘rinda, bizning fikrimizcha, T.Beysembiyev va Sh.Vohidovlar haqdir. Bu olimlarning “Oltin beshik” rivoyati orqali Qo‘qon xonlari o‘z hukmdorliklarini huquqiy jihatdan asoslash va mustahkamlash maqsadida keltirib chiqarishgan, degan fikrlari haqiqatga yaqindir.
Bizga ma’lumki, turli manbalarda Shohruhbiyning xojalardan hokimiyatni kuch bilan tortib olganligi haqida ma,lumot beriladi. Аslida ham shunday bo‘lganmi? Bu savolga javob berish uchun avvalo Chodak xojalari tarixini qisqacha ta’rif etish lozim bo‘ladi deb o‘ylaymiz. Manbalarga ko‘ra, xo‘jalar yoki xo‘jagon sulolasi - ruhoniynasab Sharqiy Turkistonning hokimlari bo‘lgan. Sulolaning asoschisi Maxdumi A’zamxo‘ja Ahmad ibn Sayyid Jaloliddin bo‘lib, u “Xo‘jagon” tariqatiga mansub. U hijriy 956-yili tavallud topib, milodiy 1542-yili vafot etgan. Bu xo‘jalar Sharqiy va G‘arbiy Turkistonda hukm surgan chig‘atoy hokimlari davrida katta mansab va vazifalarga ega bo‘lib, iqtisodiy-siyosiy kuchlarga ega bo‘lganlar. Sulolaning buyuk namoyandalari bo‘lmish Offoqxo‘ja Qoshg‘ariydan (XVIII asr) Sharqiy Turkiston hamda Farg‘onada faoliyat ko‘rsatgan xo‘jalar kelib chiqqan. Offoqxo‘ja o‘g‘illari Xonxo‘ja (Xo‘ja Yahyo ibn xo‘ja Hidoyatulloh ibn xo‘ja Muhammadyusuf ibn Xo‘ja Muhammadamin ibn Maxdumi A’zam Dahbediy va Kunxo‘ja (Xo‘ja Burhoniddin) Sharqiy Turkistondagina emas, O‘rta Osiyoda ham katta obro‘ga ega bo‘lgan.
Bu xo‘jalar - Oqxo‘jalar va qoraxo‘jalarga bo‘lingan. Qoraxo‘jalardan bo‘lmish Offoqxo‘ja Sin hukumatini tan olgan. Maxdumi A’zamning o‘g‘li Muhammadamin Oqxo‘jalarga mansub bo‘lib, Sin hukumatini tan olmagan. Uning avlodlari Xitoy Sharqiy Turkistoniga bostirib kirganida G‘arbiy Turkiston, ya’ni Qo‘qon xonligiga kelib qoladi.
Qo‘qon bekligi, keyinchalik xonlik deb atalgan yangi davlatning paydo bo‘lishi va taraqqiyoti taxminan XVII asrning boshlaridan - 1876-yilgacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Bu davrda Farg‘ona hududi Ashtarxoniylar sulolasidan alohida ajralib chiqishga harakat qilgan. Bu narsa nafaqat ashtarxoniylar sulolasining inqirozi bilan, balki shu davrda eronliklarning g‘arbdan va sharqdan jung‘or (qalmiqlar) deb atalgan qabilalarning Movarounnahrga hujumi bilan ham bog‘liq bo‘lgan. Hududdagi qabilalar o‘rtasidagi o‘zaro kurashlar ham siyosiy vaziyatni yanada chigallashtirgan.
Minglar sulolasi hokimiyat tepasiga kelmasdan oldinroq, XVIII asr boshlarida Farg‘ona vodiysining g‘arbiy qismida mustaqil hokimlik - O‘ratepa hokimligi tashkil topgan edi. Ushbu hokimlik Ashtarxoniylardan rasman mustaqil bo‘lgan hokimlik edi.
Bundan oldinroq, Farg‘onaning shimolida Chodak xojalari mustaqilliklarini e’lon qilgan edilar. Ular asosan Namangan viloyatining shimoliy va shimoliy-g‘arbiy qismini (Koson, Asht va Chodak) o‘z ichiga olgan edi. Shunga o‘xshash xojalar hokimiyati Qoshg‘arda (XVII asr oxiri - XVIII asr boshlarida) va Toshkentda ro‘y bergan edi.
Ularning hokimiyati asosan diniy xarakterda bo‘lib, dunyoviy ahamiyat kasb etmagan. Ular asosan soliq sohasidagina hokmiyatlarini o‘rnatgan edilar. Qo‘qonda xojalar hokimiyati xonlik darajasida emas edi, masalan ular yangi davlat suvernitetining asosiy belgisi tanga zarb etish yo‘lga qo‘yilmagan edi. Boshqa tomondan birorta xoja o‘zlariga dunyoviy xarakterdagi titullar - “xon” yoki “sulton” titulini olmagan edilar.
Ba’zi tarixchilar Minglarning ajdodlarini Chamach/Chamanbiy deb ataydilar. U qalmiqlar amiri Tog‘ayqulibiy tomonidan tarbiyalangan. Lekin bu ma’lumot tarixiy manbalarda u qadar o‘z tasdig‘ini topmagan. Lekin har holda xonlik asoschisi Shohruhbiy bo‘lgan. Qo‘qonnning Ashtarxoniylardan mustaqil bo‘lish holati bugungi kungacha bahsli masalalar sirasiga kiradi. Hujjatlarda Ashtarxoniylar hukmdori Abulfayzxonning nomi ko‘p keltiriladi. Shohruhbiy davrida barcha masalalar Abulfayzxon nomi bilan hal etilar edi. Shohruhbiy “Otaliq” nomi bilan atalib, bu unvon unga Abulfayzxon tomonidan berilgan edi.
Bu davrda Qo‘qonda deyarli mustaqil siyosat yuritilsada, vodiydagi tovar-pul munosabatlarida asosan “buxoro valyutasi” yoki Xorazmda zarb etilgan falslar (mis pullar) muomalada yurar edi. Bunday pullar hatto Оlimxon davrigacha muomalada yurgan.
Qo‘qonning birinchi hukmdori sifatida tan olingan Shohruhbiy tavalludi taxminan 1669- 1670-yillarga to‘g‘ri keladi. Uning yoshlik yillari Ho‘qand yaqinidagi Targ‘ova, Chomoch, To‘rong‘i, Saroy qishloqlarida o‘tadi. O‘sha davrlarida Ashtarxoniylar davlatidagi to‘s- to‘polonlar natijasida ba’zi bir kishilar Buxoroni tashlab ketishga majbur bo‘lgan edilar. Shohruhbiy yoshlik yillarida mash’hur olim Mahdud Buxoriy qo‘lida ta’lim olgan. Shohruhbiy har tomonlama yetuk shaxs bo‘lib kamolotga yetgan. Uning yoshlik yillari Ashtarxoniylar davlati tanazzuli davriga to‘g‘ri kelgan. Ushbu jarayonda Farg‘ona ushbu davlat tarkibidan tamomila ajralib chiqdi. Lekin yaxlit davlat shakllanmagan, har bir muzofot, har bir beklik mustaqillik uchun harakat qilar edi. Vodiy va uning atrofidagi hududlarni birlashtirish harakati XVII asr oxirida ikki guruh tomonidan bir vaqtning o‘zida boshlandi. Ushbu guruhlardan biri Xojagon jamoasi bo‘lib, mazkur jamoa mash’hur so‘fiy, xalqda Maxdumi A’zam nomlari bilan tanilgan Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin hojagi Kosoniyning avlodlari edi. Xojagon jamoasining asosiy qarorgohlaridan biri Chodak bo‘lib xojalar Xo‘jand vohasini o‘z tasarruflariga olgach, uni o‘sha yerdan turib boshqarar edilar.
XVIII asr boshlariga kelganda umumiy siyosiy ahvol shu qadar keskinlashdiki, bu davrda Ashtarxoniylardan Samarqand, Balx va bir qator hududlar mustaqil bo‘lib olgan edilar. Bundan tashqari, Minglar sulolasi joylashgan hudud Ashtarxoniylardan mustaqil bo‘lish uchun qulay bo‘lish bilan birga, qo‘shni yarim mustaqil bo‘lgan hududlar (Chust, Chodak, Xo‘jandning bir qismi va boshqa hududlar)ni bosib olish uchun ham qulay sharoit vujudga kelgan edi. Bu hududlarni bosib olish ashtarxoniylarga qarshi tura olish bilan birga, Minglar sulolasi ichida qabila boshliqlari qarshiligini yengish uchun ham zarur bo‘lgan. Masalan, Shohruhbiy hokimiyat tepasiga kelmasdan oldin, otasi va amakisi o‘rtasida taxt uchun kurash bo‘lib o‘tgan edi.
Shohruhbiyning yoshligi davrida Minglar egallagan bir qancha shaharlarini qo‘ldan boy berishga majbur bo‘lgan. Voyaga yetgan Shohruhbiy qo‘ldan ketgan yerlarini egallashga va hududini kengaytirishga harakat qilgan. Dastlabki maqsad mustaqilliklarini e’lon qilgan vodiyning shimolidagi Chodak xojalari hokimiyatini tugatish bo‘lgan. Niyoz Muhammad ma’lumotiga qaraganda, Chodak xojalari to‘y munosabati bilan mehmonga chaqirilib, qatl qilinadi. Bu ma’lumotni “Tarixi Turkiston” asari muallifi ham tasdiqlaydi.



Download 96.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling