Hamza Hakimzoda Niyoziy ko’zi ochilibdiki, qulog’i mehnatkash xalq ko’ksida bo’lgan, xalqning dardiga malham qidirib har yonga bosh urgan kimsa, eski o’zbek ziyolilarining halol qismiga mansub kishi edi
Download 68.5 Kb.
|
Xurshid Davron Hamza
“Hamza Hakimzoda Niyoziy ko’zi ochilibdiki, qulog’i mehnatkash xalq ko’ksida bo’lgan, xalqning dardiga malham qidirib har yonga bosh urgan kimsa, eski o’zbek ziyolilarining halol qismiga mansub kishi edi. Hamza Hakimzoda asarlarining xalqqa bu qadar yaqin va suyumli bo’lishiga asosiy sabab uning zamon bilan hamnafas va xalq dilining tarjimoni bo’lganligidir” . Abdulla Qahhor.002>Hamza Hakimzoda Niyoziyning hayot yo’li va ijodiy merosi keksa avlodga birmuncha tanish. Ular Hamzani xalqni savodli qilish uchun jonini jabborga berib yangicha usulda maktablar ochgan, darsliklar yaratgan muallim, oktyabr` to’ntarishini xayrixohlik bilan qarshilagan shaxs, inqilobni kuylagan shoir, sermahsul dramaturg, jadidchilik harakatining atoqli vakili sifatida biladilar. Ammo hozirgi avlod uning ijodini yuzaki biladi, shaxsi to’g’risida esa bir-biriga zid ma’lumotlar qurshovida ko’ngli alag’da. Chunki o’tgan yuz yillikdan ko’proq vaqt mobaynida Hamza faoliyati va ijodiy merosi turli mezonlar bilan o’lchab kelindi, har xil fikrlar aytildi. XX asrning 10-yillaridan 30-yillarigacha Hamza hayotda ham, ijodda ham, ma’rifatparvarlik sohasida ham, jadidchilik harakatida ham nihoyatda faol bo’ldi, elga tanildi. Vafotidan keyin esa o’n yillar davomida shaxs sifatida ham, ijodkor qiyofasida ham unutildi. Hech kim uni eslamay qo’ydi. 40-yillardan boshlab birdaniga yangi o’zbek adabiyotida birinchi “inqilob kuychisi”, sotsialistik realizm metodining asoschisi deb tan olindi va ko’klarga ko’tarildi. 90-yillarga kelib, Hamza “Yasha, Sho’ro!” deb inqilobni kuylagani, “Boy ila xizmatchi” dramasida revolyutsioner G’ofir obrazini yaratgani uchun aybdor deb topildi va uning nomini adabiyot tarixidan o’chirib tashlashga chaqiriqlar yangradi. Ana shu ma’lumotlardan boxabar bo’lgan shu kunning o’quvchisi XX asr boshlaridan to 30-yillarigacha o’zbek adabiyoti rivoji va yangilanishida muhim o’rin tutgan Hamza Hakimzoda haqidagi haqiqatni bilolmay andarmon. Xo’sh, Hamza kim va qanday ijodkor? U o’z davri adabiyotiga nima berdi? Uni “inqilobiy” (aslida ilmga, ozodlikka chaqiriq) ruhdagi 5-10 ta she’ri uchun chetga surib qo’yish adolatdanmi? Inqilobni madh etib Avloniy, Ayniy, Fitrat, Qodiriy, Cho’lpon kabi zamondoshlari ham she’rlar yozgan-ku! Ularga mumkin-u, birgina Hamza taftishga loyiqmi? Faqat ugina Sho’ro hukumatiga xizmat qildimi? Axir, yuqorida nomi keltirilgan ijodkorlar ham yangi hukumat idoralarida ishladilar-ku! Boz ustiga Sho’ro hukumatining aldamchi siyosati mohiyatini anglab olishga barcha ham birday tayyor bo’lmagan. Mabodo, tushunib yetganda ham unga qarshi ochiq munosabat bildira olmasdi. Fitrat, Qodiriy, Cho’lponlarning 20-yillar boshidagi dastlabki chiqishlari uchun qanday jazo olganligini eslab ko’raylik. Bu hol Avloniy, Hamza, So’fizoda kabilarning qattiqqo’l hukumat bilan murosa qilib ishlashiga majbur qilgan bo’lishi mumkin. Maqolamiz shu haqda. Ma’lumki, har qanday ko’zi ochiq, yuragi pok ijodkor o’z atrofida ro’y berayotgan voqealarning mohiyatini anglab yetmasligi, xalq yomg’irdan qutilib, qorga tutilganligini ko’rmasligi, yangi mustamlakachi hukumatning haqiqiy qiyofasini asarlarida turli obrazlar, imo-ishoralar orqali ifodalab, o’z munosabatini bildirmasligi mumkin emas. Har bir ijodkorning surati hamda siyratini anglash va aniqlash uchun uning ijodiy merosiga murojaat qilish zarur. Zero, haqiqiy san’atkor yaratgan asarlar muallifning kimligi va qandayligini rosmana ko’rsatuvchi ko’zgu hisoblanadi. Men ham mulohazalarimni isbotlash uchun Hamzashunoslikka oid ilmiy manbalar bilan bir qatorda ko’proq uning she’rlari, dramalari, publitsistik maqolalari, maktublariga murojaat qildim va ulardan Hamza kim va qanday odam edi? U inqilobni ongli ravishda kuyladimi yoki aldandimi? Sho’ro hukumatiga astoydil xizmat qilishiga asosiy sabab nima? Taniqli jamoat arbobi va ijodkorning shaxsiy hayoti qanday kechdi? Unga hamma sharoit yaratib berilganmidi? Hukumat tomonidan qo’llab-quvvatlanganmi? U yangicha tuzum mohiyatini to’g’ri anglab yetolmadimi? O’zi xizmat qilayotgan Sho’ro hukumatiga munosabati qanday edi? degan savollarga javob izladim. Ulardan chiqargan xulosalarimni Siz bilan baham ko’rishni istadim. * * * Hamza Hakimzoda Niyoziy 1889 yil 6 mart kuni Farg’ona viloyatiga qarashli Avval qishlog’ida tug’ilib, 1929 yil 18 martda Shohimardonda halok bo’ldi. Yoshligi tabibchilik bilan shug’ullanuvchi otasining xon saroyiga taklif qilinishi munosabati bilan Qo’qon shahrida o’tdi. Bu shaharda yashayotgan rus bolalari bilan do’stlashdi, tilini o’rgandi. Ular orasidan bir rus qizini sevib, unga uylandi. Garchi qizni otasining yordami bilan islom diniga o’tkazib, shariat qoidalariga ko’ra nikoh o’qitib uylangan bo’lsa-da, din peshvolarining qahr-g’azabiga uchradi. Oxiri o’zini oqlash uchun haj safariga otlanib, Makkai-Madinani ziyorat qilib keldi (1912 y.). Ammo shunda ham uni tinch qo’ymadilar. Jamiyatda, hayotda yuz berayotgan yangiliklarni kuylagani, zamondoshlarini ilm-ma’rifatga chorlab, yangicha usulda maktablar ochgani, gazeta va jurnallar nashr qilib, xalqni o’z haq-xuquqini anglashga, o’zini millat sifatida tanib, tili, tarixi, dinini asrashga, erk va ozodlikka, savodli bo’lishga da’vat etgani uchun tag’in qarshilikka uchradi (1913-1918 y.). Biroq bu qarshiliklarga qaramay, qaerda, qanday vaziyatda bo’lmasin, ilm-ma’rifat nuri bilan xalqining ko’zini ochishga harakat qilaverdi. Bolalar uchun Toshkent, Qo’qon, Marg’ilon, Namangan, Farg’ona, Xiva, Xo’jayli shaharlarida yangicha usulda maktablar, internatlar ochdi, kattalarni savodli qilish niyatida o’quv mashg’ulotlari tashkil etdi. Bu borada Hamza XX asr boshlaridayoq Mahmudxo’ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvar qori, Ibrat, So’fizodalar qatorida taniqli ma’rifatparvar va iste’dodli ijodkor sifatida tilga tushgan edi. U jadidchilik harakati va adabiyotining tom ma’nodagi ulkan vakili bo’lib yetishdi. Shoir bor-yo’g’i qirq yil yashadi. Ammo shu qisqa umrining yarmidan ko’pini xalqiga, millatiga, o’z shaxsiga, sha’niga, oilasiga, ijodiga qilingan turli bo’htonu ig’volarga qarshi haqiqatni tiklash uchun kurashga sarfladi. Akademik S.Mamajonov qayd etganidek, Hamza butun umri davomida “zo’r berib haqiqat yo’lini qidirib” o’tdi. Olimning yozishicha, Hamzaning “butun she’riyati, badiiy ijodi yuksak ideal bilan – ozodlik g’oyasi bilan sug’orilgan edi”. Chindan ham adabiyotga “Haqiqat kimda?” (1908 yilda yaratgan romani nazarda tutilyapti-Y.S.) degan savol bilan kirib kelgan ijodkor to o’lgunicha shu savoliga javob izladi, ammo unga javob topolmay yarim yo’lda halok bo’ldi. * * *
Hamza Hakimzodaning umri kitobida eng omadli davr ham,omadsiz yillar ham o’tgan asrning 20-yillari bo’ldi desak, xato bo’lmas. Inqilobning dastlabki yillarida shoir ijod va ijtimoiy hayotda nihoyatda faollik ko’rsatdi. XX asrning dastlabki yillaridan yurtining ozod, xalqining ma’rifatli bo’lishini astoydil istab, amaliy faoliyatga kirishgan Hamza dastlab fevral`, ko’p o’tmay ro’y bergan oktyabr` inqiloblarini shodu xurramlik va katta orzu-umidlar bilan qarshi olganligi rost. Ayniqsa, Sho’rolarning xalqqa yer, tinchlik, millatlarga o’z taqdirini o’zi hal etishi huquqini berishi to’g’risidagi qip-qizil shiorlari uning ayni ko’nglidagi orzusi edi. Shuning uchun Hamza ham hammaslaklari Avloniy, Fitrat, Qodiriy, Cho’lponlar singari ana shunday “xalqparvar, ilmparvar, adolatli” hukumatga astoydil xizmat qilishga kirishdi. O’z tashabbusi bilan ko’plab maktablar, kurslar ochdi, hukumat topshirig’iga ko’ra maxsus tashkil etilgan 2-agitpoezdda butun respublika bo’ylab, inqilob bergan “ozodlik”ni targ’ib qildi. Hamzaning ijtimoiy faolligini ko’rgan hukumat uni yanada rag’batlantirish, o’z “odami” qilib olish niyatida mamlakatda birinchi bo’lib unga “O’zbekiston xalq yozuvchisi” degan faxrli unvon berdi, bir umrlik pensiya tayinladi (O’zbekiston Markaziy ijroiya qo’mitasining 1926 yil 27 fevraldagi qarori). Bundan ruhlangan shoir yanada astoydilroq ishga kirishdi, o’zini eng xavfli jabhalarda ish olib borishga mas’ul deb bildi. Hukumatning ishonchini oqlash maqsadida u Shohimardonga keldi. “Mening himoyachim Sho’ro hukumati” deb bilgan Hamza o’zini o’tga-cho’qqa urdi, ehtiyotkorlikni unutdi. Buning uchun tegishli jazosini oldi, fitna qurboni bo’ldi. * * *
Albatta, uning barcha ishlari ham osonlikcha bitavermagan. Garchi hukumat topshirig’i bilan yurgan bo’lsa-da, ancha-muncha cheklash va tazyiqlarga uchradi, och-nahor, uy-joysiz, oyliksiz ishlashga majbur bo’ldi. Uning 1920-29-yillar oralig’ida turli hukumat tashkilotlariga, rasmiy rahbarlar va do’stlariga yozgan maktublarida dramtruppa a’zolari uchun mablag’ ajratilmayotgani, ular och-nahor ishlashga majbur bo’layotgani, Xo’jaylida tashkil qilgan maktab-internat o’quvchilariga yaratilgan sharoitning nobopligi, ularga oziq-ovqat, kiyim-kechaklar yetishmayotganligi, o’zi ham vaqtida oylik-maoshi va pensiyasini ololmayotganligi, buning ustiga ular oy sayin kamayib ketayotganligi tufayli oila a’zolarini boqish, kiyintirish, shaxsiy turar-joyi bo’lmaganligidan ijara haqini vaqtida to’lay olmayotganligi ayon bo’ladi. Maktublarning aksariyati respublika ijroiya qo’mitasi, kasaba sho’rosining xo’jalik sho»basiga, Buxoro, Farg’ona okruglari firqa qo’mitalariga, Y.Oxunboboev, O’lmasboev singari rahbarlarga yo’llangan. Bular orasida ayniqsa, O’lmasboev nomiga yuborgan xatida (1928 yil 5 fevral) “uyimda bir siqim un, bir qabza o’tin, eynimda na oilam, na bolam uchun bir to’n yo’q. Izillashib pul so’rasak, bizga teskari qaraydilar. Mana shunday voqealar o’n yillardan beri ming qabat bo’lib” ketganini yozadiki, beixtiyor uning ahvoliga achinib ketasiz. Hamzaning turmushi shu darajada og’irlashib ketadiki, qo’qonlik birodari Qori Yusuf Homidiyga yozgan xatida “Yozuvchi bo’lmay va dunyoga kelmay ham o’lay” deya afsuslanadi (5,104). Farg’ona okrugi firqa qo’mitasiga yozgan arizasida esa (1927 yil 5 sentyabr) “hozirda ko’rgan kunlarimni itlar ko’rmasdir. Kecha xalq shoiri ismini olib, to bu kun o’z pulimga bir joy egasi bo’la olmay ko’chada qolishligim O’zbekistonning obro’siga ta’sir etmasligini tushunib, uning uchun men toqat qila olmayman” (5,165) deb yozadi. Shu yili 2 sentyabrda “Qizil O’zbekiston jumhuriyatining V hay’at anjumani sho»basiga” yo’llagan arizasida Sho»ro hay’atidan “siniq gavdalarimizni ko’tarish, qarshimizdagi ichki va tashqi qora kuchlar oldida yuzimizni yorug’” qilasiz deb o’tinib so’raydi va so’nggida quyidagi to’rtlikni ilova qiladi: Bizda yo’g’ garchi kutganingiz, Bigizni(ng) ishini tiyr (o’q) qilmas. Biz elni dedik, faqir bo’lduk, El bizni desa, haqir qilmas (5, 161-162). Faqat maktublaridagina emas, balki publitsistik maqolalari, badiiy asarlarida ham Hamza Hakimzoda Sho’ro siyosatiga munosabatini bildirib o’tadi. Avvalo, shuni ta’kidlash joizki, ijodkor dastlab asarlariga sarlavhalar tanlashda hukumatga munosabatini bildirishga intilgandek tuyiladi.Jumladan, “Loshmon fojiasi”, “Farg’ona fojiasi” deb atalgan dramatik trilogiya va tetralogiyalari sarlavhalarida ana shunday ishorani sezish mumkin. Masalan, Loshmon joy ma’nosini emas, balki “losh — o’lik tana, murda, jonsiz tana, jasad parchasi” ma’nolarini anglatib, qizil askarlar qonxo’rligi tufayli yurt qabristonga aylanganligiga, parchalanib ketayotganiga, Farg’ona og’ir fojiani boshidan kechirayotganiga ishora qiladi. Shu asarining “Istibdod qurbonlari” nomli 3-bo’limida nachal`nik tilidan ochiqchasiga “bularni shunday qora mehnatlar bila ezub bitirmoq kerak. Chunki agar bulardan g’ofil qolinsa, albatta, zamoni kelur, bir kun bizga kutulmagan ikkinchi balo bo’lub chiquvlari shubhasizdir. Shuning uchun mana shunday fursatlardan istifodasiz bo’lmay, ziyolik firqalaridan tortub, sekin-sekin yo’q eta borish kerak” (3,107) degan fikrni ilgari surish bilan Sho’ro hukumatining mustamlakachilik siyosatini fosh qiladi. Yoki “Jahon sarmoyasining eng oxirgi kunlari” nomli asarida Sharq oq libosda keksa donishmand qiyofasida, G’arb esa mutafakkirona nigoh bilan qaraydigan qahrli qiyofada ko’rinadi. G’arb timsolida asosan mustamlakachi hukumat namoyon bo’ladi. U o’zining niyatini quyidagicha ifodalaydi: “Sezasizmi? Asrlardan beri sizlarni ezmoq, qulluq zaxmati bilan dunyoda bitirmoq, sizdagi boyliq bilan o’z saltanat va shavkatlarimizni barqaror qilmoq uchun qanday choralar ko’ramiz?” (4,202). Tarix Sharqning buyukligini tan olgan holda G’arbni “Sharq bobongdan afv istirxom etursan” deb uning huzuriga boshlab keladi. Bularning barchasi Hamza Hakimzoda yangi tuzumning asl maqsadini to’g’ri tushunib yetganligini isbotlab turibdi. * * *Xalq o’rtasidagi obro’si, notiqligi, kirishimligi, dadilligi, ommani orqasidan ergashtira olish qobiliyatidan o’z vaqtida unumli foydalanib, suvini siqib olgan hukumat Hamza Hakimzodani vafotidan keyin butunlay unutdi. Chunki mafkura sohasida undan-da muhimroq tadbirlar amalga oshirilishini kutib turardi: eng avvalo, adabiyot va san’atni tozalash, uni partiyaning dastyoriga aylantirish zarur edi. Buning uchun o’z siyosatiga qarshi chiqayotgan “eski” yozuvchilarni yo’qotish, yangilarini o’z izmiga solish kerak edi. Bu tadbir juda tez va shafqatsizlik bilan amalga oshirildi. Ammo hukumat razm solib qarasa, barcha adiblar yangi sotsialistik tuzumning “dushmani” sifatida yo’q qilinibdi. Ish shunday davom etaversa, xalqning sotsializmga nisbatan “muhabbati”ni oshiradigan adabiyot vakili qolmaydi. Shunday bir jonsiz figurani topish, uni ideal darajaga ko’tarish lozimki, toki hamma ijodkorlar u “asos solgan yo’l”dan borsinlar. Buning uchun oz bo’lsa ham Sho’ro hukumatiga sidqidildan xizmat qilgan biron bir ijodkorni topib, “qizil rang”ga bo’yash shart edi. Fitrat, Qodiriy, Cho’lponlar otib tashlangan, ularning nomini qayta tilga olib bo’lmasdi. Behbudiyni amir o’ldirgan degan tamg’a yopishtirildi, uning nomidan foydalansa bo’ladi, lekin u muxtoriyat uchun tinimsiz kurashgan, chet eldan yordam so’rashni niyat qilgan. Boz ustiga publitsistik maqolalari ham millatparvarlik, isyonkorlik ruhida yozilgan. Xo’sh, kimni bayroq qilib ko’tarsak bo’ladi degan savolga javob izlay boshladi komfirqa mafkurachilari. Shoshma, Shohimardon shayxlari tomonidan “toshbo’ron” qilib o’ldirilgan Hamza-chi? Juda munosib nomzod bo’ladi-da! Uning o’ldirilishidan ko’zlangan maqsadga erishildi: minglab dindorlar qamoqqa olindi, qolganlari ta’qib ostida pisib yuribdi. Hamza nomi har qancha qizil rangga bo’yalsa arziydi, degan xulosaga kelindi. Shundan so’ng… Boshlandi!1939 yildan O’zbekiston xalq yozuvchisi Hamza Hakimzoda Niyoziy boshida quyosh charaqladi. Shoir tavalludining 50 yilligini nishonlashga qaror qilindi. Shu munosabat bilan shoirga “inqilob kuychisi” degan nihoyatda zamonaviy yorliq yopishtirildi. Uning shaxsi va ijodiy merosi soxtalashtirilib, qizilga bo’yaldi. Vaholanki, uning inqilobiy mavzudagi she’rlari barmoq bilan sanarli edi. Shunga qaramay, aslida erkka (“Yasha, Turon!”, “Berma erkingni qo’ldan”, “Hoy, ishchilar”,“Biz ishchimiz”), ma’rifatga (“Ishchilar, uyg’on!”, “Uyg’on!”), o’zlikni anglashga (“Yashangiz,ishchi-dehqonlar”, “Uyon, Vatan”) chaqiriq ruhida yozilgan she’rlari hamda asosiy qismlari yo’qolib ketgan “Boy ila xizmatchi” dramasi kommunistik mafkura malaylari tomonidan qayta ishlandi va manfaatdorlik nuqtai nazaridan talqin qilindi. Natijada so’nggi yarim asr mobaynida Hamza Hakimzoda adabiyotimiz uchun “inqilob kuychisi” bo’lib xizmat qildi. Bu xizmati shu darajada yuqori pog’onaga ko’tarildiki, unga hech kim yetolmadi. Go’yo XX asrning 40-yillariga qadar Hamza Hakimzodadan boshqa bironta ijodkor Sho’rolar hukumati mohiyatini to’g’ri tushunmagan, yolg’iz ugina inqilobning ilk kunlaridan “Yasha, Sho’ro!” deb hayqirgan, tanho Hamzagina dramalarida inqilobiy g’oyani ilgari surib, uning uchun kurashgan kishilar obrazini yaratgan, birgina u yangi – sotsialistik realizm metodidagi o’zbek adabiyotiga asos solgan. Hatto davr taqozosiga ko’ra qatag’onchi Stalin o’limidan so’ng ozgina ob-havo o’zgarib, Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Cho’lpon kabilar oqlangan 60-yillarda ham o’rnini bo’shatmadi, bil’aks, ularga soya solib turaverdi. 90-yillarga kelib, haqiqat ro’yobga chiqa boshladi. Tarixga munosabat yangilandi. Sho’rolar tomonidan tahqirlangan ajdodlarimizning haqiqiy qiyofasini aniqlash, munosib o’rnini belgilash uchun harakat boshlandi. Ayni chog’da qizil rangga bo’yalgan Hamza, o’z vaqtida partiya va hukumatni sharaflab she’rlar yozgan G’afur G’ulom, Uyg’un, shunday og’ir yillarda xalqning baxt va shodligini kuylagan Hamid Olimjon singari ijodkorlar “aybdor” sifatida taftish qilina boshlandi. Ayniqsa, Hamza Hakimzodaning ijtimoiy faoliyati hamda inqilobiy she’rlarini ro’kach qilib olgan ayrim adabiyotshunoslar adibni o’z zamondoshlari safidan siqib chiqarishga, darsliklardan olib tashlashga, nomini tariximizdan butunlay o’chirishga urindilar. Ular “Yasha, Sho’ro!”, “Hoy-hoy otamiz” singari 10-12 dona she’rlarini, “Boy ila xizmatchi” dramasida inqilobchi G’ofir obrazini yaratgani uchun Hamza ijodi o’rganishga arzimaydi deb ayyuhannos soldilar. Garchi bunday qarashlarga qarshi I.Sulton, S.Mamajonov, L.Qayumov, O.Sharafiddinov, A.Hayitmetov singari atoqli olimlar Hamza ijodi va faoliyatini yetarli dalillar asosida ijobiy baholab bergan bo’lsalar-da, uni hanuz taftish etish davom etayotgani tashvishlidir. Chunki keyingi paytlarda yana uning nomini safdoshlari safidan o’chirishga, ijodini o’rganishni ta’lim dasturidan chiqarib tashlashga urinishlar boshlandi va bu borada ba’zi natijalarga ham erishildi. Vaholanki, muhtaram Prezidentimizning tarixga munosabatda xolislik printsipini amalda qo’llash zarurligi haqidagi ko’rsatmalari Hamza Hakimzoda ijodini xolisona baholashga ham taalluqlidir. Xo’sh, Hamza ijodi chindan ham o’rganishga loyiq emasmi? Buning uchun uning ijodiy merosiga bir qur nazar tashlash kifoyadir. * * *
Dastlab shuni alohida ta’kidlash joizki, Hamza Hakimzoda ham zamondoshlari Behbudiy, Avloniy, Fitrat, Qodiriy, Munavvar qorilar kabi XX asr boshlarida jadidchilik harakatining oldingi saflarida faol ishtirok etgan, jaholatga qarshi ma’rifat bayrog’ini baland ko’targan, Turkiston mustaqilligi uchun astoydil kurashgan, o’z xalqining erkin yashashini orzu qilgan millatparvar ziyoli edi. U xalqini ma’rifatli qilish yo’lida ham amaliy, ham ijodiy faoliyat ko’rsatdi. Hamza Hakimzoda o’zbek adabiyotining barcha janrlarida sermahsul ijod qilgan san’atkordir. 10-11 yoshidan she’r yoza boshlagan Hamza 25 yoshida “Devoni Nihoniy” kitobini nashr ettirdi. Devonga uning o’tgan 15 yil ichida yozgan 177ta she’ri kiritilgan. Ulardan 150 tasi g’azal, qolgani turli janrlarga oid lirik asarlardir. Ilk devonidayoq Hamza zullisonayn ijodkor sifatida namoyon bo’ldi. Devondagi 165 ta she’r o’zbek, 10tasi tojik tilida, 2 ta she’r esa shiru shakar shaklida o’zbekcha-ruscha so’zlar aralashtirib yozilgan. Shakl va mazmundagi bunday yangiliklar, shubhasiz, shoirning chindan ham XX asr o’zbek adabiyoti taraqqiyotiga katta hissa qo’shganligini ko’rsatadi. Ayni chog’da u o’zbek xalq og’zaki ijodi, boy mumtoz adabiyotimizning barhayot ildizlaridan bahramand bo’lib, an’analarga qat’iy amal qilgan holda zamonga mos yangiliklar ham kashf etdi. Yirik san’atkor Hamza Hakimzodaning o’zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga qo’shgan hissasi, o’rni va rolini ixcham tarzda quyidagicha baholash mumkin: — Hamza Hakimzodaning adabiy merosi XX asr o’zbek adabiyotining rivojlanishi va boyishida muhim ahamiyat kasb etadi. U haqli ravishda yangi tipdagi o’zbek adabiyotining asoschilaridan biri bo’lib qoladi; — Hamza Hakimzoda jadidchilik harakatining faol vakillaridan biri bo’lib, xalqini ma’rifatli qilish yo’lida ham ijodiy, ham amaliy, ham ijtimoiy faoliyat ko’rsatdi. Yangicha usulda maktablar ochish bilan birga zamondoshlari Behbudiy, Avloniy, Munavvarqori singari “O’qish kitobi”, “Qiroat kitobi”, ”Engil adabiyot” deb nomlangan darsliklar yaratdi va o’z hisobidan nashr ettirdi; — Hamza Hakimzoda novator shoir sifatida Fitrat, Cho’lponlar qatorida o’zbek she’riyatining shaklan va mazmunan yangilanishiga chindan ham katta hissa qo’shdi. Shoirning 7 bo’limdan iborat “Milliy ashulalar uchun milliy she’rlar” nomli majmuasi hamda aruz vazni qoliplarini yorib chiqishga intilgani, ko’plab she’rlari barmoq, hatto erkin (“Er islohoti”, “Majlisdan keyingi kuzatishda”, “Qutlug’ bo’lsin”) vaznlarda, sarbast usulida yozilganligi, o’zbek realistik nasrini boshlab bergani uning novatorligini ko’rsatuvchi g’oyat muhim dalillardir; — roman atamasini birinchi bo’lib iste’molga olib kirgan ham, shu nomdagi asarni birinchi bo’lib yozgan ham (garchi janr talablariga to’la javob bera olmasa-da) Hamza Hakimzoda Niyoziydir. Uning 1926 yilda o’z qo’li bilan yozgan tarjimai holida ko’rsatishicha, 1908 yilda Namanganda yashab-ishlab yurganida “bir “Haqiqat kimda” ismli havosiz operalik roman yozg’an edim, o’g’irlatdim, bukunki, topilmaydir”. Shu dalilning o’zi uni yana bir bor yuksaklik bosqichiga ko’tara oladi; — o’zbek dramaturgiyasining dunyoga kelishi, janrlarining ko’payishi va rivojlanishida Hamza Hakimzodaning roli shak-shubhasiz beqiyosdir. Garchi dramaning ilk namunasi Behbudiy tomonidan yozilgan bo’lsa ham bu adabiy turning barcha janrlarida yetuk asarlar yaratish uning zimmasiga tushdi. Yana shunisi ham muhimki, u o’zbek adabiyotida birinchi bo’lib dramatik trilogiya (“Loshmon fojiasi”,1916-19 y.), dramatik tetralogiya (“Farg’ona fojiasi”, 1918-20 y.), she’riy dramalar (“Saylov oldidan”, “El quzg’unlari”)ni adabiyotimiz xazinasiga olib kirdi. Bu faktlar o’zbek dramaturgiyasining tom ma’nodagi asoschisi Hamza Hakimzoda Niyoziy bo’lganligini yana bir bor tasdiqlaydi. — millatning ko’zini ochish, o’zligini anglatishning eng samarali yo’li -xalqqa bor haqiqatni ochiq aytish deb bilgan ma’rifatparvar shoir o’z tashabbusi bilan gazeta va jurnallar chiqarib, ularda achchiq gaplarni ochiq yozdi. Shu boisdan u muharrirlik qilgan “Kengash”, “Hurriyat” singari mutbuot nashrlari dadilligi, oshkora tanqidiy ruhi uchun 3-6 oy ichidayoq yopib qo’yilgan; — shoirning “Shundoq qolurmu?”, “Yasha, Sho’ro!” she’rlari ko’p yillar mobaynida uning inqilob kuychisi sifatida ulug’lanishiga muhim dalil bo’lib keldi. Garchi birinchi she’ri 1917 yil fevral inqilobidan keyin uning istibdodiga qarshi yozilgan degan fikrlar aytilsa ham 1919 yilda nashr etilgan “Atir gul” majmuasiga kiritilishi shoirning g’oyaviy niyati sal boshqacharoq bo’lganligini ko’rsatadi. Uning fevral inqilobidan keyin bosilgan “Safsar gul” to’plamiga kiritilmaganligining sababi, nazarimizda, bu she’r hukumat tomonidan yo’q qilingan Turkiston muxtoriyati munosabati bilan yozilganligidir. Chunki unda “Qafasdan bo’shalgan qush” – Turkiston yana qafasga “Qaytib o’zini solmas”ligi, mustaqillik uchun kurash davom ettirilishiga ishora qilinayotgandek tuyiladi. “Yasha, Sho’ro!” she’ri esa aslida “Yasha, Turon!” bo’lganligini adabiyotshunoslar I.Sulton, S.Mamajonov, A.Hayitmetovlar tomonidan aniq dalillar bilan isbotlab berildi. Boz ustiga har qanday xushyor o’quvchi she’rning birinchi va ikkinchi satrlari qofiyasiga e’tibor bersa, uning “Yasha, Sho’ro” emas, aynan “Yasha, Turon” bo’lganligiga ishonch hosil qiladi (Turon-zamon). — hamzashunos olim L.Qayumovning yozishicha, “U umrining oxirida hazin edi”. Bu hazinlik sabablari Hamzaning ayrim maktublarida ham anglashiladi. Shoir o’zining noma’lum shaxsga yo’llagan maktublaridan birida (ismini maxfiy tutishi va “sen” deb murojaat qilishiga qaraganda u yaqin do’sti bo’lsa kerak –Y.S.) “oldimda bo’ladurg’on hujumlarni ko’zda tutib”, “ig’vogarlar uyushib hamon mahkamalarda izg’ishib yurishgani”dan “Nima qilaman, hamma tomonim qorong’u” deya hadiksiraydi (5,100). Shuning oqibati bo’lsa kerak, 1927 yil 18 sentyabrda yozilgan to’rtliklaridan birida: Bul jahon bahrida xilqatdin xabar olgil, ko’ngil, Shoiri mahzun tabiatdin xabar olgil, ko’ngul. Xum samoviy telbalik ilhomina cho’mg’on xayol, Zavqig’a tekkan haqiqatdin xabar olg’il, ko’ngul. deb yozgan edi. Hatto bu to’rtlikning ostiga “Har muyulishdan xo’mrayib chiqqan kishiga ko’ndalang, Bu Hakimzoda o’tar dunyodan Nihon edarak” degan qo’shimcha bayt ham kiritib qo’yadi (2,517). — Hamza Hakimzoda ayrim manbalar hamda unga bag’ishlangan fil`mlarda ko’rsatilganidek, davrining yirik ma’rifatparvari Munavvarqori Abdurashidxonov bilan mutlaqo teskari munosabatda bo’lmagan. Aksincha, maktublarida Munavvarqoriga “hazrat, ustoz” deya chuqur hurmat bilan murojaat qiladi, undan maslahat so’raydi, dardini aytadi. * * *
Keyingi yillarda Hamza Hakimzoda halokatining tafsilotlari to’g’risida ham yangi ma’lumotlar topildi va e’lon qilindi. Mustaqillik sharofati bilan 70 yil mobaynida sir tutilgan sud materiallarini o’rganish oqibatida uning shayxlar tomonidan toshbo’ron qilinmaganligi aniqlandi. Farg’onalik huquqshunos M.Sheraliev “ancha yillardan buyon Shohimardonda yashab, u yerdagi keksalar bilan suhbatlashuvlar, ayrim arxiv hujjatlari bilan tanishish jarayonida Hamza Hakimzoda halokatining sabablarini ochishga, bu sirli o’lim yuzasidagi pardani ko’tarishga” muvaffaq bo’ldi. Uning yozishicha, “Hamzani ikki kishi – Bolta o’g’ri bilan Yodgor o’g’ri o’ldirgan. Qotillikka maishiy asosda kelib chiqqan to’qnashuv sabab bo’lgan.” Bundan Sho’ro hukumati ustalik bilan foydalanib, dinni ta’qiqlash, ruhoniy ulamolarni yo’q qilish, xalqni qo’rqitib olish maqsadida foydalangan. Qatag’onga asos ham yetarli edi. Ma’lum bo’lishicha, Hamza Hakimzoda o’ldirilishidan bir necha oy muqaddam Shohimardondagi bir guruh ulamolardan o’sha paytdagi O’zbekiston respublikasi Markaziy Ijroiya qo’mitasining raisi Yo’ldosh Oxunboboev nomiga ariza tushgan, unda shoirning Shohimardonda amalga oshirayotgan ishlari va xulqi qishloq ahli orasida norozilik tug’dirayotganini aytishib, uni ehtiyot qilish uchun bu yerdan chaqirib olish lozimligini iltimos qilgan edilar. Aynan shu maktub Sho’ro hukumati uchun Hamzaga qarshi uyushtirilgan suiqasdga dalil bo’lib xizmat qildi. Tez orada qatag’on mashinasi ishga solindi va 60 kishi qamoqqa olindi. Sud hukmiga ko’ra “Hamzani toshbo’ron qilib o’ldirgan shayx”lardan 5 kishi otuvga,qolganlari turli muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. Haqiqiy qotillar esa bir chetda qolaverdi. * * * Yuqorida bayon qilingan mulohazalar otashnafas shoir, sermahsul yozuvchi, mohir dramaturg, o’tkir publitsist, faol jamoat arbobi, O’zbekiston xalq yozuvchisi Hamza Hakimzoda Niyoziyning himoyaga muhtoj emasligini, uning asosan ijtimoiy faoliyatini birinchi o’ringa qo’yib, ijodini nazarga olmayotgan ayrim mutaxassislarning da’volari asossiz ekanligini, Hamza o’z ijodi bilan mangu barhayot qolishini, jisman tuproqda yotsa ham shoir va dramaturg, ma’rifatli jadid sifatida o’z asarlari bilan ayni kunlarda ham biz bilan yashashga haqli ekanligini isbotlaydi. Umrining oxirlarida o’sha mas’ul shaxs O’lmasboevga yo’llagan maktubida “Endilikda firqaga tayanib turib, kuchimiz g’asb (zo’rlash, majburlash), martabamiz tahqir etilsa, albatta, muni matbuot bir kun bo’lmasa, bir kun tekshirar” deb umid qilgandi. Bu umidini ro’yobga chiqarish bugun shakllanayotgan adabiyotshunoslar avlodining vazifasidir. kelayotir. Chunki haqiqiy ijodkorga jismoniy o’lim yo’q. Zero, “aslida Vatan ravnaqi uchun kurashgan, keyin o’zi bexabar holda Sho’ro adabiyotining yalovbardoriga aylangan Hamza Hakimzoda” ham o’z zamondoshlari qatorida abadiy yashashga, adabiyot va madaniyatimiz tarixida barhayot qolishga, uning ijodi yosh avlod tomonidan o’rganilishga haqlidir. O’ylab ko’raylik: Sho’ro davrida atay qizil rangga bo’yalib, ko’tar-ko’tar qilingan Hamza Hakimzodani oqlash, uning o’ziga yarasha o’rnini belgilab berish o’rniga bugungi mustaqil yurt farzandlari ham qoralab tursak, insofdan emas. Shu paytgacha uning ruhi bezovta bo’lgani yetar, endi uni tinch qo’yaylik, boricha o’rganaylik, haqiga duo qilaylik. Axir, olamdan o’tganlarni hadeb kavlayverish milliy urf-odatimizga to’g’ri kelmaydi-ku! Shunday emasmi? Foydalanilgan adabiyotlar: 1. B.Qosimov, SH.Yusupov, U.Dolimov va b. Milliy uyg’onish davri o’zbek adabiyoti. Darslik. T., “Ma’naviyat” nashriyoti, 2004. 2. S.Mamajonov. Barhayot Hamza. T., “Fan” nashriyoti, 1991. 3. O.Sharafiddinov. Ijodni anglash baxti. T., “Sharq” NMAK, 2004. 4. L.Qayumov. Biz bilmagan Hamza. “O’zAS”, 29.X11.1999. 5. M.Sheraliev. Shohimardon haqida o’ylar. “Farg’ona” nashriyoti, 1993. 6. Abdul Qodir. “Yasha, Turon!”. “O’zAS”, 2.07.2004. 7. Hamza Hakimzoda Niyoziy. To’la asarlar to’plami. 5 tomlik. T., “Fan” nashriyoti, 1988-1989 yillar. 8. Y.Solijonov. Zulmatdan nur qidirganlar. T., A.Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007. Download 68.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling