Haqida rivoyat-qissa
Xurshid Davron. Amir Temur o‘g‘lining o‘limi haqida rivoyat
Download 236.88 Kb. Pdf ko'rish
|
Amir Temur o‘g‘lining o‘limi haqida rivoyat
Xurshid Davron. Amir Temur o‘g‘lining o‘limi haqida rivoyat.
t.me/e_kutubxona Amir Temur kenja o‘g‘lining so‘zlarini tinglar ekan, bir zum so‘nggi paytlarda yuragini tunu kun bezovta qilgan valiahd tashvishiga berildi. To‘rt o‘g‘lidan ikkisi bevaqt ko‘z yumdi. SHohruh bunaqa, Mironshoh bo‘lsa, o‘ylamay ish qiladiganlar toifasidan. Mast bo‘lib, otdan yiqilib kallasi lat egandan buyon uning betayin qilmishlari yana oshdi. Suyukli kelini Xonzodabegim yaqinda erining zulmidan dod urib, unga bosh urib keldi. Mironshohning valiahd bo‘lishi mamlakatni vayron bo‘lishi demakdir. Bunga esa aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Nobakor o‘g‘ilni jazolashni ko‘ngliga tuggan sohibqiron bu tadbirni Hindiston yurishidan keyinga qoldirishga majbur edi. Amir Temur sekin Pirmuhammad Jahongirga ko‘z qirini tashladi. Ha, bu nabirasi havas qilgulik bahodir bo‘ldi. O‘ziyam quyib qo‘ygandek bobosining o‘zi: qaddi qomati barvasta, elkador, boshiyam bobosinikidek, humdek keladi. Qoshi-chi, qoshi? Ariq chetidagi ajriqdek qalin, ko‘zlari qilich damidek tovlanadi. Fe’l-atvoriyam, bobosiniki, na yog‘iydan, na o‘limdan qo‘rqadi. “YOpiray, — derdi ba’zan kamdan-kam hayratlanadigan sohibqiron. – Meni tirikligimda Alloh taolo yana qaytadan yaratdimi?! Nabirasining yolg‘iz bir xislati unga ma’qul kelmasdi. Ko‘pchilik boshini qovushtirishni bilmaydi. Mardlik odamlar dilini maftun etsa, oqibatbardorlik, farosat yuraklarni abadiy bandi etishini hali anglamaydi. Amir Temur o‘g‘li SHohruh mirzodan keyin o‘z mulohazasini aytishga biron bir amir shoshilmayotganini ko‘rib, hushyor tortdi. Sukut cho‘zilganidan toqatsizlanib: — Xo‘sh, — dedi u baland ovoz bilan. Ammo amirlar jim o‘tiraverdilar. Sohibqiron jahli chiqsayam, ichidagini yuziga chiqarmadi. Indamay kutishni ma’qul ko‘rdi. Bu baxti chopgurlar uning necha yildan buyon Hind mulkini zabt etish haqida orzu qilishidan yaxshi xabardor. Nahotki, bilib ham bilmaslikka olsalar, jim o‘tirishni ma’qul ko‘rsalar? U o‘zining deyarli barcha yurishlarida qatnashgan, sadoqatlarini necha marta jangu jadalda namoyish etgan amirlarga bir-bir tikilar, amirlar esa unga bosh ko‘tarib qarashga majol topolmasdilar. Oxiri u amir SHohmalikka qattiq tikilib turaverdi. Uning bu boqishini tuygan amir sekin boshini ko‘tarishga majbur bo‘ldi. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling