I bob. Abdulla qodiriyning hayoti va ijodiy faoliyati


O’zbek oyim, Zaynab va Oftob oyim obrazlarining tasviri


Download 57.64 Kb.
bet5/6
Sana18.12.2022
Hajmi57.64 Kb.
#1027255
1   2   3   4   5   6
Bog'liq
Abdulla Qodiriyning satirik asarlarida obraz yaratish

2.2. O’zbek oyim, Zaynab va Oftob oyim obrazlarining tasviri
Badiiy obraz tabiati biryoqlama talqinlarni ko’tarmaydi. Turli aspektlarda yondashuvni talab etadi. O’zbek oyim haqida gapirganimizda, orzu-havasi yo’lida sevishganlar umrini xazon qilgan kaltabinroq bir ayolni tasavvur etamiz. Qodiriyning unga bergan hazilomuz ta’rifi fikrimizni yanada qat’iylashtiradi. Shu zayl, bu obraz ustidan hukm o’qib qo’ya qolamiz. Aslida esa Qodiriy poetik olamiga olib kiruvchi bitta eshikni o’z qo’limiz bilan berkitib qo’yganimizni sezmaymiz. Holbuki, O’zbek oyimsiz “O’tkan kunlar ” dunyosi kemtik bo’lib qoladi.
Romandagi asosiy obrazlar tabiatan oqsuyak – aristokratlardir. Ushbu jihatni e’tiborga olmasdan turib, obrazlar mohiyatini to’la anglash mumkin emas. Nemis faylasufi Fridrix Nitsshe bir tadqiqotida “aristokratlik nima?” degan savolga shunday javob beradi: “Haqiqiy aristokrat o’zini mavjud ijtimoiy muhitning harakatlantiruvchi kuchi deb emas, balki mazmun – mohiyati, oliy haqiqati, deb hisoblaydi”. Faylasufning bu fikri Sharq aristokratiyasi odoblariga to’la muvofiq kelmasa–da, Yusufbek hoji, Mirzakarim qutidor, Otabek, Kumushlar tabiatiga xos ba’zi jihatlarni ifodalaydi. Ularning muomala odoblaridagi o’ta noziklik, ruhiyatlari va dunyoqarashlaridagi asllik, hayot falsafalardagi o’ziga xoslik Sharq aristokratiyasining yuksak namunasi desak, adashmaymiz. Jumladan, O’zbek oyim ham bunday sifatlardan mustasno emas. Muallif Yusufbek hoji, Otabek, Kumush kabi obrazlar talqiniga jiddiy yondashgani holda, O’zbek oyim obraziga nisbatan komik talqin usulini qo’llaydi. Bu bilan o’quvchida ma’lum munosabat uyg’otishni nazarda tutadi. Masalan, Quyidagi birgina jumlada O’zbek oyimga xos ikki jihat yaqqol aks etadi: “O’zbek oyim uncha – muncha to’yu azalarga “kafshim ko’chada qolgan emas”, deb bormas edi”. Gap tarkibidagi “uncha muncha” so’zi yanada kuchaytirib beradi. Ommaviy nutq ruhiyatiga ko’ra, ko’chada qolish iborasi insonga nisbatan qo’llaniladi, xor bo’lgan, borarga boshpanasi yo’q haqir kimsani anglatadi. Yuqoridagi jumlada ijtimoiy funksiya bajaruvchi (inson) o’rniga mexanik funksiya bajaruvchi (kovush)ning qo’yilishi muallif maqsadini to’la ifodalagan. Ya’ni muallifning “O’zbek oyim uncha – muncha to’yu azalarga bormas edi”, degan axborot – gapiga qahramon tilidan “kafshim ko’chada qolgan emas” iborasining qo’shilishi natijasida obraz tabiatidagi oqsuyaklik sifati yaqqol ko’ringan. Obraz tabiatidagi komik qirra ham aynan shu – “kafshim ko’chada qolgan emas” iborasi bilan bog’liq. Agar O’zbek oyim fikrini “ular mening tengim emas” deganida u bilan oq’uvchi o’rtasida dramatik vaziyat yuzaga kelgan bo’lardi. Fikrni shu tarzda ifoda etilishi esa o’quvchiga O’zbek oyimga nisbatan nafrat emas, komik tuyg’u uyg’otadi.
O’zbek oyimdagi bu sifat turli vaziyatlarda turli shakllarda namoyon bo’ladi. Avvalo, O’zbek oyim doimo qo’llab yuradigan “Kavshim ko’chada qolgan emas” iborasi ayollar jamiyati ichida samaralai psixologik funksiya bajaradi. Qodiriyning e’tiroficha, aynan “Shuning uchun xotinlar o’z to’ylarini O’zbek oyim ishtiroki bilan o’tkazib olsalar, o’zlarini shaharning eng baxtli xotinlaridan” sanaydilar. Ikkinchidan, O’zbek oyim muloqot jarayonida o’zining ayollar muhitidagi mavqeini yanada oshiradi. Masalan, o’zidan yuqoriroq darajada bo’lgan “o’rda xonimlari” yuborgan aravani kuttiradi. Buning tafsilotlarini, sal oshirib, boshqa xotinlarga yetkazadi:”Kecha o’rda bek oyimdan menga arava kelgan ekan, fe’lim aynib turgan edi, bormay aravani bo’sh qaytardim... Bo xudo, o’rda bekachi bo’lsa o’ziga”, der edi. Ikkinchi vaqtda:”O’tkan kuni o’rdag’a borgan edim, xonimlar yotib qolasiz deb hech qo’ymadilar, noiloj bir kecha yotib qoldim” deb so’z orasiga qistirib ketar edi. Bu so’zlarni eshituvchi xotinlar o’zlarining qandog’ bir e’timodlig’ xotinning suhbatiga noil bo’lganlarini o’ylab, O’zbek oyimning ehtiromini tag’in ham kuchaytirar edilar.O’zbek oyimning oila a’zolariga, jumladan, o’g’li Otabekka munosabati ham o’ziga xos.
Biz bilamizki, onalar har doim farzandlarining gunohini so’zsiz kechiradilar. Aslida ularning buyukligi ham, zaifliklari ham shunda namoyon bo’ladi.
O’zbek oyim Otabekni o’q yuvib oq taragan, yeru ko’kka ishonmay katta qilgan. Shu ma’noda, O’zbek oyimning o’g’liga bo’lgan mehri va ehtiyojini ta’riflash ortiqcha. Yusufbek hoji haqida ham shu gapni aytish mumkin. Ammo uning Marg’ilondan uylanish voqeasini ularning har ikkisi turli qabul qiladilar. “Yusufbek hoji bekning uylanishini ham oddiy gaplar qatori eshitib o’tkargan” bo’lsa, O’zbek oyim bu voqeadan keyin:”Endi menga mundoq o’g’il kerak emas, oq sutimni oqqa, ko’k sutimni ko’kka sog’dim... Endi Toshkandga kelmasin ul o’zboshimcha betiyiq!” deb baqirib-chaqirib, yig’lab-siqtab, dardu hasratini boshiga kiyib oldi”. Bu voqea O’zbek oyimga qattiq ta’sir qildi. Shu sabab u bir yillab yolg’iz o’g’lining betiga qaramaslikka kuch topa oldi. Qaysarlik onalik mehridan ustun keldi. Ammo ona qalbi, uning farzandiga bo’lgan beqiyos mehrini tasavvurimizga sig’dira olsakkina, masalani to’g’ri anglaymiz.
O’zbek oyimning marg’ilonlik “sehrchi” kelin bilan olib borgan pinhona kurashlari o’quvchiga yaxshi ma’lum. Uning norozili oxir-oqibat Otabekning Zaynabga uylanishi bilan yakun topdi. Otabek mislsiz ruhiy iztiroblarga, ayriliq azoblariga giriftor bo’ldi. O’lim bilan yuzma-yuz keladi. Nihoyat, barcha naglashilmovchiliklar, gina-kuduratlar unutilib, Kumushbibi ota-onasi bilan Toshkandga keladi.Otabek Kumush aytgandek kundash, ya’ni Zaynabdan uncha qo’rqmasa ham, ammo dardning eng davosizi bo’lgan onasi to’g’risida yuragi titradi”.
O’zbek oyim esa Kumush tarafga og’ib ketadi.Bunga Yusufbek hojining ustakorligi bo’ldi: ”O’zbek oyim eriga anqaygancha turar edi. Haqiqatan ham, hojining ustaligi O’zbek oyimdek dumbul tabiatlik xotinlarni gangitarlik edi. Ul xotinining javobini kutib o’tirmasdanoq, tom yopa bordi:
–Qaysi uyni bo’shattirsak ekan?–deb so’radi va javob kutmasdan, –qudalaringni nima bilan kutishni bo’lsa, o’zing bilasan: tuya so’yib chorlaganingda ham kelmaydigan kishilar,–dedi”. Yusufbek hojining so’zlaridan so’ng, O’zbek oyim eriga anqaygancha qoladi. U to’nini teskari kiyib olishi ham mumkin, yoki, aksincha, undan hamma narsani kutsa bo’ladi. Ammo u, oradan bir necha daqiqa o’tkach, ijobiy javob beradi. Marg’ilondan kelayotgan “tegi nozik” mehmonlarga, xususan, uch yillab g’origa g’isht qalab kelgani “andi” keliniga o’zi o’tirgan uyni bo’shatib berishini bildiradi. Ammo oradan o’tgan bir necha daqiqa javob kutayotgan Yusufbek hoji uchun ham, o’quvchi uchun ham bir yilga tatiydi. Aytish mumkinki, O’zbek oyim xarateridagi o’ta nozik jihatlar ana shu lahzalarda yaqqol ochiladi.
Bizningcha, ayni shu vaziyat talqini uchun faqat zohiriy ko’zga tashlanadigan jarayonlarga emas, balki ko’zga umuman tashlanmaydigan botiniy-ruhiy jarayonlarga ham e’tibor qaratish mumkin. Holbuki, roman strukturasida aynan har ikki jihatning uyg’unligi muvaffaqiyat va yuksak badiiy kashfiyot garovi bo’ldi.
Psixoanalizda egoizm degan tushuncha bor. Bunga ko’ra, insonning har qanday xatti-harakatlari, qat’iyatiyu beqarorliklari asosida “ichki men” turadi.U favqulodda vaziyatlarda ham, odatiy vaziyatlarda ham inson faoliyati ustidan hukmronlik qiladi.
Romanda O’zbek oyimning “Og’ma”ligiga sabab bo’lgan botiniy asos qanday ifoda etilganiga e’tibor bering: “ ..uch yillik adovatlar va gina-kuduratlar allaqayoqqa qarab uchib ketdilar va ularning o’rnini “ikki kelinlik bo’lish” masalasi kelib qoldi. Uzoq-yaqin xotinlarning “hay, O’zbek oyimning marg’ilonlik kelini ham kelibdir, xuddi to’tining bolasi emish. Yuringlar, bir ko’raylik” degan so’zlari eshitilgandek bo’ldi. Shu choqqacha Zaynabga yalinib, yalpog’lanib kun ko’rgan bo’lsa, mundan so’ng bir qo’sha kelinni o’zining oyoqlari ostida yalinib yurgan holda ko’rdi”. Darhaqiqat, O’zbek oyimning ham orzu-havasga haqqi bor. Bu istak balki O’zbek oyimda Otabek bilan birga egiz tug’ilgan, umrining mazmuniga aylangandir.
Ko’rinadiki, O’zbek oyim obrazi faqat oq va qora ranglardan iborat emas. Ziddiyatlarga to’la, murakkab bir dunyo. Shuning uchun ham, badiiy obraz sifatida mukammaldir.
O’zbek oyimning orzu-havasi bilan Kumush kundoshlik azobiga giriftor etildi. Kundoshlik jafolari Kumushni qanday qurbon qilgan bo‘lsa, Zaynabni, Kumushning qotillarini ham shunday qurbon qildi. Zaynabning taqdiri ham g‘oyat fojiali, murakkab, ziddiyatli bo‘ldi. Zaynab “ota-ona orzusi” bilan Otabekka olib berilgan ikkinchi xotin. Bu ham shaharning “man-man” degan badavlat oilalarining biridan chiqqan qiz. Asli sodda tabiat: qiz bola bo‘yiga yetgach, erga tegishi kerak, degan tushunchadan nariga o‘tmagan, erning qanday odam bo‘lishi to‘g‘risida o‘ylab ham ko‘rmagan, mo‘min, og‘ir-vazmingina, kamgap, er-xotin, oila kabi muammolar to‘g‘risida umumiy tasavvurga ega bo‘lgan oddiygina bir qiz edi. Mana shunday tabiati, tushunchasi bilan hatto Kumush bilan qamti kelmaguncha kundoshlik to‘g‘risida ham ortiqcha bosh qotirmagan, xayoliga ham keltirib o‘tirmasdi.
Zaynab haqiqatda, qotil, jallod bo‘ladigan ayol edimi? Uni real hayot, oilaviy muhit sodir bo‘lmish voqea-hodisalar hech narsada yo‘q, noshud, soddagina bir ayolni qotillik darajasiga surgab boradi. Go‘yo Zaynab o‘z kundoshining jallodi bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lgani uchun bu ishga qo‘l urgani yo‘q balki uning jallodi bo‘lish zaruriyati qarshisida qoldi. Zaynab yo kundoshidan qutulib bu uyda yashashi yoki bu uydan voz kechishi qarshisida qoldi. Yashash uchun kurash uni shu ahvolga solib qo‘ydi. Bundan yana shunday xulosa chiqadiki, kishilarning xarakterlari o‘z-o‘zidan o‘zgarib ketavermay, balki ular yashab turgan muhit, shart-sharoit unga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatar ekan, uni turli kuylarga solarkan. Zaynab o‘zining sodda va ancha kaltabinligi bilan hatto Kumush halokati bilan bog‘liq bo‘lgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan fojialar to‘g‘risida ham durustroq o‘ylab ko‘rmaydi. Uning ko‘z oldida faqat bitta narsa turadi, ya’ni Kumush o‘ladi-yu, Otabek va uning dabdabali oilasi o‘ziga qoladi...
Bunday o‘ylab ko‘rilsa, manfaat taqozosi insonni shu kuyga soldi. Zaynab o‘z qilmishi bilan tinchimoqni ko‘zladi, ammo qilmishi yolg‘iz o‘zini emas, butun bir oilaning boshini yedi... Bu o‘rinda O‘zbek oyimning shuhrat ketidan quvib, hammaga, eriga, o‘g‘liga ham so‘zini o‘tkazishi, o‘z fikri xatomi, to‘g‘rimi, undan qat’i nazar aytganini har qanday yo‘l bilan qila bilishi barcha fojialarning bosh omili bo‘lganini alohida ta’kidlab o‘tish zarur. O‘zbek oyimning qilmishlari xam bizga g‘oyat ibratli, hayotda bunday ayollar emas, erkaklar ham to‘lib yotadi va bu obraz ham xech qachon eskirmaydi. Undan har bir davr kitobxoni o‘ziga xulosa chiqarib olaveradi. Biz ilgarigi tadqiqotlarimizda Zaynabni ham, uning atrofidagilarni ham tahlil qilganda — ularning barcha salbiy qilmishlarini xonlik ijtimoiy tuzumi-yu, undagi adolatsizlik hukmronligiga olib borib bog‘laganmiz. Bu nihoyatda xato qarash bo‘lib, bunday fojialar inqilobdan keyingi bizning vatanimizda naqadar avj olib ketganligi haqida lom-mim deyolmas edik. Modomiki, Zaynablar, Xushro‘ylar, O‘zbek oyimlar xozir ham to‘lib yotibdi. Shu bilan birga, Kumushlar, Oftob oyimlar ham hayotda bor, ularning topish nisbatan qiyin bo‘layotir xolos... Bunga ijtimoiy tuzumning hech bir aloqasi yo‘q ekanmni hayot ko‘rsatib turibdi. Insoniyat jamiyatda sodir bo‘lib turadigan bunday holatlarni Abdulla Qodiriy g‘oyat chuqur idrok etar ekan, biz uni tushunmas ekanmiz. Zaynabda qotillikka yaqinlashib kelayotgandagi ro‘y bergan o‘zgarishni Qodiriy shu qadar nozik kuzatish bilan tasvirlaydiki, o‘qib turgan kishi xuddi bir kino ko‘rayotganga o‘xshaydi. Mana bu holatga e’tibor bering; Zaynab dabdurustdan kotil bo‘lib qolgani yo‘q, u shu darajaga kelguncha juda ko‘p iztiroblar chekdi: “Zaynab uch-to‘rt oyning ichida kishi tanimaslik xolga tushgan edi. Ilgarigi to‘laligining yarmisini yo‘qotganday, tusiga qarimsiqlik kirgan, ko‘z harakatida ham bir besaranjomlik zohir va bularning ustiga har qachon unda ko‘rilgan “og‘irlik” o‘rniga asabiylikka yaqin bir vaziyat o‘ltirganday edi...” Ko‘rinib turibdiki, usta san’atkor qo‘li bilan yozilgan bu qisqa va go‘yo oddiygina tuyulgan satrlarda izzat-nafsi, butun sha’ni tahqirlangan va ishqi haqoratlangan ayol haqida, uning ichida og‘ir tosh botib, sir bo‘lib yotgan qayg‘u-hasratlar, qalbiga bigizdek sanchilib turgan umidsizlik tuyg‘ulari haqida kitobxonga juda yorqin tasavvur bera oladi.
Yozuvchi Zaynabni bunday jinoyatlarga borib taqalashini asoslashga shunday urinadiki, nihoyat uning boshqacha bo‘lishi mumkin emasligiga ishonch hosil qilib qolasiz. Zaynab bunday jinoiy ishga o‘z istagi bilan qo‘l urgani yo‘q. Xushro‘y bilan qilgan suhbatida “shunday kunlarga men qolay dedimmi?” qabilida fikrlagan soddagina ayol, Xushro‘ybibining “kundoshing bilan eringning rohatini buzaversang, ering seni qo‘yar! degan so‘zidan keyin... bu ehtimol tutilgan haqiqat oldida endi boshqacharoq o‘ylanib qoldi... Zaynabning tusi shu choqqacha ko‘rilmagan ravishda o‘zgarib ketdi. Negadir tinmay turgan ko‘z yoshisi ham quridi va tovushida ham hanuz eshitilmagan keskin bir ohang bor edi.
O‘zbek oyim avvalo, Yusufbek hoji bilan Otabekning el-yurtdagi obro‘si, mavqei tufayli dimog‘dor bo‘lib qolgan, kekkayib ketgan, manmanlikka juda berilgan ayol. Yig‘ilishlarda, to‘y-ma’rakalarda, ayniqsa, uy ichida O‘zbek oyim o‘zini xo‘jayin deb biladi. U mana shu tabiatidan kelib chiqib, qaynona, qaynota, kelin, kuyov, xo‘jayin, qul, cho‘ri o‘rtalaridagi munosabatlar, tafovutlarni o‘zicha belgilab olgan. Aytaylik, Hasanali g‘oyat aqlli, yetuk inson ekanini Otabek bilan Yusufbek hoji to‘la aniqlashadi va shunga yarasha uning hurmatini saqlashadi. Ammo O‘zbek oyim uchun esa, u faqat qul, istagancha tahqirlashi mumkin deb biladi. Boshqalarga ham qarashlari ayni shuning singari davom etaveradi. O‘zbek oyimning uyda, ko‘chada, odamlar bilan munosabatlarda o‘zi chizib olgan “qoidalari” bor, har qanday vaziyatda ham o‘z bilganidan qolmaydi, shuhratini qo‘ldan bermaydi. U hamisha o‘zini eng yuqori tabaqaga mansub ekanini ko‘zda tutadi. Oila sha’ni uchun, ayniqsa o‘z sha’ni uchun qattiq kurashadi. O‘ziga ma’qul tushmagan har qanday haqiqatdan har qanday vaziyatda ham yuz o‘gira oladi..
Ko‘rinib turadiki, yozuvchi O‘zbek oyimning qiliqlari, yurish-turishi, tashqi qiyofasi, ichki olami, til iboralariga ham katta ahamiyat beradi va uning butun borligi haqida bizga yorqin tasavvur bera oladi. Uning xarakteridagi eng nozik tomonlari ham bizga shundan ko‘rinib turadi.
Yozuvchining satirik mahorati shunday yetukki, O‘zbek oyim o‘zini qancha baland olib, balandparvoz gapirgan sari uning xarakteri, ichki, tashqi dunyosi shuncha chuqur ochila boradi. Garchi u Hasanalini “yer yutkur”, “soqoli uzun, aqli qisqa” deb qarg‘ab-sixtagani bilan Hasanalining unga nisbatan donoligi, voqealarga xolis qaray olishi, to‘g‘ri so‘z, aqli rasoligi yaqqol ko‘rinib turadi.
Kumushni sirtdan tahqirlab, tish-tirnog‘i bilan unga qarshi kurashib kelgan, Zaynabni yoqlab yurgan O‘zbek oyim yuqorida ta’kidlaganimizdek, Kumushni birinchi martaba ko‘rishi bilanoq unga og‘ib ketadi.
“O‘tkan kunlar”da qahramonlarning xarakterlarini ochish milliy ruhini ko‘rsatish bilan uyg‘unlashib ketadi, shuning uchun ham har bir obrazning gap-so‘zlari, xatti-harakatlari ishonarlidir. Yozuvchi asarining har sahifasida o‘zbeklarning o‘ziga xos xususiyatlarini, oilaviy urf-odatlarini chizishda milliy ruh bo‘rtib turishini unutmaydi. Romanning eng kuchli, badiiy jihatdan yuksakligi ham dastlab xuddi shu nuqtadadir.
O‘zbek xalqidagi milliy xususiyatlar ayniqsa “ichkari” deb atalmish oilaviy muhitda, ya’ni xotin-qizlar orasida ko‘proq mahkam saqlanardi. Abdulla Qodiriy o‘zbek romanchiligi va u orqali butun jahon adabiyotiga ana shu “ichkari”ga butun sir-asrori, fazilatlari, nuqsonlari bilan olib kirdi, undagi hayotiy qonuniyatlarini badiiy namoyish qildi. Yozuvchi tomonidan yaratilgan o‘zbek xotin-qizlar obrazlari turkumi — yer yuzining boshqa hech bir joyida ko‘rilmagan hayot manzaralarini badiiy adabiyot sohalarida abadiy yashaydigan qilib tasvirlab berdi.
Yozuvchi erkak bilan xotinning munosabatlari, “ichkari” qonuniyatlarida muxabbatning roli va undagi muammolar, “ichkari” bilan “tashqari”ning, (ya’ni keng ijtimoiy hayotning) bir-biriga chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatish bilan birga, har bir katta-kichik urf-odatlar, “ichkari” dagilarni ichki, ma’naviy dunyosi, ruhiyatidagi har bir muhim nuqtaga katta ahamiyat beradi. O‘zbek oyim, Oftob oyim, Kumush, Zaynab, Oybodoq, To‘ybeka va boshqa ayollarning qiyofalariga nazar solsangiz, ularning har qaysisi o‘z xatti-harakatlari, intilishlari, hatto niyatlari bilan bir-birlaridan tamoman farq qiladilar. Shu bilan birga ularning xammasi faqat o‘zbekka xos milliy xususiyatlari bilan xuddi bir oila a’zosiday birlashib ketadilar. Demak, milliy ruh ularni hamisha uyg‘unlashtirib turadi. Bu — romanning eng kuchli tomoni va uning badiiy yuksakligini ta’min etgan bosh omil edi.

XULOSA
О‘zbek tanqidchiligi tarixida Abdulla Qodiriyning ijodiy faoliyatiga bо‘lgan e’tibor va e’tiroflar hozirga qadar davom etib kelmoqda. Buni faqat bir misol bilan aytish mumkin, chunki Abdulla Qodiriy yaratgan asarlar, о‘zining yuksak darajada hayotiy ahamiyat kasb etishi bilan birga, bir-biridan gо‘zal tasvirlarni о‘zida mujassamlashtirgani va asosiysi umrboqiyligi bilan nazardan chetda qolmay kelayotganidadir. Abdulla Qodiriy asarlari shu kungacha bir necha bosqichlari talqin qilindi. Bu talqinlarda adib ijodining ilk namunalari hisoblanuvchi hajviy asarlariga, she’rlariga hamda bir-biridan gо‘zal romanlariga, gohida zamon nuqtai nazaridan qaraldi, gohida esa ochiq fikrlar bildirildi.


1. XX asr о‘zbek adabiyotida Abdulla Qodiriy ijodi, xususan, uning romanlari muhim о‘rin tutadi. Abdulla Qodiriy estetik idealini o’zida mujassamlashtirgan Kumush obrazi barcha o’quvchlarning qalbini butunlay o’ziga rom qildi, uning havasli va ayanchli qismati hech kimni befarq qoldirmaydi.
2. Abdulla Qodiriy ijodi bu davrda ham kо‘pincha mavjud ijtimoiy –siyosiy tuzumga moslab talqin qilindi. Adibni sotsialistik jamiyat xizmatkori ekanligiga, ba’zan uni asrab –avaylash uchun ataylab urg‘u kuchaytirilishini tadqiqotchilar tahlilida о‘rgandik. Adabiyot va san’at ustidagi mustabid tuzumning siyosiy hukmronligi san’atkor-ijodkorlar asarlar estetik mohiyatining tо‘liq namoyon bо‘lishiga yо‘l qо‘ymadi.
3. Kumush obrazi XIX asr o’zbek ayolining tipik vakilasidir. U sevimli rafiqa, sevimli kelin, sevimli qiz sifatida o’quvchi yodida qoladi. Uning fojiali qismati, o’limi kishi qalbini cheksiz qayg’uga soladi. Yaramas urf-odatlarga nisbatan murosasiz kurashga chorlaydi. Bu obraz orqali yozuvchi o’tmishdagi ayollar hayoti, fojiasi ni tasvirlaydi, ayniqsa, yaramas urf-odat–“Ota-ona orzusi” tanqid etiladi.
5. Ra’no obrazi kurashchan, jasur, oqila, bilimli qiz sifatida tasvirlanadi. Uning Anvar bilan birga qochib ketishi, o’z baxti uchun kurashishi barcha qizlarga ibrat bo’ldi, Xudoyorxonga nisbatan isyon bo’ldi. O’z sevgisi, baxti yo’lida hech narsadan qaytmadi, “Xonning iflos to’shagida yotmas”lik uchun kurashdi.


Download 57.64 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling