Xoja ahror valiy


Download 13.81 Kb.
Sana20.06.2023
Hajmi13.81 Kb.
#1630592
Bog'liq
2 5210821921721043545


XOJA AHROR VALIY
Hazrat Xoja Ubaydulloh Ahror Markaziy Osiyo xalqlarining XV asr 2-yarmidagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy va tafakkur rivojida muhim o'rin tutgan. Naqshbandiya tariqatining nazariy, amaliy jihatlarini boyitib, bu ta'limotning mashhur bo'lishiga hissa qo'shgan tarixiy shaxsdir. U hijriy 806-yil ramazon oyida (1404-yil, mart) Shosh - Toshkent viloyati muzofotlaridan Bog'istonda dunyoga kelgan. Otasi Xoja Mahmud va buvalari ma'rifatli kishilardan bo'lib, dehqonchilik va tijorat bilan shug’ullangan. Ona tarafidan Xoja Ahror mashhur Shayx Xovandi Tahurga borib ulanadi.
Xoja Ahror boshlang'ich ma'lumotni Toshkent madrasalarida olib, yoshlik chog'laridanoq muqaddas joylarni ziyorat qilishga moyillik ko'rsatadi va 23-24 yoshlarda tog'asi, zamonasining bilimdon kishilaridan bo'lgan Xoja Ibrohim uni Samarqandda o'qitishni maqsad qilib qo'yadi. Xoja Ahror ko'proq tasavvuf ilmiga qiziqadi. Shu maqsadda Hirotga kelib, 1428-1431-yillar orasida Shayx Bahouddin Umar, Shayx Zayniddin Xavofiy kabi taniqli mutasavvuf bilimdonlari suhbatida bo'ladi. So'ng, Naqshbandning shogirdi bo'lgan Ya'qub Charxiy (vafoti 1447)ga qo'l berib, undan Naqshbandiya tariqati asoslarini o'rganadi. 1431-1432-yillar orasida Xoja Ahror Toshkentga qaytib, Naqshbandiya tariqatining yirik arbobi Bahouddin Naqshband ta'limotining davomchisi sifatida tanilib, ayni vaqtda dehqonchilik va tijorat ishlari bilan mashg'ul bo'ladi. Manbalarda ko'rsatilishicha, Xoja Ahrorning xo'jalik faoliyati tez orada juda keng rivoj topadi. Chunonchi, «Rashahot» asari muallifi Faxriddin Ali Safiy Xoja Ahror yerlari Toshkent viloyatidan to Amudaryo sohillarigacha bo'lgan hududda 1300 dan ortiq ekinzorlarni tashkil etganini eslatadi. Shunisi e'tiborga sazovorki, tadqiqot ishlarida aniqlanishicha, mayda mulkchilar soliqlardan qutulmoq uchun o'z yerlarini Xoja Ahror ixtiyoriga o'tkazishgan. Xoja Ahrorning hukmdor oldidagi nufuzi shariatda belgilangandan (ushr, mol, zakot) tashqari favqulodda soliqlarni mehnatkashlar gardaniga yuklashdan ularni himoya etgan. Xoja Ahror yerlarining ko'payib borishiga shu omil ham bir sabab boʻlgan, xolos. Dehqonchilik, chorvachilikdan tashqari Xoja Ahrorning shaharlarda ham hunarmandchilik rastalari, ustaxonalari boʻlgan va bulardan ham katta daromad kelib turgan.
Savdo-sotiq masalalarida Xoja Ahror nafaqat Movarounnahr hududida, balki Xuroson, Hindistonga ham mollarni yuborib, savdo qilgan. Shuni ham aytib o'tmoq lozimdirki, Xoja Ahror o'z xo'jalik faoliyatidan olgan daromadning ko'pgina qismini aholi boshiga tushgan og'ir soliqlari toʻlash, diniy va madaniy qurilishlarni amalga oshirish kabi ishlarga sarflagan. Chunonchi, Umarshayx Mirzo Toshkent aholisidan 250 000 dinor hajmida soliq talab qilganida Xoja Ahror bu mablag'ning hammasini o'zi to'lab, yana 70 000 dinorni ham soliq yig'uvchilarga topshirgan. Shuningdek, Xoja Ahror tomonidan Samarqandda, Toshkentda va Kobulda ham madrasalar qurdirilganligi manbalardan ma'lum.
Naqshbandiya tariqatining asosiy g'oyasi: mehnat bilan mashg'ul bo'lish va ayni vaqtda dil Alloh bilan bo'lmog'i lozimligi Xoja Ahror tomonidan e'tirof etilgani va amalda qo'llanilgani uning o'z so'zidan ravshandir. «Hazrat Abdulxoliq G'ijduvoniy buyurmishlar-ki, - deydi u Ali Safiyning «Rashahot» asarida keltirilishicha, - xalqning og'irini yengil qilmoq darkor,ammo bunga halol kasb bilangina erishiladi. « Qo’l ish bilan, dil yor (Alloh) bilan» shiori Xojagon tariqatida muqarrardir».
Xoja Ubaydulloh Ahromning mamlakat siyosiy hayotida faol ishtiroki 1451-1452-yillarga oiddir. 1447-yili Temuriylar davlati bosh hukmdori Shohruxning, 1449-yili esa Movarounnahr hukmdori Mirzo Ulug'bekning vafotidan so'ng bir necha yil Temuriy shahzodalar orasida taxt uchun kurash boradi. 1451-yili shahzodalardan biri Abu Sa'id Mirzo Toshkentda bo'lib, Xoja Ahromni o'ziga ma'naviy madadkor deb taniydi va shu yili Mirzo Abdullo bilan bo'lgan jangda qo'li baland kelib Samarqandni egallaydi hamda Xoja Ahrorni Toshkentdan Samarqandga ko'chirib keladi. Xojaning Samarqandda muqim turishi ana shu 1451-yildan boshlanadi. Uning mamlakatdagi siyosiy jarayonlarda ishtiroki 1454-yilga oid bo'lib, shu yili Xuroson hokimi Abulqosim Bobur Samarqandni qamal qilganida Xoja Ahror shahar himoyachilariga bosh bo'lib, dushmanni sulh tuzishga majbur etadi. Shu bilan Xoja Ahrorning shahzodalar orasidagi nizolarni sulh bilan yakunlab, mamlakatda osoyishtalik o'rnatishga qaratilgan siyosiy faoliyati umr bo'yi davom etadi. Uning 1458-yili Shohruxiyada oʻzaro qonli to'qnashuvga tayyor uch hukmdor: Sulton Abu Sa'id (1451-1469)ning o'g'illari Sulton Ahmad Mirzo, Umarshayx Mirzo va Yunusxon (1462-1487)ning oʻgʻli Sulton Mahmudlar orasidagi nizoni sulh bilan bartaraf qilganligi manbalarda ko'p talqin etilgan.
Xoja Ahror Valiy 1490-yilda vafot etgan va Samarqandda dafn etilgan.
Xoja Ahror qalamiga mansub uch risola bizgacha yetib kelgan. Ulardan biri «Faqarot ul-orifin» («Oriflar so'zlaridan parchalar») nomi bilan mashhur bo'lib, unda Xoja Ahrorning va ba'zi boshqa tasavvuf namoyandalarining tariqatga oid fikrlaridan namunalar keltirilgan. «Volidiya» deb nomlangan ikkinchi risolasini Xoja Ahror o'z otasi iltimosiga ko’ra yozgan. Unda tariqat yoʻliga kirgan kishining axloqi, odobi, faqr va fano tushunchalari haqida soʻz boradi. Bu risola oʻz davrida keng shuhrat qozonib, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy unga munosib baho bergan. Zahiriddin Muhammad Bobur bu risolani fors tilidan oʻzbek tiliga sheʼriy tarjima qilgan. Bu tarjima 1991-yilda Toshkentda nashr etilgan. Risola 2004-yilda sharqshunoslar Mahmud Hasaniy va Dilora Rajabova tomonidan forsi ydan kayta tarjima qilingan va nashr etilgan. Uchinchi risola "Havroiyya" deb atalib, mashhur mutasavvif shoir Abu Sayd Abdulxayr (Pa.)ning "Havro" ("Hurlar" yoki "Farishtalar") soʻzi bilan boshlanuvchi bir ruboiysini sharhlashga bagʻishlangan. Bu asarlardan boshqaX.A.ning oʻz zamondoshlariga yoʻllagan maktublari ham bizgacha yetib kelgan. Ular X.A.ning oʻz davri ijtimoiy, siyosiy va maʼnaviy hayotida tutgan oʻrnini belgilashda muhim ahamiyatga ega. Bu maktublarning ruscha tarjimasini tarix fanlari doktori Asomiddin Oʻrinboyev tayyorladi. Maktublar A.Oʻrinboyev bilan amerikalik olima, NyuJersi universitetining professori Jo Enn Gross hamkorligida ingliz tiliga oʻgirilib, "Xoja Ubaydulloh Ahrorning xatlari va uning muridlari" nomi bilan 2002-yilda Gollandiyada nashr etildi.
X.A. tasavvuf nazariyasi va amaliyotiga katta hissa qoʻshgan. Uning madaniy merosida Qurʼon oyatlarining tafsiri, hadislarning sharxlari aloxida urin egallaydi. Faxruddin Ali Safiyning "Rashahot" asarida X.A.ning 120 ga yaqin tafsiru sharxlari rashha (tomchi)lar tarzida berilgan. X.A. musulmon dunesining buyuk mutasavviflar silsilasida moʻʼtabar oʻrin tutadi. Musulmon dunyosida 356 ta avliyo oʻtgan boʻlib, ulardan 3 tasi Qutb ulAqtob (ulugʻ darajaga yetgan avliyo) sifatida eʼtirof etilgan. Shu 3 zotning biri X.A. boʻlgan.
Oʻzbekistonda istiqlol tufayli X.A. ning maʼnaviy merosi chuqur oʻrganilmoqda. X.A. tavalludining 600-yilligini keng nishonlash haqida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori (2004-yil 25 mart) uning ana shu merosidan xalqni bahramand etishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Download 13.81 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling