Hamkorlik masalalari” mavzusidagi Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya materiallari
Download 5.91 Mb. Pdf ko'rish
|
Konferensiya materiallari 2022 tahrir yangi xatosiz (2)
G‘ulom Bobojonov
Annotation. The article briefly discusses some of the recommended scientific approaches to the preservation of Turkish language fluency. Alisher Navoi's scientific research on eloquence is analyzed. Emphasis is placed on the relevance of such approaches to language history today. Key words: eloquence, tanofurul huruf, garoba, shamra, tonuq. Balog'at ilmining nazariy masalalari dastlab arab tilidagi matnlar tadqiqi ustida olib borildi. Keyinchalik esa, u bevosita boshqa tillardagi matnlar uchun ham joriy bo'lishi ilmiy tadqiq etila boshladi. Xususan, mazkur ilm nazariy asoslarining ishlab chiqilishi turkiy til qoidalarining shakllanishi uchun ham mustahkam tayanch vazifasini o'tadi. Bu borada Mahmud Koshg'ariyning ilmiy faoliyati ilk bor turkiy til nazariyasini ishlab chiqishga qaratilgan salmoqli harakatlardan biri bo'ldi. So'zlarni muayyan shaklda tizimlashtirib o'rganish, o'zaklar qolipini ifoda etuvchi vaznlarga solish, shakl va ma'no munosabatlarni tadqiq etish, ularning kelib chiqishi, yasalishi va tarixiy ildizi bilan bog'liq xususiyatlarni ilmiy o'rganish «Devoni lug'otit turk» asarida birinchi marta turkiy tillar misolida tadqiq etildi. Undan keyin turkiy tilning nazariy va amaliy takomilidagi keng qamrovda ilmiy tadqiqlarni Alisher Navoiyning ilmiy-ijodiy faoliyatida kuzatish mumkin. Navoiy davrigacha balog'at ilmlari to'la shakllangan, uning nazariy asoslari, tasnifi, bo'lim va qismlari, qonuniyat va qoidalari aniq va to'laqonli ishlab chiqilgan edi. Balog'at olimlari mazkur me'yor va mezonlarni joriy qilishda arab tili hamda uning xususiyatlarini asos qilib oldi. Navoiy o'zigacha yashab o'tgan tilshunos-balog'atshunos olimlarning ilmiy qarashlarini puxta o'rgangan holda, fasohat mezonlarining turkiy til sathida ham joriy etilishiga e'tibor qaratdi. Balog'at olimlari “fasohat” deganda so'z va gapning har qanday nutqiy nuqsonlardan xoli bo'lishini nazarda tutadi. Bunda matndagi har bir so'zning tovush tarkibidan tortib, umummatngacha bo'lgan miqyosda tilshunoslik qoidalariga to'la rioya qilinishi asosiy e'tiborda bo'ladi. So'z va gapning til qoidalariga muvofiqligi matnning poetik ahamiyatini belgilashda katta ta'sirga ega. Har bir tovush va har bir so'zning matn balog'atini ta'minlashdagi hissasi alohida inobatga olinadi. Matnda so'zning to'g'ri ishlatilishi, o'zak, negiz va qo'shimchalar bilan bog'liq qoidalarga muvofiqligi, ma'no va shakl munosabatlari, gapdagi o'rni va vazifasi, qo'shma gaplar bilan bog'liq holatlar kabi tilshunoslikka oid barcha qoidalar fasohat obyekti sifatida qamrab olinadi. Alisher Navoiy mazkur ta'limotni nafaqat chuqur o'zlashtirgan, balki turkiy til xususiyatlaridan kelib chiqib, o'zi ham yangi qoidalar joriy qilgan olim, deb qarash o'rinlidir. Uning turkiy til fasohatini ta'minlash borasidagi ilmiy izlanishlari bugungi kun tilshunosligi uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Turkiy tilning nazariy mezonlarini ishlab chiqish, belgilash va joriy qilishda Navoiy o'ziga xos ilmiy yondashuvga ega ekani kuzatiladi. Ushbu yondashuv balog'atning nazariy asoslariga to'la tayanish bilan birga turkiy til xususiyatlarini ham atroflicha qamrab olgani bilan e'tiborlidir. Navoiy ijodida turkiy til fasohatini ta'minlash masalasida umumxalq iste'molidagi jonli tilga tayanish hamisha yetakchi mavqe egallaganini ko'rish mumkin. Xususan, adabiy til me'yori sifatida qabul qilingan ayrim qoidalardan ko'ra so'zlashuv jarayoni uchun eng maqbul bo'lgan, yillar davomida xalqning jonli muloqotidan mustahkam o'rin olib kelayotgan, nutqning har ikki ishtirokchisi uchun ham birdek qulay sanalgan va tabiiy ravishda tanlangan me'yorlarni yozma nutq va adabiy til uchun ham asos qilib olish yo'lidan borilgan. Bu hodisa so'z va uning tovush tarkibiga oid o'rinlarda turli g'alizlik va nomuvofiqliklarga yo'l qo'yilmasligini ta'min etadi. Natijada, so'z fasohatiga nuqson yetkazuvchi holatlar yuzaga kelishining oldi olingan bo'ladi. Misol uchun, bugungi kungacha adabiy tilimizning qat'iy qoidasi sifatida qaralib kelayotgan ayrim jarangli va jarangsiz undoshlar juftligining bir so'z tarkibida yonma-yon ishlatilishi Filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori. 389 hodisasida Navoiyning ilmiy yondashuvi e'tiborlidir. Adabiy tilda «yetdi», «etdi», «ketdi» kabi shaklda yozilishi qabul qilingan so'zlar Navoiy asarlarida «yetti», «etti», «ketti» tarzida ishlatilgan. Bunda so'zning umumxalq tiliga muvofiqligini yozuvda ham saqlab qolish bilan birga, so'z fasohatiga nuqson yetkazuvchi hodisa – tanofurul hurufga yo'l qo'yilishining oldini olish kabi ijobiy jihatlar mujassamlashgan. Yana bir muhim yondashuv Navoiy asarlarida kontekst uchun mos bo'lmagan so'zlarning ishlatilmasligi bilan bog'liq. Matnda nutq asnosi uchun uyg'un bo'lmagan so'z qo'llash fasohat nuqtayi nazaridan nuqson sanalib, u g'aroba deb yuritiladi. G'aroba – boshqa tilga mansubligi, shaklning ma'noni ochiq ifoda etib berolmasligi, iste'molda juda kam uchrashi yoki tarixiyligi, eskirib qolgani, shaklan o'zgargani kabi sabablar bilan qabul qiluvchi(o'quvchi, tinglovchi)ga qiyinchilik tug'dirishi mumkin bo'lgan so'zlardir. G'arobani belgilash muayyan zamon va makon bilan bevosita bog'liq. Agar shu xususiyat inobatga olinmasa, bu borada obyektiv xulosaga kelish imkonsiz bo'lib qoladi. Sababi, matn yaratishda ishlatilgan so'zlarga u qabul qilinayotgan, idrok etilayotgan zamon-makon yoki shaxs nuqtayi nazaridan baho berilmasa, bu xolis va asosli yondashuv bo'lmasligi tabiiy. Shunday ekan, birinchi navbatda, muallif yondashuvini ilmiy jihatdan o'rganib chiqish taqozo etiladi. Masalan, «Qutadg'u bilig», «Qisasi Rabg'uziy», «Muhokamatul lug'atayn» kabi ko'plab mumtoz asarlarda ishlatilgan til va so'zlarni idrok etish bugungi kun o'quvchisi uchun bir qadar murakkab sanalishi mumkin. Ammo bunday holat mazkur asarlarda nutqiy nuqson hisoblangan g'arobaga yo'l qo'yilgan, degan xulosa chiqarishga asos bo'lolmaydi. Ba'zi tadqiqotchilar Navoiy asarlari, garchi, turkiy tilda yaratilgan bo'lsa-da, ularda arab va fors tiliga mansub so'zlar ko'p qo'llanilganini ta'kidlaydi. Bunday to'xtamga kelishdan oldin Navoiy asarlaridagi bir necha jihatlarni inobatga olish zarur. Avvalo, Navoiyning turkiy tilda yaratilgan biror asarida boshqa tilga mansub so'zlar nisbati turkiy so'zlarnikidan ortiq emas. Ular umumiy matnning muayyan kichik ulushini tashkil qiladi. Shuningdek, ular o'z davrida boshqa tillardan turkiy tilga o'zlashgan so'zlar hisoblanadi. O'zlashgan so'z esa, tilda murakkablik tug'dirish uchun emas, ma'no ifodasini ravshanlashtirish uchun ishlatiladi. Navoiy asarlaridagi arab va fors tillaridan o'zlashgan so'zlar o'sha davr umumturkiy tilining shakllanishi, lug'at tarkibining takomillashuvi va ifoda imkoniyatlarining kengayishiga hissa qo'shgani hamda o'z davri o'quvchisi uchun tanish va tushunarli sanalgani bois matnda hech qanday nomuvofiqlik keltirib chiqarmagan. Shuningdek, ular boshqa zamon-makon kishisining so'z boyligini oshirish hamda so'zlarning eng nozik ma'no ko'lamlarini farqlab ko'rsatish vazifasini ham bajaradi. Matndagi so'z g'aroba tarzidagi nutqiy illat sanalishi uchun uning o'zlashgan ekanidan kelib chiqib yondashish o'zini oqlamaydi. Bunda so'zning ayni ma'noni beradigan munosib muqobili matn yaratilgan tilda mavjud emasligi ham e'tiborga olinadi. Shu bilan birga, muallif o'zlashgan so'zni bir xillik va ortiqcha takrorga yo'l qo'ymaslik uchun ishlatgan bo'lishi ham mumkin. Xuddi shunday o'rinni quyidagi baytda ko'ramiz: Shafi' etkil oni jovid, ilohiy, Meni ham qo'ymag'il navmid, ilohiy. Bu o'rinda arab tilidagi «shafi'» so'zi ishlatilgan bo'lsa-da, muallif mazkur so'zni keltirishda uning turkiy muqobilsiz ekani, istilohiy ma'no yuklatilgani, turkiy tillarda keng qo'llanishi hamda ilohiy kalomga muvofiqlik saqlanishi kabi ko'plab vazifalarni bajarishi ko'zda tutiladi. Shu nuqtayi nazardan mazkur so'z, garchi, bugungi kun o'quvchisiga to'la ochiq-ravshan bo'lmasa ham, g'aroba sifatida qaralmaydi. Haq tonuqturkim, tiriklikdin manga sensen murod, Yo'qsa olamning yo'qi-bori barobardur manga baytida esa, tilimizda faol ishlatiladigan «guvoh», «shohid» so'zlari o'rniga sof turkiy muqobil – «tonuq» so'zi keltirilgan. Bu bilan «matn uchun begonalik» hodisasiga yo'l qo'yilmaslik qasd 390 etilgan. Ushbu turkiy so'zning ma'no ko'lami ham boshqa ma'nodoshlaridan ko'ra kengroqligi bilan ajralib turadi. Ba'zi hollarda o'quvchi matnni idrok etish jarayonida nomuvofiqlikka duch kelishi mumkin. Bunda u o'zi uchun notanishligi yoki ma'nosini aniq ilg'ay olmagani tufayli biror so'zni g'aroba deb qabul qiladi. Ammo, aslida, muallif nazarda tutgan ma'no butkul boshqa bo'lishi ham mumkin. Misol uchun: Nun boshinda shamra yanglig'dur qoshing uzra girih, Oraz uzra nuqta mislidur uzoring uzra xol baytidagi «shamra» so'ziga lug'atlarda «saxiylik, saxovat»; «ukrop urug'i, ziravor sifatida ishlatiladigan xushbo'y ko'kat, oshko'k» deb izoh berilgan. Baytdagi «nun boshining shamra»si ma'nosidan lug'atlardagi muqobillar ancha uzoqligi ayon bo'ladi. Agar yuqorida keltirilgan ma'nolarga asoslanilsa, «shamra» so'zi matnda o'rinsiz ishlatilishi bilan nutqiy nuqson – g'arobaga yo'l qo'yilgan bo'lib chiqadi. Ammo bu so'zni yozuv tarixiga oid istiloh tarzida qabul qilish obyektiv yondashuv bo'la oladi. Istilohlar esa, asosan, aynan keltirilishi har qanday til uchun mashhur qoidadir. Demak, xulosa qilish mumkinki, turkiy til fasohatini ta'minlashda mumtoz davrlarda yashab ijod etgan adiblarning o'z ilmiy yondashuvi mavjud bo'lgan. Ular o'z asarlarida turkiy tilshunoslikning nazariy muammolari bilan birga amalda qo'llanishi xususida ham e'tiborli ma'lumotlar taqdim etgan. Matnlarni poetik idrok etishda ayni xususiyatlarga asoslanish katta foydalar berishi shubhasiz. Download 5.91 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling