Haziniy (1867-1923)


Download 267.18 Kb.
bet1/4
Sana18.06.2023
Hajmi267.18 Kb.
#1563069
  1   2   3   4
Bog'liq
HAZINIY


HAZINIY (1867-1923)

Haziniy Xo‘qandiy (taxallusi; asl nomi Ziyovuddinxon Kattaxoja o‘g‘li Haziniy to‘ra) (1867 — Qo‘qon yaqinidagi Katta Kenagas qishlog‘i — 1923) — shoir va shayx. Qo‘qondagi Jome’ madrasasida tahsil olgan. Qur’on, tafsir, hadis, fiqh, kalom, adabiyot ilmlarini chuqur o‘zlashtirgan. Tasavvuf ta’limoti bilan izchil shug‘ullangan.
30 yoshida murshididan irshod (tariqat rahnamoligiga ruxsat) olib, «Haziniy to‘ra» va «Eshonbuva» nomlari bilan xalq orasida e’zozlangan, uz davrining yetuk qodiriya tariqati shayxi sifatida e’tirof etilgan va «Murshidi Farg‘ona» nomiga musharraf — valiy zot bo‘lib tanilgan.
Dehqonchilik bilan kun kechirgan. Bog‘lar barpo qilgan, binolar qurdirgan. Qabri o‘z qishlog‘ida. Bu qabr — maqbara va uning atrofidagi obidalar me’moriy yodgorlik sifatida davlat muhofazasiga olingan.
19-asr 2-yarmi va 20-asr boshlarida ko‘chirilgan ko‘plab qo‘lyozma bayozlar va majmualardan Haziniy she’rlari o‘rin olgan. 1910—15 yillarda Toshkentning Orifjonov, Portsev va Laxtin matbaalarida «Bayozi Haziniy» to‘plamlari bir necha bor nashr etilgan.
Haziniy mumtoz she’riyat janrlaridan g‘azal, murabba’, muxammas va musaddaslar yozgan. Adabiy merosi 4000 misra atrofida. Shoir asarlarini g‘oyaviy mavzui boy. Uning tasavvuf ruhidagi asarlarida sof so‘fiyona ma’no va mazmun tarannum etilsa, axloqiy mavzudagi bitiklarida poklik, odamiylik, sahovatpeshalik kabi yuksak insoniy fazilatlar ulug‘langan.
Haziniyning o‘ndan ortiq g‘azallariga muxammas bog‘langan va naziralar qilingan.
«Bayozi Haziniy»ning toshbosma nusxalari O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 12665, 14850, 15197). Farg‘ona shahrida uy-muzeyi tashkil qilingan, Haziniy nomida jamoa xo‘jaligi, bog‘, maktab, kutubxonalar bor.
Otabek Jo‘raboyev.


* * *
Qo‘qon yaqinidagi Katta Kenagas qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi Kattaxo‘ja eshon orif, she’rga havasmand ziyolilardan edi. Ziyovuddin ilk ta’limni otasidan oladi. So‘ng Qo‘qondagi Jome’ madrasasida o‘qiydi. 1897 yil o‘tgiz yoshlarida zamonasining mashhur mutasavviflaridan, qodiriya suluki namoyandasi Muhammad Hakimxon xalifaga murid tushadi va ilmi tariqatni egallab, el orasida katta e’tibor topadi.
Ayni paytda ustoz so‘fiylar an’anasiga sodiq qolib, qo‘l kuchi bilan mutlaqo mehnati evaziga kun kechirish qoidasini mahkam tutadi. Uning muttasil dehqonchilik bilan shug‘ullangani, hatto hozirgi Bag‘dod tumani Chopdor qishlog‘idagi qumloq cho‘ldan 40 tanobcha yerni o‘zlashtirib, bog‘ barpo etgani va unga «Registon» deb nom qo‘ygani ma’lum. Shuningdek, bu yerda hovuz kavlatib, atrofiga bir necha bino va tegirmon qurdirgan. Bu joy qumga tushib davolanuvchilar uchun orombaxsh maskanga aylantirilgan ekan.
56 yoshda vafot etgan. Qabri qishlog‘ida.
Haziniy o‘z davrida juda katta shuhrat qozongan shoir. Mutaxassislarning aniqlashlaricha, XX asr boshlaridagi 19 toshbosma asarda uning she’rlaridan namunalar uchraydi. «Bayozi Haziniy» to‘plami 1910—1913 yillarda 7 marotaba chop etilgan. She’rlari mashhur xonandalar tomonidan qo‘shiq qilib kuylangan. Biroq sho‘ro davrida uning asarlariga yo‘l berilmadi. O‘g‘li Amakixon qo‘lida saqlangan devoni 1939 yili NKVD xodimlari tomonidan olib ketilgan. Hozirgacha topilgani yo‘q.
Shoir ijodini o‘rganish mustaqillikdan so‘ng mumkin bo‘ldi. 1992 yili Qo‘qon muzeyi xodimi, filologiya fanlari nomzodi Ahmadjon Madaminovning g‘ayrat va tashabbusi bilan «Tasadduq, yo rasululloh» degan ixcham to‘plami nashr etildi. Nihoyat, 1999 yili u to‘ldirilib, A.Madaminov, O.Jo‘raboevlarning so‘zboshi maqolasi va professor Sharif Yusupov so‘ngso‘zi bilan «Devon» nomida chop qilindi.
Shoir she’rlarida, darhaqiqat, diniy mavzu yetakchi. Lekin bu shunchaki din targ‘ibi emas. Yuksak islomiy g‘oyalar, birinchi navbatda, islomiy e’tiqod va axloq bilan yashash targ‘ibidir. Komil inson targ‘ibidir. Shu jihatdan, undagi g‘oyalar bir qadar tasavvufiy mazmun kasb etadi. Muallif buni yashirmaydi. U «ishqi majoziy» va «ishqi ilohiy» nisbatini yaxshi his qiladi. Bularni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ymaydi. Birini ikkinchisining davomi sifatida tushunadi.
Avvaldinkim majoziy ishqida umrimni o‘tkardim,
Qayu yerda parivash bo‘lsa, anga oshno bois,—
kabi satrlari yoxud:
Necha donolarni nodon ayladi ishqi majoz,
Yorning ko‘yida sarson ayladi ishqi majoz,-
matlai bilan boshlanadigan «Majoz» radifli g‘azalida buni ko‘rish mumkin.
Ayni paytda, shoir she’rlarida zamon sadolarini ham payqamaslik mumkin emas. U «nasoro bizga podshoh»lik qilib, «xonaqohda zikri haq mone’», «sharorat oshkor» bo‘lganligidan dod soladi. Boshqa bir she’rida esa, quyidagi satrlarni uchratamiz:
Voy, xor o‘ldi shariat, dinimiz bo‘ldi g‘arib,
Bu nechuk turfa alomat, dinimiz bo‘ldi g‘arib,
Yo yaqindirmu qiyomat, dinimiz bo‘ldi g‘arib,
Ko‘p rivoj oldi sharorat, dinimiz bo‘ldi g‘arib,
Barchadin ketti adolat, dinimiz bo‘ldi g‘arib.

Download 267.18 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling