Fotografiyaning ixtiro qilinishi
Download 299.27 Kb.
|
Fotografiyaning ixtiro qilinishi
Fotografiyaning ixtiro qilinishi XIX-asrda amalga oshirilgan ko‘plab ajoyib ixtirolar ichida shubhasiz fotografiya ham eng asosiylaridan biri hisoblanadi. O‘sha paytda odamlarni "lahzani to‘xtatish" degan nom bilan hayratga solgan ushbu ixtiro, haqiqatan ham tarixdagi eng buyuk ixtirolar sirasiga kiradi. Biz hozir smartfonimiz, yoki, mashhur brendning yuqori sifatli raqamli foto-videokamerasi yordamida istagan narsamizni osonlik bilan suratga tushira olamiz. Ijtimoiy tarmoqlardagi eng bo‘lmag‘ur selfimaniyalardan tortib, ilm-fan uchun beqiyos ahamiyatli muhim fotosuratlargacha - hamma-hammasi birgina tugmachani yengil bosish orqali, hozirda juda oson va jo‘n olinmoqda. Hozirda fotosurat olish uchun maxsus o‘quv kurslaridan o‘tish va uyda bir qancha maxsus jihozlardan iborat fotolaboratoriyaga ega bo‘lish shart emas. Smartfon tugmasini yengil bosasiz va tamom! Fotosurat tayyor. Uni istasangiz internetga joylaysiz, istasangiz qog‘ozga chop etib, albomga yopishtirasiz... xullas, bizning avlod uchun fotosurat olish - pista chaqqandek ham ish bo‘lmay qolgani chin haqiqat. ...Lekin, bilasizmi, atiga 10-20 yillar muqaddam, hatto 2000-yillar boshida ham fotosuratga olish maxsus amaliyotlar talab qiladigan, anchagina qimmat jarayon bo‘lgan. 50-100 yillar avval esa, fotosuratga tushishga ko‘pchilik oddiy aholining imkoni yetmagan ham. Bugungi kunda hatto mushugi-yu kuchugini va yeyayotgan taomini ham suratga olib ijtimoiy tarmoqqa joylaydiganlarning aksariyatining buvi va buvalari, bu darajadagi suv tekin arzon fotosuratlar olish mumkinligini tushida ham ko‘rishmagan. Fotografiya ikki xil fan sohasining o‘zaro uyg‘unlashgan nuqtasida: optika va kimyo chegarasida vujudga keldi. Fotografiya olish, ya'ni, "lahzani to‘xtatish" uchun, ikkita juda qiyin muammoni hal etish lozim edi. Birinchidan, o‘ziga kelib tushgan tasvirni saqlab qola oladigan, ya'ni, kimyoviy jihatdan yorug‘likka o‘ta sezgir va barqaror maxsus plastinaga ega bo‘lish zarur edi. Ikkinchidan esa, fotosuratga olinishi lozim bo‘lgan buyum yoki, manzarani, o‘sha barqaror va sezgir plastinaga aniq proyeksiyalab bera oladigan yuqori aniqlikdagi optik asbob talab qilinardi. Ushbu g‘oyat mushkul masalalar, omadsiz urinishlar va xatolar bilan kechgan juda ko‘p sonli tajribalar vositasi bilangina hal qilingan. Fotografiya mo‘jizasi insoniyatga darhol bo‘ysunmagan. Manzaralar, odamlar va buyumlarning tiniq fotosuratini olish imkonini beradigan asbob va usul ustida, jahonning turli mamlakatlarida ko‘plab muhandis va ustalar bosh qotirishgan. Iogann Shults (1687-1744) Fotosuratga olish borasidagi ilk tajribalarni va amaliy yondoshuvlarni o‘rta asrlar alkimyogarlarining ishlarida uchratish mumkin. Shunday alkimyogarlardan biri Fabritsius , o‘z tajribaxonasida bir kuni osh tuzining eritmasi bilan kumush nitratini (AgNO3) aralashtirib, idish tubida qaymoq rangli cho‘kma hosil bo‘lganini ko‘radi. Fabritsiusning hayratiga sabab bo‘lib, ushbu cho‘kma Quyosh nuri ta'sirida qorayib qolar edi. Fabritsius ushbu g‘alati hodisa haqida o‘zining 1556-yilda bosmadan chiqqan metallar haqidagi kitobida maxsus to‘xtalib o‘tib, linza yordamida cho‘kma yuzasida tasvir hosil qilishga muvaffaq bo‘lganini ma'lum qiladi. Fabritsius laboratoriyasidagi o‘sha cho‘kma kumush xloridi bo‘lgani hozirda hammaga ma'lum. U ma'lum qilgan yana bir fakt shu ediki, cho‘kma sirtida hosil bo‘lgan tasvirning tiniqligi, ya'ni, uning yoki och kulrang, yoki qoramtir bo‘lishi, cho‘kma yuzasining qanchalik uzoq yoki qisqa yoritilishida bog‘liq edi. Tarixchilar Fabritsiusning ushbu tajribasini fotografiya tarixidagi ilk amaliyot deb baholaydilar. Biroq, Fabritsiusning ushbu ishlarini rivojlantiradigan davomchisi topilmadi. Keyingi tajribalarni esa oradan deyarli bir yarim asr o‘tib, 1727-yilda Iogann Genrix Shults (1687-1744) ismli vrach bajargan. U quyoshli kunda shisha idish ichida kumush nitratini bo‘r bilan aralashtirib tajriba qilib ko‘radi. U aralashmani quyosh nurlari ostiga qo‘yganida, aralashma yuzasi darhol qorayib qoladi. yaxshilab chaypab yuborilsa, aralashma yana o‘z tabiiy rangiga qaytadi. Shults ushbu qiziq tajribaga mukkasidan ketadi. U aralashma yuzasiga qog‘ozdan qirqib yasalgan turli shakllarning soyasini tushirib, tasvir hosil qiladi va yana aralashmani silkitib tashlab, yana yangi tajribalarni bajaraveradi. Lekin afsuski, Shultsning mazkur ishlari shunchaki ermak sifatida, o‘z kundaliklari sahifalarida qolib ketdi va tez orada uni ham unutildi. Kumush xloridining Shults aniqlab bergan noyob xossasi, ya'ni, tasvirni o‘zida saqlab qola olish xususiyatidan fotoplastinalar tayyorlash mumkinligi biror aqlli odamning miyasiga yarq etib urmagunicha, yana yuz yildan ziyod vaqt o‘tib ketdi. Fotografiya tarixidagi navbatdagi sahifani Tomas Vejvud (1771-1805) ochib berdi. U kumush nitrati eritmasi bilan namlantirilgan oq qog‘ozga yaproqlarni yopishtirib chiqqan. Bunda qog‘oz ustida yaproq joylashgan qismi oqligicha qolib, uning atrofidagi joylari esa qorayib qolgan. Mohiyatan bu qora fondagi oq ko‘lanka (siluet) tasvir edi. Biroq, bunday usulda hosil qilingan tasvirni faqat shamlar bilan xira yoritilgan xonada ko‘rish mumkin edi xolos. Chunki, agar qog‘oz va tasvir sirtiga quyosh nuri tushsa, hammasi rasvo bo‘lardi. Vejvud qiziqish bilan tajribalarini davom ettirdi va kumush nitrati eritmasini hayvon terisiga shimdirib, teri sirtida tasvir hosil qilishga urinib ko‘rdi. Bunday terida olingan tasvir tezroq namoyon bo‘lar edi. o‘sha vaqtlarda bu narsaning sababi noma'lumligicha qolaverdi. Teridagi tasvir tezroq ochilishini aniqlay olmay, mutaxassislar bunga uzoq vaqtgacha "shunchaki fenomen" sifatida ishonib kelishdi. XIX-asrning 30-yillariga kelib ma'lum bo‘lishicha, teri tarkibidagi oshlovchi moddalar (oshlovchi kislota) kumush nitrati eritmasi bilan ta'sirlashib, tasvirning tezroq ochilishiga xizmat qilar ekan. Vejvud o‘zining bu boradagi tajribalari haqida 1802-yilda maxsus risola chop etish orqali ommaga ma'lum qildi. Vejvud ancha yillar davomida olib borgan muttasil tajribalari va kuzatishlari evaziga, qog‘ozda, terida va shisha sirtida konturli tasvirlarni hosil qilishni o‘rganib olgandi. Biroq, Vejvudning tasvirlarini hamon faqat qorong‘ulashtirilgan joylarda ko‘rish mumkin edi xolos. Quyosh nuri tushishi bilan ular buzilardi va bu Vejvudning eng katta muammosi edi. Vejvud ushbu muammoga o‘zi yechim topa olmagan bo‘lsa hamki, lekin uning ishlari ilmiy jamoatchilikda va ayniqsa tasvirlar bilan ishlash muhim bo‘lgan fan sohalari mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi. Uning tajribalarining Yevropaning ilg‘or ilm dargohlarida o‘zlashtira boshlashdi. 1819-yilga kelib Angliyada Jon Gershel Vejvud tajribalari asosida, qog‘oz yoki teriga tushirilgan tasvirni yorug‘lik ta'sirida buzilmaydigan qilish yo‘lini topdi. U natriy tiosulfati (natriy giposulfit - Na2S2O3·5H2O) bilan ishlov berilsa, Vejvud tasvirlari buzilmasligini aniqladi. Fotografiyaning inson xizmatiga to‘laqonli bo‘ysunishi uchun eng so‘nggi qadamni qo‘yish qolgan edi. Lekin bu qadamni ham 20 yil mobaynida kutishga to‘g‘ri keldi. Bungacha esa, ixtirochilarning izlanishlari boshqa o‘zanlarga burilib ketib qoldi. Jozef Nyeps (1765-1833) 1813-yilda fototasvirlar olish borasidagi izlanishlarga farang rassomi Jozef Nisefor Nyeps (1765-1833) ham qo‘shildi. Siz bilan biz sayohatga chiqqanimizda o‘zimiz bilan albatta olib oladigan fotoapparatlarning ixtiro qilinishida eng asosiy o‘rin tutgan shaxs ham aynan Nyeps hisoblanadi. 1816-yilda Nyeps fototasvirlar olish uchun obskur kamerasidan foydalanish g‘oyasi bilan izlana boshladi. Obskur kamerasi odamlarga juda qadimdan ma'lum bo‘lib, mohiyatan u har tomonida yorug‘lik o‘tkazmaydigan qilib zich berkitilgan va atiga bitta joyida kichkina tirqishchasi bo‘lgan qop-qorong‘u quti, yoki, xonadan iborat bo‘ladi. Agar tirqish qarshisidagi devorga nur qaytarmaydigan xira oyna joylashtirilsa, uning sirtida tirqish tashqarisidagi manzaraning tasviri teskari tarzda namoyon bo‘ladi. tirqish qanchalik kichik bo‘lsa, oyna sirtida hosil bo‘layotgan tasvir konturlari shunchalik keskin, lekin tasvirning o‘zi tobora xira bo‘lib boradi. Asrlar mobaynida, obskur kamerasi yordamida hosil qilingan tasvirlardan odamlar tabiat mo‘jizasi sifatida hayratlanib kelishgan. Ayrim "uchar"lar esa, bunday tasvirlar orqali sodda odamlarni laqillatib, ularni go‘yoki o‘zlarida mavjud ilohiy qobiliyatlarga ishontirishga ham urinishgan bo‘lsa ajab emas. Xullas, obskur kamerasini fototasvirlar olish uchun tadbiq etish g‘oyasi Nyepsning miyasiga kelgan paytda, siz bilan biz hozir yaxshi biladigan fotografiya sohasi tug‘ildi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Aytgancha, Nyepsgacha ham obskur kamerasini ancha takomillashtirilgan bo‘lib, chunonchi, 1550-yilda Kardan ismli muhandis Nyurnbergda obskur kamerasini tirqishini kattalashtirib, shu bilan birga, ichkarida hosil bo‘ladigan tasvir sifatini ham yaxshilash yo‘lini topgan edi. Buning uchun u linzalarni qo‘llash va eng asosiysi, ularni nur yo‘liga to‘g‘ri joylashtirish kifoya qilishini ham ko‘rsatib bergandi. Nyeps esa aynan shunday usulini, ya'ni, ichi qop-qorong‘u bo‘lgan qutining bir tarafidagi tirqishga linza o‘rnatib, uning qarshisidagi quti devoriga esa, yorug‘likka sezgir kumush xloridli plastina joylashtirish orqali, tarixda ilk fotoapparatni yasadi. Unga tasvirni to‘g‘ri proyeksiyalash orqali, ichkaridagi fotoplastinada istalgan manzara, buyum, yoki, odam tasvirini hosil qilish mumkin edi. Muammo faqat, obskur kamerasi vositasida olingan fototasvirlarni yorug‘lik ta'sirida buzilmaydigan qilib qog‘ozga mustahkamlash masalasida qolgan edi. 1824-yilda Nyeps bu masalani ham muvaffaqiyatli hal qildi. U fotografiya muammolari bilan shug‘ullangan va shug‘ullanayotgan boshqa odamlardan farqli ravishda, tasvirni qog‘ozga mustahkamlash uchun kumush xlorididan emas, balki, tog‘ smolasidan foydalanishga qaror qiladi. Tog‘ smolasining ayrim xossalari yorug‘lik ta'sirida o‘zgarib, keyinchalik o‘z shaklida mustahkamlanib qolish xossasiga ega. Masalan, tog‘ smolasi ayrim suyuqliklarda faqat qorong‘ulikda eriydi, yorug‘likda esa uni o‘sha suyuqliklar erita olmaydi. Nyeps mis plastinasi sirtini tog‘ smolasi bilan qoplab, uni obskur kamerasi tirqishi Qarshisiga joylashtirdi. Ayni damda u kattalashtiruvchi linzaning ham fokus masofasini uzaytirdi. Bunda faqat bitta katta muammo bor edi. Tasvir olish uchun kamera qarshisida uzoq muddat turish talab etilardi. Chunki, bunday platinaga yorug‘lik ta'siri sekinlik bilan kechib, tasvir hosil bo‘lishi uchun bir muddat kutishga to‘g‘ri kelardi. Shunga qaramay, aytaylik, o‘zgarmas turadigan obyektlar tasvirini olishda bu hech qanday muammo tug‘dirmagan. Chunonchi, biror manzarani tasvirga olish uchun kamerani kerakli joyga joylashtirib, xotirjamlik bilan kutilsa, plastinada aniq tasvir olish mumkin bo‘lgan. Faqat, kamera qarshisida uzoq muddat bir xil holatda tura olmaydigan betoqat odamlargina ushbu fotoapparatda aniq rasmga tusha olmasdilar. Nyepsning o‘sha fotoapparatida olingan tasvirni ochish uchun, plastinani lavanda o‘simligi moyi va neft aralashtirilgan suyuqlikka botirish kerak edi. Bunday suyuqlikda plastinadagi yorug‘lik ta'siri tushgan qismlar, ya'ni, tasvir o‘z joyida qolib, qolgan qismlar esa eritma tarkibiga erib singib ketardi. Aytib o‘tganimizdek, bunday tasvirni olish uchun, ayniqsa fotografdan kuchli sabr-toqat talab qilinardi. Chunki, Nyepsning bunday kamerasida atiga bitta fotosurat olish uchun 10 soatdan ziyod vaqt sarflash zarur bo‘lgan. Tarixda eng birinchi fotografiya. Jozef Nyeps. �Oynadan manzara� 1826-yil Lui Dagerning dagerotip fotosurati Albatta, bunday sekinlik bilan kechuvchi jarayon Nyepsning o‘ziga ham ma'qul kelmagan va u o‘z ixtirosini takomillashtirish uchun harakatni to‘xtatmagan. 1829 yilda u o‘z tajribalarini Parij opera teatri rassomi Lui-Jak Mande Dager (1787-1851) bilan o‘rtoqlashadi. Dager Nyepsning ishlariga juda katta qiziqish bildirib, tajribalarda ishtirok etish istagini bildiradi va ular birga ishlay boshlashadi. Biroq, ularning hamkorligi uzoqqa cho‘zilmadi. Chunki, ko‘p o‘tmay, 1833 yilning 5-iyulida Nyeps uzoq kasallikdan so‘ng vafot etadi va hamma ish Dagerning o‘ziga qolib ketadi. Dager Nyepsdan o‘zlashtirgan bilimlari asosida fotografiya texnikasini mukammallashtirishga fanatik ishtiyoq bilan kirishib ketdi. Dager ixtiyorida Nyeps bisotidan kattagina tajribaxona va tayyor fotoapparat qolgan edi. Dager qanday qilib tasvirga olishni bilsa ham, lekin u hali Nyepsdan sezgir fotoplastinka tayyorlash sirini o‘rganishga ulgurmagan edi. Dager mohiyatan Nyepsning fotoplastinka tayyorlash usulini boshqatdan o‘zi kashf qilgan deyish mumkin. U o‘zini bu yo‘lda Nyepsning ruhi qo‘llagan deb ishonardi. Chunki, Dager fotoplastinka tayyorlashni mutlaqo bilmagan bo‘lsa-da, bu borada uzoq qiynalmagan va bir qancha omadli tasodiflar bilan xuddi Nyeps singari plastina tayyorlashni o‘rganib olgan. Xususan, u kunlardan bir kun sirtiga yod surtilgan metall bo‘lagi ustiga tasodifan kumush qoshiqni qo‘yib qo‘yadi va bir necha daqiqadan keyin, metall yuzasida qoshiqning tasviri hosil bo‘lganini ko‘radi. Shunda u sayqallangan kumush plastinani olib, unga yod bug‘ini shimdirishga urinib ko‘radi. U shu tarzda kumush yodit (AgJ) olishni maqsad qilgandi. Shunday plastinaga u bir necha oy avval Nyeps olgan tasvirlardan birini qo‘yib ko‘rdi va natijada, yetarlicha kutish orqali, o‘zi tayyorlagan plastinada, Nyeps olgan tasvirning nusxasi hosil bo‘lganini ko‘rib, juda quvondi. Nusxa juda xira va sifatsiz edi. Lekin Dager plastinaning yangi turini topgani va uni takomillashtirish mumkinligini o‘ylab suyunardi. Chunki, kumush yoditning xossalaridan fotografiya uchun foydalanish imkoniyati ochilgandi. Endi u, ushbu usul bilan olingan fotosuratlarni ochish uchun maxsus eritmalar tayyorlashni o‘rganishi lozim edi. Unga bu safar ham juda ajoyib omadli tasodif qo‘l keladi. Bir kuni u qorong‘u xonada o‘z kechagi kuni qoldirib ketgan plastinani olib chiqish uchun kiradi va uning sirtida o‘sha kechagi kuni o‘zi turgan joy manzarasining tasviri hosil bo‘lganini ko‘rib, hayratdan yoqa ushlab qoladi. U qandaydir modda tuni bilan ushbu plastinaga ta'sir qilib, uning sirtida kechagi kun manzarasi tasvirini ochib qo‘ygan bo‘lsa kerak deb taxmin qiladi. Dagerning o‘sha qorong‘i xonasida ko‘plab kimyoviy moddalar saqlanar edi. Dager o‘sha kimyoviy moddalar ichidan qaysi biri plastinadagi tasvirni ochadigan modda ekanini topishi kerak edi xolos. U shu kunning o‘zida qidiruvga kirishdi. U har kuni yotishdan oldin qorong‘i xonaga fotoplastinka joylashtirib, ertasi tongda, xonadagi biror kimyoviy moddani olib chiqib qo‘yar edi. Shu tarzda u qaysi modda plastinaga ta'sir qilayotganini topmoqchi bo‘ladi. Lekin, Dagerning tez orada hafsalasi dabdala bo‘ldi. U qorong‘i xonadan hamma kimyoviy moddalarini olib chiqib ketib, bo‘m-bo‘sh xonaga fotoplastinka joylashtirsa ham hech narsa o‘zgarmadi. Hatto shu holatda ham, keyingi kuni tongda, baribir plastinada tasvir paydo bo‘ldi. U juda jig‘ibiyron bo‘lgan bo‘lsa kerak. Dager qorong‘i xonani yaxshilab, sinchiklab titkilab chiqishga qaror qildi va bu qarori o‘zini oqladi. U tez orada, xonada o‘zi bilmagan joyda simob to‘kilganligini ko‘rib qoldi. Aynan simobning bug‘lari Dager tunda joylashtirib chiqib ketayotgan plastinkadagi tasvirni ochib qo‘yayotgan edi. Aynan o‘sha lahzada Dagerning yulduzli onlari boshlandi. U fotosuratga olish jarayonining hamma detallariga ega bo‘lgandi! Dager avvaliga fotoapparat yordamida, kumush yodit bilan qoplangan plastinada xira tasvir hosil qilib, keyin uni simob bug‘lari vositasida ochish orqali tiniq fotosuratlar olish texnikasini o‘zlashtirdi. U olgan fotosuratlar juda ajoyib, aniq va barcha mayda tafsilotlari bilan chiqar va hammani hayratlantirar edi. "Lahzani to‘xtatish" degan ibora ham o‘sha paytlarda paydo bo‘lgan bo‘lsa ehtimol. Dager Nyeps boshlab bergan muhim ixtironi mantiqiy nihoyasiga yetkazgandi va bundan juda baxtiyor edi. 1939-yilning 10-avgust sanasida Parijda Fransiya Fanlar Akademiyasi a'zolari ishtirokida katta majlis ish boshladi. Ushbu majlisda kun tartibiga qo‘yilgan asosiy masalalardan biri - Jak-Lui Dagerning ixtirosini sharaflash bo‘lgan. Majlisda Dagerning fotoapparati namoyish qilindi va uning vositasida olingan tasvirlar ko‘rgazmaga qo‘yildi. Dager namoyish qilgan ixtiro o‘sha kuni hamma-hammaning hayratdan yoqa ushlashga majbur qildi. Akademiyaning eng o‘tkir zehnli olimlaridan tortib, majlisda shunchaki qatnashgan oddiy ishchilari, xizmatchilarigacha fotografiya mo‘jizasidan lol qolib, bu haqida butun mamlakatga shov-shuvli xabarlar tarqata boshlashdi. Albatta, birinchi navbatda olimlar ushbu ixtironing fan oldida ochib beradigan beqiyos imkoniyatlarini o‘ylab qattiq hayajonga tushishgan bo‘lsa, sud va jinoyat sohasi xodimlari ham ulardan kam xursand bo‘lishmagan. Chunonchi, jinoyat ustida operativ fotosuratlar bilan dalillarga ega bo‘lish g‘oyasi Parij politsiyasi inspektorlariga nihoyatda ma'qul kelgandi. Tez orada Farangiston hukumati vakillari ham Dagerning ixtirosi haqida boxabar bo‘lishdi va uning sirlari bilan tanishishga qiziqib qolishdi. Dager ixtironing sirlarini mamlakat hukumatining maxsus hay'atiga ma'lum qilishga rozi bo‘ldi va buning uchun unga hukumat munosib haq to‘ladi. Shuningdek, Parij rasmiylari ixtirochiga umrining oxirigacha har oy 6000 frankdan nafaqa to‘laydigan bo‘ldi. Dager juda oliyjanob inson bo‘lgan va u o‘z muvaffaqiyatlarining asl sababchisi, mohiyatan ustozi - Nyeps ekanini hech qachon unutmagan. U o‘zi erishgan har bir muvaffaqiyatda Nyepsning ulkan hissasi borligini ta'kidlashdan charchamasdi va har bir olgan mukofotidan kattagina ulushni Nyepsning oilasiga yuborib turardi. U Fransiya hukumati belgilagan mukofot puli va unvonlarni olish chog‘ida, hukumat vakillaridan Nyepsning xotirasi uchun uning o‘rniga o‘g‘li Isidor Nyepsni mukofotlashlarini iltimos qildi va hukumat uning ushbu iltimosini qanoatlantirdi. Shu tarzda Dager Nyepsning fotografiyani ixtiro qilish yo‘lidagi mehnatlarini ham munosib e'tirof etilishiga erishdi. Dagerning ixtirosi hukumatga sotilgach ham, unga fotoapparatlar yasash va sotish uchun to‘liq huquq qoldirilgan edi. Tez orada fotoapparat va fototasvirni ochish uchun ishlaydigan moddalar, plastinkalar to‘plamidan iborat fotograf asboblari jamlanmalari sotuvga chiqdi. Ushbu usul bilan fotosuratga olish usulini Dagerotipiya deb nomlana boshladi. Narxi o‘ta qimmat bo‘lishiga qaramasdan, Fransiyaning boy va o‘rtahol aholisi dagerotip jamlanmalarini katta ishtiyoq bilan xarid qila boshladi. Dager jamlanmasini xarid qilish istagidagi kishilar burun Yevropa va uzoq va yaqin xorijdan ham Parijga yetib kela boshlashdi. Lekin, Dagerning uskunalari xaridorgirligi uzoqqa cho‘zilmadi. Buning sababi, uskunalarning qimmatligida emas, balki, fotosuratga olish jarayonining murakkabligi va kuchli sabr-toqat talab qilishida bo‘lgan. Lo‘ndasini aytganda, qiziqish bilan Dager jamlanmasi sotib olgan hamma ham sifatli fotosuratga olishni eplay olmagan va ko‘pchilikni bunga sabri chidamagan. Dagerotipiya orqali fotosuratga olish ishi avvaliga kumush yuritilgan mis plastinkani tozalash va sayqallashdan boshlangan. Bu ish juda sinchkovlik va qunt talab qilardi. Plastinkani avvaliga yumshoq momiq paxta bilan spirtda artish lozim bo‘lgan; keyin esa, temir oksidi vositasida yumshoq teri bilan sayqallangan. Plastinkaning yuzasiga barmoq bo‘lgan tegish mumkin emas edi. Plastinkaga yakuniy ishlov berish bevosita tasvirga olishdan oldin, o‘sha paytda bajarilishi shart bo‘lgan. Bunda plastinka sirtini sayqallab, uni qorong‘i quti ichda quruq yod bilan qoldirilgan. Aynan nimani tasvirga olinayotganiga qarab, plastinkaga yod bilan ishlov berish jarayoni ham har xil bo‘lgan. Agar manzara tasvirini olish kerak bo‘lsa, unda shoshilmasa ham bo‘lavergani uchun yod bug‘larini plastinaga oz-ozdan va sekin shimdirilgan. Aksincha, odam portreti olinmoqchi bo‘lsa, yod bug‘idan jadal ishlov berish kerak bo‘lgan. Dagerotipiya orqali fotosuratga olgan ilk fotoapparatlar ham mohiyatan takomillashtirilgan obskur kamerasi edi. Qutining obyektga yo‘naltiriladigan old qismida linzali tirqish bo‘lib, uning orqa tarafi, ya'ni, tasvir proyeksiyalanadigan devori yuqori va pastga harakatlanadigan qilib ishlangan. Aynan o‘sha devorga maxsus sharnirlar o‘rnatilgan bo‘lib, unga fotoplastinka mahkamlangan. Keyinchalik Sharl Shevelye ismli fotograf Dager fotoapparatini biroz mukammallashtirdi. U obskur kamerani ikkiga bo‘lib, birni ikkinchisiga nisbatan harakatlanadigan qilib yasadi. Bu orqali esa, tasvirga olinayotgan obyekt bilan linza masofasini rostlash imkoni paydo bo‘ldi. Shuningdek, Shevelye birinchi bo‘lib kamera tirqishi Qarshisiga bir emas, balki ikkita linza joylashtirdi va aytish mumkinki, tarixda ilk bor obyektiv yasadi. Ikkita linzalar sistemasidan iborat obyektiv va harakatlanadigan obskur kamerasi vositasida Shevelyening suratlari yanada sifatli chiqa boshladi. Shevelyening fotoapparatida suratga tushish uchun odamlarga kamida 20 daqiqa davomida qimirlamasdan, bir xil holatda o‘tirish zarur edi va shu sababli, bunday suratga tushishga hammaning ham toqati yetmasdi. Lekin baribir, o‘z tasvirini oynada, emas, balki qog‘ozda ko‘rish va ayniqsa, avlodlarga qoldirish ishtiyoqida bo‘lgan odamlar topilardi va ular fotoapparat qarshisida qancha kerak bo‘lsa, shuncha miq etmay o‘tirishga rozi bo‘lardilar. Dager va Shevelye singari ilk fotograflar olgan suratlarning deyarli hammasida odamlarning ko‘zi yumuq holda bo‘lgan. Buning sababi, ularning fotosuratlari Quyoshli kunda, oftob tig‘i ostida olingani bilan bog‘liq (nisbatan sifatli suratlar aynan shunday sharoitda olingan). Suratga olib bo‘lgach, fotograf plastinkani ehtiyotlik bilan olib, uni qorong‘i xonaga olib borgan. Qorong‘i xonada fotograf o‘zi qandaydir eng minimal orientirni saqlashi uchungina, odatda sham yoqib juda xira yorug‘lik ta'minlangan. Bunday qorong‘i sharoitda fotograf simob bug‘i vositasida plastinkadagi tasvirni ochgan. Buning uchun, tubi mis bilan qoplangan qutiga simob quyib, unga fotoplastinkani yuzasini pastga qaratib botirib qo‘yilgan. Agar jarayonni tezlatish lozim bo‘lsa, qutining tagiga spirtli lampa yoqib qo‘yilgan. Lampaning yonish issiqligi ta'sirida qutidagi simob jadallik bilan bug‘lana boshlagan va tasvirni ochgan. Dagerotipchi-fotograf bu jarayonni uzoqroqdan, maxsus darchadan kuzatib turgan. Tasvir yetarlicha tiniq ochilgach, plastinkani qutidan olingan. Shundan keyin rasmni yanada aniq chiqishi va uni uzoq saqlanishini ta'minlashga xizmat qiladigan qator amaliyotlarni bajarish zarur bo‘lgan. Xususan, plastinkadagi kumush yodit qoldiqlarini bartaraf qilish uchun uni natriy tiosulfat eritmasiga solingan. Ushbu eritma kumush yodit qoldiqlarini eritib tushirib yuborgan. Keyin esa plastinkani suv bilan yaxshilab yuvishgan va quritishga qo‘yilgan. Natijada plastinkada barcha tafsilotlari bilan aniq-ravshan namoyon bo‘lgan tasvir yuzaga kelgan. Lekin tasvir uzoq yillar davomida saqlanishi uchun uni mustahkamlash zarur edi. Buning uchun plastinkani kuchsiz oltin xlorid eritmasi bilan chayib, spirtli olovda qaynatishgan. Bunday reaksiyada oltin xloridagi xlor plastinkadagi kumush bilan birikib qolgan. Oltin esa, alohida metall holida ajralib chiqib, tasvir sirtini juda yupqa plyonka tarzida qoplab olgan va unga havoning va boshqa moddalarning ta'sirini bartaraf etadigan qalqon bo‘lib yopishib qolgan. Shuningdek, bu jarayonda plastinkadagi kumushning jilvalanishi va nur qaytarishi singari yoqimsiz xususiyati ham bartaraf bo‘lib, rasmni ko‘rish jarayonidagi ko‘zga tushadigan qiyinchiliklarni ham oldi olingan. Tarkibida oltin bo‘lgan moddalar bilan ishlov berish amaliyoti esa, sifatli fotosuratlarning tannarxini yanada ortishiga sabab bo‘lgan. Fotografiya ixtiro qilingan ilk yillarda uning bo‘y-basti shunday edi. Biz yuqorida hikoya qilgan qisqacha tarix bilan tanishgan va kimyo bilan oshno tutingan mutolaachilar allaqachon sezishganidek, bu tarzda fotosuratga olish jarayoni nafaqat kuchli sabr-toqat talab qiladigan mashaqqatli yumush, balki, salomatlik uchun xavfli ish ham bo‘lgan. Yod va simob bug‘lari bilan ishlash, qorong‘i xonadagi mehnat jarayonlari dastlabki fotograflarning salomatligiga jiddiy zarar yetkazgan. Shunga qaramay, "lahzani to‘xtatish mo‘jizasi" avvalo yosh avlodning va umuman jamiyatning keng qatlamlarining juda katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Ular soatlab simob va yod bug‘larini yutib ishlashsa-da, plastinkada tasvirning paydo bo‘lishi jarayonidan hayrat aralash bahra olish uchun har qancha qiyinchilikka tayyor edilar. Fotografiya tez orada shunchaki tasvir olish va saqlab qo‘yish vositasi emas, balki san'atning yangi yo‘nalishi sifatida ham shakllana boshladi. Fotosuratlarni keng yoyish va ularni oddiy aholi ham sotib ola oladigan darajaga keltirish uchun qimmatbaho kumush plastinkalar o‘rniga qog‘ozdan foydalanishni yo‘lga qo‘yish zarur edi. Yorug‘likka sezgir va o‘zidagi tasvirni uzoq saqlab turadigan bunday qog‘ozni fotoqog‘oz deb nomlandi. Fotoqog‘oz tayyorlash borasidagi ilk sinov-tajribalarini bir paytlar Vejvud amalga oshirib ko‘rgan bo‘lib, bu borada uncha-muncha yutuqlar allaqachon mutaxassislar qo‘lida bo‘lgan. 1839 yilda Uilyam Genri Foks Talbot (1800-1877) fotoqog‘ozga olingan tasvirni maxsus kislota bilan ishlov berish orqali tezkor ochish usulini topdi. Bu xuddi simobning kumush sirtida tasvirni ochishining aynan takrorlanishi edi. Keyingi yili Londonlik professor Goddart agar kumush yodit o‘rniga kumush bromid qo‘llansa, fotoplastinkaning yorug‘likka sezgirligi bir necha barobar ortishini aniqladi. Goddartning kashfiyoti fotografiyada navbatdagi tub burilish yasadi desak aslo xato bo‘lmaydi. Chunki, kumush bromidli fotoplastinkaga tasvir olish uchun, kumush yoditli plastinkadan farqli ravishda 20 daqiqa emas, balki atiga 20 soniya kutish kifoya qilardi. Bu esa, betoqat mijozlarning e'tirozlariga chek qo‘yadigan eng katta yutuq edi. Keyinroq Klode ismli mutaxassis yod bilan ishlov berilgan kumush plastinkalarni ustidan brom bilan yana bir bor ishlov berilsa, plastinkaning sezgirligi yanada ortishini aniqladi. Endi Goddart tavsiya qilgan 20 soniya ham juda uzoq tuyiladigan bo‘lib qoldi. Klode usuli bilan itiga ikki-uch soniyada tasvirni olish mumkin edi va bu fotografiyaning hozirgi ma'nosidagi uzil-kesil shakllanishi bo‘lgan. Klode kashfiyotidan keyingi eng tezkor fotografiya usullarida kumushning yod, brom va xlor bilan birikmalari asosiy o‘rin egallagan. Bunda, yorug‘lik nurlari ta'sirida kumushning mazkur elementlar bilan birikmalari parchalanib, kumush atomlari alohida holda ajrab qolgan va fotoplastinka yoki fotoqog‘oz sirtida tasvir hosil qiluvchi modda sifatida tartiblanib qolgan. Fotosuratga olish jarayonida yuz beradigan barcha reaksiyalarni bir necha oddiy kimyoviy tajribalar orqali ko‘rib chiqish mumkin. Agar probirkadagi eritilgan osh tuziga bir necha tomchi kumush nitrati solinsa, ularning aralashishi natijasida oq rangli kumush xloridi quyqasi hosil bo‘ladi. Quyosh nuri ta'sirida ushbu quyqa o‘zining oq rangini yo‘qotadi va avvaliga binafsharang, keyin kulrang, so‘ngra qora tusga kiradi. Bu jarayonda, yorug‘lik ta'sirida avvaliga kumush xloridi parchalanadi va natijada metall kumush ajralib chiqadi. Biroq, bunday o‘zgarishlarga cho‘kmaning faqat yorug‘lik eng yaqin tashqi qatlamlari duchor bo‘ladi xolos. Agar eritmaga yana bir necha tomchi natriy tiosulfat tomizilsa, kumush xloridning katta qismi asta-sekinlik bilan erib ketadi. Faqat uning tarkibida biroz avval yorug‘lik ta'sirida ajralib chiqqan metall kumush donachalari erimay qoladi va ular eritma ichida suzib yura boshlaydi. Fotografiyaning mohiyati aynan ushbu reaksiyalardagi bilan bir xildir. Fotoqog‘oz tayyorlash uchun esa, yozish uchun chiqarilgan eng yaxshi sifatli qog‘ozdan foydalanishgan. Bunday qog‘ozni oddiy osh tuzining 10%-lik eritmasi bilan namlatib, quritib, so‘ngra kumush nitrati eritmasi sirtiga yoyib qo‘yishgan. Buning natijasida, qog‘oz sirtida yorug‘lik sezgir kumush xlorid qatlami hosil bo‘lgan. Tayyor bo‘lgan fotoqog‘ozni xuddi yuqorida bayon qilinganidek, ya'ni, fotoplastinka bilan bir xil tarzda ishlatishgan. Biroq, bunda fotoqog‘ozga olingan tasvir aslidagining teskari bo‘lib chiqqan. Ya'ni, aslida oq rangda bo‘lgan joylar tasvirda qora va aslida qora bo‘lgan joylar tasvirda oq bo‘lib chiqqan. Bunday tasvirlar albatta hech kimga yoqmagan. Rasmni asl holiga keltirish uchun fotograflar maxsus nusxalash amaliyotini bajarishlariga to‘g‘ri kelgan. Biroq, bunday amaliyotlar uchun qog‘oz unchalik ham yaxshi material bo‘lib chiqmadi va uning o‘rniga yana muqobil material izlashga to‘g‘ri keldi. Toza shisha aslida buning uchun eng yaxshi variantga o‘xshardi. Lekin u o‘ziga fotografiya uchun zarur kimyoviy moddalarni shimdira olmaydi va shu sababli, shisha variantidan darhol voz kechilgan. Bunday mujmal vaziyatdan chiqish yo‘li ham ancha tez topildi. 1851-yilda Frederik Skot Archer (1813-1857) shishali fotoplastinkaning sirtiga kollodiy bilan ishlov berish orqali yorug‘lik sezgir qatlam hosil qilish usulini topdi. Fotografik kollodiy paqildoq paxta qog‘ozining efirli spirtdagi eritmasidan iborat bo‘lib, rangsiz shilimshiq suyuqlik ko‘rinishida bo‘lgan. Uni yupqa qilib surtilsa, juda tez qurib, shaffof plyonka hosil qilgan. Shisha fotoplastinka olish uchun kollodiyli eritmaga kadmiy yodit qo‘shilgan. Keyin toza shisha plastinkani olib, uni ustiga kollodiy eritmasi quyishgan. Kollodiy shisha plastinka sirtida qo‘yiq massa hosil qilib qurigach, plastinkani kumush yodit bilan to‘yintirilgan kumush nitrati eritmasiga botirishgan. Bunday reaksiyada yod va brom kumush bilan birikib, kumush yodit va kumush bromid hosil qilgan. Ushbu birikmalar esa kollodiy qatlami ustiga cho‘kkan. Aksincha, kumush tuzidan halos bo‘lgan azot kislotasi, kadmiy bilan birikkan. Shu tarzda, yorug‘lik sezgir fotoplastinka tayyorlangan. Bunday plastinkaga olingan tasvirni ochish uchun esa, unga suv, temir kuporosi, sirka kislotasi va spirt aralashmasidan iborat eritma bilan ishlov berishgan. Bunda sirka kislotasi tasvirni ochish jarayonini ortiqcha tezlashib ketishini oldini olishga xizmat qilgan. Mustahkamlash esa, avvalgidek, natriy tiosulfat bilan bajarilgan. Oxirida, shisha fotoplastinkaga olingan bunday rasmni sirtiga kumush xlorid bilan ishlov berilgan maxsus fotoqog‘ozga nusxalangan. Aynan kollodiyli fotografiya hozirgi zamon fotografiyasiga asos solgan deyish o‘rinli bo‘ladi. Chunki, aynan shu turdagi fotografiya jamiyatning hamma qatlamlari uchun imkonli, arzon, bo‘lib, fotosuratga olish texnikasi ham birmuncha sodda, rasmlar sifati esa yetarli darajada tiniq bo‘lib chiqa boshladi. Fotografiya butun dunyoda keng yoyila boshladi va endi oddiy odamlar ham o‘z qo‘llari bilan "lahzani muhrlab" tarix uchun saqlab qo‘ya boshlashdi. Umuman olganda, fotografiyaning insoniyat uchun qay darajada muhim ahamiyatli ixtiro bo‘lganini kimdir sodda tilda ta'riflab berishi mushkul. Menimcha u, odamzotning parvoz qilishni orzu qilgani singari eng azaliy orzulardan biri bo‘lgan va ushbu orzusiga insoniyat XIX-asrda erishgan. Fotografiyaning ayniqsa tarix uchun ahamiyatini hozirda hech kim inkor qila olmaydi. Shu xulosa bilan ushbu uzun maqolamizni yakunlar ekanmiz, e'tiboringizga, fotografiya ixtiro qilingach, dastlabki paytlarda biz o‘zbeklarning hayotiga, ajdodlarimiz timsollariga oid tushirilgan fotosuratlarni havola etamiz. P.S. Xudoybergan Devonov (1879-1940) - birinchi o‘zbek fotografi Fotografiya ixtiro qilingach, ushbu ajoyib ixtiro tez orada bizning yurtlarimizga ham kirib kelgan. o‘zbeklar orasida eng birinchi fotograf Xiva xonligida yashagan Xudoybergan Devonov (1879-1940) bo‘lib, u 1908-yilda Sankt-Peterburgda 3 oylik maxsus amaliyot o‘tab, olish sir-asrorlarini o‘rganadi va tez orada o‘zi mustaqil fotograflik qila boshladi. U XIX-asr oxiri va XX-asr boshlarida Xiva xonligidagi hayotga oid bir necha qimmatli tarixiy suratlarni olgan. Download 299.27 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling