Gidroponika usulidagi issiqxonalarning afzalligi shundaki, u yer tanlamaydi, deydi korxona rahbari Sobir Shokirov


Download 22 Kb.
Sana08.01.2022
Hajmi22 Kb.
#246492
Bog'liq
 Gidroponika us


 Gidroponika usulidagi issiqxonalarning afzalligi shundaki, u yer tanlamaydi, — deydi korxona rahbari Sobir Shokirov. — Negaki, bunday majmualarda koʻchat tabiiy tuproqqa joylashtirilmaydi, aksincha, maxsus tokchalardagi ozuqaga ekiladi. Bu esa boʻsh yotgan maydonlardan ham foydalanishda ayni muddaodir.

Suhbatdoshimizning aytishicha, bu borada ular qoʻllayotgan Janubiy Koreya texnologiyasi aynan iqlimimizga har tomonlama mosligi bilan ajralib turadi. Issiqlikni ushlash va oʻz-oʻzidan hosil qilish xususiyati mavjud. Bu esa, tabiiyki, mahsulot tannarxi maqbul boʻlishida muhim ahamiyatga ega.

Deylik, qish oylaridagi oftobli kunlarda issiqlik taʼminotini uzib qoʻygan holda ham belgilangan haroratni hosil qilish mumkin. Chunki uning plyonka qoplamalari issiqlikni qabul qilib, ichkariga uzatish barobarida, quyosh nuri va foydali elementlarni 93 foizgacha ekinga yetkazib bera oladi.

Qolaversa, sugʻorish, oziqlantirish jarayoni aniq hamda sifatli bajariladi. Bu ikki vazifa kompyuterlashtirilgan tizim orqali amalga oshiriladi. Avtomat “xabarchi” bironta koʻchatga suv bormayotgan boʻlsa, uning joylashgan nuqtasigacha agronomlarga axborot beradi. Yana bir jihati, ming-minglab koʻchatlarning har biri 50 gramm suv ichishi lozim boʻlsa, ularning ildiziga shuncha miqdordagi obihayot beriladi. Bu esa barcha maydonda ekinning bir xil rivojlanishini kafolatlaydi. Eng muhimi, hosil sifati ham bir xil — aʼlo boʻladi.

— Bu zamonaviy usul eksportbop mahsulot yetishtiraman, degan dehqonning rejasi amalga oshishini taʼminlaydi, — deydi korxona agronomi Bekpoʻlat Nurillayev. — Tuproqqa qadalgan koʻchat koʻp kasallikka uchraydi. Sababi bunday sharoit turli zararkunandalar paydo boʻlishi va koʻpayishiga qulay muhit yaratadi. Gidroponikada esa ularning asl uyasi boʻlgan biron santimetr ham ochiq yer qoldirilmaydi. Barcha maydon goʻyo gilam toʻshalgandek, maxsus plyonka bilan qoplanadi. Mabodo, biror hasharot paydo boʻlsa, uning kimyoviy ishlovdan soʻng yoʻq boʻlganligi ana shu toʻshama yuzasida koʻrinadi.

Korxona rahbarining qayd etishicha, gidroponika samaradorligini yanada oshirish uchun hozir tuproq oʻrnini bosuvchi ozuqa toʻplamini toʻliq mahalliylashtirish asosiy masala boʻlib turibdi. Agar bu vazifa ado etilsa, yetishtirilayotgan mahsulot tannarxi keskin pasayadi. Joriy yildan boshlab, respublikamizda ana shunday, yaʼni “minivata” deb ataluvchi ekin ozuqasini ishlab chiqarish va yetkazib berish boshlanmoqda. Yana bir jihat, bu borada korxonaning oʻzida biogumus, bambuk poyasi hamda taxta qirindisidan foydalanish sinovdan oʻtkazilayotir.

Gidroponikaning samaradorligini ifodalovchi, u haqda tasavvur uygʻota oladigan raqamlar talaygina. Masalan, anʼanaviy issiqxona sharoitida bir tup pomidor koʻchati oʻrtacha 3 kilogramm hosil tugsa, gidroponikada bu 12 kilogrammgacha yetadi. Boshqacha aytganda, koʻchat ildizi ham, tanasiyu bargi ham turli zararkunanda va kasalliklardan mustahkam ihotalangan (yoki himoyalangan) koʻchatlarning umri uzoq boʻladi. Buni noyabrda oʻtqazilgan koʻchat qariyb bir yil yashnab turishi bilan izohlasak boʻladi. Binobarin, dastlabki 3-4 oy koʻchatlarning hosilga kirish davri boʻlsa, soʻngra undan 6-7 oy davomida sarxil pomidor uzish mumkin. Boʻyi shiftga yetmasligi uchun esa hosildan boʻshagan poyaning pastki qismi yer tomon tushirib boriladi. Shunday qilib, gidroponika orqali dehqonning hisob-kitob daftarida bir gektardan 120 — 140 tonna pomidor, 80 — 100 tonna bodring olinganligi toʻgʻrisidagi qaydlar paydo boʻladi. Oʻz navbatida, hosil berish davri qisqa boʻlganligi bois bodringni bir yilda uch marta ekish imkoniyati ham mavjud. Yana deng, takror boʻlsa ham aytish oʻrinliki, tashlandiq va ekin oʻstirish uchun yaroqsiz maydonlar hisobiga.

— Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chogʻida issiqxonamizga kelib, ishlarimiz bilan yaqindan tanishib, qimmatli maslahatlarini berganidan juda mamnun boʻldik, — deydi Sobir Shokirov. — Gidroponika usulidagi issiqxona tashkil qilishni 2016 yilda boshlagandik. Uning maydoni bir gektar edi. Davlatimiz rahbarining bevosita eʼtibori va qoʻllab-quvvatlashi tufayli qisqa muddatda yana 10 gektarlik issiqxona barpo etdik. Endi esa Yurtboshimiz topshirigʻiga koʻra, yana 10 gektar foydalanilmay yotgan yerda ana shunday ekinzorlar yaratishni boshlab yubordik. Hozir korxonamiz jamoasi 170 nafarga yaqin. Navbatdagi loyihamiz amalga oshgach, deyarli yana shuncha kishini ish bilan taʼminlaymiz. Galdagi muhim maqsadlarimizdan biri, issiqxona imkoniyatlaridan samarali foydalanish uchun unda turli ekinlar koʻchatlari oʻstirib, tomorqa egalari va xoʻjaliklarga yetkazib berishdir.



Korxona faoliyatida Sobir Shokirovdan boshqa uning 5 nafar aka-ukasi ham hamjihatlikda ish olib borayotganligi havas qilsa arzigulik holat. Ular issiqxonadan tashqari, Xovos tumanining Mehnatobod hududida meliorativ holati yomon boʻlgan 35 gektar maydonni ham foyda beruvchi zaminga aylantirishgan. Bu yerda baliqchilik xoʻjaligi, 450 bosh qoramolga moʻljallangan ferma, 1 gektar limonzor va yana 7 gektardan ziyod olmazor bor.

...Issiqxona faoliyati bilan tanishar ekanmiz, bir guruh mehmonlar roʻparamizdan chiqdi. Maʼlum boʻlishicha, ular televideniyedagi koʻrsatuvni tomosha qilgach, gidroponika usuli bilan tanishish uchun uzoq yoʻl bosib, Qashqadaryo viloyatidan kelishibdi. Bu ishtiyoq va qiziqishdan koʻrinadiki, gidroponika va boshqa ilgʻor usullar yurtimizning har bir manzilida boʻy koʻrsatadi, ona yerimiz yanada saxovatli boʻlib boraveradi.
Download 22 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling