Fuqaro Qosimov ovdan qaytayotib o‘z uyi yaqinida bir guruh o‘smirlarni ko‘rdi. Ular orasidan Nodirov Qosimovdan: "O‘zi biror nima ovlay oldingmi?" deb so‘radi


Download 83 Kb.
bet1/2
Sana02.01.2022
Hajmi83 Kb.
#202117
  1   2
Bog'liq
Abduvaliyev G'olibjon. Jinoyat huquqi.


Kazus-2

Fuqaro Qosimov ovdan qaytayotib o‘z uyi yaqinida bir guruh o‘smirlarni ko‘rdi. Ular orasidan Nodirov Qosimovdan: “O‘zi biror nima ovlay oldingmi?” – deb so‘radi. Qosimov esa: “Ovlay olmadim, lekin hozir seni ovlayman”, – dedi hamda miltiqni Nodirovga qaratib o‘qtalib ushladi. Shu payt Qosimovning bosh barmog‘i tepkini bexosdan bosib yuborishi natijasida miltiqdan o‘q otildi va natijada Nodirov o‘lim kelib chiqadigan darajada jarohat oldi. Qosimov esa shu zahotiyoq Nodirovga yordam ko‘rsata boshladi va “Uni o‘ldirib qo‘ydim”, –deb, yig‘lab boshini yerga urdi. Tez yordam xizmati kelishi bilan Qosimov ham shifoxonaga borib, jabrlanuvchiga qon berdi. Ko‘rsatilgan yordamga qaramay, Nodirov vafot etdi. Dastlabki tergov va sudda Qosimov Nodirovni o‘ldirmoqchi emasligini, faqat hazillashmoqchi bo‘lganini, barmog‘i ilgakdan chiqib ketganligi sababli tasodifan o‘q otilganini aytdi. Shuningdek, tergovda aniqlanishicha, R. va N. do‘stona munosabatda bo‘lgan.



Vaziyatga huquqiy baho bering. Ayb tushunchasi va uning shakllarini muhokama qiling. Qosimovning tushuntirishlari va sodir qilgan harakati xarakteriga qarab uning harakatidagi ayb shaklini aniqlang.

Inson bu yorug` dunyoda ko`z ochar ekan o`zining tabiiy va uzviy huquqlariga ega bo`ladi. Ba`zi huquqlar inson tug`ilishi bilan vujudga kelsa, ba`zi huquqlar uning hayoti davomida vujudga keladi. Shuningdek, inson hayoti davomida o`zi yashab turgan mamlakatda, uning qonunlari bilan belgilab qo`yilgan majburiyat va burchlarni bajarishga majbur bo`ladi. Inson huquqlari orasida yashash huquqi birinchi darajali hisoblanadi. “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 3-moddasida: “Har bir inson yashash, erkin bo‘lish va shaxsiy daxlsizlik huquqlariga egadir”, – deb belgilab qo‘yilgan. Bu holat O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasida ham keltirilgan. Unga ko‘ra: “Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir”, – deyilgan. Demak, qonunda belgilab qo`yilgan hollardan tashqari, insonning yashash huquqiga hech kim daxl qilishi, tajovuz qilishi, uning erkinligini chaklovchi harkatlarni amalga oshirishi mumkin emas.

Sodir etilgan qilmishni jinoyat deb topishda muhim bo‘lgan jihatlardan biri – bu jinoyatning tarkibi hisoblanadi. Jinoyat tarkibi deb, jinoyat huquqida jinoyat qonuni bilan belgilangan aniq ijtimoiy xavfli qilmishni jinoyat deb baholash uchun zarur obyektiv va subyektiv belgilar yig‘indisi tushuniladi. Jinoyat tarkibi jinoyatning o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, o‘zida jinoyatning barcha alomatlarini mujassamlashtirgan holda shu alomatlarning shaxs tomonidan sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmishida mavjud ekanligi qilmishni jinoyat deb toppish uchun asos bo‘ladi. Jinoyat tarkibini to`gri aniqlanishi jinoyatni tog`ri kvalifikatsiya qilishda muhim o`rin tutadi. Jinoyat tarkibi 4 ta elementdan iborat:


  • Jinoyat obyekti;

  • Jinoyat obyektiv tomoni;

  • Jinoyat subyekti;

  • Jinoyat subyektiv tomoni;

Sodir etilgan qilmishda jinoyat tarkibining ushbu elementlaridan birortasining mavjud bo`lmasligi qilmishning jinoyat deb topilmasligiga olib keladi.

Jinoyat obyekti deganda, jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlar tushuniladi. Jinoyat qonunlari bilan qo‘riqlanadigan har qanday ijtimoiy munosabat jinoyatning umumiy obyekti hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 2-moddasida jinoyat tarkibi keltirib o`tilgan: “Jinoyat Kodeksining vazifalari shaxsni, uning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlat manfaatlarini, mulkni, tabiiy muhitni, tinchlikni, insoniyat xavfsizligini jinoiy tajovuzlardan qo‘riqlashdan iboratdir”.

Jinoyatning obyektiv tomoni ijtimoiy xavfli qilmishning tashqi tomoni bo‘lib, jinoyatning qanday sodir etilganligini ko‘rsatadi. Ya’ni, jinoyatning obyektiv tomoni – jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan obyektga qarshi qilingan ijtimoiy xavfli harakat yoki harakatsizlikdir Jinoyat obyektiv tomonining belgilarini ikki turga ajratishimiz mumkin: birinchisi – zaruriy belgilari. Ular: ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik), ijtimoiy xavfli oqibat va ijtimoiy xavfli qilmish bilan kelib chiqqan oqibat o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish. Ikkinchisi – fakultativ belgilari. Ular: jinoyat sodir etish joyi, vaqti, sharoiti, vositasi, usuli, quroli va boshqalar. Lekin, ushbu holat formal hamda moddiy tarkibli jinoyatlarda farqlanadi. Ya`ni, moddiy tarkibli jinoyatlarda jinoyat obyektiv tomonining zaruriy belgilari: ijtimoiy xavfli qilmish (harakat yoki harakatsizlik), ijtimoiy xavfli oqibat va ijtimoiy xavfli qilmish bilan kelib chiqqan oqibat o‘rtasidagi sababiy bog‘lanish bo`lsa, fakultativ belgilari: jinoyat sodir etish joyi, vaqti, sharoiti, vositasi, usuli, quroli va boshqalar. Formal tarkibli jinoyatlarda esa jinoyat obyektiv tomonining zaruriy belgisi - ijtimoiy xavli qilmishdir. Chunki formal tarkibli jinoyatllarda oqibat kelb chiqishi talab etilmaydi. Fakultativ belgilari esa: jinoyat sodir etish joyi, vaqti, sharoiti, vositasi, usuli, quroli va boshqalar.

Jinoyat tarkibining zaruriy elementlaridan yana biri bu - jinoyatning subyektidir. Jinoyat subyekti – jinoyat sodir qilgan shaxsdir. Jinoyat sodir qilgan shaxs bo‘lmasa, o‘z-o‘zidan jinoyat ham bo‘lmaydi. Jinoyat subyekti – ijtimoiy xavfli qilmish sodir qilgan, qonunga muvofiq ravishda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin bo‘lgan yoshga to‘lgan, aqli raso, jismoniy shaxs bo`lishi mumkin. Jinoyat qonuni bo‘yicha jinoyat subyekti faqat jismoniy shaxs bo‘la oladi, yuridik shaxslar (tashkilot, muassasa, korxonalar) jinoyatning subyekti bo‘la olmaydi. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 17-moddasida: “Jinoyat sodir etgunga qadar o‘n olti yoshga to‘lgan, aqli raso jismoniy shaxslar javobgarlikka tortiladilar”, – deyilgan. Bu moddadan kelib chiqqan holda, jinoyat subyektining quyidagi belgilarini ajratib ko‘rsatishimiz mumkin: jismoniy shaxs ekanligi, aqli rasoligi va qonun bilan belgilangan yoshga yetganligi.

Jinoyatning subyektiv tomoni deganda, aybdor shaxsning o‘z ijtimoiy xavfli harakati yoki harakatsizligiga va undan kelib chiqadigan ijtimoiy xavfli oqibatiga bo‘lgan ruhiy munosabati tushuniladi. JKning 20-moddasiga ko‘ra: “Ushbu Kodeksda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmishni qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida sodir etgan shaxs jinoyat sodir etilishida aybdor deb topilishi mumkin”, – deyilgan. Jinoyat huquqida jinoyat subyektiv tomonining zaruriy belgisi aybning qasd yoki ehtiyotsizlik shakli hisoblanadi. Subyektiv tomonning fakultativ belgilari esa, jinoyatning motiv va maqsadidir.

Insonning huquqqa xilof xatti-harakati “ayb” tushunchasi bilan qamrab olinadi. Ayb – shaxsning sodir etgan ijtimoiy xavfli qilmishi va uning oqibatlariga (qasdddan yoki ehtiyotsizlik ko`rinishidagi) bo`lgan ruhiy munosabati tushuniladi. O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 20-moddasiga muvofiq jinoyat:



  • Qasd;

  • Ehtiyotsizlik orqasidan sodir etilishi mumkin.

Bu esa aybning ikkita: qasd va ehtiyotsizlik shakllari mavjud ekanligini ko`rsatadi. Qasdga ta`rif beradigan bo`lsak, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 21-moddasida: “Jinoyat tamom bo‘lgan payt ijtimoiy xavfli qilmish bajarilgan vaqt deb hisoblangan bo‘lib, uni sodir etgan shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavflilik xususiyatini anglagan va shunday qilmishni sodir etishni istagan bo‘lsa, bunday jinoyat qasddan sodir etilgan deb topiladi”1 deb belgilab qo`yilgan. O`z navbatida aybdorning jinoyatni sodir etish vaqtida qandaydir ijtimoiy xavfli oqibat kelib chiqishini xohlashi yoki unga yo‘l qo‘yishi asnosida qasdni to‘g‘ri va egri turlarga bo‘linadi. Aybning bu ikki shakliga ham jinoyat kodeksining 21-moddasi uchinchi va to`rtinchi qismlarida ta`rif berib o`tilgan. Unga ko`ra:

Agar shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi etgan va ularning yuz berishini istagan bo‘lsa, bunday jinoyat to‘g‘ri qasddan sodir etilgan deb topiladi.



Agar shaxs o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, uning ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi etgan va ularning yuz berishiga ongli ravishda yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, bunday jinoyat egri qasddan sodir etilgan deb topiladi.” 2

Demak, ushbu moddadan kelib chiqib aytadigan bo`lsak, jinoyat to`g`ri qasddan sodir etilganda jinoyatni sodir etayotgan shaxs o`z qilmishining ijtimoiy xavli ekanligini anglaydi, uning inson hayoti, sog`lig`i, mulki, shuningdek, tabiiy muhit uchun xavfli oqibat keltirib chiqarishi mumkinligiga ko`zi yetadi hamda uning yuz berishini istaydi.

Jinoyat egri qasddan sodir etilganda jinoyatni sodir etayotgan shaxs o`z ijtimoiy xavfli qilmishini xavfli xususiyatini anglaydi, uning inson hayoti, sog`lig`i, mulki, shuningdek, tabiiy muhit uchun xavfli oqibat keltirib chiqarishi mumkinligiga ko`zi yetadi hamda uning yuz berishiga ongli ravishda yo`l qo`yib beradi.

Egri va to‘g‘ri qasdni bir-biridan ajratib turuvchi asosiy farq: to‘g‘ri qasdda xohish, egri qasdda ongli ravishda yo‘l qo‘yish bilan amalga oshiriladi.

Ehtiyotsizlikdan sodir etiladigan jinoyatlarga to`xtaladigan bo`lsak, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 22-moddasida: “O‘z-o‘ziga ishonish yoki beparvolik orqasida sodir etilgan ijtimoiy xavfli qilmish ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyat deb topiladi.”1

Ushbu moddadan kelib chiqadigan bo`lsak, jinoyat subyekti o‘z harakatlarida xatolikka yo‘l qo‘yadi va bu jinoiy oqibat vujudga kelishiga olib keladi. Xatolik esa o‘z-o‘ziga ishonish va beparvolik orqasida, boshqacha qilib aytganda, e’tiborsizlik, loqaydlik, bilim saviyasi yetishmasligidan kelib chiqadi.

Jinoyat huquqida aybning ehtiyotsizlik shakli ikki xil ko‘rinishda, ya’ni o‘z-o‘ziga ishonish va beparvolik tarzida namoyon bo‘ladi. Bunda o‘z-o‘ziga ishonishda shaxs o‘z xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga ko‘zi yeta turib, ehtiyotkorlik chora-tadbirlariga ongli ravishda rioya etmagan holda bunday oqibatlar kelib chiqmasligiga asossiz ravishda umid qiladi. O‘z-o‘ziga ishonishda aybdor o‘ziga, o‘z kuchiga, tajribasiga, bilimiga tayanish bilan birga, boshqa shaxslarning harakati, tabiat kuchlariga ham tayanadi. Beparvolik shaklida esa shaxs o‘z xulq-atvori qonunda nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligiga ko‘zi yetmasa-da, lekin ko‘zi yetishi lozim va mumkin bo’ladi. O‘z-o‘ziga ishonish bilan beparvolik o‘rtasidagi farq shundaki, o‘z-o‘ziga ishonishda, aybdor aniq mavhum ijtimoiy xavfli oqibatning kelib chiqishini ko‘ra biladi, beparvolikda esa bunday oqibatni kelib chiqishini hech qanday shaklda anglamaydi.

Ehtiyotsizlikning o‘z-o‘ziga ishonish turi va egri qasd bir-biriga o‘xshab ketadi, chunki ikkala holatda ham aybdor o‘zining xulq-atvori natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy xavfli oqibatni oldindan ko‘ra biladi. Lekin ular bir-biridan farq qiladi. Asosiy farqi aybdorning qilmishga nisbatan bo‘lgan irodaviy holatida namoyon bo‘ladi. Agar egri qasdda aybdor ijtimoiy xavfli oqibat kelib chiqishiga ongli ravishda yo‘l qo‘ysa, o‘ziga o`zi ishonishda oqibatlar kelib chiqmasligiga asossiz ravishda umid qiladi. Boshqacha qilib aytganda, agar shaxs egri qasdda ijtimoiy xavfli oqibat kelib chiqishiga ongli ravishda yo‘l qo‘ysa yoki ularning kelib chiqishiga befarq munosabatda bo‘lsa, ya’ni kelib chiqqan oqibatni yoqlasa, yoki ularga ijobiy yondashsa, o‘ziga o`zi ishonishda esa shaxs nafaqat xohishining mavjud emasligi, ularni keltirib chiqarmaslikka harakat qilishi va ularga nisbatan nisbiy munosabatda bo‘lishi bilan farqlanadi.

O‘z navbatida ehtiyotsizlikdan sodir etiladigan jinoyatlar mexanizmi qasddan sodir etiladigan jinoyatlar mexanizmidan farq qilib, qasddan sodir etiladigan jinoyatlar o‘z ichiga jinoyat sodir etishga motivning vujudga kelishi, jinoyatning rejalashtirilishi, uning amalga oshirilishi, jinoiy oqibatlar vujudga kelishi, qo‘yilgan maqsadga erishish kabi bo‘g‘inlar bo‘ladi. Ehtiyotsizlikdan sodir etiladigan jinoyatlarda esa motivning vujudga kelishi, jinoyatning rejalashtirilishi, qo‘yilgan maqsadga erishish kabi bo‘g‘inlar bo‘lmaydi.

Bir qancha olimlar ayb tushunchasiga to`xtalib o`tishgan. M. Usmonaliyev tomonidan unga “jinoyat qonuni bilan taqiqlangan ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsning o‘zi sodir etgan ijtimoiy xavfli qilmishiga va uning oqibatlariga bo‘lgan ichki ruhiy munosabati”, deya ta’rif berilgan. A.I.Rarog esa aybni kengroq ta’riflagan. Uning fikricha: “Ayb – bu shaxsning o‘zi sodir etgan ijtimoiy xavfli qilmishga nisbatan qasd yoki ehtiyotsizlik ko‘rinishidagi ruhiy munosabati bo‘lib, bunda mazkur shaxsning muhim ijtimoiy qadriyatlarga nisbatan jamiyatga qarshi, jamiyatga xos bo‘lmagan yoki yetarli darajada ijtimoiy ifoda etilmagan munosabati namoyon bo‘ladi”1. Ayb ikki xil shakli mavjud bo`lib bular: qasd va ehtiyotsizlik. M.A.Rajabovaning ta’kidlashicha, “Islom huquqida, aniqrog‘i “Hidoya” asarida odam o‘ldirish jinoyatining o‘zi aybning shakliga qarab, qasddan o‘ldirish, qasdga o‘xshash o‘ldirish, beqasd (bilmay) o‘ldirish, beqasdga (bilmasdan) o‘xshash o‘ldirish va sababli qotillikka ajratib belgilangan”1.

Yuqoridagi qoidalardan kelib chiqib, bizga berilgan kazusga huquqiy baho beradigan bo`lsak, ushbu vaziyatda jinoyatning tarkibiga, Qosimovning jinoyat sodir etishdan oldingi harakatlariga, jinoyat sodir etgandan keying harakatlariga va tergovda, sudda bergan ko‘rsatmalariga alohida e’tibor berishimiz lozim. Ushbu vaziyatda jinoyatning subyekti – fuqaro Qosimov. U jinoyatni sodir etgan shaxs hisoblanadi. Turiga ko‘ra, umumiy subyekt hisoblanadi, chunki unda maxsus subyekt belgilari mavjud emas. Jinoyatning obyekti – inson hayoti, ya’ni fuqaro Nodirovning hayoti, yashash huquqi. Qosimovning harakatlari aynan unga qaratilgan. Subyektiv tomoni – aybning mavjudligi, ya’ni ehtiyotsizlik. Obyektiv tomoni esa harakat. Jinoyat harakat orqali amalga oshirilgan.

Qosimovning harakatlarida aybning qasd shakli mavjud emas. Chunki, birinchidan, Qosimovning xatti-harakatida biror bir maqsad ham, unga undovchi motiv ham yo‘q. Chunki, motiv va maqsad faqat qasddan sodir etilgan jinoyatlarda mavjud bo‘ladi. Ikkinchidan, Qosimov ijtimoiy xavfli oqibat vujudga kelishini xohlagani ham, va bunga ongli ravishda yo‘l qo‘ygani ham yo‘q. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etayotganda aybdor shaxsni hayotdan mahrum qilish niyatida harakat qiladi. Aksincha, yuqoridagi vaziyatda esa aybdor o‘sha zahotiyoq jabrlanuvchiga yordam ko‘rsatgan, qilgan ishidan afsuslangan va shifoxonaga borganida qon ham bergan. Ya’ni, aybdorda jabrlanuvchini hayotdan mahrum qilish niyati bo‘lmagan. Uchinchidan, aybdorning o‘zi tergov va sud jarayonida jabrlanuvchini o‘ldirmoqchi bo‘lmaganini, faqat hazillashmoqchi bo‘lganini, o‘q tasodifan otilib ketganini aytgan. Qolaversa, ular do‘stona munosabatda bo‘lishgan. Aybdor o‘zining harakatlarining qanday ijtimoiy xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini anglagan, ya’ni miltiq otilib ketadigan bo‘lsa, o‘lim yuzaga kelishi yoki og‘ir tan jarohati yetishi mumkinligini ongli ravishda anglagan. Lekin ularning yuz bermasligiga asossiz ravishda umid qilgan. Ya’ni, aybdor bu holatda o‘ziga, o‘zining tajribasiga, mahoratiga ishongan bo‘lishi mumkin. Bu holatda Qosimovning jinoyati “ehtiyotsizlik orqasida odam o‘ldirish” hisoblanib, Jinoyat Kodeksining 102-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinadi.

O‘z navabatida ehtiyotsizlik orqasida sodir etilgan jinoyatlar uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlashda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sud Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi “Sudlar tomonidan jinoyat uchun jazo tayinlash amaliyoti to‘g‘risida”gi Qarorining: “Sudlar ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, shuningdek uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatilishi mumkin bo‘lgan shaxslarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlash uchun qonunda mavjud barcha imkoniyatlardan to‘liq foydalanishlari kerak”, degan talabiga qat’iy amal qilish talab etiladi. Sababi ehtiyotsizlik orqasida sodir etiladigan jinoyatlarning barchasi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga kiradi. Qolaversa, yuqoridagi vaziyat bo‘yicha jazo tayinlashda jazoni yengillashtiruvchi holatlar ham e’tiborga olinadi. Masalan, aybdorning jinoyat sodir etgandan keying holati, ya’ni uning harakatlari qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini anglatib turibdi. Bundan tashqari, sud tomonidan Jinoyat Kodeksining 55-moddasida keltirilmagan boshqa holatlarni ham yengillashtiruvchi holat deb topishi mumkin. Masalan, jinoyat sodir bo‘lishidan oldingi ularning do‘stona munosabatda bo‘lganligi.

Yuqoridagilardan xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, Qosimovning sodir etgan qilmishida jinoyat tarkibining barcha elemantlari mavjud va uning bu qilmishi o`z navbatida jazoga sazovor. Chunki, Qosimov Nodirovning Konstitutsiya va jinoyat qonunlari bilan qo‘riqlanadigan yashash huquqidan mahrum qilgan. Uning sodir qilgan qilmishida ayb shakliga to`xtalsak, uning qilmishi ehtiyotsizlikning o`z-o`ziga ishinish turi hisoblanadi. Qilmish ehtiyotsizlikdan sodir etilgan jinoyat sifatida kvalifikatsiya qilingan har bir holatda tergov va sud shaxsning harakatida ehtiyotsizlikning qaysi turi kuzatilganini baholash va aybdorga nisbatan jazo tayinlashda buni inobatga olishi lozim. Chunki, ehtiyotsizlikning beparvolik shaklidan ko‘ra o‘z-o‘ziga ishonish shakli xavfliroq hisoblanadi.




Download 83 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling