Humoyun va akbar


Download 1.29 Mb.
Pdf ko'rish
bet34/52
Sana19.08.2020
Hajmi1.29 Mb.
#126916
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   52
Bog'liq
avlodlar dovoni ziyouz com


www.ziyouz.com kutubxonasi 
222
ham iltimos qilgandan so‘ng, Akbar Shamsiddin atkani o‘z huzuriga chaqirtirdi-da: 
— Siz otam bor paytda xizmat qilgan sipohilarni yaxshi bilursiz, — dedi. — Adhamning 
mansabdor sipohilarini bir-bir taftishdan o‘tkazing. Ularning orasida xoin Afzalbek 
boshqa nom bilan yurgan bo‘lishi mumkin. 
Shamsiddin atka Afzalbekni Kobulda, Komron mirzo xizmatida ko‘rgan edi. Adhamxon 
bilan Akbar u paytda ikki-uch yashar bola bo‘lganligi sababli uni unutib yuborgan edilar. 
Shamsiddin atka Adhamxonning mansabdor sipohilarini saroyga bitta-bitta chaqirib 
suhbatlashganda Muborizxonning ovozi va ko‘zlari unga birdan Afzalbekni eslatdi. 
Bunday g‘alamislarga shafqat qilmaydigan Shamsiddin atka Afzalbekni ming qiynoqlarga 
solib tergov qildirdi. Humoyunga va Nizomga qilgan xiyonatlaridan tortib, Bayramxona 
ayg‘oqchi bo‘lgani va Akbarning ustidan chaqimchilik qilganlarigacha, undan so‘ng 
Adhamxonga sotilib, Patanda Bayramxonning boshiga yetganigacha hammasini bir-bir 
bo‘yniga qo‘ydi. Tergovchi uning jinoyatlarini qog‘ozga yozib, o‘ziga imzo chektirdi. 
Shamsiddin atka kechki payt Akbarning xonayi xosiga tergov qog‘ozini olib kirib o‘qib 
berdi. 
Bitta odamning yigirma besh yil davomida shuncha yovuzliklar qilishga ulgurganidan aqli 
tang qolgan Akbar jallodni chaqirdi-yu, g‘azab bilan buyurdi: 
— Bu ablahning chaqimchilik qilgan tili, xoinlik qilgan iliklari, Bayramxonni o‘limga 
boshlab borgan oyoqlari bir-bir kesilsin, undan so‘ng butun vujudi xaloyiqning ko‘zi 
oldida parchalab tashlansin! Bu hukm butun poytaxtga, barcha viloyatlarga e’lon qilinsin, 
toki boshqa yovuzlar ham umrlari qanday tugashini bilib qo‘ysinlar! 
Jallod bu hukmni ertaga jazo maydonida amalga oshirish uchun tayyorlik ko‘rgani ketdi. 
Akbar o‘zini sal bosib olguncha, Shamsiddin atka sukut qilib turdi. So‘ng unga tergov 
qog‘ozining Adhamga oid joyini ko‘rsatdi. 
— Shunday xoinni vositachi qilib, Bayramxonni yashiriqcha o‘ldirtirgan odamlardan biri 
— Adhamxon ekan. Uni ne qilaylik? 
Akbar yaqindagina yig‘lab kelgan Mohim enagani esladi. Aqli bovar qilmay: 
— Nahotki ko‘kaldoshim shunchalik yomon jinoyat qilgan bo‘lsa?! — dedi. — Ehtimol, bu 
g‘alamis Afzalbek endi Adhamni bizga sotmoqchidir? 
— Sotqin bo‘lgach, sotishi aniq. Ammo uning dalili bor: Bayramxonni o‘ldirishda qilgan 
«xolis» xizmati uchun Afzalbek mansabdor bo‘lgan, Adhamxon onasi orqali harakat qilib, 
unga jogir berdirgan. 
— O‘sha jogir ham mening ruxsatim bilan berilgan. Nahotki men shu qadar aldangan 
bo‘lsam?! Bolaligimizda Adhamxon, Aziz — uchalamiz doim xonboboga havas qilar 
edik... Bayramxon bo‘lgimiz kelar edi. Shunaqa o‘yinimiz ham bor edi. Nahotki o‘sha 
Adhamxon hajga ketayotgan qurolsiz Bayramxonni xoinlarcha o‘ldirishga bosh qo‘shgan 
bo‘lsa?! 
— Hazratim, siz muncha otashin bo‘lmang. Hayotda nelar uchramas! O‘g‘lim Aziz menga 
aytib bergan edi. O‘sha o‘yinlar paytida ham Adhamxon ko‘p g‘irromlik qilar ekan, 
rostmi? 
— Rost! Nachora! Adhamxonni shu bugun kechasi chaqirtirib, Afzalbek bilan 
yuzlashtiring. Agar jinoyati rost chiqsa, Adhamxonni ham hibsga oling. Qanday jazo 
berishni keyin o‘ylab ko‘rgaymiz. 
Shamsiddin atka o‘z qabulxonasiga chiqqanda qorong‘i tushib qolgan va qandillardagi 
shamlar yoqilgan edi. U shu kecha jinoyatchilarni yuzlashtirib ulgurishi kerak, chunki 
ertaga Afzalbekni jallod parcha-parcha qilib tashlaydi. Shamsiddin atka Adhamxonni 
podshoning farmoyishi bo‘yicha zudlik bilan saroyga yetkazib kelish uchun uyiga maxsus 
odam yubordi. 
Vakillik lavozimi Shamsiddin atkaga berilganidan buyon Adhamxonning atkani ko‘rarga 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
223
ko‘zi yo‘q. Shuning ustiga sirdosh beki Muborizxonni atka hibs qildi-yu, Adhamxonning 
dilidagi adovat yana bir darajada oshdi. Saroyning erkasi bo‘lib o‘rgangan Adhamxon 
endi shu atkaning harakatlari bilan nazardan qolayotganini sezgani sari alami oshib, 
undan qasd olishni ko‘ngliga tugib yurardi. 
Bugun xuftonda Shamsiddin atka uni tergovga chaqirganda Adhamxon ulfatlari bilan 
mahva gulidan qilingan aroqni ichib kayf bo‘lib o‘ltirgan edi. 
— Zudlik bilan borish kerak bo‘lsa, qani Xushamxon birga yur, — deb kallakesar yigitini 
imladi. 
Ular ichki xonada to‘nlarining tagidan xanjar taqib olishdi. Adhamxon yigitiga 
tushuntirdi: 
— Agar atka meni ham Muborizxonga o‘xshatib tuttirmoqchi bo‘lsa, o‘zining jazosini 
bergaymiz! 
Xushamxon tushungan ma’noda bosh irg‘adi. Keyin ikkovi ham to‘nlarining ustidan 
odatdagiday qilichlarini taqib olishdi. 
Vakilning qabulxonasiga kiraverishda bu qilichlarni yechib olib qolishdi. Qabulxonada 
o‘ltirgan tergovchi Muborizxonning bo‘yniga olib qo‘l qo‘ygan jinoyatlarini o‘qib eshittirar 
ekan, Adhamxon dahshatga keldi, Bayramxonni maxfiy qatl ettirishda uning ham ishtioki 
borligi tilga olinganda: 
— Bo‘hton! — deb baqirdi. — Buni o‘zlaring to‘qib chiqargansenlar! 
Shu payt to‘rdagi eshik ochildi-yu, Shamsiddin atka kirib keldi: 
— Janobi Adhamxon, hozir biz sizni Afzalbek Muborizxon bilan yuzlashtirgaymiz. Bo‘hton 
bo‘lsa isbot eting. 
Siri fosh bo‘lishi muqarrarligini payqagan shirakayf Adhamxon: 
— Men u sotqinning yuzini ko‘rgim yo‘q! — dedi. Ayni paytda Shamsiddin atkaga qarshi 
dilida to‘plangan barcha keklar, adovatlar birdan junbishga keldi. Kayfi bo‘lgani uchun 
o‘zini tiyolmay baqirdi: — Sen meni ham hibs qilmoqchisen! Vakil bo‘lganing ozmi?! Endi 
men o‘rningni olib qo‘yishimdan qo‘rqib boshimga yetmoqchimisen?! 
O‘g‘li tengi yigitning «sen-senlab» aytgan haqoratomuz gaplari Shamsiddin atkaning 
ham achchig‘ini keltirdi: 
— Sen «ko‘kaldoshmen» deb hovliqib ketding! Saroyga kayf bilan kelibsen! Bu ketishda 
o‘z boshingga o‘zing yetgaysen! 
— Yo‘q, ungacha sening boshing ketgay! — Adham orqaroqda turgan Xushamxonga 
o‘girilib: 
— Ur! — dedi-da, o‘zi to‘n tagidan taqilgan xanjarni sug‘urdi. Ularni qurolsiz deb o‘ylab 
bexavotir turgan Shamsiddin atka belidagi qilichini olishga ulgurmay Xushamxon uning 
bo‘yniga xanjar urdi. Atkaning bo‘ynidan qon otilib eshik tomonga qochganda Adhamxon 
ketidan yetib borib, biqiniga tig‘ sanchdi. Bu orada tergovchi chaqirgan soqchilar 
Xushamxonni urib yiqitdilar. Ammo Adhamxon yuqori qavatlarga qochib chiqib ketdi. 
Soqchilar uni uchinchi qavatdagi haramning eshigigacha quvib bordilar. Adhamxon 
bichilgan xabash qorovulning hayhaylashiga qaramay, Akbar uxlab yotgan xobgohning 
yo‘lagiga qochib kirdi. Haramga kirishga xaqqi yo‘q soqchilar tashqarida qoldilar. 
Qotillik qilib, aql-xushini yo‘qotgan Adhamxon g‘ayrishuuriy bir tarzda Akbardan panoh 
istab, taqiqlangan haramga kirdi-yu, bir joyda to‘xtab turolmay, yo‘lak oxiridagi ayvonga 
o‘tib ketdi. 
Haramning ichma-ich xonalari to‘rida Jodha Bay bilan uxlab yotgan Akbar pastda 
ko‘tarilgan to‘polondan cho‘chib uyg‘ongan edi. Yo‘lakda ham shovqin eshitilgach, 
sapchib turib, apil-tapil kiyindi-da, xobgohdan yo‘lakka chiqdi. Rang-quti o‘chgan Rafiq 
mahram qanday falokat yuz berganini shosha-pisha aytib berdi. Akbar bundan bir necha 
soatgina oldin tirik yurgan atkasining o‘ldirilganiga ishongisi kelmadi. Uning jasadi 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
224
pastda yotganini eshitib, zinapoyadan pastga yugurdi. 
Pastdagi qabulxonaning eshigi bo‘sag‘asida Shamsiddin atka uzala tushib yotibdi. Akbar 
uning boshini qo‘liga ko‘tarib: 
— Atka! Atkajon! — deb chaqirdi. Tanasi hali sovib ulgurmagan, ammo joni yo‘q. 
Humoyunni, Akbarning o‘zini necha o‘limlardan olib qolgan bu mard, dovyurak odam 
qo‘rqib oldin musht ko‘targan nomardlar dastidan halok bo‘lgani Akbarga shunday ta’sir 
qildiki, atkasining yuziga yuzini bosib yig‘lab yubordi. So‘ng birdan Adhamni esladi-yu, 
qalbida intiqom tuyg‘usi uyg‘ondi: — Shunday odamni o‘ldirgan Adham!.. Qani u 
qonxo‘r? 
— Uchinchi qavatda... Soqchilardan qochib haramga kirib ketdi! 
Akbar xobgohdagi Jodha Bayni esladi. Yosh kelinchak qotilni ko‘rib qo‘rqsa!.. Akbar endi 
yuqoriga qarab yugurdi. Devqomat ikki soqchi va Rafiq mahram Akbarni himoya qilish 
uchun uning ketidan haram yo‘lagiga chopib kirdilar. Adham ayvonda pusib turar edi. 
Qonlil xanjari hali ham qo‘lida. Ayvonga tushib turgan oy yorug‘ida ko‘zlari quturgan 
yirtqichnikiday chaqnab ko‘rindi. Qurolsiz Akbar hansirab unga yaqinlashar ekan: 
— Ne qilib qo‘yding, ablah?! — dedi. 
— Alam o‘tkazdi, qasdimni oldim! — xirillab dedi Adham. U o‘zini haq qilib ko‘rsatmoqchi 
bo‘layotgani Akbarning g‘azabini yana bir daraja oshirdi. 
— Bayramxonni o‘ldirganing ozmidi?! — deb ko‘kaldoshining yuziga tarsaki urdi. Adham 
telbalarcha baqirib: 
— Bas! Seni ham o‘ldirgaymen! — dedi-yu, xanjarini ko‘tardi. Odam o‘ldirib quturib 
ketgan Adhamga endi bari bir edi. U Akbarning ko‘kragiga xanjar sanchmoqchi 
bo‘lganda, o‘ng tomondagi soqchi biladigan mahkam tutib oldi. Ayni vaqtda, Akbar uning 
qulog‘i aralash bo‘yniga shunday kuch bilan musht urdiki, Adhamxon gandiraklab yiqila 
boshladi-yu, o‘zidan oldin xanjari yerga «shaq» etib tushdi. 
— Bog‘lang bu iblisni! — buyurdi Akbar soqchilariga. Musht zarbidan bo‘shashib qolgan 
Adham qo‘li bog‘lanishiga qarshilik qilolmadi. Soqchilar uni hibsga olib ketmoqchi edilar. 
Lekin g‘azabdan rangi o‘chib, Adhamning ko‘kaldoshligini unutgan Akbar.  
— Uloqtiring buni pastga! — deb qichqirdi. 
Shu payt Kobulda Akbar uch yasharligida boshi ustidan uchib o‘tgan to‘p o‘qining 
vahshati borligini qaytadan quyunday chulg‘adi. Ular uchinchi qavatda turgan edilar, 
hovliga tosh to‘shalgan edi. Ayvondan uloqtirilgan odam toshga urilib o‘lishi aniq. Shuni 
bilgan qo‘riqchilar bir lahza ikkilandilar. Lekin g‘azabi avjiga chiqqanda o‘zini bilmay 
qoladigan Akbar yana baqirdi: 
— Uloqtiring! 
Akbar qattiq g‘azablanganda vajohati o‘zgarib, qanchalik qo‘rqinchli bo‘lib ketishini 
yigitlari endi ko‘rdilar. Ular qo‘li bog‘loqlik Adhamni shosha-pisha ayvondan pastga 
uloqtirdilar. Adham uchinchi qavatdan qulab tushayotganda jon achchig‘i bilan baqirdi. 
Hovliga to‘shalgan yassi toshlarga boshi bilan qarsillab urilganda baqiriq birdan uzildi-yu, 
ovozi abadiy tindi. 
Lekin Shamsidin atkaning uyidan eshitila boshlagan dod-faryod tuni bilan bosilmadi. 
Bo‘g‘iq va achchiq yig‘i tovushi Mohim enaganing uyini ham to‘ldirdi. 
Shamsiddin atkaning xotini Jajji enaga, o‘g‘li Aziz ko‘ka va boshqa yaqinlari Adhamxonni 
qarg‘ab yig‘laydi. Ammo Mohim enaganing butun dard-u alami ichida. Uyidan tashqariga 
chiqadigan ahvoli yo‘q, o‘ttiz-qirq yillik qadrdonlarining ko‘ziga ko‘rinishga yuzi 
chidamaydi. O‘g‘li shuncha jinoyati ustiga Akbarga ham xanjar o‘qtalgani enaganing 
musibati ustiga qo‘shilgan yana bir og‘ir malomat bo‘ldi. Adhamxonni tobutga solib 
uydan olib chiqayotganlarida Mohim enaga shunday o‘rtanib yig‘ladiki, oyoqqa turolmay, 
ko‘ngli ozib yiqildi. Uni behush ahvolda uyga ko‘tarib kirib, to‘shakka yotqizdilar. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
225
Hushiga kelganda ko‘zini ochsa, tepasida Akbar turibdi. Rangi o‘chgan, lablari pirpiraydi: 
— Ulug‘ ena!.. Ne qilay? Ayting! Mening ham ilkim qon! Gunohim katta! 
— Hibs qildirsangiz bo‘lar edi-ku... 
— Hibs qildirishga ulgurolmadim!.. Sizning oldingizdagi gunohimni endi ne tavr yuvay? 
Ayting! 
Mohim enaganing ko‘zlarida yosh g‘iltilladi. 
— E, voh! Bu dunyo o‘zi bevafo, nopok... Hammaga qorasi tegarkan... Bergan oq sutim 
ham bulg‘anib qora bo‘ldi!.. Adham, jigarporam!.. Ming marta aytdim... Quloq solmadi... 
Ey, xudo!.. Odam nechuk bunday yaratilgan? 
Adhamni o‘tga itarib, o‘zi chetda turgan yovuz odamlar bor, ulug‘ ena! Yoshlik qilib 
payqamay yurgan ekanmiz, zamon, muhit men suyangan tog‘larni o‘zimning ilkim bilan 
qulatish harakatida ekan. minba’d bu iblis muhit bilan boshqacha olishgaymen! Menga 
sizning madadingiz kerak, ulug‘ ena! Ta-biblarni yuboray, davolanib, tezroq oyoqqa 
turing!.. 
Biroq tabiblarning davosi kor qilmadi. Mohim enaga to‘shakdan qaytib turolmay, 
o‘g‘lining qirqi arafasida jon berdi. 
Akbar farzanddek uning tobutini ko‘tarishdi. Mohim enagani Dehlining mashhur Kutb 
minori yoniga izzat-ikrom bilan dafn etdilar. 
 
______________ 
* Afsonaga ko‘ra. M a n u — inson zotining ilk bobokaloni ekan. Hindlar uni o‘zlarining birinchi payg‘ambarlari deb bilgan. Manu qonunlari 
shariat va tariqat kuchiga ega bo‘lgan. 
* D u h a z o r i — ikki mingboshi. 
* M u s o h i b — yaqin suhbatdosh.
 
 
S E K R I 
BALOGARDON 
 
Sabzarang to‘tiqushlar daraxtdan daraxtga chug‘urlab uchib o‘tadi. Qorni oq, usti 
qo‘ng‘ir maymunlar shoxlarga osilib o‘ynaydi. Bo‘liq o‘t-o‘lanlarni qimirlatib, chipor ilon 
o‘rmalab o‘tadi. Qayerdandir uzoqdan ovchilar chalgan nafir* tovushi va filning na’ra 
tortgani eshitiladi. 
O‘rmon ichi sersoya, salqin. Kesib ketilgan daraxtlardan birining kundasida Akbar o‘yga 
cho‘mib yolg‘iz o‘ltiribdi. Hozir hech kimni ko‘rgisi, hech kim bilan gaplashgisi kelmaydi. 
Suyangan odamlari birin-ketin halok bo‘lgandan beri ming otliq aravaning butun og‘irligi 
uning zimmasiga tushgan, saroyning og‘ir muhitida eng yaxshi hislari so‘nayotganday, 
dilini qandaydir karaxtlik chulg‘ab olayotganday tuyuladi. Bugun u Sekri o‘rmonlariga 
ovga chiqqan edi. Lekin ov qilgisi ham kelmadi, soqchilarni adashtirib mana shu kimsasiz 
joyni topib panaladi. 
U hozir o‘rmondagi biron jonivorni o‘ldirishdan ko‘ra qalbidagi yaxshi hislarni tiriltirishga 
ko‘proq ehtiyoj sezadi. Lekin soatlar o‘tadi, vujudidagi karaxtlik va ruhidagi so‘niklik 
hech tarqamaydi. Bir payt orqa tomondagi so‘qmoqdan kimdir o‘tlarni shitirlatib ohista 
yurib kelayotganini eshitdi. «Shu yerda ham tinch qo‘yishmaydi-ya», deganday norozi 
bo‘lib orqaga o‘girildi. Oq rido kiygan nuroniy mo‘ysafid hassasiga suyanib so‘qmoqdan 
unga qarab kelmoqda edi. Akbar Salim otani tanidi-yu, beixtiyor o‘rnidan turdi. 
Sanganirdagi nikohdan beri Akbar uni ko‘rmagan, lekin uning suhbatini olishga 
ishtiyoqmand paytlari bo‘lgan edi. Shuning uchun Akbar unga peshvoz chiqdi. Salim ota 
ko‘rishayotib: 
— Biz tomonlarga xush kelibsiz! — dedi. 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
226
— Uyingiz shu yerdami, Salim ota? 
— Ha, o‘rmon chetida kulbam bor... Hazrat onangiz sizni «bormoqchi» degan edilar. 
Yetti yildan beri muntazirmen. 
— Nechun yetti yil? 
— Jaypurdagi to‘yga yetti yil bo‘ldi-ku. 
Akbar vaqtning tez o‘tganidan taajjublandi. Kechagiday yodida turibdi: Sanganirda Salim 
ota nikoh o‘qigani uchun Akbar unga ikki yuz ming ru-piy in’om berdi. Chunki 
podsholarning nikohi uchun katta in’om berish azaliy odat edi. Humoyun Hamida bonuga 
uylanganda, quvg‘inda yurganiga qaramay, Abdulbaqo degan odamga nikoh o‘qigani 
uchun ikki yuz ming rupiy berganini Akbar onasidan eshitgan edi. Lekin Salim ota bu 
in’omni qabul qilmadi: 
— Boylik imonni buzgay. Mening ustozi kalonim Farididdin Cheshtiga Eltutmish degan 
podsho to‘rtta qishloqni o‘n ikki ming bigh* yeri bilan in’om qilganda uzr so‘rab olmagan 
ekanlar. Podsholar davlat xarajatlari uchun mablag‘ yig‘ib, xazina saqlashlari, albatta, 
joiz. Ammo umrini haq yo‘liga bag‘ishlaydigan so‘fiylar boylig-u martaba tamaida 
bo‘lmasligi kerak. Olov o‘tinni qanday tez yeb bitirsa, tama-yu boylik so‘fiyning imonini 
shunday yeb bitirgay... ma’zur tuting, men ikki yuz ming rupiyni ololmagaymen. 
— Ehtimol, bu in’omni beva-bechoralarga xayr-u ehson qilib tarqatursiz? — so‘radi 
Akbar. 
— Hazratim, agar beva-bechoralar xursand bo‘lsin desangiz, ularni adolatsiz soliqlardan 
ozod qiling. 
— Qaysi soliq adolatsiz ekan, Salim ota? 
— Jizya musulmonlardan olinmaydir. Uni faqat g‘ayridinlar to‘lashga majbur. Siz hind 
qiziga uylandingiz, uning imon-u e’tiqodini ehtirom etmoqdasiz. Buning uchun sizga 
ming tashakkur. Ammo sizning qaynatangiz Bhari Mal, boshqa hind qarindoshlaringiz 
kabi jizya solig‘ini to‘lashga majbur. Bu — adolatdanmi? 
— Axir jizya — shariatda bor emish-ku? 
— E, shariatda yo‘l ko‘p! Uni istagan tomonga burib manfaat ko‘uvchi tamagir ruhoniylar 
bor. Hindistonda to‘qqiz asrdan beri o‘nlab musulmon podsholari o‘tgan, lekin birortasi 
shu adolatsiz soliqni bekor qilishga jur’at etmagan. Umidim borki, endi shunga siz jur’at 
etursiz! Faqir-u bechoralarga qilgan xayr-u ehsoniniz ham, menga bergan ulug‘ 
in’omingiz ham shu bo‘lg‘ay! 
Akbar o‘shanda bu so‘zlarga javob topolmay lol bo‘lib qolgan, Salim ota esa ikki yuz 
ming rupiy in’omni olmasdan, dasturxondan faqat ikkita non olib beliga tukkan va 
Sekriga piyoda qaytib ketgan edi. 
Muslim-u hindni bir-biriga qarshi qo‘ymasdan oliq-soliq bobida ularni barobar ko‘rishni 
Akbarning o‘zi ham juda istardi. Akbar tajriba uchun jizyani bir yilga bekor qildi. Shunda 
din peshvolari Ganga bo‘yida hokimlik qiladigan Aliqulixon va Bahodirxonlarni Akbarga 
qarshi qo‘zg‘atdilar. Jizyadan katta daromad oladigan bu beklar Akbarni «dindan chiqqan 
dahriy!» deb e’lon qildilar. Xutbani Akbarning Kobuldagi inisi Muhammad Hakim nomiga 
o‘qita boshladilar. 
Panjobdagi mutaassisblar ham Aliqulixonga qo‘shilib, Akbarning itoatidan chiqish xavfi 
tug‘ildi. Shundan so‘ng Akbar jizyani qayta tiklashga majbur bo‘ldi. Aliqulixon bari bir 
uning hokimiyatini tan olmadi, Ganga bo‘yida Akbarga qarshi qilich ko‘tarib jangga 
chiqdi. Bu jangda uning o‘zi ham, inisi Bahodirxon ham halok bo‘ldilar. 
Akbar buning hammasini Salim otaga aytib berdi-da: 
— Soliq bobidagi islohot bizni ikki o‘t orasida qoldirdi! — dedi. — Amir-u beklar isyonini 
bartaraf qilishga ulgurmasimdan dehqonlar g‘ulu ko‘tardilar. Hatto shu Agra atroflarida 
ham qaroqchilar kurruriy*larni o‘ldirib, pullarini talab ketmishlar! 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
227
— Bu hodisadan mening xabarim bor, — dedi Salim ota. — Kurruriylar soliq yig‘ish 
huquqini sizdan sotib olgandan so‘ng insofni unutganlar. Dehqonlardan soliqni uch hissa 
ortiq yig‘ib, bir hissasini davlatga bersalar, ikki hissasini o‘zlari olmishlar, sudxo‘rlardan 
battar boyib ketmishlar. 
— Nafsini tiymagan kurruriylarni biz jazoga tortdik. Ammo qaroqchilar ularning pullarini 
g‘orat qilgan ekan... 
— Eshitdim, siz o‘zingiz jangovar filni minib g‘ulu ko‘targanlarga qarshi qo‘shin 
tortmishsiz. Lekin kurruriylar adolatsizlikdan bezor bo‘lib isyon ko‘targan dehqonlarni 
sizga «qaroqchi» qilib ko‘rsatgan ekan. Bu dehqonlar kurruriylarni g‘orat qilgan emas, 
ikki-uch hissa ortiq undirilgan soliq haqini qaytarib olgan! 
— Shu rostmi, Salim ota? 
— Rostki, mana, tepamizda yaratganning o‘zi guvoh. Men ko‘rgan narsamni 
aytmoqdamen. Holbuki amaldorlar voqeani sizga butunlay teskari tu-shuntiribdir. 
Akbar isyon ko‘targan «qaroqchilarning» qishlog‘iga bostirib borgan paytini, o‘zi mingan 
zo‘r fil tomiga poxol yopilgan kulbalarni oyog‘i bilan urib yiqitganini, shunda bambuk 
xodalari orasidan qaroqchilar emas, ayollar va bolalar chinqirib chiqqanini esladi-yu, 
xijolat chekib dedi: 
— Xom sut emgan banda... aldangan ekanmiz. Kurruriylardan butunlay voz kechdik. 
Soliq mahkamalariga boshqa insofli odamlarni qo‘ymoqdamiz. 
— Xayrli bo‘lsin! Biroq nechun ma’yus ko‘rinursiz? 
— Meni ezib yurgan tashvishlar tog‘ning toshlariday ko‘p. Qaysi birini aytay? 
— Lekin zafarlaringiz ham ko‘p-ku. Nechun ulardan quvonmaysiz? Chitorda katta jasorat 
ko‘rsatibsiz. Ovozasi Sekriga ham keldi... 
 
_____________ 
* N a f i r — surnayning bir turi. 
* B i g h — bir gektarning uchdan biri.  
* O‘ n i k k i  m i n g  b i g h— to‘rt ming gektar. 
* K u r r u r i y l a r — soliq yig‘ish huquqini davlatdan sotib olgan puldorlar.
 
* * * 
 
Akbar Dehlining g‘arbi janubida uch yuz ellik mil uzoqlikda joylashgan Chitor qal’asini 
esladi. Mevar viloyatining markazi bo‘lgan bu qal’a tog‘ tepasiga juda mustahkam qilib 
qurilgan edi. Bir vaqtlar Humoyun itoatida bo‘lgan bu viloyatni Akbar tinch yo‘l bilan 
yana markaziy davlatga qo‘shmoqchi bo‘ldi va qaynisi Man Sinxni Chitor sarkardasi 
Jaymalning ol-diga yubordi. 
Ammo Man Sinx Chitor qal’asiga borganda Jaymal uning oldiga kelib gaplashishni ham 
o‘ziga munosib ko‘rmadi. Man Sinx qal’a ichidagi bir xo-nada uch soat betoqat bo‘ib 
kutdi-yu, axiyri natijasiz qaytib ketdi. U ketayotib orqasiga qarasa, Jaymal kelib 
odamlariga qattiq-qattiq gapiryapti: 
— Xoin Man Sinx o‘ltirgan xona uning nafasidan harom bo‘ldi! Endi bu xonaga muqaddas 
Ganga suvidan sepib, uni poklanglar! 
Hindcha imon-u e’tiqodini pok tutadigan Man Sinx uchun bu gaplar misli ko‘rilmagan bir 
haqorat edi. 
Chitor to‘rt oygacha Akbarga darvoza ochmadi. Qal’a himoyasini o‘sha Jaymal 
boshqarmoqda edi. Akbar unga maktub yo‘lladi: 
«Jaymal Ratxorni botir yigit va fil jangiga usta deb eshitdik. Shu gap rost bo‘lsa fil minib 
maydonga chiqsin. Men u bilan yakkama-yakka fil jangi qilmoqchimen. Ikkovimizdan 
qay birimiz g‘olib chiqsak, o‘shaning qo‘shini zafarga erishgan hisoblangay. Urush 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
www.ziyouz.com kutubxonasi 
228
ortiqcha talafotsiz tugagay». 
Lekin Jaymal Akbarning bu taklifini qabul qilmadi— u darvozani ochib, qal’adan chiqsa 
aldab qo‘lga tushirishlari mumkin deb o‘yladi. Shundan keyin Akbar yana qal’a devorlari 
tagidan naqb qazishni buyurdi. Birdan yetti-sakkiz ming odam qazigan naqbga borut 
qo‘yib portlatsalar, mustahkam devor ham qulashi mumkin edi. Bundan xavotirga 
tushgan qal’a himoyachilari to‘p-to‘p bo‘lib devor ustiga chiqdilar-da, pastda naqb 
qaziyotganlarning ustiga og‘ir toshlarni, yonib turgan xodalarni ota boshladilar. «To‘ra» 
deb ataladigan katta qalqonlar Akbarning odamlarini tepadan o‘qlar va tosh-poshlardan 
himoya qilar, yangi-yangi kuchlar shu qalqon tagida devor tagiga yetib borib, uni mo‘ri-
malaxday kemirib, naqb qazir edi. 
Akbar bu to‘polonni ataylab ko‘tartirgan edi. U qal’a devoriga barobar turgan sun’iy 
tepalik ustida shox-shabbalar va toshlar panasida o‘ltirib, Jaymalning qal’a devori ustiga 
chiqishini poylay boshladi. Pastda hujum kuchayib ketgach, Jaymal himoyachilarga 
boshchilik qilish uchun devor tepasida paydo bo‘ldi. Ammo ora xiyla uzoq, Akbar 
Jaymalning faqat suratini ko‘rgan, uni tanib olishi oson emas. Lekin tabiat Akbarga 
favqulodda o‘tkir ko‘z bergan. U kunduz kuni osmonning quyoshdan uzoqroq turgan 
qismlariga tikilib qarasa, milt-milt qilib turgan yulduzlarni ko‘radi. Hozir u qal’a devorida 
turgan Jaymalning ovozini eshitmasa ham, himoyachilarga buyruq berganda lablari 
qanday qimirlaganigacha ko‘rdi-da, «Novak» deb ataladigan kattakon yoyga o‘q joyladi. 
Novakni faqat bilagida kuchi ko‘p yigitlargina ota olar, uning o‘qi oddiy yoynikidan 
uzoqroqqa borar va qattiqroq tegardi. Devor ustidagi Jaymal ham novakdan pastga 
ketma-ket o‘q otib, Akbarning yigitlaridan uch-to‘rttasini qulatdi. U novakka yana o‘q 
o‘rnatayotgan paytda Akbar ko‘tarma ustidan otgan o‘q Jaymalning chap ko‘kragiga 
shunday kuch bilan sanchildiki, yarmigacha botib ketdi. Jaymal devordan yiqilib 
ketadigan bo‘lganda uni yonidagilar tutib qoldilar. U o‘sha kuni jon berdi. 
Bu hodisa jang taqdirini hal qildi. Sarkardasidan ayrilgan chitorliklar g‘alabadan umidini 
uzdilar. Ayollar javhar odati bo‘yicha yov qo‘liga tirik tushmaslik uchun yoppasiga 
o‘zlarini yonib turgan gulxanga tashlab, kuyib halok bo‘ldilar. Tirik qolgan yigitlar esa 
Patta degan dovyurak rajput boshchiligida arg‘uvon rangli kiyim* kiyishib, qal’a 
darvozalarini ochdilar-u Akbar tomonga hamla qildilar. Naqd o‘limni bo‘yinlariga olib jang 
qilgan rajputlardan biri-ning novakdan otgan o‘qi Akbarning boshidagi dubulg‘aga tegib 
o‘tdi. 
Birdan Akbar uch yoshdaligida Kobul arkida to‘p o‘qiga nishon bo‘lib turgan paytidagi 
dahshatli tuyg‘ular quyuni qaytib keldi-yu, uni chirmab aylantira boshladi. Chitorda 
go‘zal ayollarning javhat o‘tida kuyib o‘lganligi ham uning g‘azabini avjiga chiqardi. 
Kobulda tepasidan uchib o‘tgan to‘p o‘qi qulog‘iga eshitilib ketganda o‘zini bilmay 
qoladigan Akbar: 
— Johillarni asir olmanglar! — deb qichqirdi. Shunda go‘yo qulog‘i to‘p o‘qidan bitib 
qolganday, o‘z ovozi o‘ziga eshitilmadi: — Qatliom qilinsin! Chitorda qatliom!! 
— Qatliom! — degan farmon saflar bo‘ylab tarqaldi. 
Chitor aholisi orasida begunoh chollar, ayollar, bolalar bor edi. Ularning qatliom qilina 
boshlaganidan dahshatga tushgan Man Sinx jang maydonidan Akbar turgan tepalikka ot 
choptirib bordi. Qatliom haqidagi farmonni bekor etishni o‘zining rajput jangchilari 
nomidan qat’iy iltimos qildi. Akbar bu farmon tufayli butun hind elini o‘zidan bezdirib 
qo‘yishi mumkinligini endi sezdi. Hushini yig‘ishtirib, qatliomni to‘xtatish haqida yangi 
farmon berdi. Ammo bu farmon barcha jangchilarga yetib borguncha qancha begunoh 
odamlar halok bo‘ldi. Ularning ko‘chalarda qalashib yotgan jasadlari haligacha Akbarning 
ko‘z oldidan ketmaydi. 
Uni merganligi va Jaymalni otib g‘alaba keltirgani uchun maqtaydiganlar ko‘p. Lekin 

Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov 
 
 
Download 1.29 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   ...   52




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling