Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahror Markaziy Osiyo xalqlarining XV asr ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy va tafakkur rivojida muhim o’rin tutgan
Download 213.79 Kb.
|
Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahror
Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahror — Markaziy Osiyo xalqlarining XV asr ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy va tafakkur rivojida muhim o’rin tutgan. Naqshbandiya tariqatining nazariy, amaliy jihatlarini boyitib, bu ta’limotning mashhur bo’lishiga hissa qo’shgan tarixiy shaxsdir. U hijriy 806 yil ramazon oyida (1404 yil, mart) Shosh — Toshkent viloyati muzofotlaridan Bog’istonda dunyoga kelgan. Otasi Xoja Mahmud va buvalari ma’rifatli kishilardan bo’lib, dehqonchilik va tijorat bilan shug’ullangan. Ona tarafidan Xoja Ahror mashhur Shayx Xovandi Tahurga borib ulanadi. Xoja Ahror boshlang’ich ma’lumotni Toshkent madrasalarida olib, yoshlik chog’laridanoq muqaddas joylarni ziyorat qilishga moyillik ko’rsatadi va 23—24 yoshlarda tog’asi, zamonasining bilimdon kishilaridan bo’lgan Xoja Ibrohim uni Samarqandda o’qitishni maqsad qilib qo’yadi. Xoja Ahror ko’proq tasavvuf ilmiga qiziqadi. Shu maqsadda Hirotga kelib, 1428—1431 yillar orasida Shayx Bahovuddin Umar, Shayx Zayniddin Xavofiy kabi taniqli mutasavvuf bilimdonlari suhbatida bo’ladi. So’ng Chag’oniyonning Xulg’atu mavzeida istiqomat qiluvchi Xoja Bahovuddin Naqshbandning shogirdi bo’lgan Ya’qub Charxiy (vafoti 1447)ga qo’l berib, undan Naqshbandiya tariqati asoslarini o’rganadi. 1431—1432 yillar orasida Xoja Ahror Toshkentga qaytib, Naqshbandiya tariqatining yirik arbobi Bahovuddin Naqshband ta’limotining davomchisi sifatida tanilib, ayni vaqtda dehqonchilik va tijorat ishlari bilan mashg’ul bo’ladi. Manbalarda ko’rsatilishicha, Xoja Ahrorning xo’jalik faoliyati tez orada juda keng rivoj topadi. Chunonchi, «Rashahot» asari muallifi Faxriddin Ali Xoja Ahror yerlari Toshkent viloyatidan to Amudaryo sohillarigacha bo’lgan hududda 1300 dan ortiq ekinzorlarni tashkil etganini eslatadi. Shunisi e’tiborga sazovorki, tadqiqot ishlarida aniqlanishicha, mayda mulkchilar soliqlardan qutulmoq uchun o’z yerlarini Xoja Ahror ixtiyoriga o’tkazishgan. Xoja Ahrorning hukmdorlar oldidagi nufuzi shariatda belgilangandan (ushr, mol, zakot) tashqari favqulodda soliqlarni mehnatkashlar gardaniga yuklashdan ularni himoya etgan. Xoja Ahror yerlarining ko’payib borishiga bu omil ham bir sabab bo’lgan, xolos. Dehqonchilik, chorvachiliqdan tashqari Xoja Ahrorning shaharlarda ham hunarmandchilik rastalari, ustaxonalari bo’lgan va bulardan ham katta daromad kelib turgan. Xoja Ahror Valiy maqbarasi. Samarqand Savdo-sotiq masalalarida Xoja Ahror nafaqat Movarounnahr hududida, balki Xuroson, Hindistonga ham mollarni yuborib, sav-do qilgan. Shuni ham aytib o’gmoq lozimdirki, Xoja Ahror o’z xo’ja-lik faoliyatidan olgan daromadning ko’pgina qismini aholi bo-shiga tushgan og’ir soliqlarni to’lash, diniy va madaniy qurilishlarni amalga oshirish kabi ishlarga sarflagan. Chunonchi, Umarshayx Mirzo Toshkent aholisidan 250 000 dinor hajmida soliq talab qilganida Xoja Ahror bu mablag’ning hammasini o’zi to’lab, yana 70 000 dinorni ham soliq yig’uvchilarga topshirgan. Shuningdek, Xoja Ahror tomonidan Samarqandda, Toshkentda va Kobudda ham madrasalar qurdirilganligi manbalardan ma’lum. Naqshbandiya tariqatining asosiy g’oyasi: mehnat bilan mashg’ul bo’lish va ayni vaqtda dil Alloh bilan bo’lmog’i lozimligi Xoja Ahror tomonidan e’tirof etilgani va amalda qo’llanilgani uning o’z so’zidan ravshandir. «Hazrat Abdulxoliq G’ijduvoniy buyurmishlarki, — deydi u Ali Safiyning «Rashahot» asarida keltirilishicha,— xalqning og’irini yengil qilmoq darkor, ammo bunga halol kasb bilangina erishiladi. «Qo’l ish bilan, dil yor (Alloh) bilan» shiori Xojagon tariqatida muqarrardir». Xoja Ubaydulloh Ahrorning mamlakat siyosiy hayotida faol ishtiroki 1451—1452 yillarga oiddir. 1447 yili Temuriylar davlati bosh hukmdori Shohruxning, 1449 yili esa Movarounnahr hukmdori Mirzo Ulug’bekning vafotidan so’ng bir necha yil Temuriy shahzodalar orasida taxt uchun kurash boradi. 1451 yili shahzodalardan biri Abu Sa’id Mirzo Toshkentda bo’lib, Xoja Ahrorni o’ziga ma’naviy madadkor deb taniydi va shu yili Mirzo Abdullo bilan bo’lgan jangda qo’li baland kelib Samarqandni egallaydi hamda Xoja Ahrorni Toshkentdan Samarqandga ko’chirib keladi. Xojaning Samarqandda muqim turishi ana shu 1451 yildan boshlanadi. Uning mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda ishtiroki 1454 yilga oid bo’lib, shu yili Xuroson hokimi Abul-qosim Bobur Samarqandni qamal qilganida Xoja Ahror shahar himoyachilariga bosh bo’lib, dushmanni sulh tuzishga majbur etadi. Shu bilan Xoja Ahrorning shahzodalar orasidagi nizolarni sulh bilan yakunlab, mamlakatda osoyishtalik o’rnatishga qaratilgan siyosiy faoliyati umr bo’yi davom etadi. Uning 1458 yili Shohruxiyada o’zaro qonli to’qnashuvga tayyor uch huqmdor: Sulton Abu Sa’id (1451—1469)ning o’g’illari Sulton Ahmad Mirzo, Umarshayx Mirzo va Yunusxon (1462—1487)ning o’g’li Sulton Mahmudlar orasidagi nizoni sulh bilan bartaraf qilganligi manbalarda ko’p talqin etilgan. Xoja Ahror Valiy 1490 yilda vafot etgan va Samarqandda dafn etilgan. Xoja Ahror qalamiga mansub uch risola bizgacha yetib kelgan. Ulardan biri — «Faqarot ul-orifin» («Oriflar so’zlaridan parchalar») nomi bilan mashhur bo’lib, unda Xoja Ahrorning va ba’zi boshqa tasavvuf namoyandalarining tariqatga oid fikrlaridan namunalar keltirilgan. «Volidiya» deb nomlangan ikkinchi risolasini Xoja Ahror o’z otasi iltimosiga ko’ra yozgan. Unda tariqat yo’liga kirgan kishining axloq-odobi, faqr va fano tushunchalari haqida so’z boradi. Bu risola o’z davrida mashhur bo’lib, Jomiy va Alisher Navoiylar u bilan yaqindan tanishganlar. Zahiriddin Muhammad Bobur esa uni forsiydan o’zbek tiliga she’riy tarjima qilgan. Uchinchi risola «Havroiyya» deb atalib, mashhur mutasavvuf shoir Abu Sa’id Abulxayrning (XI asr) ushbu «Havro» («Hurlar» yoki «Farishtalar») so’zi bilan boshlanuvchi bir ruboiysini sharhlashga bag’ishlangan. Bulardan tashqari Xoja Ahror tomonidan o’z zamondoshlariga yozilgan anchagina ruq’a — nomlari ham bizgacha yetib kelganki, ularni ham mazkur asarlar sirasiga kiritish joiz, chunki ularda muallifning o’z davri ma’naviy, ijtimoiy va siyosiy hayotida tutgan o’rni aks etadi. Xatlar turli to’plam va manoqiblar sahifalari orqali bizgacha yetib kelgan. Ulardan eng muhimi «Majmuayi murosalot» deb nomlangan XV asr dastxatlar to’plami tarkibidagi ruq’alardir. To’plam Alisher Navoiy buyrug’i bilan tuzilgan va shuning uchun «Navoiy albomi» deb ham ataladi (O’zR FA Sharqshunoslik instituti qo’lyozmalar fondi, raqam 2178). Unda Xoja Ahrorning 128 dona ruq’alari mavjud. Ular Samarqanddan Hirotga — Husayn Boyqaroga va aksari, Alisher Navoiyga yozilgan. Bu haqda «Nasoim ul-muhabbat» asaridagi Navoiyning o’z so’zlari tasdiqlaydi: «…Alarning bu haqir ila iltifotlari ko’p bor uchun vahiy osor ruq’alari bilan musharraf qilib, ishlarga ma’mur qilur erdilar, ul ruq’alarni muraqqa yasab, jazval va takallufot bila asrarmen». Mazmun jihatdan ruq’alarni uch turkumga bo’lib sharhlash mumkin: birinchisi — bu Movarounnahr va Xurosonda hukmronlik qilgan Temuriy hukmdorlar, chunonchi, Badaxshon hokimi Sulton Mahmud (1459—1494), Movarounnahr hokimi Sulton Ahmad (1468—1493) hamda Sulton Husayn Boyqarolar orasidagi siyosiy, hududiy munosabatlarga doir xatlar. Ularda Xoja Ahror Temuriy shahzodalar oldiga o’zaro nizolarni tinchlik yo’li bilan hal etish, urushlar tufayli aholining jonu moliga zarar yetkazmaslik kabi talablarni qo’yadi va buni amalga oshirishni Navoiydan iltimos qiladi. Ikkinchi tur xatlarda esa Xoja Ahror shariat qonun-qoidalarini mustahkamlash va bu orqali mamlakatda adolat o’rnatish, musulmonlar, ya’ni oddiy raiyatlarga jabru zulm o’gkazishdan zolimlar qo’lini ko’toh qilish kabi fikrlarni ifodalaydi, ba’zan esa adolatsizlikka uchragan biror jabrdiydaning aniq nomini aytib, yordam ko’rsatishni so’raydi. Uchinchi turkum xatlarga kelsak, ular Xoja Ahror va uning yaqin muridlarining Xuroson hududida olib bergan xususiy xo’jalik hamda savdo-sotiq ishlariga va shular bilan bog’liq soliq-yig’inlar masalasiga oiddir. Bu xatlarda Xoja Ahror o’z davrining yirik yer-suv, mol-mulk egasi sifatida gavdalanadi, o’zining va yaqin kishilarining manfaatlari Xurosonda ham himoya qilinishiga intiladi. Ammo, aytib o’gish lozimki, bu turdagi xatlar orasida ham ba’zan oddiy adolattalab kishilar huquqini himoya qilishga qaratilgan iltimoslar uchrab turadi. Ma’lumki, XV asr Temuriylar davlatida — Movarounnahr va Xurosonda iqtisodiy, madaniy, ilm-fan sohalarida yuksalish davri bo’lgan. Shu bilan birga Temuriylar davlatining inqirozi ham ana shu asrga to’g’ri kelib, o’zaro taxt uchun kurashlar natijasida oddiy xalq ahvoli og’irlasha borgan. Shariat tomonidan belgilangan ushr, mol va zakotlardan tashqari har xil vaqtlarda turli munosabatlar bilan olinadigan oliq-soliqlar soni 30 ga yaqin adadni tashkil etar edi. Ulardan ba’zilari (tamg’o, yorg’u) mo’g’ullar hukmronligi davrida joriy etilgan bo’lib, ba’zi vaqtlarda hali ham qo’llanib kelardi. Ana shunday bir sharoitda Xoja Ahror musulmonlar boshidan jabr-zulmni daf etmoq uchun din va shariatni dastur qilgan holda sultonlarga murojaat qilmoq lozimligini Naqshbandiya tariqatining vazifalaridan deb uqtiradi. Xoja Ahror saroy xizmatidan voz kechmoqchi bo’lgan Alisher Navoiyga xat yozib, aytadi: «…Eshitishimcha, onhazrat, ya’ni sultonga mulozamat qilishdan goho malolat chekar ekansiz. Iltimos shuki, musulmonlarga madad yetkazmoq va biror faqirning dili mushkullikdan xalos topib, shod bo’lmog’i uchun xotiri sharifingizni saroy xizmatidan uzmang… Biror kishi ham musulmonlar g’amini yeyishni o’ylamay qo’ygan bu vaqtda ularga g’amxo’rlik qilish — eng xayrli ishdir!..» Sobiq sovetlar davrida Xoja Ubaydulloh Ahror haqida bir qancha tadqiqotlar yozilib, uning iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy hayotdagi faoliyati yoritilgan bo’lsa-da, hukmron mafkura nuqtai nazaridan salbiy baholanardi. Keyingi tadqiqotlarda (A. N. Boldirev), ayniqsa, Markaziy Osiyo respublikalari istiqlolga erishgandan so’ng (B. Valixo’jayev, A. Muhammadxo’jayev va boshqalar) Xoja Ubaydulloh Ahror shaxsiyati va faoliyatiga yangicha, har taraflama yondoshib, uning jamiyat taraqqiyotida tutgan o’rni haqqoniy ravishda yoritilmoqda. Download 213.79 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling