OBRAZ XARAKTER TIP UMUMIYLI VA O'ZIGA XOSLIKLIK
Xarakter. Agar obrazni yong’oqqa qiyoslasak, xarakter (yunoncha charakter-xususiyat, belgi) shu yong’oqning mag’zidir. Chunki mag’izda yong’oqning mohiyati, tirikligi, zaruriyligi, joni jamuljamdir. Shu sabab “xarakter yaratilsagina-badiiy asar yaratiladi” (N.Pogodin) degan qat’iy va asosli xulosani chiqarish mumkin. Xarakter yaratish badiiylikning o’zak masalasi deb qarashimizning boisi shundaki, xarakter badiiy ijodning juda ko’p unsurlari (syujet, kompozitsiya, til kabi)ni o’zida jamg’aradi, to’g’risi o’ziga “ishlash”ga majbur qiladi. Ya’ni xarakter asar mazmuniga nisbatan shakl bo’lsa, xarakterga nisbatan syujet, kompozitsiya, til (uslubning butun hiyla-nayranglari) shakldir. Izzat Sulton tavsiya etganidek, “asar mazmuni xarakter tasviri tufayli hayotiy aniqlik kasb etadi va shu bilan birga, bizning hislarimizga ta’sir etish xosiyatiga ega bo’ladi”. To’g’ri gap: “Har qanday muhim g’oya ham inson qismatiga aylanmasa quruq gap bo’lib qolaveradi” (Њ.Hoshimov).
Xarakterning mazmunini aniqlaydigan ikkita asosiy xususiyati bor.
Birinchisi, “bu bir shaxsni ikkinchi bir shaxsdan ajratib turadigan axloqiy va psixologik belgilar majmuasidan iboratdir. Hayotda shunday kishilarni uchratish mumkin: qilayotgan bir ishiga hamohang qilib biror harakatni odat qilib olgan bo’ladi; gapirayotganda burnining uchini qashib qo’yadi yo o’ylayotganda barmoqlari bilan sochini taraydi va hokazo. Psixologik jihatdan esa har bir shaxsning biror xususiyati bo’rtgan bo’ladi: o’jar yo tajang, og’ir yo yengil, kamgap yo ko’p gapiradigan va hokazo. Psixika xususiyatiga nisbatan tabiiy xususiyatga yaqin turadigan bunday belgilar yozuvchi uchun ko’proq obrazni individuallashtirish uchun zarur bo’ladi.
Ikkinchisi, bu individual belgilarni ham o’z ichiga olgan holda ma’lum bir ijtimoiy sharoitda paydo bo’lgan, ijtimoiy ma’no kasb qilgan shaxs iroda yo’nalishi va bu iroda yo’nalishining asardagi badiiy ifodasidan iboratdir. Faqat ijtimoiy sharoit asosida yuzaga chiqqan shaxs irodasi xarakterning asarda badiiy va g’oyaviy negizini ta’min qiladi. Busiz yozuvchi yaratgan xarakter badiiy va estetik qiymatga ega bo’lmaydi”1 (Ta’kid bizniki-H.U.)
Darvoqye, Yo’lchida (“Qutlug’ qon”) mehnatkash xalq vakillariga xos bo’lgan umumiy xislatlar-konkret muhit ta’sirida vujudga kelgan o’z-o’zini anglash xususiyati va shu xususiyat natijasida uning ongida yuz bergan olg’a intilishlar; shaxsiy xislatlarini belgilaydigan belgilar-sodda, yuvosh, uyatchan, hushyor, sofdil, mehnatsevar, halol, jasur kabilar o’zaro uyg’unlik kasb etib, yaxlit xarakterni yaratadi.
Demak, xarakter-bu aniq iroda yo’nalishiga ega bo’lgan, o’z xatti-harakatlari, intilishlari, uy-xayollari, dunyoqarashi, ma’naviyati, ma’rifati, fe’l-atvori bilan ajralib turadigan to’laqonli shaxslar obrazidir. Shu sabab badiiy asardagi hamma obrazlar xarakter sanalmaydi. Jumladan, “Њg’ri” (A.Qahhor) asaridagi Qobil bobo xarakter sanalsa, qolgan (Qobil boboning kampiri, ellikboshi, pristav, tilmoch, Egamberdi)lar personajlardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |