Hozirgi o`zbek adabiy tilida fonemalarning variantlashuvi va fonetik jarayonlar
Download 69.5 Kb.
|
- Bu sahifa navigatsiya:
- Singarmonizm.
- Assimilyatsiya.
Fonetik jarayonlar. Aytilganidek, fonema nutqda voqelanar ekan, uning variantlari nutqiy sharoit (yonma-yon kelgan tovushlar yoki qo`shimchalar ta`siriga uchrashi) tufayli turlicha namoyon bo`ladi. Natijada tovushlar so`z mohiyatida bo`lmagan xossalarga ega bo`ladi. Ayrim tovushlar yondosh tovushlarga moslashadi, ayrimlarida o`zgarishlar kuchayib, boshqa tovushlarga almashib ketadi. Nutqda sodir bo`ladigan o`zgarishlar tovushlarning kombinator-pozitsion o`zgarishlari deyiladi.
Singarmonizm. Unli va undoshlarning o`zgarishi farqlanadi. Unlilarning nutq jarayonida o`zgarishi singarmonizm deyiladi. Singarmonizm unlilarning moslashishi, uyg`unligi bo`lib, u turkiy tillarga xosdir. Singarmonizmning ikki asosiy ko`rinishi mavjud: a) til garmoniyasi; b) lab garmoniyasi. Til garmoniyasida unli tovushlar yumshoqlik yoki qattiqlik, til oldilik yoki til orqalik jihatdan bir-biriga moslashadi. Singarmonizmning til garmoniyasi qonuniyatiga ko`ra so`zning boshida til oldi unlisi kelsa, so`z o`rtasi va oxirida ham til oldi unlisi keladi. Boshqacha aytganda, so`zning boshida undoshlarning artikulyatsion o`rniga bog`liq ravishda unli tovushda yuz bergan o`zgarishlar so`zning keyingi bo`g`inlaridagi unlilarda ham yuz beradi. Bu hol so`zlarning talaffuzida artikulyatsion qulaylikka olib keladi. Masalan, qalam so`zidagi (q) undoshi chuqur til orqa undoshi bo`lganligi bois, birinchi bo`g`indagi (a) unlisi ham til orqalik xususiyatiga ega bo`ladi. Buning natijasida esa keyingi bo`g`indagi (a) tovushi ham til orqa unlisi sifatida namoyon bo`ladi. Demak, birinchi (a) unlisi (q) undoshiga, keyingi bo`g`indagi (a) esa oldingi bo`g`indagi (a) unlisiga moslashadi. Lab garmoniyasida unlilarning moslashishi ikki tomonlama bo`ladi. Bunda unlilar ham til oldi - til orqalik jihatidan, ham lablanganlik-lablanmaganlik jihatidan o`zaro va undoshlarga moslashadi. Bunga ko`ra, so`z boshidagi unli lablangan til oldi unlisi bo`lsa, so`z oxirida ham lablangan til oldi unlisi keladi. So`z boshidagi unli lablangan til orqa unlisi bo`lsa, so`z oxiridagi unli ham lablangan til orqa unlisi bo`ladi. Masalan, boshqird, sog`in, bo`g`in so`zlaridagi kabi. Assimilyatsiya. Nutq tovushlari qator kelganda ba`zan bir-biriga ta`sir qilib, biri ikkinchisini o`ziga moslashtiradi. Nutqdagi bunday hodisa assimilyatsiya deyiladi. Assimilyatsiya ikki xil bo`ladi: progressiv assimilyatsiya va regressiv assimilyatsiya. Agar oldingi tovush keyingi tovushni o`ziga o`xshatsa, moslashtirsa, progressiv assimilyatsiya yuz beradi: ket+di=ketti, ayt+di=aytti, ot+dan=ottan, yurak+ga= yurakka. Keyingi tovush oldingi tovushga ta`sir qilib, uni o`ziga o`xshatsa, moslashtirsa, regressiv assimilyatsiya yuz beradi: yigit+cha=yigichcha, yoz+sin=yossin, uch+so`m=usso`m, uz+sin=tussin. Regressiv assimilyatsiya odatda progressiv assimilyatsiyaga nisbatan nutqda kamroq uchraydi. Chunki assimilyatsiyaning bu turida keyingi tovush oldingi tovushni o`ziga moslashtiradi. Demak, talaffuz jarayoni boshlanmasdan burun so`zning talaffuz texnologiyasi haqidagi tasavvur ham hosil bo`lmog`i lozim. Assimilyatsiya to`liq va qisman bo`lishi mumkin. To`liq assimilyatsiyada bir tovush ikkinchi tovushga aynan moslashadi va to`lig`icha uning tusiga kiradi. Yuqorida keltirilgan so`zlarning hammasi to`liq assimilyatsiyaga misol bo`ladi. Qisman assimilyatsiyada nutq tovushlaridan biri ikkinchisini biron tomondan qisman o`xshatadi (moslashtiradi): osh+ga-oshka, ish+ga-ishka, so`zlarida jo`nalish kelishigidagi g tovushi oldingi sh tovushining ta`sirida k tovushiga aylanmoqda. Bu so`zda qisman assimilyatsiya yuzaga kelmoqda, ya`ni (g) jarangli tovushi o`zidan oldingi (sh) tovushiga faqat bir tomonlama - jarangsizlanish tomonidan o`xshamoqda, xolos, lekin to`liq uning tusiga kirgan emas. [Uchta] leksemasining ushta, [pochta] lekse-masining poshta deb talaffuz qilinishi ham shu hodisaga misol bo`la oladi. Download 69.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling