Halima Nosirova


Download 22.01 Kb.
bet1/2
Sana19.10.2023
Hajmi22.01 Kb.
#1709925
  1   2
Bog'liq
Halima Nosirova


Halima Nosirova
Halima Nosirova (29-dekabr 1913-yil, Qoʻqon yaqinidagi Togʻliq qishlogʻi – 3-yanvar 2003-yil, Toshkent) – opera xonandasi (lirik-dramatik soprano), oʻzbek xonandalik sanʼatining yirik namoyandasi. Oʻzbekiston xalq artisti (1937). Boku teatr texnikumi (1924–27), Moskva oʻzbek opera studiyasi (1934–37)da taʼlim olgan. Toshkent konservatoriyasini tugatgan (1977; 1977–82 yillarda Sharq musiqasi kafedrasida pedagog). Mumtoz opera hamda milliy sahna ijrochilikanʼanalarini N. Nejdanova, N. Golovanov, M. Uygʻur, M. Muhamedov, T. Jalilov va boshqa ustozlardan oʻzlashtirgan.
Faoliyatini aktrisa sifatida 1927 yildan Oʻzbek davlat namuna sayyor truppasida boshlab, Mariya Antonovna (N. Gogol, „Revizor“), Malikai Turandot (K. Gotssi, „Malikai Turandot“) kabi rollarni ijro etgan. 1929–39 yillarda Oʻzbek davlat musiqali teatri, 1939–86 yillarda Navoiy teatrining yetakchy yakkaxon xonandasi. Noyob, oʻziga xos shirali va keng diapazonli ovoz, sahnaviy isteʼdodga ega boʻlgan N. „Halima“ (Gʻ. Zafariy), „Arshin mol olon“ (U. Xojibekov), „Layli va Majnun“ (Xurshid; T. Sodiqov musiqasi), „Farhod va Shirin“ (Xurshid; V. Uspenskiy), „Gulsara“ (Komil Yashin va M. Muhamedov; R. Glier) kabi musiqali spektakllarda bosh rollarni ijro etib shuhrat qozongan.
Nosirovaning musiqali drama teatri sahnasida erishgan muvaffaqiyatlari oʻzbek opera ijrochiligining yuzaga kelishiga turtki boʻldi. 1938 yil Oʻzbek davlat musiqali teatrida saxnalashtirilgan Yevgeniy Brusilovskiyning „Er Targʻin“ operasidagi Oqjunus obrazi Nosirovaning birinchi opera partiyasi edi. N. ilk oʻzbek operalari – „Boʻron“ (G. Vasilenko va M. Ashrafiy, 1939)da Norgul, „Layli va Majnun“ (T. Sodiqov va R. Glier, 1940)da Layli kabi bosh rollarni ijro etgan. Keyinchalik u „Ulugʻbek“ (A. Kozlovskiy, 1942) operasida Sin Dun Fan, „Karmen“ (J. Vize, 1944, oʻzbek tilida)da Karmen, „Tohir va Zuxra“ (T. Jalilov va V. Brovsin, 1949)da Zuxra, „Gulsara“ (R. Glier va T. Sodikov, 1949)da Gulsara kabi obrazlar yaratdi. Gulsara partiyasida N. milliy kuylash sanʼatini opera ijrochiligiga uzviy bogʻlashga muvaffaq boʻldi. Keyinchalik bu hol N. yaratgan barcha rollar talqinining asosiy xususiyatiga aylandi.
„Maysaraning ishi“ (S. Yudakov)dagi bosh qahramon talqinida oʻzbek opera sahnasidagi ilk hajviy obrazni yaratdi. Maysaraga xos lirik va komik holatlar ishonarli namoyon boʻldi. Nosirovaning Zaynab (T. Sodiqov, Yu. Rajabiy, D. Zokirov va boshqa Zeydman, „Zaynab va Omon“), Saodat (S. Boboyev, „Hamza“), Bahor (M. Yusupov, „Xorazm qoʻshigʻi“), Xadicha xola (Ya. Sabzanov, „Qaytish“) obrazlari faoliyatining soʻnggi yillari mahsulidir.
Nosirovaning konsert repertuaridan oʻzbek mumtoz musiqa merosi namunalari katta oʻrin olgan: „Ushshoq“, „Dugoh“, „Chorgoh“, „Samarqand ushshogʻi“, „Chapandozi Navo“ kabi maqom yoʻllari, „Chaman ichra“ va boshqa A. Kozlovskiy ovoz va simfonik orkestr uchun qayta ishlagan „Oʻzgancha“, „Gulyuz ichra“, „Figʻon“ va, ayniqsa, „Tanavor“ ashulalarninglirikdramatikjihati N. ijrosida yanada teranlashdi. „Men oʻzbek qiziman“, „Mehnat ahli“ (F. Boruxova bilan birgalikda katta ashula yoʻlida) va boshqa zamonaviy ashulalarni, „Oʻzbek qizi ovozi“ (M. Leviyev), „Xush kelibsiz“ (Sayfi Jalil) singari kompozitorlarning qoʻshiklarini koʻtarinki ruxla tarannum etgan. Boshqa xalqlar (tojik, qozoq, arman, ozarbayjon, xitoy, rus, ukrain kabi) qoʻshiqlari ham N. repertuaridan oʻrin olgan. Osiyo, Amerika va Yevropa mamlakatlarida gastrolda boʻlgan. Davlat mukofotlari (1946,1951, 1968), Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1971), "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni (2000) bilan mukofotlangan.[1][2]
Halima Nosirova o’tgan asrning o’ttizinchi yillaridan to yetmishinchi yillariga qadar o’zbek qo’shiqchilik bo’stonini yashnatgan, bu san’atni yuksak poyalarga ko’tarib, dovrug’ini dunyoga taratgan asl san’atkor edi.
Nafis va maftunkor ovozi, ovozida ayollarga xos ajib nazokati, tinglovchini bir zumda o’tdan olib suvga, suvdan olib o’tga tashlovchi mahorati uning xonishlariga alohida joziba bag’ishlagan, xonandani yillar davomida el orasida ma’lum va mashhur qilgan edi…
Halima opani ilk bor ko’rganim hamon esimda. 1951 yil, avgust oyining oxirlari. Yettinchi sinfda o’qiyman. Qishlog’imizga, bugun oqshom qo’shni Chandir qishloqda Toshkentdan kelgan Halima Nosirova boshliq san’atkorlar konsert berisharmish, degan ovoza tarqaldi. Kechqurun katta-kichik, ko’proq yosh-yalang to’planishib, Chandirga bordik. Kolxoz idorasiga tutash bog’, sarhovuz oldida osma chiroqlardan charog’on shohsupa, uning atrofida paxta punktidan brezentlar keltirib, to’shalgan edi. Bir chekkada o’ltirib, intizor bo’lib kutdik.
Shohsupa – sahnaga avval boshlovchi, keyin sozandalar chiqishdi, eng oxirida yarqiragan liboslar kiyib, Halima Nosirova… Keyin… boshlandi… Men uchun sehru afsun lahzalari!.. Nay nolasi, cholg’u-sozlarning nolishi, Halima opaning xonishi sel qilib oqizib ketdi meni. Beixtiyor yig’lay boshladim… O’sha holatlar keyinchalik Halima opaga bag’ishlab yozgan she’rimda aks etgan:
Opa, eslaysizmi, yodingizdami
Bog’larga burkangan olis Shofirkon?
So’lim oqshom edi, sarhovuz bo’yi
Ajib mo»jizaga bo’lmishdi makon.
Xaloyiq jam edi, hamma yoq tirband,
O’rtada sahnadek yorug’ shohsupa.
Bir mahal bir ajib nazokat bilan
Siz kirib keldingiz davraga, opa…
Chapaklar chalindi, ko’zlar charaqlab,
Cholg’ular birikib, birdan chekdi un.
Shunda ashulaga siz ochdingiz lab
Va jumla dunyoni qopladi afsun…
Menga hayot edi siz aytgan “Bayot”,
Siz – buyuk xonanda, men – cho’pon bola.
Mening yuragimda qoldi umrbod,
O’sha oqshomdagi nay bilan nola.
O’tli zamzamalar yurakda qoldi,
Qoldi ruhim aro yoniq bir quyosh.
Necha bir havaslar, hislar yo’qoldi,
Qoldi inju bo’lib ko’zlarimda yosh…
Uyga qaytayotib, jo’ralarim “Nega yig’lading?” deb so’rashdi. “Bilmayman” dedim. Nega yig’laganimni hozir ham aytib berolmayman. Balki Fuzuliy she’ri bilan aytilgan “Bayot” sababchi bo’lgandir. Balki “Ushshog’i Halima” ta’sirida yig’lagandirman. “Firoq alangasida tanda jon kabob bo’ldi” deb boshlanuvchi o’sha ashulaning bir satri yuragimga umrbod naqshlanib qolgan:
Bu keng jahon ko’zima ayriliq va zindondir…
Opa o’shanda bu ashulani dard va iztirobga to’lib aytgan edi…
* * *
Yillar o’tdi. O’rta maktabni tugatib, institutga o’qishga kirdim. Uchinchi kursda o’qiyman. Bir parivashni sevib, muhabbat dardiga mubtalo bo’lib, kuyib-pishib yurgan kezlarim… Har oqshom adabiyot kabinetiga borib, dars tayyorlayman. Ko’zim kitobda-yu, xayolim boshqa yoqda… Radiodan Halima opaning qo’shiqlari taralib, tuyg’ularimga jo’r bo’lib, bag’rimga o’t laydi…
Shamol eshik ochodi,
Yorim pista sochodi.
Sochma desam, sochodi,
man na qilay,
Sochodiyu qochodi…
* * *
1978 yil. Jazirama yoz. Yozuvchilarning Do’rmondagi ijod bog’i. Uch qavatli binoning ikkinchi qavatida bir nimalarni yozib-chizib o’ltiribman. Shabada kirsin uchun eshik, derazalar lang ochiq… Bir payt pastdan “Anna Sergeevna!” degan ovoz eshitildi. Tanish, jaranglagan ovoz. Yuragim hapqirib ketdi: Halima Nosirova!..
Shosha-pisha birinchi qavatga tushdim. Foyeda hech kimsa yo’q. Tashqariga, hovliga chiqdim. Bog’ oralab ketayotgan ikki ayolga ko’zim tushdi. Biri – ijod uyi xodimasi, ikkinchisi – Halima Nosirova. Ular bog’ etagiga tomon borishardi. U yoqda Yashin akaning dala-hovlisi bo’lib, Halima opa goh-goh kelib turardi. Afsus, ko’rolmadim, deb anchagacha ortidan termulib turdim…
* * *
1988 yil. G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir bo’lib ishlayman. Telefon jiringladi. Go’shakni ko’tarsam, “Men Halimaman” degan ovoz eshitildi. Shoira Halima Xudoyberdieva deb o’ylab, “Halimaxon, qalaysiz? “Saodat”xon gullab, yashnayaptimi?” – deb ahvol so’ray ketdim. “Halima ko’ylak kiyodi, etagi yerga tegodi, deb mazza qilib she’r yozib yuribsizmi?” deya hazil-huzul ham qildim.
– Yo’q, – dedi telefondagi ovoz. – Men boshqa Halimaman… Men Nosirovaman…
Rosti gap, buni kutmagandim. Bir lahza o’zimni yo’qotib qo’ydim.
– Kechirasiz, opa, – dedim xijolat ichra zo’rg’a g’uldirab. – Men sizni… adashtiribman…
– Men “Sharq yulduzi”da “Fayzulla Xo’jaev ko’zlari” degan she’ringizni o’qib, yig’ladim, – dedi Halima opa. – Fayzulla Xo’jaev mening sevimli akam edi. Bir oy oldin tush ko’rdim. Ey Halima, dedilar, yodingda tut: mening bitta boevoy ordenim bor edi. Dushmanlarim o’sha orden ustidan o’q uzib, meni otib o’ldirdi…
Shu gapni aytib, opaning o’pkasi to’lib, bir nafas jim bo’lib qoldi. Keyin zo’rg’a davom etdi:
– Afsuski, qarib qoldim. Sog’ligim yaxshimas. Avvalgi holatim bo’lganda bu she’rni qo’shiq qilib aytardim, – dedi o’ksinib.
Mening ham tomog’imga bir narsa kelib tiqildi… Rahmat, opajon, dedim. Yana bir nimalar deb tasalli berishga urindim…
* * *
Adashmasam, 1994 yil. Yozuvchilar uyushmasida raisman. Muovinim, shoir To’ra Mirzo bilan Navro’z bahonasida keksa, nuroniy adiblarimizni tabriklab, ziyorat qilishga qaror qildik. Qutlov va ziyoratni Yashin akadan boshladik. Shunda ilk marta Halima opa bilan yuzma-yuz o’ltirdim. Opa ancha keksayib qolgan, ko’zlari xiralashib, qulog’i og’irlashgan edi. Salom-alikdan keyin yonida o’ltirgan To’ra Mirzoga engashib, bu kishi kim, deb meni surishtirdi. Ismimni eshitib, “voy, o’lay!” degancha o’rnidan turdi-da, qo’shni xonaga kirib ketdi. Men gap nimaligini tushunolmay, hayron bo’lib qoldim. Oradan to’rt-besh daqiqa vaqt kechdi. Bir payt eshik ochilib, Halima opa ko’rindi… Egnida xonatlas ko’ylak, qulog’iga tilla sirg’alar, bo’yniga marvarid marjonlar taqib olgan, boshida oq harir ro’mol… Yana ne ko’z bilan ko’rayki, “Xush kelibsiz xonadonimizga, Jamolxon!” deb egilib, ketma-ket kelinsalom qilib turibti… Ko’zlarimdan yosh chiqib ketdi… Borib, quchoqlab, o’pdim. Keyin suhbatimiz qizidi. Opaning qulfi dili ochilib, bizga Cho’lpon she’rlaridan yod o’qib berdi. Boshiga tushgan og’ir kunlarni esladi. Bir paytlar Halima opani ham bir muddat sahnadan chetlatishgan ekan. O’shanda, dedi opa, ba’zi kunlar yuragim to’lib ketganda Yashin akaning mashinasiga o’ltirib, shofyorga “toqqa hayda” derdim. Toqqa yetib borgach, ovozimni baralla qo’yib, dod solib, yuragimni bo’shatardim. Ovozim tog’u toshlardan aks sado bo’lib, o’zimga qaytardi…
Download 22.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling