Gumanitar fanlar
Gaplarni bo‘laklarga ajratish tamoyillari
Download 98.99 Kb.
|
Aniqlovchi va uning gap tuzilishidagi o`rni
1.3. Gaplarni bo‘laklarga ajratish tamoyillari
Gaplar odatda so‘zlar birikmasidan yoki ayrim so‘zdan tashkil topadi. Gap bo‘lagi haqidagi mulohazalar esa bir necha so‘zdan tashkil topgan gaplar ustida bo‘ladi. Chunki o‘shanday gaplardagina bo‘laklar to‘g‘risida va ularning sintaktik funksiyalari haqida fikr yuritish mumkin. Birdan ortiq so‘zlardan tarkib topgan gaplarning yig‘iq tipida predikativlik munosabati, yoyiq turida esa yana boshqa sintaktik munosabatlar ro‘yobga chiqadi. Gapning har bir bo‘lagining ma’lum ma’no va shakli bo‘ladi. Ular quyidagilar bilan xarakterlanadi:
o‘zaro sintaktik munosabatga kira oladigan so‘zlar yoki so‘z birikmalari orqali ifodalanadi; 2) shaxs, kesimlik, kelishik affikslari va ko‘makchi kabi vositalar bilan birga keloladi; 3) ma’lum tartib bilan joylashadi; 4) alohida intonatsiyaga ega bo‘ladi. So‘z yoki birikmaning gapda biror bo‘lak sifatida muayyan vazifani bajarayotgani uning gap komponentlari sirasida qanday o‘rinda joylashishiga ham bog‘liq. Masalan: Odam qo‘y ko‘rdi. Qo‘y odam ko‘rdi. Birinchi gapda odam so‘zi – ega, qo‘y – to‘ldiruvchi; ikkinchi gapda qo‘y so‘zi – ega, odam – to‘ldiruvchi. Alohida shaklga ega bo‘lmagan har ikki so‘zning qaysi gap bo‘lagiga mansubligi ularning gap bo‘laklari sirasidagi o‘rinlariga bog‘liq bo‘lmoqda, har ikki gapda ham birinchi o‘rinda kelgan so‘z ega, ikkinchi o‘rindagisi to‘ldiruvchi bo‘lib kelmoqda. Gap strukturasida biror bo‘lak bo‘lib kelish va belgili vazifani bajarish qismlarning umumiy sintaktik – semantik munosabatlariga bog‘liq bo‘ladi. Bu holat, hamma bir shakldagi gap bo‘lagining turli vazifada kelishida ham ko‘rinadi. Masalan, Biz ko’lda qayiqda suzdik gapida ko‘lda so‘zi hol, qayiqda bo‘lagi esa to‘ldiruvchidir. Gapning asosini bosh bo‘laklar tashkil etadi. Ikkinchi darajali bo‘laklar ega yoki kesimga bog‘lanadi. Ba’zan esa o‘zaro bir – biriga bog‘lanadi, ba’zan esa butun gapga oid bo‘lishi ham mumkin. Masalan: - Ey azizim, ijodingdan hammaning ko’ngli shod,dilida zavq. Gaplar doim ham bir so‘z bilan ifodalangan bo‘laklardan iborat bo‘lavermaydi. Erkin va turg‘un birikmalar ham bir butun holda gapning bir bo‘lagini ifodalashi mumkin. Bu bosh bo‘laklarga ham ikkinchi darajali bo‘laklarga ham tegishlidir. Masalan, Aqlli yigit bo‘lgani uchun, shu vaqtgacha og‘iz ochmagan. (H) gapidagi og‘iz ochmagan frazeologik birikmasi gapirmagan ma’nosidagi kesimdir; aqlli yigit bo‘lgani uchun tarkibi ham bir butun holda og‘iz ochmaganlikning sababini izohlamoqda; Shu vaqtgacha tarkibi esa bir butun holda payt ma’nosini ifoda etmoqda. Bu birikmalar bir butun holda ma’lum gap bo‘lagi vazifasini o‘taydi. Misollar: Umr savdosi – qiyin savdo (maqol): U, qishloqqa kelganida, dastlab yangi muhitga moslasholmay, ko‘p qiynalgan edi, ammo muhitga moslashgandan so‘ng, ta’bi ochilib ketdi. (A.Q.) Bu ish kampirga ma’lum bo‘lgandan keyin, jindakkina ko‘z yosh qilib oldi. (G‘.G‘.) Inson uchun fazlu kamol lozim (A.Qd.) Misollardagi umr savdosi, qiyin savdo, yangi muhitga, ta’bi ochilib ketdi, bu ish, ma’lum bo‘lgandan keyin, ko‘z yosh qilib oldi, fazlu kamol iboralarining har biri, yuqoridagidek izohlar asosida, gapning bittadan bo‘lagi hisoblanadi. Gap bo‘laklari ayrim so‘z turkumlari (masalan ot, sifat, son, fe’l va boshqalar) yoki so‘zlarning ma’lum guruhlariga oid so‘zlar birikmasi bilan ifodalanadi. Shunday qilib, bir so‘z yoki so‘zlar birikmasi bilan ifodalangan gap qismlari, gapni shakllantirishdagi vazifalariga qarab, ikkiga: 1) bosh bo‘laklar; 2) ikkinchi darajali bo‘laklarga bo‘linadi. Biror gap bo‘lagini ajratishga bo‘lgan fikriy zaruriyat grammatik puktuatsion shart – sharoitning mavjud bo‘lishini talab etadi: so‘z tartibi; ajratilgan bo‘laklarning hajmi; o‘ziga xos intonatsiyasi; pauza; so‘z aloqasining xarakteri va boshqalar. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, gap bo‘lagini ajratish o‘ziga xos sabab bilan ro‘y berib, gap bo‘laklarining xususiyatlariga ko‘ra, ajratilish usullari ham turlicha bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga umumiy xususiyatlar, umumiy shart – sharoitlar ham bo‘ladi.
Gap bo‘laklarini ajratilshda gap tarkibidagi so‘zlarning tartibini o‘zgartirish muhim rol o‘ynaydi. Ma’lumki, o‘zbek adabiy tilida ayrim gap bo‘laklarining o‘ziga xos o‘rni bor – aniqlovchi o‘z aniqlanmishi bo‘lgan otdan oldin, ravish, hol esa fe’l kesimdan avval keladi. Bu tartibning o‘zgarishi, masalan, aniqlovchining aniqlanmishdan so‘ng qo‘yilishi, fe’l kesim bilan ravish holi o‘rtasida boshqa gap bo‘laklarining bo‘lishi – gapning changini, inversiyaga uchragan gap bo‘lagining ma’nosini, qisman bo‘lsa-da, o‘zgartirishga olib keladi. Bu hol o‘rni o‘zgargan gap bo‘laklariga diqqatning tortilishiga, natijada shu bo‘lakning ajratilishiga sabab bo‘ladi. Masalan: Ulardan biri-sersoqol, rangpar va oriq – o‘z mantiqining kuchini ko‘rsatishga tirishadi. (O‘.) Ko‘pincha gap bo‘laklarining ajratilishi uchun ularning o‘zlariga oid so‘zlar bilan kengayib kelishlari zarur bo‘ladi. Bu hol gap bo‘lagiga nisbiy mustaqillik berib, boshqa gap bo‘laklaridan ajratilishini talab etadi. Masalan: xotini, rangi o‘chgan, o‘rnidan turib, bolani belanchakka soldi. (A.Q.) Ba’zan ayrim gap bo‘laklari o‘zidan oldin kelgan bo‘lakni izohlab kelish yo‘li bilan ajratilishi mumkin. Masalan: Ba’zan, ziyofatdan ancha ilgari, yosh shoirlar kelishar edilar. (A.T.) Bu gapda ziyofatdan ancha ilgari o‘zidan oldingi ba’zan so‘zining ma’nosini konkretlashtiradi. Ayrim o‘rinlarda ba’zi gap bo‘laklarining ajratilishi gapning sintaktik qurilishi, ajratilgan bo‘laklarning xususiyatlaridan kelib chiqmay, muallifning shu gap, bo‘lakning ma’nosini bo‘rttirib, boshqa bo‘laklardan ajratib ko‘rsatish niyatiga bog‘liq bo‘ladi. Ajratish ma’lum modallikni ifodalash uchun grammatik vosita sifatida xizmat qiladi. Tilshunoslikda o‘tgan davr mobaynida gap bo‘laklari yuzasidan turli – tuman g‘oyalar ilgari surildi, turli yo‘nalishlar maydonga keldi. Bunday xilma – xillik gap bo‘laklarini darajalarga ajratishda ham, ikkinchi darajali bo‘laklarning tasnif asoslarida ham ko‘rinadi. Gap bo‘laklarining tasnifi birdaniga paydo bo‘lgan emas, albatta. Gapning bosh va ikkinchi darajali bo‘laklari haqidagi nazariya birinchi bo‘lib falsafiy grammatikada yoritilgan. Jumladan, N.I.Grech va A.X.Vostokovlarning tadqiqotida ikkita ikkinchi darajali bo‘lak - aniqlovchi va to‘ldiruvchi tan olingan. Hol gumon aniqlovchiga, qisman to‘ldiruvchiga kiritilgan. F.I.Buslayev gap bo‘laklarini ikki belgiga ko‘ra tasnif etadi: 1) sintaktik boshqarilishiga ko‘ra: 2) ma’nosiga ko‘ra. Boshqacha aytganda, mazkur tasnif tobe va hokimlik. Tobe so‘zning ma’nosi, funksiyasi asos qilib olingan. Gapning yana aniqlovchili, to‘ldiruvchili birliklardan farqlanadigan shunday bo‘laklari borki, - deb yozadi muallif, -ular so‘zning moslashuv va boshqaruv aloqasida bo‘lmaydi. Bunday so‘zlar hol deb ataladi.1 Buslayev gapning uchta ikkinchi darajali bo‘laklarini ajratgan bo‘lsa-da, bu tasnifga, asosan, morfologik jihat asos qilib olingan. Gap bo‘laklari, xususan, ikkinchi darajali bo‘laklarni ajratishda mukammal prinsiplar ishlab chiqilmaganligi uchun uning tasnifida qiyinchiliklar, xilma – xilliklar yuzaga keldi. A.A. Potebnya esa so‘z turkumlari va ularning shakllariga asoslanadi. Bu yo‘nalishdagi olimlar bir so‘zni ba’zan ikki xil gap bo‘lagiga kiritdilar. Masalan, dыm stoyal stolba gapida stolba bo‘lagi Buslayev konsepsiyasida hol, A.A.Potebnyada esa to‘ldiruvchiga kiritiladi. A.A.Potebnya nazariyasida aniqlovchining moddiy asosi mavjud emas. Shuning uchun ham u qo‘shimcha va tobe belgi sifatida “aloqa usulini, xususan, moslashuvni kiritishga majbur bo‘ldi. Natijada aniqlovchini moslashuvchi ot sifatida ajratib, uni to‘ldiruvchi va egaga moslashmaydigan ot sifatida qarama-qarshi qo‘yadi.1 Bu olimlar tomonidan belgilangan tamoyillar D.N.Ovsyaniko – Kulikovskiy, A.A. Shaxmatov, A.M.Peshkovskiylar tomonidan davom ettirildi. Yuqoridagi barcha tilshunoslar gap bo‘laklari masalasida quyidagi holatlardan kelib chiqdilar: gapning har bir bo‘lagi ma’no bilan birga, material substratga, shaklga ega bo‘lgandagina gap bo‘lagi obyektiv xarakter kasb etadi, til faktiga aylanadi. Gapni bo‘laklarga ajratishda izchillik yetishmasligi tufayli ularga nisbatan e’tirozlar paydo bo‘ldi. Xususan, I.Shcherba, A.Potebnya va F.Buslayev qarashlarining na nazariy, na amaliy jihatdan bilish jarayoni uchun ahamiyati yo‘qligi, morfologiya va sintaksis tushunchalari bilan cheklangan tavtologiya ekanligini tanqid qiladi. Shunday qilib, gap bo‘laklari nazariyasi paydo bo‘lgandan buyon bu haqdagi bahs – munozaralar to‘xtagan emas. Ana shu bahs – munozaralar tufayli gapning sintaktik tuzilishini o‘rganishda ikki yo‘nalish maydonga keldi: 1) gapning sintaktik tuzilishini gap bo‘laklari rukni ostida o‘rganish tarafdorlari; 2) gap bo‘laklari ruknini inkor etuvchilar (Shvedova Yu.S., Zolotova G.A.).2 Birinchi yo‘nalish tarafdorlari garchi gapni bo‘laklarga ajratishda xilma-xil tamoyilga asoslanib, turli xil natijalarga erishgan bo‘lsalar ham, lekin ularning hammasi gap bo‘laklarining mohiyati masalasida, gapning qanday uzvlari gap bo‘laklari sirasiga kiritilishi mumkin ekanligini belgilashda birlashadilar. Ularning barchasi gapni bo‘laklarga ajratishning bosh tamoyili gap uzvlarining o‘zaro tobelanishi ekanligini e’tirof etadilar. Bunday munosabatga kirishmagan gap uzvlari esa gap bo‘laklari ruknidan tashqarida qoladi. O‘zaro tobe munosabatda bo‘lgan birliklarning tobe vaziyati gap bo‘laklarini tayinlashga imkon beradi. Lekin ana shu tobe vaziyatni aniqlash, gap bo‘laklarini egallagan vaziyatlariga qarab darajalarga bo‘lishda xilma – xillik vujudga keladi. Avvalo, gap bo‘laklarini ikkita darajali bilan cheklab qo‘yish, bosh bo‘laklarni tayinlash, ikkinchi darajali bo‘laklarning gap tuzilishidagi o‘rnini belgilash masalasida hamon turlicha qarashlar davom etmoqda. Bunday qarashlar asosida qaysi bo‘laklarni bosh bo‘lak deb hisoblash, ikkinchi darajali bo‘laklarni belgilashda nimaga tayanish lozimligi masalasi yotadi. Bosh bo‘laklarni belgilashda ega va kesimni gapning mazmuniy va grammatik markazlari sifatida har ikkisini bosh bo‘lak tarkibiga kiruvchi ikki cho‘qqili an’anaviy qarash va Tener asos solgan faqat kesimni mazmuniy va grammatik markaz sifatida qarovchi yangi yo‘nalish maydonga keldi. Ikki cho‘qqili nazariyada ega bilan kesim har qanday gapning predikativ markazi, mazmuniy va grammatik tayanch nuqtasi, boshqa bo‘laklar esa shu ikki bo‘lakka grammatik va mazmuniy bog‘lanib, ularga nisbatan tobe vaziyatda turuvchi bo‘laklar sanaladi. Shuning uchun ular ikkinchi darajali bo‘laklar sanaladi. A.M.Peshkovskiyning ikkinchi darajali bo‘lak haqidagi qarashlarining ahamiyati shundaki, u bo‘laklarning formal va logik tomonlarini birga olib tekshiradi. A.M. Muxin esa bosh va ikkinchi darajali bo‘lak o‘rnida ikki xil komponentni ajratadi. Bular: yadro (bosh bo‘lak) va noyadro komponentlar. Shu asosda gaplarni yig‘iq va yoyiq gaplarga ajratadi. A.G‘.G‘ulomov gap bo‘laklari ikki bosqichli klassifikatsiyaga ega ekanligini, bu klassifikatsiyaga ko‘ra bosh va ikkinchi darajali bo‘laklar ajratilishi maqsadga muvofiqligini e’tirof etadi. Gap bo‘lagining xususiyati, -deb ta’kidlaydilar A.G‘ulomov va M.Asqarova, -uning bu butunlikdagi vazifasiga, boshqa elementlar bilan bo‘lgan munosabatiga qarab belgilanadi. Umuman, gap bo‘laklarini, ularning turlarini belgilashda, bir qancha hodisalar (sintaktik munosabatdagi holat, grammatik aloqaga kirishgan so‘zlarning qaysi turkumga kirishi va formasi, gapdagi o‘rni, intonatsion xususiyat hisobga olinadi.1 A.Hojiyev va N.Mahmudovlar, A.M.Muxim, L.K.Dmitriyeva, V.A.Beloshapkova kabi olimlarning fikrlariga asoslanib, gap bo‘laklarini belgilashda, ularni gap tuzilishida to‘g‘ri va obyektni tayin etishda gapning pozitsion struktura ekanligidan hozirgacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan sintaktik pozitsiya tushunchasidan kelib chiqish maqsadga muvofiq ekanligini uqtiradilar.1 Sintaktik tahlilda gapning strukturasigina emas, shu bilan birga, uning semantikasi, kommunikativ asosi ham o‘rganiladi. Gapning mazmun va strukturasi bo‘lak tushunchasi bilan aloqador. Gap bo‘laklarning ma’lum qonun-qoidalar asosida birikishidan tashkil topganligi uchun, u o‘z navbatida bo‘laklarga ajraladi. Gapni bo‘laklarga ajratish, haqiqatan ham, juda murakkab bo‘lib, bu haqdagi mavjud tamoyillar, kriteriylarga gap bo‘lagi tushunchasini, ta’rif va tavsifini to‘la aks ettira olmayotganligi ma’lum. Gap bo‘laklarini belgilashda keyingi vaqtlarda aktiv tavsiya etilayotgan prinsiplardan biri sintaktik pozitsiya tamoyili. Bu tamoyil gapni bo‘laklarga ajratishda muhim rol o‘ynaydi:
gapni bo‘laklarga ajratish; bo‘laklarni funksional turlarga ajratish. Gap bo‘laklarining gapni uyushtirishdagi roli va ahamiyati asos qilib olinadi. Bu tamoyilga ko‘ra, dastavval, bosh va ikkinchi darajali bo‘laklarga ajratiladi. Gap bo‘laklarining sintaktik aloqa turlari asos bo‘ladi. Bu tamoyilga ko‘ra, bosh bo‘laklar ega va kesimga ajralib, ular o‘rtasida sintaktik munosabatning predikativ turi, ikkinchi darajali bo‘laklar: aniqlovchi, to‘ldiruvchi, hol o‘rtasida sintaktik munosabatning nopredikativ turi mavjud bo‘ladi. Aloqaga kirishuvchi so‘zlaning semantikasi, qaysi turkumdagi so‘z bilan ifodalanganligi (leksik-semantik, morfologik) tamoyil asos bo‘ladi. Semantik-sintaktik munosabat atributiv (aniqlovchili), obyektli (to‘ldiruvchili), relyativ (holli) birikmalarni maydonga keltiradi. Odatda, gap bo‘laklari termini ostida so‘z formalari va so‘z birikmalari ostida gapda shakllangan, gapning struktural elementlari o‘rtasidagi munosabatni ko‘rsatuvchi sintaktik-grammatik kategoriya tushuniladi. Yoki gap bo‘lagi gap qurilishining qonun-qoidalariga ko‘ra, grammatik-semantik jihatdan shakllangan, ma’lum semantik aloqa tufayli munosabatga kirishib, sintaktik pozitsiya egallagan butunning (gapning) uzviy funksional, struktural qismidir. Bundan anglashiladiki, gapning hamma turida, avvalo, bo‘lak tushunchasi mavjud emas. Bunda ikki holat bor: 1) gapning nominativ, lokativ, so‘z-gap turlarida bo‘lak tushunchasi kiritilmaydi. Bunday gapda nisbat beriluvchi bo‘laklar shakllanmagan. Masalan, Uf, Qush edim, qanotimni qayrdilar. (H.H). Qish hammayoq oppoq qor bilan qoplangan. Vazifangizga qaytmaysizmi?-qaydam. (M.I). Qo‘lchi Mirzakarimboy xonadonidan ketib qolganmi?-Ha. Gaplaridagi Uf!, Qish, Qaydam, Ha so‘zlari gap vazifasida kelib, ularni shu kontekstda biror bo‘lak sifatida tiklash mumkin emas, bunda ehtiyoj ham yo‘q, ular birorta bo‘lakni eslatib ham turmaydi. Bular nutqning tabiiy, normal birliklaridir. 2) Talabaman; O‘qiyman modelidagi bir so‘z bilan iqodalangan gaplar so‘z-gap emas-odatdagi bir tarkibli , sodda gap bo‘lib, bunda bo‘lak tushunchasi mavjud bo’lib, kesim shakillangan, uni egaga nisbat berib ajratish mumkin. Farhod ukasini ko‘chada uchratdi gapida Farhod bosh kelishikda, hokim komponent-ega: kesim bilan aloqaga kirishgan, harakatning bajaruvchisi, beligisi kesim tomonidan aniqlangan, ukasini-tushum kelishigida, keismga bog‘lanib, unga obyekt bo‘lgan tobe holatdagi predmet-to‘ldiruvchi; ko‘chada-o‘rin-payt kelishigida, kesimga bog‘lanib, makon- joy, tushunchasini anglatgan tobe holatdagi predmet-o‘rin holi; uchratdi: - shaxs-son affiksi bilan shakllangan, ega bilan bog‘lanib, uning belgisini, harakatini anglatgan fe’l kesim. Ma’lumki, ko‘p hollarda gapda bosh kelishikdagi so‘z - ega qaratqich kelishigidagi so‘z – qaratuvchi, shaxs-son qo‘shimchasi bilan shakllangan so‘z kesim bo‘lib keladi. Biroq bu doimiy holat emas. Ba’zan morfologik ko‘rsatkichlar ham so‘zlarning gapda biror bo‘lak ekanligini belgilab berolmaydi. Masalan, tushum kelishigida kelgan so‘z gapda to‘ldiruvchi vazifasida kelolmasligi mumkin. Mirzakarimboy ilonning yog‘ini yalagan odam. (Oybek) gapida ilonning aniqlovchi, yog‘ini to‘ldiruvchi deb ajratib bo‘lmaydi. O‘rmonjon kursida o‘tirib, tongni ottirdi. (A.Q.) gapida tongni to‘ldiruvchi bo‘lolmaydi. Boychechak- bahorning yelchisi; bahor fasllar-kelinchagi gaplarida bahorning, fasllar so‘zlari aniqlovchi sifatida ajratilmaydi. Ko‘ngil xazinasining qulfi til va ul xazinaning kaliti-so‘z, bil. (A.N.) gapida xazinaning so‘zlari qaratqich kelishigida bo‘lsa ham aniqlovchi, qulfi so‘zlari bo‘sh kelishikda bo‘lsa ham ega vazifasida emas. Umuman, morfologik planda so‘zlarning gapda qaysi bo‘lak bo‘lib kelishini aniqlash to‘g‘ri bo‘lib chiqavermaydi. Biror turkumdagi so‘z, masalan, fel faqat kesim emas, gapning hamma bo‘lagi vazifasida ham kelishi mumkin: u ho‘mraydi, xo‘mraydi-kesim; xo‘mrayish-yomon odat; xo‘mrayish-ega; xo‘mrayishi-ni yo‘qotirmayman: xo‘mrayishni to‘ldiruvchi. Umuman, gap bo‘laklarining turi bir-biriga nisbat berib tayinlanadi. Chunonchi, ega kesimga, kesim egaga nisbatan, to‘ldiruvchi to‘ldirilmishga, hol hollanmishga, aniqlovchi aniqlanmishga nisbatan belginadi. Nisbat beriluvchi element bo‘lmas ekan, u yo bu bo‘lak haqida ham gapirish mumkin emas.1 Ikkinchi darajalibo‘laklar yuzasidan A.I. Smirnitskiy fikrlari muhim ahamiyatga ega. Uning fikricha, gap bo‘laklari bilan so‘z turkumlari o‘rtasida ma’lum muvofiqlik bor. “U bu yerda qora itni ko‘rdi” gapida uchta ikkinchi darajali bo‘lak uch xil so‘z turkumidan: hol –ravishdan, to‘ldiruvchi-otdan, aniqlovchi sifatdan ifodalangan. Bu tasodifiy xol emas. Chunki har qanday so‘z turkumi o‘zining individual ma’nolaridan tashqari, umumiy kategorial ma’noga ham ega bo‘ladi. Shu umumiy kategorial ma’no so‘z turkumining ma’nosi hisoblanadi: har qanday ot predmet ma’nosini, har qanday sifat belgi ma’nosini ifodalaydi va boshqalar. So‘z turkumlarining bunday umumiy kategorial ma’nolari gap bo‘laklarining ma’nolari bilan ma’lum muvofiqlikka ega bo‘ladi. Shu bilan birga so‘z turkumlari va gap bo‘laklarining bir-biridan farqlanuvchi ikki xil mustaqil kategoriya ekanligini ham unutmaslik karakligini uqtiradi.2 Demak, ma’lum so‘z turkumi o‘ziga xos bo‘lmagan funksiyada qo‘llanishi ham mumkinligi ko‘rsatilgan. Natijada so‘z turkumi sifatidagi so‘zning ma’nosi o‘rtasida qarama-qarshilikdan tashqari, so‘zning individual ma’nosi bilan uning kategorial ma’nosi o‘rtasida ham qarama-qarshilik bo‘lishi mumkinligi bayon qilinadi. Shunday qilib, ikkinchi darajali bo‘laklarda bir necha holatlar qorishib ketadi: 1) sintaktik (gapdagi vazifasi); aniqlovchi, to‘ldiruvchi, hol; 2) morfologik: so‘zning ma’lum so‘z turkumi sifatida shakillanishi; 3) leksik: har bir so‘zning individual ma’nosi belgi, jarayon ma’nolarini bildirish v.b. Gap bo‘laklariga ajratishning an’anaviy tamoyili gap elementlarining xilma-xil belgilariga tayanganligi uchun bir sintaktik birlikni bir necha xil gap bo‘laklariga kiritilganligini ko‘rsatadi: gapni bo‘laklariga ajratishda ularning eng asosiy belgilar sifatida quyidagi belgilarni ko‘rsatish mumkin: Gap bo‘laklari o‘rtasidagi aloqa darajasi va ularning xarakteri; Mazkur gap bo‘lagi orqali ifodalangan aloqa mazmuni (predmet, belgi va b). Odatda, gapda so‘zlar to‘rt xil yo‘l bilan bog‘lanadi: Predikativ aloqa-ega-kesim bog‘lanishi. Atributiv aloqa-aniqlovchi-aniqlanmish aloqasi. Kompletiv aloqa-to‘ldiruvchi-to‘ldirilmish aloqasi. Kopulitiv aloqa-uyushiq bo‘laklar o‘rtasidagi aloqa. Gap bo‘laklariga ajratishning ikkinchi belgisi aloqaga kirishuvchi so‘zlarning o‘zqaro munosabat mazmunidir. Bunday munosabat obyektiv borliqdagi unsurlarning munosabatini aks ettiradi. Ular turli xil bo‘lishi mumkin: protsessli (jarayon va uni yuzaga keltiruvchi predmet o‘rtaisdagi munosabat); predmetli (Ikki predmet o‘rtasidagi munosabat) xolli (protsessning yuzaga chiqishi yoki mavjud bo‘lish holati bilan protsess yoki predmet o‘rtasidagi munosabat) va b. Gapning sintaktik strukturasini gap bo‘laklari asosida o‘rganish. Gap bo‘laklariga ajratish kriteriyalarining hamma tillar uchun ham chuqur, hamma e’tirof etadigan nazariy asoslari mavjud emas. Turkiy tillarda gap predikat va uning argumentlari birligi sifatida qaralar ekan, uning sintaktik strukturasi ham xuddi shu predikat asosida o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Bu vaqtda gap sintaktik strukturasini elementlarga ajratishning uch etapi bo‘ladi: birinchi etapida gap tarkibidagi predmetlarni (kesimni) ajratish; ikkinchi etapida uning argumentlarini ajratish; uchinchi etapida argumentlarning o‘z ichki argumentlarini belgilash1. Jumladan, N.Mahmudov aniqlovchilarni gapning konstruktiv bo‘lagi hisoblamagani holda, to‘ldiruvchi va hollarning ham gapdagi vazifasini farqlash lozimligini, gapda birdan ortiq predikat ishtirok etganda munosabatga kirishgan to‘ldiruvchi va hol bilan ikkinchi darajali predikat bilan munosabatga kirishgan to‘ldiruvchi va hol o‘rtasida gapning sintaktik tuzilishidagi vaziyati bo‘yicha katta farq mavjudligini ta’kidlaydi2. Keyingi davrlarda an’anaviy ikki cho‘qqili nazariya qarama-qarshi qo‘yildi. Bunga muvofiq . gapning mazmuniy va qurilish markazi kesim deb qaraladi va gapning bo‘laklari shu kesimga bo‘lgan munosabatiga qarab belgilanadi. Demak, gapning tarkibidan kesimni ajratish bo‘lishning birinchi bosqichi sanaladi. Ikkinchi bosqichida esa, kesim bilan, bevosita munosatga kirishgan va uning ma’lum bo‘sh o‘rnini to‘ldirib kelish uchun xizmat qilgan bo‘laklar ajratiladi. Bu bo‘lishning ikkinchi darajasi hisoblanadi. Yuqoridagi ko‘rsatilgan bo‘laklarning o‘zi boshqa so‘zlar bilan kengayib, ular bilan birgalikda kesimga nisbatan bitta sintaktik vaziyatda kelishi mumkin. Bunday kengaytiruvchi bo‘laklar gapning tuzilishi bo‘lakning bo‘lagi sifatida ajratiladi va bo‘lishning uchinchi darajasini tashkil etadi. Shuningdek, gapning mazmunini murakkablashtirish uchun xizmat qiladigan undalma, kirish, kiritmalar ham ajratiladiki, bu bo‘lishning to‘rtinchi darajasini hosil qiladi. Shu kiritilgan dalillarning o‘zidayoq gapni bo‘laklarga ajratishning shu kundagacha bo‘lgan tamoyili o‘zini oqlamasligini ko‘rsatadi. Gapni faqat ikki darajaga (bosh va ikkinchi darajali bo‘laklarga) bo‘lish gapnnig ko‘p pog‘onali tuzilishini o‘zida namoyon eta olmasligini ko‘rsatadi3 . Demak, gapning sintaktik tuzilishi birliklarini yangicha qismlarga ajratish tamoyillari qaytadan ko‘rib chiqish va qayta ishlashni taqozo etadi. Download 98.99 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling