Jiyda (Elaeagnus angustifolia L.) jiydadoshlar oilasiga mansub, balandligi 8 m keladigan, po’stlog’i qo’ng’ir-qizil rangli daraxtdir. Uning mevasidan oziq-ovqat sifatida, tibbiyotda esa dori-darmonlar tayyorlashda foydalanish mumkin. Jiydaning bargi bod va bel og’riqni, mevasi esa ichketishni davolaydigan vositadir. Uning tarkibida 10% tanid moddasi bo’lib, ulardan teri oshlashda foy-dalanish mumkin. Jiydaning har bir tupidan 2—20 kg jiyda olish mumkin. Mevasi qand moddasiga juda boydir. Ularda 50% uglevodorodlar, 11% oqsil, 12% kletchatka, tanid moddalari va mineral tuzlar bor. Shuningdek mevasi tarkibida 0,34 mg % V1 0,21% V2, 0,069 mg % RR, 93 mg % S, 0,23 mg % E vitaminlari bo’ladi. Barglarida 8—12 % tanid va 200 mg % S vitamini bor.
Qirqbo’g’im (Equisetum arvense L.) qirqbo’g’imdoshlar oilasiga kiruvchi, sporali ko’p yillik o’simlik. Qirqbo’g’imdan dori-darmon sifatida qadimdan foydalaniladi. Xalq tabobatida uning qiyomi (yoki sharbati) dan va qaynatmasidan oshqozon-ichak jarohatlari, qon ketish, zotiljam va yo’tal kabi kasalliklarni davolashda foydalanib kelingan. Tibbiyotda, u siydik haydovchi vosita sifatida ishlatiladi. Qirqbug’im bolgar tibbiyotida o’pka sili hamda siydik chiqaruvchi organlar kasalliklarini davolashda qo’llaniladi. Qirqbo’g’im tarkibida ko’p miqdorda kremniy kislota, sapanin-ekvizetanin, ekvizetrin alkaloidi, tanid, nikotin, flavon va glyukozid moddalari, shavel va olma kislotalari, mineral tuzlar, 10—15% oqsil, 2—3% yog’ karotin, S va A vitaminlari bor.
Qizilmiya (Glyrrhiza glabra L .) burchoqdoshlar oilasiga mansub, ildizi birmuncha yaxshi rivojlangan, tik o’suvchi ko’p yillik o’t. Abu Ali ibn Sino davridan hozirgi kungacha qizilmiyaning ildiz sharbati yo’tal, shamollash, ko’krak og’riq, oshqozon-ichak yaralarini davolashda keng qo’llanilmoqda. Tibbiyotda qizilmiyadan tayyorlangan dorilar bod, teri, ko’z kasalliklarini davolashda ishlatiladi. O’simlikdan olingan flavonoid-liyeviritin, likviritozidlar, oshqozop-ichak yaralarini davolashda ishlatiladi. Qizilmiya tarkibida xilma-xil organik va mineral moddalar mavjuddir. Masalan, uning ildizida 6—14% shirin-taxir glyukozid-glisirrizin va olma kislotalari, shakar hamda 8,4% tanid moddasi bo’ladi; yer ustki qismlarida 8% saponin, 15% oksil va 7% yog’ hamda boshqa foydali moddalar borligi aniqlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |