Haruki Murakami bir go’zal aprel tongida 100 foiz mukammal qizni ko’rganim


Download 15.77 Kb.
Sana25.10.2023
Hajmi15.77 Kb.
#1719325
Bog'liq
BIR GO’ZAL APREL TONGIDA 100 FOIZ MUKAMMAL QIZNI KO’RGANIM


Haruki Murakami

BIR GO’ZAL APREL TONGIDA 100 FOIZ MUKAMMAL QIZNI KO’RGANIM

Bir go’zal aprel tongida, Tokioning zamonaviy Harajuku mavzesidagi bir tor ko’chada, 100 % mukammal qizning yonidan o’taman.


To’g’risini aytsam, u unaqa ketvorgan emas. Hech qanaqasiga qolganlardan ajralib turmaydi. Kiyimlari ham o’ziga xosmas. Sochlari uyqu tufayli hamon to’zg’ib turibdi. Yosh ham emas, o’ttizga yaqinlashib qolgan bo’lsa kerak, keltirib gapirsa “qiz”ga ham o’xshamaydi. Lekin baribir, qirq metr naridan turib sezaman: u men uchun 100% mukammal qiz. Uni ko’rgan onimda yuragim qattiq tepadi, og’zim cho’ldek qurib qoladi.
Balki senda o’zingning didingga mos qizlar turi bordir, aytaylik, nozik to’piqli yoki yirik ko’zli, yoki bo’lmasam barmoqlari jozibador. Balki senga ovqatini uzoq yeydigan qizlar yoqar, biror sabab keltirib bera olmasang ham. Mening ham o’z didim bor, albatta. Har zamonda restoranda stolim yonida o’tirgan qizga termulib qolaman, chunki burnining shakli yoqib qolgan bo’ladi.
Lekin hech kim ularning 100% mukammal qizi oldindan belgilangan qandaydir sifatlarga ega deb da’vo qilolmaydi. Burunlarni yoqtirsam ham, uning burni shaklini(hatto unda burun bormi yo yo’qmi) eslay olmayman. Esimga kelgani u juda unaqa chiroyli bo’lmagani. G’alati.
- Kecha ko’chada 100% mukammal qizga duch keldim – deyman bittasiga.
- Yo’g’e? – deydi u. – Ketvorgan bo’lsa kerak?
- Unchalikmas.
- Didingdagidekmi unda?
- Bilmadim. U haqida biror narsa eslolganim yo’q. Ko’zlari shaklini yoki ko’kraklari o’lchamini.
- G’alati.
- Ha. G’alati.
- Ha bo’ptida – deydi allaqachon zerikib. – Nima qilding? Gaplashdingmi? Kuzatdingmi?
- A yo’q. Shunchaki ko’chada duch kelib keldim, shu.
U sharqdan g’arbga ketadi, men esa g’arbdan sharqqa. Aprelning bir yoqimli tongi.
Koshkiydi unga gapira olsam. Yarim soat yetib ortardi: o’zi haqida so’rardim, o’zim haqimda aytib berardim va - chindan qilmoqchi bo’lgan ishim – 1981-yilning go’zal aprel tongida Harajukudagi tor bir ko’chada bir birimizga duch kelishimizga sababchi bo’lgan taqdirning murakkabligini tushuntirib berardim. Bu aniq iliq sirlar bilan to’lgan nimadir bo’lardi, xuddi dunyoni tinchlik egallaganda qurilgan eski soatdek.
Gaplashib bo’lgach biror joyda tushlik qilardik, balki Vudi Allendan birorta kino ko’rardik, mehmonxona bariga kokteyl ichgani kirib o’tardik. Omad kelib qolsa, balki to’shakda xotima bo’lardi.
Potensiallik yuragimdagi eshikni taqillatadi. Endi o’rtamizdagi masofa 15 metrga yetadi. Unga qanday yaqinlashay? Nima deyishim kerak? “Xayrli tong, xonim. Iloji bo’lsa suhbatlashishga yarim soat bo’sh vaqt topa olasizmi?” Ahmoqona. Sug’urta agentiga o’xshab qolarkanman. “Meni ma’zur tuting, mabodo bilmaysizmi, bu mavzeda tun bo’yi ishlaydigan kir mashinalar bormi?” Yo’q, bu ham ahmoqona. Hech qanaqa kir kiyimlar ko’tarib olganim yo’qku. Kim ham shunaqa gapga laqqa tushardi? Balki shunchaki haqiqatni aytishim kerakdir. “Xayrli tong. Siz men uchun 100% mukammal qizsiz.” Yo’q, u ishonmaydi. Ishongan taqdirda ham men bilan gaplashgisi kelmasligi mumkin. “Kechirasiz – deyishi mumkin – men siz uchun 100% mukammal qiz bo’lishim mumkin, biroq siz men uchun 100% mukammal yigit emassiz.” Shunaqa bo’lishi ham ehtimoldan holi emas. Va agar boshimga shu ish tushadigan bo’lsa, parchalanib ketishim mumkin. Bu zarbadan hech qachon o’zimga kelmasligim mumkin. Men o’ttiz ikkidaman va ulg’ayish shu narsa.
Gul do’koni to’g’risidan o’tamiz. Yengil, iliq havo massasi terimni silaydi. Asfalt nam va men atirgullar iforini tuyaman. O’zimni unga gapirishga undolmayman. U oq sviterda, o’ng qo’lida markasi yo’q konvert tutib olgan. Xo’sh, u kimgadir xat yozgan, uyqusiragan nigohlaridan xulosa qilsam, balki butun tunni shuni deb o’tkazgan. Konvertda uning barcha sirlari bo’lishi mumkin.
Yana bir necha odimdan keyin o’girilaman: u odamlar orasida ko’rinmay ketadi.
Hozir, albatta, unga o’shanda aynan nima deyishim kerak bo’lganini bilaman. Bu juda uzun nutq bo’lardi, munosib yetkazib berish uchun juda ham uzun. Menga kelgan fikrlar umuman amaliymas.
Ha, mayli. Bu “Bir zamonlar” bilan boshlanib, “G’amgin hikoya-ya?” bilan tugardi.
Bir zamonlar bir bola va qiz bo’lgan edi. Bola o’n sakkizda, qiz esa o’n oltida edi. Bola unchalik ko’rkam emas, qiz ham u qadar chiroyli emas edi. Ular shunchaki oddiy yolg’iz bola va oddiy yolg’iz qiz edilar, xuddi qolganlardek. Lekin ular chin dildan dunyoning qaysidir burchagida ular uchun 100% mukammal bo’lgan bola va qiz yashashiga ishonishardi. Ha, ular mo’jizaga ishonishardi. Va bu mo’jiza chindan ro’y berdi.
Bir kuni ikkisi bir ko’chaning burchagida bir-birlariga duch kelishdi. “Bu ajoyib – dedi bola. – Men seni hayotim davomida izladim. Ishonmasliging mumkin, lekin sen men uchun 100% mukammal qizsan.” “Sen ham – deydi qiz – men uchun 100% mukammal bolasan, xuddi men tasavvur qilgandek. Bu tushga o’xshaydi.”
Ular skameykaga cho’kishdi, qo’llarini tutishdi, bir-biriga hikoyalarni aytib berishdi. Endi ular boshqa yolg’iz emasdilar. Ular 100% mukammalini topishgandi. !00% mukammalini topish va ular tomonidan topilish qanday ajoyib-a! Bu mo’jiza, samoviy mo’jiza. Ular o’tirib gaplashisharkan, jajji, jimitdek shubha parchasi yuraklariga ildiz otdi: Kishining orzulari shunchalik oson ushalishi to’g’rimi?
Va shunday qilib, suhbatlarida bo’lgan qisqa uzilishda, bola qizga aytdi. “Kel, o’zimizni sinab ko’ramiz, faqat bir marta. Agar biz chindan bir-birimizning 100%lik muhabbatimiz bo’lsak, unda qachondir, qayerdadir yana albatta uchrashamiz. Va bu sodir bo’lsa va biz 100% mukammalligimizni bilsak, o’shanda, o’sha yerda turmush quramiz. Nima deysan?” “Ha – deydi qiz – aynan shunday qilishimiz kerak”.
Shunday qilib ular ajrashishdi, qiz sharqqa, bola esa g’arbga ketdi. Ularning bu sinovi mutlaqo keraksiz edi. Ular hech qachon bunday qilmasliklari kerak edi, chunki ular chindan, haqiqatdan bir-birlarining 100% muhabbatlari edi, ularning uchrashib qolganining o’ziyoq bir mo’jiza edi. Lekin ular yosh edilar, ular buni bila olmas edilar. Taqdirning sovuq, befarq to’lqinlari ularni beshafqatlarcha uloqtirdi.
Bir qishda, qiz ham, bola ham fasliy gripp bilan og’rishdi, hayot-mamot o’rtasida haftalab sarson bo’lishgach, ular bolalikdagi xotiralarini yo’qotishdi. Uyg’onishganda, boshlari yosh D.H. Lourensning pul to’playdigan cho’chqachasidek bo’sh edi.
Ular ikkita aqlli, qat’iyatli yoshlar edi, to’xtovsiz urinishlardan keyin yana bir bor jamiyatning mos a’zosi bo’la oladigan darajada bilim va hislar to’play olishdi. Xudoga shukur, ular metroda bir liniyadan boshqasiga o’ta oladigan, pochtada bemalol xat jo’nata oladigan chin vijdonli fuqarolarga aylanishdi. Ular hatto sevgini boshidan o’tkazishdi, ba’zida 75%, ba’zida hatto 85% ligini. Vaqt juda tez o’tdi, bola o’ttiz ikkiga, qiz o’ttizga to’ldi.
Bir go’zal aprel tongida, bola kunni boshlash uchun bir chashka kofe izlab g’arbdan sharqqa kelardi, qiz esa maktub jo’natish uchun sharqdan g’arbga kelardi, ikkisi ham Tokiodagi Karajuku mavzesidagi tor ko’chada edilar. Ko’chaning o’rtasida bir-birining yonidan o’tishdi. Yo’qolgan xotiralarining kuchsiz uchquni yuraklarida juda qisqa lahzaga yolqinlandi. Ikkisining ham yuragi tez tepa boshladi. Va ular bilishdi:
U men uchun 100% mukammal qiz.
U men uchun 100% mukammal bola.
Biroq xotiralar uchquni juda ham kuchsiz edi, ularning o’ylari o’n to’rt yil oldingidek tiniq emasdi. Ular so’zsiz bir-birining yonidan o’tishdi va odamlarga qo’shilib ketishdi. Abadiyga.
G’amgin hikoya-ya?
Ha, shu, unga o’shanda aynan shunaqa deyishim kerak edi.
Download 15.77 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling