G‘afur G‘ULOM
SHE’RLAR
O‘zbek adabiyotining mashhur namoyandalaridan biri G‘afur G‘ulom 1903 yil 10 mayda Toshkent shahrining Qo‘rg‘ontegi mahallasida tavallud topdi. To‘qqiz yoshida otasidan, o‘n besh yoshida onasidan yetim qolgan G‘afur avval eski maktabda, so‘ngra rus-tuzem maktabida ta’lim oldi. U Oktyabr to‘ntarishidan keyingi yillarda muallimlar tayyorlov kursini bitirib, yangi maktablarda o‘qituvchilik qildi.
1923 yildan bolalar uyida mudir va tarbiyachi, so‘ng «Kambag‘al dehqon», «Qizil O‘zbekiston», «Sharq haqiqati» gazetalari tahririyatlarida ishladi. Gazeta uning uchun dorilfunun rolini o‘tadi, xalq hayotini o‘rganish, unga faol aralashish yo‘lida muhim vosita bo‘ldi.
30-yillarda G‘afur G‘ulom hikoya, ocherk, felyetonlar qatori «Netay», «Yodgor», «Tirilgan murda» kabi qissalarini ham yaratdi. Urush yillarida shoir o‘z ijodining butun haroratini fashist bosqinchilariga qarshi kurashayotgan xalqqa bag‘ishladi, uning muqarrar g‘alabasiga ishonch ruhi bilan sug‘orilgan she’rlar yaratdi. U «Sen yetim emassan», «Kuzatish», «Vaqt», «Sog‘inish» kabi she’rlar, publitsistik ocherk va maqolalar yozib, xalqni jang va mehnat g‘alabasiga otlantirdi.
G‘afur G‘ulom o‘zbek tarjima maktabining maydonga kelishiga ham ulkan hissa qo‘shgan. U «Otello», «Qirol Lir» singari jahon adabiyoti durdonalarini ^o‘zbek tiliga katta mahorat bilan o‘girgan. G‘afur G‘ulom O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi (1943) edi.
U 60 yillik yubileyi munosabati bilan «O‘zbekiston xalq shoiri» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan (1963). 2000 yilda esa Vatan oldidagi unutilmas xizmatlari uchun unga «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni berildi.
O‘zbek she’riyatining otashin jarchisi, ulkan so‘z san’atkori G‘afur G‘ulom milliy adabiyotimizning rivojiga katta hissa qo‘shgan adibdir. Adib 1966 yilda vafot etgan.
SOG‘INISH
Zo‘r karvon yo‘lida yetim bo‘tadek,
Intizor ko‘zlarda halqa-halqa yosh.
Eng kichik zarradan Yupitergacha
O‘zing murabbiysan, xabar ber, Quyosh!
Uzilgan bir kiprik abad yo‘qolmas,
Shunchalar mustahkam xonai xurshid.
Bugun sabza bo‘ldi qishdagi nafas,
Hozir qonda kezar ertagi umid.
Xoki anjir tugab, qovun g‘arq pishgan
Baxtli tong otar chog‘ uni kuzatdim,
Bir mal’un gulshanga qadam qo‘ymishkan,
Joni bir jondoshlar qolarmidi jim!
Unda yetuk edi meros mard g‘urur,
Ostonani o‘pib, qasamyod qildi.
Ukalarin erkalab, o‘zimday mag‘rur,
Ya’ni obod uyimni u dilshod qildi…
Iblisning g‘arazi bo‘lgan bu urush
Albatta, yetadi o‘zin boshiga.
O‘g‘lim omon kelar, g‘olib, muzaffar,
Gard ham qo‘ndirmasdan qora qoshiga.
Ne qilsa otamen, meros hissiyot…
Jondan sog‘inishga uning haqqi bor,
Kutaman, uzoqdan ko‘rinsa bir ot,
Kelayapti, deyman ko‘rinsa g‘ubor.
Bahor novdasida bo‘rtgan har kurtak
Sog‘ingan ko‘ngilga berar tasalli.
Ko‘chatlar qomatin eslatganidek,
Nafasin ufurar tong otar yeli.
Kechqurun osh suzsak bir nasiba kam,
Qo‘msayman birovni — allakimimni,
Doimo umidim bardam bo‘lsa ham,
Ba’zan vasvasalar bosar dilimni.
Balki bir g‘alat o‘q yo xavfu xatar
Xazinai umrimdan yo‘qotdi olmos…
Yo‘q, u o‘lmas, qadami olam yaratar,
Hayotiy bu olam sizu bizga xos.
Tong otar chogida juda sog‘inib,
Bedil o‘qir edim, chikdi oftob.
Loyqa xayolotlar chashmaday tindi,
Pok-pokiza yurak bir qatra simob.
O‘rog‘u gulqaychi, istak ko‘tarib,
Hovrimni bosishga boqqa jo‘nadim.
Hasharchi qo‘shni qiz — uning sevgani,
Ma’yus bosar edi orqamdan odim.
Bog‘da sarvinozim yo‘q edi garchand,
Ko‘makchim arg‘uvon yoring Nafisa,
Seni sog‘inganda qildim gul payvand —
Bu bahordan hayot olardi bo‘sa.
Dur bo‘lib taqilur yoring bo‘yniga,
Sadafday ko‘zimda, behuda bu yosh.
Ikkoving ikki yosh, labing labiga
Qo‘yar, vasvasamdan kuladi quyosh.
Asaldan ajragan mumday sarg‘ayib,
Ini yo‘q aridek to‘zg‘iganim yo‘q.
Ulug‘ e’tiqodda o‘laman qarib,
Abaddir mendagi padariy huquq.
Sizlarni keldi, deb eshitgan kuni —
O‘zing to‘qib ketgan katta savatda
To‘latib shaftoli uzib chiqaman,
G‘alaba kunlari yaqin, albatta.
Yayov, ko‘ksim ochiq, boshda shaftolu,
Xuddi mo‘ylabingdek mayin tuki bor,
Har bitta shaftolu misoli kulgu,
Shafaqday nim pushti, sarin, beg‘ubor.
Suyganing labida reza ter kabi
Unda titrab turar sabuhiy shabnam.
Munchalik mazani topa olmaydi
Uyquda tamshangan chaqaloqlar ham.
Yo o‘g‘lim, jonginang salomat bo‘lsin,
O‘z bog‘ing, o‘z mevang, danagin saqla.
Shu meros bog‘ingni o‘z qo‘lingga ol,
Menga topshirilgan merosiy haq-la.
Bog‘da tovus kabi xiromon bo‘lib,
Umid danagini birga ekingiz,
G‘olib kelajakni sayr qilaylik
Mushfiq onaginang bilan ikkimiz.
VAQT
G‘uncha ochilguncha o‘tgan fursatni
Kapalak umriga qiyos etgulik,
Ba’zida bir nafas olg‘ulik muddat —
Ming yulduz so‘nishi uchun yetgulik.
Yashash soatining oltin kapgiri
Har borib kelishi bir olam zamon.
Koinot shu damda o‘z kurrasidan
Yasab chiqa olur yangidan jahon.
Yarim soat ichida tug‘ilib, o‘sib,
Yashab, umr ko‘rib o‘tguvchilar bor;
Ko‘z ochib yumguncha o‘tgan dam — qimmat,
Bir lahza mazmuni bir butun bahor.
Bir onning bahosin o‘lchamoq uchun
Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz.
Nurlar qadami-la chopgan sekundning
Barini tutolmas ay(yu)hannos ovoz.
Yigit termiladi qizning ko‘ziga,
Kiprik suzilishi, mayin tabassum…
Qo‘sha qarimoqqa muhr bo‘ladi
Hayotda ikki lab qovushgan bir zum.
Yashash darbozasi ostonasidan
Zarhal kitob kabi ochilur olam,
Tiriklik ko‘rkidir mehnat, muhabbat,
Fursatdir qilguvchi aziz, mukarram.
Bebaho damlarning tirik joni biz,
Har oni o‘tmishning yuz yiliga teng.
O‘zbekning barhayot avlodlarimiz,
Har nafas mazmuni fazolardan keng.
Qatrada osmon aks etganidek
Jahonday ma’nodor qorachig‘imiz.
G‘olib asrimizga kuyoshdan mash’al,
Zamon ko‘rasining so‘nmas cho‘g‘imiz.
Zamona soati zang urar mudom,
Minglab hodisalar minutlarga qayd,
Qahramon tug‘ildi, shahar olindi,
Bir gigant qurildi sharafli bu payt.
Reyxstag ustiga g‘alaba tug‘in
Qadashda otilgan adolat o‘qi —
Yalt etgan umri-la barqaror qildi
Basharning muqaddas, oliy huquqin.
G‘alaba amri-la, mag‘lub nemisning
Generali qo‘l qo‘ydi. Uch sekund faqat…
Shu mal’un imzoda odamlar o‘qir
Million yil fashistning umriga lan’at.
Aziz asrimizning aziz onlari
Aziz odamlardan so‘raydi qadrin.
Fursat g‘animatdir, shoh satrlar-la
Bezamoq chog‘idir umr daftarin.
Shuhrat qoldirmoqqa Gerostratdek
Diana ma’badin yoqmoq shart emas.
Ko‘plarning baxtiga o‘zlikni jamlab,
Shu ulug‘ binoga bir g‘isht qo‘ysak bas.
Har lahza zamonlar umridek uzun,
Asrlar taqdiri lahzalarda hal,
Umrdan o‘tajak har lahza uchun
Qudratli qo‘l bilan qo‘yaylik haykal.
Hayot sharobidan bir qultum yutay,
Damlar g‘animatdir, umrzoq soqiy.
Quyosh-ku falakda kezib yuribdi,
Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.
G‘AFUR G‘ULOM: VAQT FALSAFASI
Vaqt fenomeni, hodisasi bir yo‘la bir necha – fizika, matematika, astronomiya va boshqa qator fanlarda o‘rganiladi. Chunki bu fanlar dunyoviy jarayonlarni tadqiq etar ekan, vaqt ishtirok etmagan jarayonning o‘zi yo‘q, qaysidir darajada vaqtga to‘qinadi. Vaqt badiiy adabiyot otlig‘ yaratiqning ham zaruriy ingredienti, masallig‘idir. Lekin o‘ta nozik, ko‘z ilg‘amas, ammo hamisha har yerda hoziru nozir masalliqdir.
“Tarix – bu vaqt doirasida kechadigan jarayonlarni o‘rganish bo‘lib, lekin vaqt nima ekanini hech kim bilmaydi”
Vaqt kabi yuzaki qaraganda jo‘n, zamirga boqilsa, o‘ta tilsim va mavhum narsani, uni narsa deb ham, narsa emas ham deb bo‘lmaydi, poetik mavzu qilib olish, uni munosib tarzda yuksak poetik mezonlarda ochib berish uchun bu ishga qo‘l urgan shoir uncha-muncha shoir bo‘lmasligi, bir vaqtning o‘zida (yana vaqt!) ham ulug‘ shoir, ham faylasuf bo‘lmog‘i, ya’ni mavhum fikrdan she’r yaratmog‘i, fikr qa’ridagi she’riyat, jozibani kashf etmog‘i kerak.
Buyuk donishmand Aristotel o‘zining “Fizika” asarida vaqt haqida to‘xtalar ekan, masalani “vaqt mavjud narsalar sirasiga kiradimi yoki nomavjud narsalar sirasiga, so‘ng uning tabiati qanaqa”[2] tarzida qo‘yadi. Binobarin, vaqt qaysi, fizikaviy aniq yoki poetik hissiy shaklda o‘rganilmasin, hamisha sirli hodisa bo‘lib qolaveradi.
“Vaqt” she’ri yaralishidan sal o‘tiboq, 1946 yili (she’rga 19.9.45 sanasi qo‘yilgan) “Hozirgi o‘zbek adabiyotidagi tizma so‘zning cho‘qqisi”[3] deya baholangan.
She’rning paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan voqea sarlavha ostida aniq qayd etilib, “Menga soat taqdim etgan jiyanim Hamidulla Husan o‘g‘liga bag‘ishlangan” deb yozib qo‘yilgan[4]. Bu shunchaki oddiy bag‘ishlov bo‘lmay, uni semiotik ochqich deb baholash mumkin. Bag‘ishlovda boshqa tafsilot yo‘q. Lekin shoir va tarjimon Aleksandr Naumov shoir tilidan yozib olgan “Yo‘l tugamaydi” (“Put ne konchaetsya”) deb nomlangan suhbatda shoir o‘zining qator asarlari, jumladan “Vaqt” she’ri haqida qimmatli ma’lumotlar beradi. Bunda aytilishicha, shoirga zobit jiyani taqdim etgan soat oddiy, ya’ni do‘kondan xarid qilingan yangi soat emas, balki trofey soat bo‘lgan. Soat azal-azaldan vaqt o‘lchagich asbob, lekin trofey soatning boshqa ko‘shimcha belgisi ham bor, u tutilgan, dushmandan o‘lja tarzda olingan buyum. Buni qayd etish muhim.
Shoir ushbu suhbatda ham hassos ijodkor, ham teran adabiyotshunos sifatida, zero akademik-shoir iborasi faqat G‘afur G‘ulomga yarashadi, “Vaqt”ning tug‘ilishidagi ikki jihatni aniq qayd etadi.
Birinchi jihat. Shoir sovg‘a haqida gapirib kelib, deydi: “Uni oldimu sal ijirg‘andim, soatni ko‘riboq o‘yladim, uni qandaydir nemis, fashist taqqan, buning ustiga u halok bo‘lgan… Shunday qilib, soat 45-yil mayigacha qaydadir yotdi. Bayram tantanalari avji qizigan payt tasodifan oldimdan chiqdi. Ongimda aniq shakllangan fikr bo‘lmasa-da, men uni endi taqishim mumkin, deb o‘yladim. Bir to‘yda qadah so‘zi aytar ekanman, dedim: mening bilagimdagi trofey soat bejizga emas, ilgari u dushman uchun vaqtni o‘lchasa, endi u bizning vaqtni ko‘rsatmoqda! (Asliyatda: ranshe oni otschitыvali vremya vragu, a teper schitayut nashe vremya!). Bizning vaqt… Lekin bu o‘ta umumiy ramz bo‘lib, u hamma narsani o‘ziga sig‘dirardi. She’r zaruriyati ongda pishib yetilgandi; lekin Vaqt obrazi xuddi bepoyon suv sathidek edi: men bir sohilda turar, ikkinchi sohilni esa ko‘ra olmasdim…”
Ikkinchi jihat. Yana allomaning so‘zlari: “Bir kuni, chala-yarim uyqusiz tundan keyin tongda shahar aylanishga chiqdim, ko‘chada sayr qilib yurib, nashriyot eshigiga kelib qolibman. Adabiy tahririyatda ikki kishi bor edi – muharrir do‘stlarimdan biri va korrektor qiz. Men beixtiyor salomlashdim, beixtiyor savolga javob berdim; qiz menga yonlab turardi, men uning uzun mayin kipriklariga boqdim. Ular xuddi tungi kapalak qanotiday ko‘tarilib-tushardi… Men yana qaradim: kapalak yana qanotlarini yozdi. Ko‘zini pirpiratdi… va men ushbu oniy lahzani arang ilg‘ay oldim. Mana sizga mangulikning ikkinchi chegarasi, ibtidolar ibtidosi! Ayni shu emasmi lahzaning jonli obrazi… ko‘z ochib-yumgulik lahza? Va ilk kalit band, meni uzoq qiynagan, uni topish amrimahol mo‘jiza, xuddi havodan moddiy nimarsa hosil qilishday tuyulgan tansiq band to‘satdan o‘z oyog‘i bilan keldi va xuddi bayramda otiladigan mushak kabi mening tasavvurim osmonida portladi”
Ushbu so‘zlar g‘oyat noyob dalillar bo‘lib, uni yozib olgan Aleksandr Naumovdan minnatdor bo‘lishimiz lozim. Bunda alloma o‘zi yaratgan muazzam she’rning kurtaklanish onlarini, ta’bir joiz bo‘lsa, badiiy embrionini ko‘rsatmoqda. Masala yechimining (she’r tahlili ham masala, Nizomiy Ganjaviy yozganidek, sharhi suxan beshtar az suxan, ya’ni so‘zning sharhi so‘zning o‘zidan kattaroq), ilmiy aniq kalitini bermoqda. Faqat bu kalitni she’rning dil qulfiga solib, nazokat bilan burash qoladi, xolos.
Shoirning tasavvur osmonida portlagan ilk bandga nazar solsak, ko‘ramizki, she’r ikki hodisa qiyosidan boshlanadi: “G‘uncha ochilguncha o‘tgan fursatni Kapalak umriga qiyos etgulik…” Yuqorida keltirilgan suhbatdan bilamizki, alloma hodisaning ikkinchi sohilini bejiz izlamagan. Agar qiyoslanuvchi nuqta, maxraj – Lahza topilmasa, umuman “Vaqt” she’ri uchun qiyos prinsipi yetakchi prinsip sifatida kashf etilmasa, she’r tug‘ilmagan, dunyo yuzini ko‘rmagan bo‘lardi. “Qiyosga sig‘mas taqqos” (bolalarning katta shoiri T.Adashboev she’ridan misra) deyilganidek, yalpi qiyos “Vaqt” she’rining struktur yaxlitligini ta’minlaydi, uning badiiy-struktur qiyofasini tayin etadi. She’rda dominant so‘z va dominant tushuncha – lahza. Unda qadam-baqadam lahza va unga ma’nodosh so‘zlar fursat, nafas, dam, on, sekund uzoq vaqtga (mangulik, cheksizlik qadar), baqamti qo‘yilib, lahzaning qadr-qimmati (“Bir onning bahosin o‘lchamoq uchun, Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz”) shunday quyma misralarda ta’kidlana boradi. Poetik fikr tantanasi, apofeoz oxirdan oldingi bandda yuz ko‘rsatadi:
Har lahza zamonlar umridek uzun,
Asrlar taqdiri lahzalarda hal.
Umrdan o‘tajak har lahza uchun
Qudratli qo‘l bilan qo‘yaylik haykal.
Lahza uchun qo‘yilgan haykalni lahzaga qo‘yilgan haykal deb ham talqin qilish mumkin. Lahzaga haykal qo‘yish uni to‘xtatishga urinish, hech bo‘lmasa, shunga ilinj demakdir. Ushbu nuqtada “Vaqt” she’ri insoniyatning buyuk badiiy obidalaridan bo‘lmish Gyotening “Faust” tragediyasi bilan fikr-g‘oya jihatidan kesishadi. Faustning Mefistofel, iblis bilan tuzgan shartnomasi aynan lahzaga oid edi:
Agar men bir onni ulug‘lar bo‘lsam,
“To‘xta, ey soniya!” – deb aytsam agar,
Seni tutquningman mayli o‘sha dam[7].
Ikki o‘rtadagi kesishuv nuqtadan ma’no chiqarish maxsus ilmiy izlanishlar mavzusidir. Lekin bir fikrni aytish joiz. Nega Mefistofel, iblis o‘ziga ishongan holda bunday shartnomaga jur’at qiladi, u inson, ya’ni Faust hech qachon lahzani (asliyatda Der Augenblick, ya’ni lahza) ulug‘lamaydi, to‘xta, ey soniya deb aytmaydi, ya’ni hayotdan shu darajada ma’naviy lazzat topa olishiga ishonmaydi, shekilli. Dastlab bunga Faustning o‘zi ham ishonmaydi. Gyotening realist san’atkorligi shundaki, asar oxirida uning Fausti bunday baxtga (baxtli onga) to‘liq erishmaydi, u faqat inson qachondir yetishi mumkin bo‘lgan baxtli onlarni tasavvur qilibgina, ya’ni nasiya tariqasida deydi:
O‘shal soniyani sezib oldindan,
Eng oliy lahzada turibman bu dam[8].
“Vaqt” she’rida esa “Umrdan o‘tajak har lahza uchun” haykal qo‘yish da’vat etiladi. Bu insonni tinimsiz ijodga, yaratishga, lahzani bo‘ysundirishga undash demakdir. Binobarin, inson yaratgan buyuk ma’naviy obidalar ushbu “eng oliy lahzada” dunyoga kelgan va o‘tkinchi, chopag‘on vaqtga qo‘yilgan sobit haykallar emasmi?
She’rning ichki olamiga yanada chuqurroq kirishga imkon beradigan bir holat bor. Bu asar yaratilgan paytda hokimi mutlaq bo‘lgan, shu bois she’rga suqilib kirgan Stalin nomi bilan bog‘liq.
“Vaqt” she’rining ilk nusxasida Stalin so‘zi ikki karra uchraydi. Jami o‘n besh band, oltmish misradan iborat she’rning dastlab 7-bandida, so‘ng 14-bandida. Keyingi o‘rinda bu so‘z bir oz nojo‘ya ishlatilganidek tuyuladi: “Har lahza Stalin umridek uzun…”. Bu balki Stalin tirikligida o‘zini oqlar, lekin she’r yozilganidan yetti yarim yil o‘tib “xalqlar otasi” vafot etadi, u bor-yo‘g‘i (abadiyatga nisbatan, albatta) yetmish to‘rt yil umr ko‘rganini e’tiborga olsak, abadiyat tomon intilayotgan “uzun” so‘zi bu o‘rinda anchayin hayf ekani aniq bo‘ladi. Shuning uchun Shoirning o‘zi Stalin so‘zi o‘rniga bandga va she’rga uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashgan “zamonlar” kalimasini qo‘yib, asar potensiyasidagi asl ma’noni go‘yo qayta tiklaydi. Shu joyda Stalin zamonlar oldida kim bo‘libdi, deging keladi.
7-banddagi uchinchi misra keyinchalik ancha evrilishlarga uchraydi. Dastlab misra “Tirik Stalinning nafasdoshimiz” bo‘lgan, so‘ng uni Shoirning o‘zi “Barhayot Leninning avlodlarimiz” deya o‘zgartirgan[9]. Istiqlol davrida chop etilgan “Tanlangan asarlar” (Toshkent, 2003)da misra “O‘zbekning barhayot avlodlarimiz” shaklini olgan. Shoir tavalludining 100 yilligi munosabati bilan bosilgan, “Vaqt” she’ri o‘rin olgan bukletda misra “Barhayot Navoiy avlodlarimiz” tarzida berilgan. Diqqat qilinsa, keyingi o‘zgartirishlarda muallif izidan borilgan. Lekin, bizningcha, bu o‘rinlarda ilk nusxada mavjud bo‘lgan va she’rning ma’no-mazmun mehvaridan mustahkam joy olgan bir ma’no qurbon qilingan. Buni anglash uchun bandni to‘liq keltiramiz:
Bebaho damlarning tirik joni biz,
Har oni o‘tmishning yuz yiliga teng.
Tirik Stalinning nafasdoshimiz,
Nafaski, mazmuni fazolardan keng[10].
Odatda, band, jumladan ushbu band ham nisbiy tugal butunlik bo‘lib, o‘z arxitektonikasi, to‘qilmasiga ega. Ikkinchi misradagi “tirik” so‘zi uchinchi misradagi shakldoshi “tirik” bilan uchrashadi, yana shu misradagi “nafasdosh” oxirgi misradagi “nafaski”ni talab qilib, so‘rab olib, murakkab ma’no tarmog‘ini hosil qiladi. Keyingi nashrlarda uchinchi, Stalin bor misra tamom o‘zgartirilgach esa bunday ma’no uyg‘unligiga putur yetadi. Natijada so‘nggi misradagi “nafaski” “har nafas”ga aylanib, nega uning “mazmuni fazolardan keng” ekanligi bir qadar yopiq qoladi, chunki u o‘zidan oldingi misradagi tayanch ma’nodan mahrum bo‘lgan, yetim misraga aylangan edi.
Endi ilk nusxadagi bandning badiiy falsafiy ma’nosini chaqishga urinib ko‘raylik.
Damlar bebaho, avval aytilganidek, “Bir onning bahosin o‘lchamoq uchun, Oltindan tarozu, olmosdan tosh oz”, bu ma’lum, lekin bu bandda ma’noning yangi o‘rami yoki tarami yuz ko‘rsatmoqda. Ya’ni damga jon bag‘ishlovchi, uni tiriltiruvchi biz, ya’ni inson. Tirik vaqt, oniy lahza o‘tmishning, o‘tib ketgan vaqtning yuz yiliga teng. YuZ yil bu yerda ko‘plikni bildiruvchi bir belgi xolos, uni o‘tmish tomon cheksizlik qadar cho‘zish mumkin. Lekin bu uncha muhim emas, muhimi – bizdan, nafas olayotgan vaqtimizda kechayotgan vaqt, hozir – lahza o‘tib ketgan, o‘tmishga aylangan lak-lak vaqtdan behad qimmat. O‘sha o‘tmish vaqt hozir – lahzaga tobe. Lekin hozir – lahza tizginsiz, chopag‘on, uni to‘xtatib bo‘lmaydi. She’rda quyma tarzda aytilganidek, “Nurlar qadami-la chopgan sekundning Barini tutolmas ayhannos ovoz”. Lekin uni to‘xtatib bo‘lmasa-da, u har lahzada (bejiz u lahza emas) yangilanib turaveradi va hozir – lahza sifatida hamisha hukmron mavqeda turadi: Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema. O‘zga dam esa endi o‘tmish, u hamma tomonga cheksiz yo‘nalgan bo‘shliq – fazoga singib ketadi.
Ayni shu lahzada, men ham buni hozir angladim, band boshidagi “dam” so‘zi (“Bebaho damlarning…”) mutlaqo bejiz emasligi, bu so‘z faqat fursat, lahza yoki vaqtni anglatib qolmay, (O‘zbek tilining besh jildlik izohli lug‘atida so‘zning beshta ma’nosi ko‘rsatib o‘tilgan) u nafas, tin ma’nolarini anglatishi, shu tufayli uchinchi va to‘rtinchi misradagi “nafasdosh” va “nafas” so‘zlari yuqoridagi “dam” bilan topishishi ma’lum bo‘ladi. Nafasdosh, ya’ni hamnafas bir xil va bir paytda nafas oluvchini anglatib, hozir – lahzada nafas olayotgan, ya’ni barcha tirik odamlar qaysi bir olamiy nuqtada qondosh va qarindoshdir. Shuning uchun “Tirik Stalinning nafasdoshimiz” misrasidagi Stalin so‘zi deyarli ahamiyatga ega emas. Misrada tayanch so‘z-tushunchalar “tirik” va “nafasdosh”dir. Yangi davrda faqat Stalin so‘zini o‘zgartish kerak, xolos. Bizga qolsa, misrani “Tirik buyuklarning nafasdoshimiz” tarzida o‘zgartishni, she’rning yangi nashrlarida aynan shunday yozishni taklif qilgan bo‘lardik. Biz bir paytlar Shoirning “Toshkent” shahri haqida yozgan maqolamizda she’rdagi “sovet” so‘zini “bashar”ga almashtirgan va so‘ng deyilgan edi: “Bunda men haqiqatga zid bordim yoki tarixiylikni buzdim, deb hisoblamayman, aksincha, haqiqat qaror topdi, deyman. Bu kabi o‘zgartishlar bir qonuniyat mavjudligidan darak beradi: tagi baquvvat, asli butun she’rlar, ular qanday zamonda yartilgan bo‘lmasin, xuddi tirik organizm kabi yangi sharoitda ham yashovchanlik iqtidorini namoyish etadi. Badiiy butunlik shunday mustahkam imorat ekanki, u juz’iy ta’mirdan lat yemaydigina emas, hatto kuchayar ham ekan. Bunday asarlar asl tiklanish zamonini kutib yotar, balki”[11]. Bu fikr “Vaqt”ga ham taalluqli.
Yana ko‘rib o‘tayotganimiz bandga qaytib, aytib o‘taylikki, uchinchi misra “Barhayot (Leninning, o‘zbekning, Navoiy) avlodlarimiz” deb o‘zgartirilganidan keyin uning keyingi misra bilan bog‘lovchi ip uzilgan va har ikki misra yakpora misraga aylanib, “Har nafas mazmuni fazolardan keng” tasodif, tuyqus aytilgan fikrga o‘xshab qolgandi.
Lekin yana bandning ilk holatiga qaytamiz. To‘rtinchi misra yuqoridagi ma’no – hozir – lahzaning (nafas hamisha hozirdir, buni qayd etish muhim) hukmron mavqesini tasdiqlashdan tashqari, XX asr fizika fanida inqilobiy o‘zgarish yasagan nisbiylik nazariyasi va kvant mexanikaning fazo va vaqt haqidagi olamshumul g‘oyasi tomon ko‘prik tashlaydi. Ma’lumki, insoniyatning ushbu ulug‘ kashfiyotlarida uch o‘lchamli fazo o‘rniga to‘rt o‘lchamli fazo (to‘rtinchi o‘lcham – vaqt) tushunchasi yetakchi mavqega ko‘tariladi. Mazkur g‘oyani ilk marta nemis fizigi G.Minkovskiy “Fazo va vaqt” (1908) maqolasida isbotlaydi. U qat’iy qilib shunday yozadi: “Bundan keyin fazo o‘z-o‘zicha va vaqt o‘z-o‘zicha yo‘qlikka yuz tutib, endi faqat ularning nozik birikuvi (eine Art Union)gina o‘z mustaqilligini saqlab qolishi zarur”[12]. Buyuk fizik, nisbiylik nazariyasi ijodkori A.Eynshteynga bag‘ishlangan kitobda yozilishicha, “Nisbiylik nazariyasi fazo va vaqt orasidagi bog‘liqlikni ochib berdi”. Yana shu yerda yozilishicha. “Olamning eng oddiy unsuri – bu voqea deb atalmish narsa. U xuddi zum o‘chib-yonadigan chiroqning oniy chaqnashi monand “xol-xol” hodisaga o‘xshaydi”[13]. Nisbiylik nazariyasida olamning fazo – vaqt strukturasi haqida gap ketganda unga shunday ta’rif beriladi, ya’ni fazo – vaqt olamdagi barcha hodisalar to‘plami bo‘lib, bunda bir hodisaning ikkinchi hodisaga ta’sir etish nisbati alohida e’tiborga ega.
Voqea-hodisalar xol-xol bo‘lib ro‘y beraveradi, beto‘xtov o‘taveradi. Vaqt kechaveradi. She’rda aytilganidek,
Zamona soati zang urar mudom,
Minglab hodisalar minutlarga qayd.
Qahramon tug‘ildi, shahar olindi,
Bir gigant qurildi sharafli bu payt[14].
Ilk nashrda birinchi misradagi ko‘chimsiz aniq “Kreml kuranti” o‘rniga qo‘yilgan keng qamrovli metaforik jumla “zamona soati” (buni “vaqt soati” tarzida ham talqin qilish mumkin) she’rning yalpi ruhiga ortiq darajada mos. Biz bu o‘rinda yana yuqorida aytilgan kuchayish fenomeniga guvoh bo‘lamiz. Hamda juz’iy ta’mirchining badiiy didiga tahsin aytamiz.
Yana “Bebaho damlarning tirik joni biz…” deb boshlanadigan 7-bandga qaytamiz. Undagi “Nafaski, mazmuni fazolardan keng” misrasida yuqorida so‘zlaganimiz fazo – vaqt o‘zaro uchrashadi va to‘qnashadi. Bunda ham she’rda yetakchi bo‘lgan qiyos prinsipi yopiqroq tarzda mavjud, ya’ni lahza (nafas) fazolar bilan qiyoslanmoqda va fazolardan keng ekanligi ta’kidlanmoqda. Buning ustiga, bu nafas tirik buyuklarning nafasi.
Ezoterik ilmlarga oid kitoblarda aytilganidek, “Vaqt uch o‘lchamli fazo chegarasidan tashqari chiqadi. Biz his qiladigan vaqt to‘rtinchi o‘lchamdir” Vaqt fazodan tashqari chiqqan, undan ajralgan holda fazoga ta’sir o‘tkazadi, unga harakat, keng ma’noda olganda hayot baxsh etadi. Zero fazo vaqtda, vaqt orqali va ta’bir joiz bo‘lsa, vaqt vujudida yashaydi. Yana shu yerda yozilishicha, “Agar biz vaqtni chiziq deb tasavvur qilsak, ushbu chiziq har bir nuqtasida abadiylik chizig‘i (vertikali) bilan kesishadi. Abadiylik vaqtdan bir o‘lchamga ortiq. Shuning uchun agar vaqt to‘rtinchi o‘lcham bo‘ladigan bo‘lsa, abadiylik beshinchi o‘lchamdir”
Bunday to‘xtamga, aytish joizki, kvant mexanika, ya’ni zamonaviy fizika kelmagan. Bu uning ezoterik ilmlar oldida ojizligini ko‘rsatmaydi, fizika fani aniq ilmiy asos va dalillarga tayanib ish ko‘rishini anglatadi, xolos. Abadiylik, ya’ni beshinchi o‘lcham haqida gap ketganda yana bir holatni aytmoq lozim. Yangi fizika asoslarini yaratgan olimlarning barchasi botiniy jihatdan, qalban dindor bo‘lishgan, ya’ni o‘n sakkiz ming olamni yaratgan Tangrini tan olishgan. Abadiylik esa Qodir Olloh izmi va huzuridagi sir-sinoatdir.
Netongki, “Vaqt” she’ri ham abadiylikka doxil muazzam band bilan yakun topadi.
Shoir ijodidagi zamonasozlik haqida gapirib, ba’zan “Vaqt” she’rini ham shu oqimga qo‘shib yuborishadi. Zamonasozlik zamonga, davr talabiga qarab ish tutishlikni, ijod qilishni anglatsa, unda “Vaqt” she’ri bunday zamonasozlikdan ancha yuqori turadi. Umuman, bu kabi asarlarga oddiy mezon bilan yondashib ham, bunday mezonlarni “Vaqt” kabi she’rlarga qo‘llab ham bo‘lmaydi. She’rni zamonasoz asarlar sirasiga kiritganlarni unda joriy zamonaga oid voqea-hodisa va shaxslar tilga olinishi chalg‘itgan bo‘lishi mumkin. Lekin siz ijodkor o‘rniga o‘zingizni qo‘yib ko‘ring, vaqt haqida yozib, o‘sha vaqtdagi, zamonadagi hodisalarni tilga olmaslik mumkinmi? Vaqt faqat vaqtdan ulgi oladi, boshqa hech bir narsadan emas. Shu bois zamonasozlik bilan zamonaviylikni farqlash lozim. “Vaqt”ga yuksak zamonaviylik, ya’ni zamon bilan, o‘zi nafas olayotgan on, lahza bilan birgalik, hamnafaslik xos. Savol tug‘iladi, qaysi zamon bilan, she’r yaratilgan va mustabid Stalin hukmron bo‘lgan zamon bilanmi yoki biz hozir she’rni tahlil qilib turgan istiqlol davri bilan? Muayyan badiiy darajaga erishgan asar hamma davrlar uchun zamonaviy, barcha davrlarga zamondosh. “Vaqt” she’riga kelsak, u uzluksiz, mutlaq vaqt haqida, zamona esa shu vaqtning bir parchasi, abadiyat nigohidan qaralsa, u mutlaq vaqtning bir lahzasi, xolos. Shu bois “Vaqt” she’rini zamonasoz asarlar sirasiga kiritish uning mohiyatini anglamaslikdan boshqa narsa emas. Zero “Vaqt” zohiran sodda, botinan tushunilishi qiyin she’rlardan. Misralar sirtdan oddiy bo‘lib ko‘rinadi, ularning bilquvva ma’nosi birdan anglashilmaydi. Ma’no anglanmaguncha ongda poetik obraz shakllanmaydi. Bir tur she’rlarda avval obraz yaqqol ko‘zga tashlanib, obraz bilan ma’no deyarli bir paytda namoyon bo‘lsa, “Vaqt”da avval so‘z va misradagi ma’noni chaqish lozim bo‘ladi, shundan keyingina obrazli tasavvur ishlay boshlaydi. “Vaqt” she’ri chalg‘ituvchi soddalikni bosib o‘tib, zamirda zil ma’nolar yashiringan misralarni anglashga uringan, shunday urinishdan zavq tuya oladigan intellektual kitobxon mulkidir. “Vaqt”ni yuzaki o‘qish vaqtni besamar sarflash demakdir.
Qahramon adibimiz Said Ahmad “Vaqt”ning tug‘ilishi (Bir she’r tarixi)” xotira-maqolasida yozishicha, oxirgi band uning da’vati bilan bitilgan. Nima bo‘lganda ham, mazkur band butun she’r kabi ilhomning yuksak onlarida tug‘ilgan; undagi har bir so‘z o‘z o‘rnida qoim. Bunday paytda so‘z quyilib keladi, bunday so‘z qa’ridan hech kutilmagan ma’nolar g‘imir-g‘imir qilib chiqib kelaveradi. Bunda ma’no avtonomiyasi deyish mumkin bo‘lgan hodisaga duch kelamiz. Ma’no muallif ixtiyoridan tashqari harakat qilayotgandek tuyuladi go‘yo.
Hayot sharobidan bir qultum yutay,
Damlar g‘animatdir umrzoq soqiy.
Quyosh-ku falakda kezib yuribdi,
Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy.
Said Ahmad yuqorida tilga olingan maqolada yozadi: “Shu bilan tongotar paytda G‘afur G‘ulom nomini juda uzoq ellarga olib borgan she’rga nuqta qo‘yildi. Bu she’r ulkan shoirning falsafiy qudratini, so‘z san’atkorligini, hayot hodisalarini nihoyatda chuqur bilishini namoyish qilgan edi”
So‘nggi band nafaqat she’rni yakunlaydi, u she’rni, she’rdagi yaxlit poetik mazmunni yangi orbitaga, samoviy yuksaklikka olib chiqadi. Yakka umr o‘tkinchiligi, foniyligini koinot boqiyligi bilan muvozanatlaydi. Bu tabiiy va qonuniy yechim edi. Platon “Timey” asarida vaqtni “abadiyatning harakatdagi monandi” deb ataydi. Chunki abadiyatda ham hayot bor, faqat bundagi hayot sobit va butun. “Vaqt” she’ri lahza bilan abadiyat orasiga ko‘prik qo‘yib, abadiyat bekatida sobit qoladi.
Yirik sharqshunos olim Ye.E.Bertels o‘zining mashhur “Navoiy va Attor” maqolasida sufizmning bosh g‘oyasi “individual “men”ning kosmik “men”ga qorishib ketishidir”[19] deb ta’kidlaydi. Har qanday ijodkor, agar u chinakam katta shaxs bo‘lsa, hech qachon individual “men” doirasida qolmay muqarrar kosmik “men” masnadiga ko‘tariladi. Binobarin, falsafiy-ezoterik ta’limotlar, sufizm ham shunday ta’limotlar sirasiga kiradi, hamisha vaqt muammosi bilan shug‘ullanishgan, ushu muammoga to‘qnash kelishgan. “Sufiy – ibnul vaqt” (Sufiy – vaqt farzandi) degan hikmat bejiz keng tarqalmagan.
Buning ustiga, oxirgi bandni jajji soqiynoma deyish mumkin. Lekin o‘ziga xos, boshqa davr soqiynomasi. Masalan, “Farhod va Shirin”dagi “ketur soqiy” baytlardan biri shunday: “Ketur soqiy, sharobi oshiqona Ki, bo‘lmishmen xirad birla fasona”[20]. Aytaylik, shuni oxirgi band bilan o‘xshash va farqli jihatlarini qiyoslashning o‘zi alohida bir ilmiy mavzu. Bunda yuqorida tilga olingan Said Ahmad maqolasida “Vaqt”ning so‘nggi bandi haqidagi gap o‘ziga xos yo‘riq bo‘la oladi: “G‘afur aka o‘ylanib turdi-da, darrov ruchkani oldi. – G‘afur Hulomniki boshqacha bo‘ladi. G‘afur G‘ulomniki G‘afurovskiy bo‘ladi. – U shunday deb yozishga tushib ketdi”.
Avval aytilgan “Vaqt”ni struktur butunlik sifatida tutib turgan qiyos prinsipi so‘nggi bandda ham bor kuchi bilan ishlaydi. “Bir qultum” lahzaning boshqa bir shakli, “nafas”ning sharobga bog‘liq ekvivalenti. Nafas olinadi – chiqariladi. Sharob esa yutiladi, qultum holida. Bir qultum ham bir lahzadir. Lahza yana g‘animat damlar sifatida “umrzoq soqiy” bilan qiyoslanmoqda. O‘ta nozik ishora bilan “g‘animat” “umrzoq”qa, “damlar” mangulikning hoziru nozir vakili “soqiy”ga qarshilantirilmoqda. Lekin ikki holatning – g‘animat dam bilan umrzoq soqiy muvozanati yarim, ammo to‘liq tasalli emas. Shuning uchun mangulikka sobit timsol kerak, mana u: “Quyosh-ku falakda kezib yuripti…”. Quyosh emasmi, manguligimiz kafolati. Chindanam, “Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy”. Yana bir sezgi bor shu yerda. Quyosh aniq, shayon hodisa bo‘lishi bilan birga u yanada yuksakrok xilqatga ishorat qilayotgandek… Zero hozirgi falakiyot ilmi isbotlaganidek, quyosh ham mangu emas. Har bir yaratiq kabi u ham bir kun kelib o‘ladi, ya’ni so‘nadi.
Xullas, “g‘uncha” bilan ochilgan she’riy maydon “falak” bilan, koinot qadar kengaygan fazo bilan yakunlanmoqda.
“Qur’oni karim”da “miqdori – uzunligi ellik ming yil bo‘lgan bir Kun” (fi yavmin kana miqdaruhu xamsina alfa sonatin) degan oyat (Maorij, 4) bor. Bunda Kun deyilganda, ma’lumki, Qiyomat kuni ko‘zda tutilgan. Ko‘rinadiki, ulug‘ kalimada aytilganidek, vaqtning miqdori hamisha bir xil emas, o‘zgarmas emas. Ellik ming yilni o‘ziga sig‘dirgan bir Kun, qiyomat favqulodda hodisa. Lekin bunda buyuk bir qonuniyat ham bor va bu qonuniyat “Vaqt” she’ridagi “Bir lahza mazmuni bir butun bahor” satrida badiiy inkishof etiladi. Ya’ni she’rda ham qayd etilganidek, vaqtning uzun-qisqaligi, miqdori muayyan holatlarda keskin o‘zgarishi mumkin. Vaqt mutlaq turg‘un hodisa emas. Va bu qonuniyat ham hayotiy, ham falsafiy ahamiyatga molik.
Shoir yashagan, xususan “Vaqt” she’ri yaratilgan payt (“Vaqt”ning vaqti!) g‘oyat murakkab, sharqona-o‘zbekona fikr cheklangan, fikr-mulohaza markscha-lenincha dahriy aqidalar bilan tang‘ib tashlangan davr edi. Shoir ushbu aqidalar chizig‘idan tashga chiqish xavfli ekanini bilar, lekin shu doira ichida turib ham “Vaqt” kabi mumtoz she’rni yaratolgan edi. Nobop davr qarshiligini yengib o‘tish botqoqda turib parvoz qilishga urinishday qiyin amal ekani ayon. Shu o‘rinda yozuvchi Omon Muxtorning quyidagi so‘zlari ayni muddao: “Hali aytganimiz, minbardagi (yalovbardor) shoir sifatida tanilgan G‘afur aka aslida faylasuf, mutafakkir edi. Davr imkon bersa, u faqat (ta’kid bizniki – S.M.) falsafiy, umuminsoniy she’rlar yozardi. Zotan, XX asr o‘zbek she’riyatida G‘afur akaga yetkazib, “eng kichik zarradan Yupitergacha …” deya keng nafasda so‘zlagan boshqa shoir uchramaydi”
Yuqorida vaqtning sirliligi, uning asl mohiyatini hech kim bilmasligi aytildi. Haqiqatan ham, shunday, chunki vaqt Olloh taolo izmidagi sir-sinoatdir. Vaqt haqida shunchalik mukammal she’r yozgan Shoir shu haqiqatni bilmasmidi. Bilardi. Lekin she’r bitilgan paytda bunday gapni aytib bo‘lmasligini ham bilardi. Shoirning qizlari Olmos opa o‘z esdaliklarida ul zotning do‘st-nadimlari (e’tiborlisi shundaki, ularning barchasi eskicha ta’lim olgan, madrasa ko‘rgan milliy ziyolilar) yarim tunda allaqaysi radioto‘lqinlardan Qur’on tilovatlarini tinglab, yig‘lab o‘tirishganini ko‘rgani haqida yozgan. Bu totalitar davrda yashagan ma’rifatli o‘zbek ziyolisi ikkiyoqlama, avra-astar hayot kechirganidan dalolat. U qobiqda, avrada sho‘ro g‘oyalarini qabul qilgani holda astarda, ichda asriy zotiy o‘zakdan voz kechmagan, aniqrog‘i, voz kecholmagan. Binobarin, “Qur’oni karim”dagi “Oyatul kursi”da ilohiy qalam bilan bitilgan “Faqat Uning o‘zi bordir. U tirik va abadiy turguvchidir” (Baqara, 255) kalomi Shoirning tizgin ammo chilg‘in ongida “Quyosh-ku falakda kezib yuripti, Umrimiz boqiydir, umrimiz boqiy” bo‘lib jaranglagan bo‘lsa ajabmas. Shunda U, ya’ni Olloh, hamisha tirik ekan, asl ma’rifatli, iymonli insonning umri boqiydir, degan yangilangan ma’no o‘rami kuchga enadi.
Maqolani ikki kichik xulosa bilan yakunlasak:
1. Shoir ijodi, nazm va nasrda vaqt badiiy konsepsiya maqomiga ega.
2. “Vaqt” she’rida vaqt falsafasi lahza falsafasi tarzda namoyon bo‘ladi. Binobarin, lahza falsafasi yalpi vaqt falsafasining xususiy ko‘rinishi deyish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |