I bob buxoro va xiva xonligining tashkil topishi


I BOB BUXORO VA XIVA XONLIGINING TASHKIL TOPISHI


Download 40.21 Kb.
bet2/5
Sana06.05.2023
Hajmi40.21 Kb.
#1434727
1   2   3   4   5
I BOB BUXORO VA XIVA XONLIGINING TASHKIL TOPISHI
1.1 Buxoro xonligini tashkil topishi
Ko‘chkunchixon vafot etgach, uning o‘g‘li Abu Saidxon (1530-1533) davrida ham Ubaydullaxon noiblik vazifasida qolgan. 1533-yilda Abu Saidxon vafotidan so‘ng, turkiy an’anaga binoan sultonlar ichida eng yoshi ulug‘i Ubaydullaxon Buxoroda Shayboniylar sulolasining xoni qilib ko‘tariladi. Poytaxt ham Samarqanddan Buxoroga ko‘chirilib, Buxoro xonligining tashkil topish jarayoni boshlandi. Ubaydullaxon hukmronligi davrida Buxoroning siyosiy, iqtisodiy va madaniy markaz sifatidagi mavqei kuchaydi. Ubaydullaxondan so‘ng 1539-yil hokimiyatga o‘g‘li Abdulazizxon taxtga chiqadi. Abdulazizxon ungacha 1538-1539-yillar oralig‘ida Xorazmda hokimlik qiladi. Otasining vafotidan so‘ng mamlakatda ikki hokimiyatchilik vujudga kelib, Abdulazizxon Buxoro xoni (1540-1550), Ko‘chkunchixonning o‘g‘li Abdullatifxon esa Samarqand xoni (1540-1551) bo‘lgan. Abdulazizxon o‘z hukmronligi davrida davlat va aholi manfaatlarini ko‘zlab qator islohotlar o‘tkazdi, ayrim soliqlar, jumladan,tanob puli, tafovut, tavfiri va boshqalarni bekor qildi va Buxoro atrofini yangi mudofaa devori bilan o‘rash olishga kirishdi (devor qulilishini keyinchalik Abdullaxon bitkazadi va u XX asr o‘rtalarigacha saqlandi)1 . Abdullaxon Buxoro xonligida Shayboniylar sulolasidan chiqkan eng yirik hukmdor (1583-1598), davlat arbobi, sarkarda, ilmfan, ma’rifat, madaniyat homiysi. Abdullaxon Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakat hududini qayta birlashtirish, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chog‘idan qattiq kurash olib boradi. Toshkent hokimi Navro‘z Ahmadxon bilan Koson yonida 1548-yil va Mo‘g‘uliston xoni Abdurashidxon va Shayboniy Do‘stum sulton qo‘shiniga qarshi Forob yonida 1554-yil jang qiladi. Yosh Abdulla sulton o‘zining hukmdor sifatidagi butun g‘ayrat shijoatini 1551-yil Karmanada namoyish etdi. Shu yil bu viloyatga Toshkentdan Navro‘z Ahmadxon va Samarqanddan Abdullatifxon hujum qilgan edi. Viloyat hukmdori Iskandar sulton Amudaryo ortiga qochadi.1 Abdulla sulton esa otasi vazifasini o‘z zimmasiga olib, bu hujumni muvaffaqiyatli qaytaradi. 1552-1556-yillarda o‘z mulkini g‘arbga-Buxoro tomonga va janubi-sharqqa - Qarshi va Shahrisabz tomonga kengaytirishga intiladi. Bu sa’y-harakat dastlab muvaffaqiyatsiz chiqqan, hatto 1556- yili ota meros mulkini tashlab Maymanaga qochishga majbur bo‘lgan. U amakisi, Balx hokimi Pirmuhammaddan harbiy yordam olib va piri Jo‘ybor xojalaridan Xoja Muhammad Islom ko‘magida Navro‘z Ahmadxon, keyinchalik uning o‘g‘illari Darveshxon va Bobo sultonlarga qarshi uzoq muddat kurash olib boradi. Navro‘z Ahmadxon vafot etgach, 1556-yil darhol Karmana va Shahrisabzda o‘z hukmronligini tiklaydi, 1557-yil may oyida Buxoroni qo‘lga kiritadi va uni o‘z poytaxtiga aylantiradi 1561-yil otasi Iskandarxonni davlat boshlig‘i, ya’ni xon deb e’lon qilib, uning nomidan mamlakatni boshqara boshlaydi1 . Markaziy xokimiyatga bo‘ysunishdan bosh tortgan Shayboniy sultonlar bilan kurashib 1574-yil Balxni, 1578-yil Samarqandni, 1583-yil Toshkent, Sayram, Turkiston va Farg‘onani egallaydi. 1582-yil Dashtga yurish qilib Ulug‘tog‘ga qadar boradi. 1583-yil otasi Iskandarxon vafot etgach, mamlakatni o‘z nomidan boshqara boshlaydi. Markaziy hokimiyatga qarshi 1583-yil Maymana va Garchistonda ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni va 1585-yilgi Badaxshon g‘alayonini bostiradi. Xorazmga 1594 va 1596-yillarda yurish qilib, u erda markaziy hokimiyat hukmronligini qayta tiklaydi. Abdullaxon mamlakat hududi yaxlitligini tiklash yo‘lida qo‘shni xorijiy davlatlar bilan ham kurash olib boradi. Abdullaxon hayotining so‘nggi yillarida o‘g‘li Abdulmo‘min bilan chiqishmay qoladi. Abdulmo‘min 1582-yil kuzidan Balxni otasi nomidan boshqarayotgan edi. Iskandarxon davrida Abdullaxon II haqiqiy, amaldagi hukmdor bo‘lgani kabi, Abdulmo‘min ham keksaygan otasiga nisbatan shunday mavqeni egallamoqchi bo‘ldi. Faqat ulamolarning aralashuvi tufayligina ota-bola o‘rtasida ochiq urush harakatlari boshlanmagan va Abdulmo‘min otasiga bo‘yin egishga majbur bo‘lgan. Ular o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashganidan xabar topgan qozoq xonlaridan Tavakkalxon Toshkent viloyati va Toshkent-Samarqand oralig‘idagi erlarga bostirib kirib, unga qarshi yuborilgan qo‘shinni engadi. Unga qarshi safarga otlangan Abdullaxon Samarqandga etganda, vafot etadi. 1598-yil Abdullaxon vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Abdulmo‘min taxtni uzoq boshqara olmadi. So‘nggi Shayboniy hukmdori Pirmuhammad II (1599-1601) ham bebosh amirlarni tiyib qo‘ya olmadi. XVI asr oxiri XVII asr boshlaridagi murakkab qarama-qarshiliklar natijasida Shayboniylar hokimiyatdan ayrilishdi. Shayboniylar sulolasining yirik vakili Abdullaxon (1557-1598) Buxoroni egallash va butun Movarounnahrni uning atrofiga birlashtirishda buxorolik mashhur Jo‘ybor xo‘jalarining yirik vakillaridan biri Xo‘ja Islomning (1493-1563) diniy-ma’naviy obro‘yidan foydalandi. Ular o‘rtasidagi munosabatlar bir jihatdan temuriylardan keyin Movarounnahrda yuz bergan qisqa markazlashuv jarayonining rivojiga va nisbiy barqarorlikning qaror topishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 1557-yili Burhon sulton qatlidan so‘ng Abdullaxon Xo‘ja Islom qo‘llab-quvvatlashi bilan ikkinchi bor Buxoroni egalladi. Chorjo‘yning Abdullaxon tasarrufiga kirishiga ham Xo‘ja Islom yordam berdi. 1557-yil yozida Abdullaxon uzil-kesil Buxoroni egallagach, tasarruf qo‘lini boshqa viloyatlarga cho‘zib, birin-ketin ularni zabt eta boshladi. Abdullaxonga qadar Buxoroda hukmronlik qilgan Burhon sulton hali hayotlik vaqtida o‘z qaynotasi Sayyid Haydar Xo‘jani Chorjo‘y voliysi etib tayinlagan edi. O‘z navbatida Chorjo‘y voliysi Sayyid Haydar Xo‘ja kuyovi Burhon sultonga tobe ekanligini tan olardi. Burhon sulton qatl etilib, Buxoro Abdullaxon qo‘liga o‘tgach, Chorjo‘y voliysi Sayyid Haydar Xo‘ja qaysarlik tig‘ini ko‘tarib, Buxoro xoni Shayboniyzoda Abdullaxonga bo‘ysunmay qo‘ydi va o‘zini daxlsiz his eta boshladi. Viloyatlarni o‘z tasarruf halqasiga kiritmoqni maqsad qilgan Abdullaxonga esa Sayyid Haydar Xo‘janing bu o‘zboshimchaligi ma’qul bo‘lmay, u tezda jang tadorigini ko‘ra boshladi va nukuz qabilasidan bo‘lgan Xushibiy darozga katta sovg‘alar berib, uni o‘z qo‘shinlari bilan Chorjo‘yni zabt etishga jo‘natdi. Abdullaxon tomonidan safarbar etilgan qo‘shin chorjo‘yliklar tomonidan mag‘lubiyatga uchratilib, Xushibiyning o‘zi asirga olindi. Bu orada Burhon sulton qatlidan so‘ng Balxga qochib ketib jon saqlagan Burhon sultonning sadoqatli sarkardalari bo‘lmish Rajabbiy, Imomquli, Muhammadrizo Chorjo‘yga otlanib, Sayyid Haydar Xo‘jaga yordamga shoshildilar. Ular Amudaryodan o‘tib, Qorako‘lga tobe sanalgan Yoychi mavzeida to‘xtashdi. Buxoroliklar uchun ancha noqulayliklar tug‘dirgan bu yangi muxolif qo‘shinlarini parokanda qilish uchun Buxoro xoni Abdullaxon amir Jonalibiy va Jonpulodbiy boshchiligida navbatdagi qo‘shinni yubordi. Lekin bularga ham zafar yor bo‘lmay, orqaga qaytishga majbur bo‘lishdi. Marhum Burhon sultonning nomlari zikr etilgan sarkardalari esa Chorjo‘yga, voliy Sayyid Haydar Xo‘ja huzuriga yo‘l olishdi. Abdullaxon qo‘shinlariga qarshi kurashda ko‘rsatgan himmatlari uchun voliy ularga behad ehtirom ko‘rsatdi. Ko‘p o‘tmay Chorjo‘y voliysi Sayyid Haydar Xo‘ja olamdan o‘tdi va o‘rniga, «Ravzat ar-rizvon» muallifi Badriddin Kashmiriyning ta’kidlashicha, uning xotini (nomi ko‘rsatilmagan) Chorjo‘y taxtiga o‘tirdi. Bu ayol ham marhum eri singari sarkashlik yo‘liga kirib, Abdullaxon hokimiyatini tan olmadi. Hosil al-kalom, Abdullaxon Chorjo‘yni yaxlit qo‘lga kiritishni ko‘zlab navbatdagi hujumni boshladi hamda shahar qal’asini qamal etdi. Abdullaxon qo‘shinida mashhur Xo‘ja Islomning farzandi Xo‘ja Sa’d (1531-1589) ham bor edi. Har holda bu xo‘jazoda Abdullaxon qo‘shinida sipoh vazifasida emas (sipohiylik bu xonadon vakillari uchun istisno edi) balki ma’naviy rahnamo, duogo‘y sifatida ishtirok etganligi shubhadan xoli. Shahar qal’asini mustahkam istehkomga aylantirgan chorjo‘yliklar Xo‘ja Sa’dning Abdullaxon qo‘shini tarkibida ekanligidan voqif bo‘lib, uni qal’aga taklif qildilar va ikki o‘rtada sulh tuzishga vositachilik qilishga, shu tariqa qon to‘kilishini oldini olishga ko‘maklashishga da’vat etdilar. Sulhga erishilgan taqdirda, Chorjo‘y qal’asini Abdullaxonga jangsiz topshirishni va’da qildilar. Bu bir hiyla ekanligi voqealar rivojidan ma’lum bo‘ladi. Buxoro hukmdori Abdullaxon bu taklifni eishtib uni qabul qildi. Xo‘ja Sa’dni muzokara olib borish uchun Chorjo‘y qal’asiga yubordi. Xo‘jazoda qal’aga kirgach, uning darvozasi taqa-tuq berkitilib, shahar hokimasi, ya’ni marhum Sayyid Haydar Xo‘janing bevasi Xo‘ja Sa’d bilan sulh to‘g‘risida muzokara olib borish u yoqda tursin, hatto suhbat qurishni ham xayoliga keltirmay, unga ko‘z-quloq bo‘lib turish uchun bir necha mulozimlarni tayinladi va ularga Xo‘ja Sa’dni qal’adan tashqariga chiqarmaslikni buyurdi. Xullas, Xo‘ja Sa’d garovga olingan edi. Bu noxush xabar Buxoroga etib kelgach, xo‘jazodaning otasi Xo‘ja Islom farzandi taqdiri uchun juda tashvishga tushdi. Xo‘ja Sa’dga ko‘z-quloq bo‘lib turish uchun tayinlangan mulozimlar orasida marhum Sayyid Haydar Xo‘janing Mavlono Boboquli devon ismli bir xizmatkori bo‘lib, unda Hazrat Xo‘ja Sa’dga nisbatan ixlos va xayrixohlik tuyg‘usi paydo bo‘ldi va Xo‘ja Sa’dning Chorjo‘y qal’asidan chiqib ketishiga yordamlashdi. U Xo‘ja Sa’dni chopqir otga o‘tkizib, qal’a devor va burjlari mustahkamligini birga tekshirib ko‘rish bahonasida qal’a darvozasi oldiga olib keldi. So‘ngra ikkovlari birin-ketin darvozadan chiqishdi va Jayxun daryosidan o‘tib, Burdaliq yo‘li orqali sog‘-salomat Buxoroga etib kelishdi. Mavlono Boboquli devon bu xizmati uchun Xo‘ja Islomning moddiy va ma’naviy marhamatlariga sazovor bo‘ldi. Shu voqea sabab, Abdullaxon Chorjo‘y qal’asi qamalini to‘xtatdi. SHu kunlarda Chorjo‘yda g‘aroyib voqealar sodir bo‘ldi. Shaharda o‘n to‘rt yoshli xushsurat bir yigitcha paydo bo‘lib qoldi. Bu o‘smir ilgari Marvda kosiblar orasida yurardi. Eng qizig‘i, uni marhum Burhon sultonning inisi deb qabul qildilar, chunki Burhon sulton ham bolalik yillarida bir zargarga shogird bo‘lib, zargarlar orasida yurgan. O‘smirni Chorjo‘yda yurganligidan xabar topgan hokima, ya’ni marhum Sayyid Haydar Xo‘janing bevasi, uni toptirib saroyga keltirdi va taxtga o‘tkizdi. Bu bilan ham cheklanmay, unga turmushga chiqib ham oldi. Er-xotinning fisqu fujurlari haddan oshgach, marhum Sayyid Haydar Xo‘ja amirlari o‘zaro kelishib yangi hokimga qarshi isyon ko‘tardilar va tunda uni Chorjo‘y qal’asi devoridan pastga tashlab yubordilar. Zaifani esa shahardan badarg‘a qilib, Balxga jo‘natdilar. Shu voqeadan so‘ng, Mavr hokimi Poyanda Muhammad sultonning mulozimi Oroh Xo‘ja Marvdan Chorjo‘yga kelib, Poyanda Muhammad sultonning noibi sifatida shaharni boshqara boshladi, ya’ni Chorjo‘y Poyanda Muhammad sulton hukmiga bo‘ysuna boshladi. «Ma’noqibi sa’diya»da ko‘rsatilishicha, Abdullaxon Marv hokimi Poyanda Muhammad sultonga bir necha bor kishi yuborib Chorjo‘yni talab etgan bo‘lsa ham, ish uning xohishicha yakun topmadi. Bu ishga Xo‘ja Islomning aralashuvi zarur bo‘ldi. Xo‘ja Islom Abdullaxonga qarata: «Biz kishi uzatamiz va Chorjo‘yni undan olamiz» dedi. Va’daga muvofiq, Xo‘ja Islom o‘z muridi Mavlono Husayniy orqali Marvga, Poyanda Muhammad sultonga maktub yo‘llab, undan Chorjo‘yni Abdullaxonga topshirishni talab etdi. Poyanda Muhammad sulton Xo‘ja Islomning sodiq muxlislaridan bo‘lganligi bois uning maktubida qayd etilgan talabni qabul etishga majbur bo‘ldi va nochor Chorjo‘y qal’asi kalitini Mavlono Husayniy orqali Buxoroga uzatdi. Bu voqealarning qisqacha tafsiloti Poyanda Muhammad sultonning ukasi Abulmuhammadxonning Xo‘ja Islomga yozgan maktubida ham qayd etilgan. Xullas, 1558-yil Chorjo‘y Xo‘ja Islom sa’y-harakatalari bilan jangsiz va qonsiz Abdullaxon qo‘l ostiga o‘tib, Buxoroga tobe bo‘lib qoldi. Oroh xo‘ja esa Buxoro xoni Abdullaxonning Chorjo‘ydagi noibi sifatida o‘z o‘rnida qoldirildi.


Download 40.21 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling