3.5. Maktabgacha ta’lim muassasalarida “Ma’naviyat saboqlari” mashg’ulotlarini olib borishga
oid didaktik materiallar
“ Biliming osmonga еtgan bo’lsa ham, boshqalar ilmiga quloq sol har dam”
(Shukur Balxiy)
Ma’lumki, har qanday mashg’ulot, ayniqsa, dars mashg’uloti didaktik ma’lumotlar, materiallar va vositalarsiz bo’lmaydi. Ularning majmuasi esa didaktik materiallar deyiladi. Didaktik vositalar quyidagilar kiradi: turli jihozlar, kompyuterli vositalar, modellar, maketlar, ko’rgazmali va texnik vositalar, shuningdek, asbob – uskunalar, mahsulotlar va shu kabilar.
Tarqatma materiallarga esa quyidagilar kiradi: kartochkalar, savolnomalar, yo’riqnomalar, qiziqarli savol va topshiriqlar, amaliy ishni tashkil etish bo’yicha texnologik xaritalar va hokazolar.
Didaktik materiallar murabbiylar yoki tarbiyachilar tomonidan har bir o’tkaziladigan mashg’ultga mos keladigan qilib oldindan tayyorlanib qo’yiladi. Ular mashg’ulot mazmunini boyitishga, ya’ni dars mazmunini to’liq qilib ifodalashga xizmat qiladi va bu orqali bolalar dars mazmunini yaxshi tushunib yetishga erishadilar. Bular turli ko’rgazmali qurollar, turli muammoli vaziyatlarni yaratuvchi masalalar va moslamalar, o’yinlar va hokazolardan tashkil topadi.
Ushbu jarayonda murabbiy va tarbiyachilarning didaktik qobiliyatlari o’ta muhimdir. Ularga quyidagilar kiradi: murabbiy va tarbiyachilar tomonidan o’quv materialini ko’rgazmali qurollar va vositalarni tayyorlab qo’yish; o’quv materialini aniq, ifodali va izchil bayon qilish mexanizmini taxt qilish; o’quv materiallarini o’rganishga bo’lgan qiziqish, ma’naviy va hissiy istaklarni rag’batlantirish; o’quv bilimini oshirish; bilishni faollashtirish va shu kabilar.
3.5.1. Tarbiyaviy masalalar tuzish va uning yechimi tahliliga oid didaktik materiallar
“Mashg’ulotsiz bola zеrikadi, zеrikish esa uni yomon yo’lga soladi”
R.Usmonov
Bola tarbiyasida pedagogik (tarbiyaviy) masala tuzish va uning yechimini bevosita ular ishtirokida hal qilish bolalarning kelajakda ma’naviyatli va madaniyatli odam bo’lib shakllanishida muhim fundamental asos bo’la oladi. Ushbu jarayonda esa pedagog munosabat yetakchi kuch bo’ladi. Shu ma’noda tarbiyachi yoki murabbiylarning bolalar bilan tarbiya maqsadida
aloqa o’rnatish o’quv – tarbiya jarayonini uyg’unlashgan holda olib borishda asosiy tamoyil hisoblanadi. Ushbu tamoyil pedagogik (tarbiyaviy) vaziyatlar (muammolar, masalalar) yechishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunga sabab pedagogik muammoli masalalarni yechish – bu o’quv – tarbiya jarayonini takomillashtirishning asosiy yo’nalishlardan biri bo’lib, undan ko’zlangan maqsad bolalarning ijodiy tafakkurini kengaytirish, ta’lim – tarbiyaviy ishlarni faollashtirish, mustaqil va erkin fikrlashni rivojlantirish kabilardan iboratdir.
Tadqiqiot ishimizning ushbu qismida pedagogik (tarbiyaviy) masalalar tuzish va ular yechimlari tahliliga to’xtalib o’tamiz. Tuzilgan masalalar ko’proq oilaviy vaziyatlardan olingan. Bunga sabab MTM dagi bola to’g’ridan – to’g’ri oila muhitidan kelib chiqadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |