- Mashhur muhaddislardan yana biri vatandoshimiz Muhammad ibn Iso at-Termiziy bo’lib, u 824 yilda Termiz yaqinidagi Bug’ qishlog’i (hozirgi Surxondaryo viloyatining SHerobod tumani)da tug’ilgan. Uning oilasi va ota-onasi haqida ma’lumotlar yo’q. Ba’zi tadqiqotchilar uning otasi asli marvlik bo’lgan deb qayd etadilar.
- Muhamad ibn Iso at-Termiziy bolaligidan ilm o’rganishga qiziqqan, ayniqsa hadis ilmini chuqur egallagan.
- Muhamad ibn Iso at-Termiziy 850 yildan qator mamlakatlarga safar qiladi. Hijoz shahrida bo’lib, Makka va Madina shaharlarini ziyorat qiladi. Iroq hamda Xurosonda hadis, fikh, qiroat, bayon, tarix va boshqa ilmlarni o’rganadi. Mazkur safarda Muhamad ibn Iso at-Termiziy ustozi Imom Ismoil al-Buxoriy bilan uchrashadi. Alloma ustoziga nisbatan alohida hurmatda bo’lib, uning yordamida hadis ilmidan to’laqonli ravishda xabardor bo’ladi. Manbalarda e’tirof etilishicha, Imom Muhammad ibn Iso at-Termiziy ustozining vafoti tufayli ko’p yig’laganidan ko’zi ko’r bo’lib qolgan.
- Muhammad ibn Iso at-Termiziyning zehnining o’tkirligi, xotirasi, va yod olish qobiliyatining kuchliligi tufayli Imom Ismoil al-Buxoriy ham uni faqatgina shogird sifatida emas, balki hamkor, hamfikr va do’st sifatida ham hurmat qilgan.
- Muhammad ibn Iso at-Termiziy uzoq safarda manbalardan o’qigan yoki muhaddislardan eshitgan hadislarni to’plab, kitoblar ta’lif qilishga kirishadi. U 863 yilda o’z vataniga qaytadi va o’zi ham shogirdlarga ta’lim beradi, ayni vaqtda kitoblar ham yozadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |