Globallashuv tushunchasining mohiyati


Download 21.44 Kb.
Sana17.06.2023
Hajmi21.44 Kb.
#1551357
Bog'liq
XMM leksiya


5-variant

  1. Globallashuv tushunchasining mohiyati.

  2. Xalqaro moliya munosabatlarining iqtisodiy mohiyati, funktsiyalari va rivojlanish omillari.

  3. Valyuta siyosati va uning asosiy shakllari.

Javoblar:

  1. Globallashuv tushunchasiga eng sodda ta’rifni beradigan bo’lsak, ushbu atama keng miqyosda bir-biriga bog’lanib borayotgan dunyoni anglatadi.

Keng ma'noda globallashuvning haqiqiy ma'nosi - inson hayotining barcha jabhalarida yuzaga kelayotgan bog'liqlikdir.
Globallashuv axborot, g‘oyalar, texnologiyalar, tovarlar, xizmatlar, kapital, moliya va odamlar oqimi orqali iqtisodiyot va jamiyatlarni bog’lanib borishini anglatadi.
Globallashuv ko'p ming yillar oldin odamlar va korporatsiyalarning uzoq masofalarga cho’zilgan yerlarni sotib olish va sotish jarayaonidan boshlangan. Oʻrta asrlarda Markaziy Osiyo mashhur Ipak yoʻli orqali Xitoy va Yevropa bilan bogʻlangan. Ikkinchi jahon urushidan keyin va so'nggi yigirma yil ichida ko'plab mamlakatlar hukumati erkin bozor iqtisodiy tizimlarini qabul qildi. Ular o'zlarining ishlab chiqarish salohiyatini nihoyatda oshirdilar va xalqaro savdo va investitsiyalar uchun son-sanoqsiz yangi imkoniyatlar yaratdilar.
Hukumatlar savdodagi barcha to'siqlarni qisqartirdi va tovarlar, xizmatlar hamda investitsiyalar savdosini rag'batlantirish uchun yangi xalqaro shartnomalar tuzdi. Ushbu chora-tadbirlar natijasida jahon savdosi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Korporatsiyalar tashqi bozorlardagi ushbu yangi imkoniyatlardan kelib chiqib, yangi zavodlar qurdi va xorijiy hamkorlar bilan ishlab chiqarish va marketing ittifoqlarini tuza boshladi. Bulardan kelib chiqqan holda, globallashuv xalqaro sanoat va moliyaviy biznes tuzilmasi sifatida qaraladi deb hisoblashimiz mumkin.
Xalqaro valyuta fondining ta’rifiga ko’ra, iqtisodiy “globallashuv” tarixiy jarayon bo’lib, insoniyat innovatsiyalari va texnologik taraqqiyotining natijasidir. Bu butun dunyo bo'ylab iqtisodiyotlarning ortib borayotgan integratsiyasini, xususan, tovarlar, xizmatlar va kapitalning chegaralar orqali harakatlanishini anglatadi. Bu atama ba'zan xalqaro chegaralar orqali odamlar (mehnat) va bilim (texnologiya) harakatini ham anglatadi. Globallashuvning kengroq madaniy, siyosiy va ekologik jihatlari ham mavjud.
"Globallashuv" atamasi 1980-yillarda ko'proq qo'llanila boshlandi, bu xalqaro tranzaktsiyalarni - ham savdo, ham moliyaviy oqimlarni amalga oshirishni osonlashtirgan va tezlashtirgan texnologik yutuqlarni o’zida aks ettiradi. Bu asrlar davomida inson iqtisodiy faoliyatining barcha darajalarda - qishloq bozorlarida, shahar sanoatlarida yoki moliya markazlarida faoliyat ko'rsatgan bir xil bozor kuchlarining milliy chegaralardan tashqariga tomon kengayib borayotganini o’zida aks ettiradi.
Tovarlar, kapital va odamlar qanday globallashganini ko'rsatadigan son-sanoqsiz ko'rsatkichlar mavjud bo’lib, quyidagilarni ko’rsatib o’tish bilan cheklanamiz:
Jahon yalpi ichki mahsulotiga nisbatan savdo (tovar va xizmatlar) qiymati 1980 yildagi 42,1 foizdan 2007 yilda 62,1 foizgacha oshdi;
To'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyalar 1980 yildagi jahon yalpi ichki mahsulotining 6,5 foizidan 2006 yilda 31,8 foizgacha ko’tarildi;
Jahon yalpi ichki mahsulotiga nisbatan xalqaro talablar (birinchi navbatda, bank kreditlari) ulushi 1980 yildagi taxminan 10 foizdan 2006 yilda 48 foizgacha oshdi;
Transchegaraviy telefon qo'ng'iroqlariga sarflangan daqiqalar soni aholi jon boshiga hisoblanganda 1991 yildagi 7,3 daqiqadan dan 2006 yilda 28,8 daqiqagacha ga ortdi;
Xorijiy ishchilar soni 1965 yildagi 78 million kishidan (dunyo aholisining 2,4 foizi) 2005 yilda 191 million kishiga (dunyo aholisining 3,0 foizi) ko’paydi.


2. Xalqaro moliya munosabatlari jahon xo’jaligi tizimida tez-tez takrorlanib turuvchi turli xil darajadagi kompleks, alohida olingan bir mamlakat va ularning hududiy birlashmalari, subyektlari, alohida tashkilotlar o’rtasidagi aloqalarni o’z ichiga oladi.
Xalqaro moliya munosabatlari tuzilmaviy jihatdan quyidagilarni o’rganishni taqozo etadi:

  • Xalqaro valyuta munosabatlari;

  • Xalqaro iqtisodiy-integratsion jarayonlar;

  • Xalqaro savdo munosabatlari;

  • Investitsiyalar va kapitalning xalqaro harakati;

  • Mamlakatlar to’lov balanslarini boshqarish;

  • Xalqaro hisob-kitoblarni amalga oshirish;

  • Xalqaro moliya tashkilotlari faoliyati va boshqalar.

Xalqaro moliya munosabatlarining obyektiv asosini xalqaro mehnat taqsimoti va jahon xo’jaligi hamda undagi iqtisodiy aloqalar tizimi tashkil etadi. Hozirgi zamon jahon xo’jaligi milliy iqtisodiyotlar yig’indisidan iborat bo’lgan global iqtisodiy tizim bo’lib, bozor iqtisodiyotining obyektiv qonunlariga, xalqaro mehnat taqsimotiga, ishlab chiqarish va kapitalning xalqaro harakatiga muvofiq tarzda o’zgarib boradi.
Xalqaro moliya munosabatlari tarkibiga xalqaro aylanmaga kelib tushgan va xalqaro iqtisodiy munosabatlarda, ya’ni rezidentlarning tashqi dunyo bilan yuzaga keladigan munosabatlarida qo’llaniladigan moliyaviy munosabatlar tizimi kiritiladi. Xalqaro moliya quyidagilarga xizmat qiladi:

  • Turli mamlakat rezidentlari o’rtasidagi iqtisodiy aloqalarga va o’zaro hamkorlikka;

  • Jahon mamlakatlarining turli xil moliyaviy institutlar bilan yuzaga keladigan o’zaro munosabatlariga;

  • Turli mamlakatlar rezidentlarining xalqaro moliya bozorlaridagi operatsiyalarni tashkil etishga.



3. Valyuta siyosati bozor iqtisodiyotini tartibga solish tizimida muhim o’rin egallaydi. Valyuta siyosati – mamlakatning joriy strategik maqsadlarga muvofiq xalqaro valyuta va boshqa iqtisodiy munosabatlari sohasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuasidir. U iqtisodiy siyosatning asosiy maqsadlariga erishishga qaratilgan, ya’ni iqtisodiy o’sishining barqarorligi, inflyatsiya va ishsizlikning o’sishini to’xtatish, to’lov balansi tengligini ushlab turish va boshqalarni ta’minlashga qaratilgan.
Valyuta siyosatining yo’nalishi va shakllari mamlakatning valyuta bo’yicha iqtisodiy vaziyati, jahon xo’jaligi evolyutsiyasi, jahonda ishlab chiqarish kuchlari joylashtirilishiga ko’ra aniqlanadi. Har xil taraqqiyot bosqichlarda birinchi o’rinda valyuta siyosatining aniq maqsad va masalalari chiqadi. Bular:

  • valyuta inqirozini bartaraf etish va barqarorligini ta’minlash;

  • valyuta cheklovlari;

  • valyutani erkin ayirboshlashga o’tish;

  • valyuta operatsiyalarining erkinligi va boshqalar.

Hukumatning valyuta siyosati valyuta qonunchiligi bilan rasmiylashtiriladi. Bu qonunchilik o’z ichiga mamlakat ichida va tashqarisida valyuta qimmatliklari bilan operatsiyalarni tartibga soluvchi huquqiy qoidalar majmuasi, shuningdek, valyuta muammolari bo’yicha davlatlararo kelishuvlar (ikki tomonlama va ko’p tomonlama) ni oladi.
Valyuta siyosatini amalga oshirish yo’nalishlaridan biri – bu valyutani tartibga solishdir. Valyutani tartibga solish valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi va xalqaro hisob-kitoblarni davlat tomonidan aniq belgilab berishdir. Bu, o’z navbatida, milliy, davlatlararo va hududiy darajada bajarilishi mumkin.
Umuman olganda esa, valyuta siyosati valyuta muammolari bo’yicha qarorlarni tayyorlash, qabul qilish va amalga oshirishni o’z ichiga oladi.
Download 21.44 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling