Guliston davlat universiteti tarix kafedrasi eng yangi tarix
Download 4.26 Mb.
|
portal.guldu.uz-ENG YANGI TARIX
2-asosiy savolning bayoni:
Nemis burjuaziyasi hukumatga qarshi yuz bergan harakatlarni bostirib o’zining iqtisodiy va siyosiy mavqeini vaqtincha mustahkamlab oldi. 1923 yil oxirida o’tkazilgan pul islohoti inflyatsiyani bir muncha bartaraf qildi. 8 soatlik ish kuni nogironlar va keksalarga beriladigan nafaqalar bekor qilindi. 1924 yil boshida harbiy holat yo’qotilib, yana parlament boshqaruviga o’tildi. Germaniya iqtisodiyotini izdan chiqarish AQSh rejasida yo’q edi. Shu sababli Amerika hukumati vaziyatni o’zgartirishga qaror qildi. AQShning taklifi bilan amerikalik bankir Daues boshchiligida ekspertlar komissiyasi tashkil etildi. Komissiya Germaniyaning tovon to’lovlarini tartibga solish rejasini ishlab chiqdi. Uning takliflari 1924 yil 16 iyulda Londonda bo’lib o’tgan mamlakatlar konferentsiyasida qabul qilindi. Daues rejasiga ko’ra Germaniya sanoatini chet el zayomlari va kreditlari yordamida, shuningdek, Germaniya va Rossiya o’rtasidagi savdoni rivojlantirish yo’li bilan tiklash ko’zda tutilgandi. Reja bo’yicha Germaniya 1924-1925 byudjet yilida g’olib davlatlarga oltin bilan 1 milliard marka tovon to’lashi kerak edi. Keyingi yillarda to’lov miqdori yiliga 2,5 milliardgacha ko’payishi ko’zda tutilgandi. Asta-sekin to’lovlar kamaytirilib, Germaniya iqtisodiyotining ahvoliga ko’ra amalga oshirilishi mo’ljallangan edi. Bu shart qabul qilingan taqdirda AQSh Frantsiyaning qarzlaridan voz kechishini bildirdi. Frantsuzlar bu rejani qabul qildilar va 1925 yilda so’nggi frantsuz askari Rurdan chiqib ketdi. “Daues rejasi”ga muvofiq, AQSh Germaniyaning moliya ishlarini o’z nazoratiga oldi, hamda Germaniyaning og’ir va harbiy sanoatini tiklash uchun mo’ljallangan uzoq muddatli zayom va kreditlarning 70% ini berdi. 1924-1929 yillarda chet eldan Germaniyaga berilgan uzoq muddatli qarz 10-15 milliard markani va qisqa muddatli qarz 6 milliard markani tashkil qildi. Bu esa Germaniyaning shu yillardagi reparatsiya to’lovlaridan ikki hissa ko’p edi. Daues rejasi qabul qilingach, Germaniyaga Amerika sarmoyasi to’xtovsiz oqib kela boshladi. AQShda Germaniya sanoatini zaruriy xom ashyo bilan ta’minlovchi qo’shma korxona tashkil etildi. Germaniyaning o’zida ham Amerika kompaniyalari o’z sho’’balarini ochib, yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqara boshladi. 1925 yildan 1930 yilgacha AQSh Germaniya iqtisodiyotiga 10 milliard dollar sarmoya kiritdi. Bu esa Germaniya iqtisodiyotining tez sur’atlar bilan yuksalishi uchun zamin yaratdi. Xorijiy sarmoya yordamida Germaniya sanoatchilari sanoatni tamomila qayta tikladilar va zamonaviylashtirdilar. Sarmoya va ishlab chiqarishni birlashtirish va markazlashtirish tez sur’atlar bilan davom etdi. Germaniyada kimyo, po’lat quyish va boshqa sohalarda ulkan monopol birlashmalar (IG Farbenindustri, “Po’lat tresti” va boshqalar) vujudga keldi. 1930 yilda bunday yirik kontsernlar soni 2100 taga etdi. Xo’jalik sohasi, trasport, gazeta-jurnallar, kinostudiyalar, ko’ngilochar ermaklar, sport ularning tasarrufida edi. Iqtisodiyot va jamoatchilik fikrini belgilashda ular hal qiluvchi mavqega erishdilar. Germaniya iqtisodiy taraqqiyotda katta muvaffaqiyatni qo’lga kiritdi. Veymar respublikasi yirik burjuaziyaning boyishi va sanoatning rivojlanishi uchun nihoyatda qulay sharoitlar yaratgan ideal siyosiy ustqurma bo’lib chiqdi. Davlat iqtisodiy yuksalishni faollashtirish maqsadida o’zining byudjet mablag’laridan o’rinli foydalandi. Veymar respublikasi eski sarmoya sohiblari guruhini boyitibgina qolmay, yangi sanoatchilarning paydo bo’lishiga ham imkoniyat yaratdi. Masalan, 1925 yilda tashkil etilgan “IG Farbenindustri” kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish bo’yicha Evropadagi eng yirik trestga aylandi. Germaniyaning butun kimyo sanoati uning tasarrufida edi. 1926 yilda tashkil etilgan birlashgan “Po’lat tresti” barcha temir va po’latning 40 foizini, ko’mirning 25 foizini ishlab chiqarardi. 1928 yilda Germaniyada 1913 yilga nisbatan 5 barobar ko’p elektr energiyasi, 7 barobar ko’p avtomobil, 32 barobar ko’p alyuminiy ishlab chiqarildi. Shu yili Germaniya kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish bo’yicha dunyoda birinchi va po’lat ishlab chiqarish bo’yicha ikkinchi o’rinni egalladi. 1929 yilda Germaniya 16 mln. tonna po’lat ishlab chiqardi (Angliya - 10 mln., Frantsiya-10 mln.), mashinalar eksporti bo’yicha dunyoda ikkinchi o’rinni oldi. Kapitalizmning stabillashuvi yillarida Angliyadan, ayniqsa, AQShdan olingan qarzlar hisobiga Germaniya sanoatida ratsionalizatsiya keng avj oldi. Ishlab chiqarish va kapital konsentratsiyasi hamda markazlashuvi yanada kuchaydi. Harbiy sanoat quvvati tiklanib bordi. Nemis-Amerika, Nemis-Ingliz monopoliyalarning aloqalari kengaydi. Germaniyada xususan Amerika kapitalining, ayniqsa, Morgan, Rokfeller, Mellon moliya gruppalarining mavqei tobora mustahkamlandi. Germaniya G’arb davlatlari bilan yarashish yo’lini qidirardi, Sharqda esa, o’zining azaliy hududlarini qaytarib olish niyatida edi. Shu maqsadda, Germaniya 1925 yil oktyabrda Angliya, Frantsiya, Italiya, Belgiya, Polsha va Chexoslovakiya bilan birga Lokarno (Shvetsariya) konferentsiyasida qatnashdi. Konferentsiyada bir qancha bitimlar, jumladan Reyn ahdnomasi imzolandi. Sobiq dushmanlar muzokaralar stoli atrofida Evropada yangi tartiblar o’rnatish haqida kelishib oldilar. Frantsiya va Germaniya Versalda belgilangan o’zaro chegaralarning qonuniyligi va buzilmasligini tasdiqladilar. Angliya va Italiya bu bitimning kafolatchisi bo’ldi. Lokarno konferentsiyasida qatnashgan davlatlar Germaniyaning g’arbiy chegaralarini buzmaslik to’g’risida o’zaro kelishib oldilar, lekin uning sharqiy chegaralari haqida hech qanday majburiyat olishmadi. Germaniya Lokarno bitimlariga binoan, 1926 yil 10 sentyabrda Millatlar Ittifoqiga kirdi. Ayni paytda Germaniya Versal tartibini yo’qotish va ittifoqchilar nazorati ostidan xolos bo’lishga intilmoqda edi. Germaniya Amerika-Angliya moliya kapitalining yordami va AQSh monopolist doiralarining vakili Yungning aktiv ishtiroki bilan 1929 yil fevral-avgustida reparatsiya plani o’rniga yangi “Yung plani” qabul qilindi va u 1930 yil yanvaridan kuchga kirdi. Bu planga muvofiq, reparatsiya to’lovlari 20% kamaytirildi, reparatsiyaning umumiy summasi 113,9 milliard oltin markaga keltirilib, yillik to’lash summasi 2 milliard markagacha qilib belgilandi, to’lash 59 yilga (1988 yilgacha) uzaytirildi. Antantaning Germaniya iqtisodi ustidan nazorati batamom tugatildi. Stabillashuv yillarida nemis burjuaziyasining siyosiy mavqei ham birmuncha mustahkamlandi. Burjuaziya bilan yunkerlar bloki tuzildi. 1923 yil oxiridan 1928 yil iyunigacha mamlakatni “Kichik koalitsiya”- o’ng burjua respublikachi partiyalari (katolik “Markaz”, “Xalq partiyasi”) koalitsiyasi boshqardi. Vilgelm Marks va Lyuter shu davrda tuzilgan hukumatlar tepasida turdilar. 1925 yil Ebert vafotidan keyin Kayzer armiyasining feldmarshali, birinchi jahon urushi jinoyatchilaridan biri bo’lgan ashaddiy monarxist Gindenburg prezident qilib saylandi. Gindenburg reaktsiya kuchlarini yanada mustahkamlash maqsadida 1928 yil martida reyxstagni tarqatib, may oyida yangi saylovlar o’tkazdi. Gindenburgning topshirig’iga mufoviq, 1928 yil iyunida reyxstagdagi Sotsial-demokratiya fraktsiyasining lideri German Myuller sotsial-demokratlardan va o’ng burjua partiyalari vakillaridan iborat “Katta kaolitsiya” hukumatini tuzdi va 1930 yil martigacha mamlakatni boshqardi. Download 4.26 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling