I bob. O’zbekistonning sovet davridagi tarixiy geografiyasi


Download 45.96 Kb.
bet7/8
Sana09.06.2023
Hajmi45.96 Kb.
#1472052
1   2   3   4   5   6   7   8
X U L O S A.
Turkistondagi 1916 yil qo’zg’oloni va 1918-1924 yillardagi kurash voqyea-larining manbashunoslik nuqtai nazaridan tahlili quyidagi ilmiy xulosalarga olib keladi:
- 1916 yil qo’zg’oloni va 1918-1924 yillardagi voqyealar Turkistonda chorizm va sovet hokimiyati olib borgan mustamlakachilik siyosatiga, zulmiga va hukmronligiga qarshi qaratilgan milliy ozodlik harakati bo’lib, bir-birining uzviy, mantiqiy, tadrijiy davomi bo’lgan;
- har ikki tarixiy voqyea umumxalq harakati sifatida jamiyatning barcha toifa vakillarini qamrab olgan bo’lib, umummilliy, umuminsoniy manfaatlar uchun, erk va adolatga erishish yo’lida olib borilgan;
- 1916 yil qo’zg’olonidagi tajribalar 1918-1924 yillardagi kurashlarda muhim saboq bo’lgan va milliy ozodlik harakatining ko’lami, uyushqoqlik, ommaviylik darajasi yuksalib, rivojlanib borgan;
- mustabid tuzum zulmiga qarshi bosh ko’tarish, unga itoat etmaslik ko’rinishida 1916 yilda boshlangan xalq harakatlarining maqsadlari tobora aniq yo’nalishga ega bo’lib borgan va mustaqil davlatchilikni tiklash uchun kurash darajasiga yetgan;
- bu kurashlarni uyushtirishda, ularga g’oyaviy mazmun kasb etishda milliy ziyolilar, jadid taraqqiyparvarlarining roli va xizmati katta bo’lgan;
- kuchlar nisbati teng bo’lmagan sharoitlarda juda katta fidoyilik bilan olib borilgan bu kurashlar mustabid davlatlarning harbiy ustunligi va shafqatsiz qirg’in siyosati tufayli bostirilgan;
Muammoning tarixshunoslik nuqtai nazaridan jahon tarixshunosligi doirasida va XX asr davriy chegarasida olib borilgan tahlili esa quyidagi xulosalarga asos bo’ladi;
- Turkiston istiqloli uchun kurash masalalari qariyb 80-yildan beri jahon tarixshunosligida alohida diqqat-e’tibordagi muammolardan biri bo’lib kelgan. Bunga sabab, eng avvalo, ushbu kurashlar haqidagi tarixiy haqiqatning o’z vatanida noto’g’ri talqin etilib, buzib ko’rsatilganligi bo’lsa, ikkinchidan, bu kurashlar o’zini «mehnatkashlar hokimiyati» sifatida ko’rsatishga urinib, jar solgan sovet hokimiyatining Turkistonda zo’rlik bilan o’rnatilib, kuch bilan hukmronlik qilib turgan mustabid hukumat ekanligini fosh etuvchi muhim dalil edi.
- Sobiq SSSR hukm surgan va jahon ikki lagerga bo’lingan davrlarda bu muammolar tadqiqi keskin g’oyaviy kurash maydoniga aylangan. Bu g’oyaviy kurashlarda masalaga o’z siyosiy manfaatlari, strategik maqsadlari nuqtai nazaridan yondoshgan sovet tarixshunosligi tashabbusni qo’liga olib, bahslarga ilmiy tus berishga yo’l qo’ymagan, puch da’volar, siyosiy ayblovlarga va keskin qoralashga zo’r bergan, sinfiy kurash haqidagi puch aqidalarga asoslangan, bir yoqlama, asossiz qarashlarni zo’rlik bilan targ’ib va tashviq qilib kelgan.
Sovet tarixshunosligining aniq nashrlarini haqqoniy manbalar bilan qiyoslash, sovet davridagi ijtimoiy-siyosiy muhitni o’rganish natijasida shu narsa ma’lum bo’ldiki, mustabid tuzum davrida tarix fani tadqiqotlari butunlay hukmron mafkura nazorati va tazyiqi ostida olib borilgan. Bu mafkura xalqning asriy orzu-istaklari, talab ehtiyojlariga javob berolmas, diniy e’tiqodni inkor etar, milliy manfaatlarni va qadriyatlarni tan olmas, real voqyelikdan uzoq edi. Turkistonda 1918-1924 yillarda sovet hokimiyati va tuzumiga qarshi olib borilgan ommaviy xalq harakatlari mustabid davlat mafkurasining real hayotga zidligi, mehnatkashlar manfaatiga javob bera olmaganini isbotlovchi yaqqol dalil edi. Kommunistik mafkura balandparvoz g’oyalarni ilgari sursa-da, aslida Turkiston xalqlarini o’z ozodligi, erki, dini, tili, milliy huquqlaridan mahrum etib, imperiya kishanlarida saqlash uchun xizmat qildi.
Ana shu mafkura aqidalariga asoslangan sovet tarixshunosligi xalqni o’zligidan, tarixiy xotiradan, haqqoniy tarixidan mahrum etib, uni o’z izmiga bo’ysunuvchi, itoatkor, kommunizm mutaassiblariga aylantirish maqsadini ko’zladi. Xalqni yengish, uni o’zligidan, tarixidan ayirib, itoatkor, mute ommaga aylantirish uchun unga haqqoniy tarixni emas, kommunistik mafkura g’oyalariga moslashtirilgan soxta tarixni yaratish lozim topildi.
Turkistonda 1916 yilda Rossiya imperiyasi zulmiga qarshi ko’tarilgan ommaviy xalq qo’zg’olonining sinfiy talqini ham shu maqsadda yaratildi. Chunki bu voqyeaning haqqoniy talqini xalqda milliy istiqlol va uning uchun kurash istagini olovlantirar, qo’zg’olonda qurbon bo’lgan erksevar ajdodlar misolida, vatanparvarlikka undardi. Qo’zg’olon davomida ilgari surilgan maqsadlar – Rossiya hukmronligiga barham berish g’oyalari esa bu imperiya merosxo’ri bo’lgan sovet davlatining hukmronligiga tahdid solardi. Shu tufayli ham qo’zg’olonning asl mohiyati va maqsadlarini ilk bor ilmiy asosda yoritishga uringan milliy ziyolilar (T. Risqulov va boshqalar) keskin tanqid va g’oyaviy hujumlarga duchor bo’ldi, hukmron tuzum «dushmanlari» deb e’lon qilindi. Bu qo’zg’olonning nihoyatda mavxum, sinfiylashtirilgan, siyqallash-tirilgan talqini yaratildi va zo’rlik bilan qaror toptirildi. 30-40-yillarda bolshevikcha-stalincha, 50-yillar o’rtasidan esa markscha-lenincha konsepsiya (qarashlar tizimi) deb atalgan bu talqinda 1916 yil qo’zg’oloni Rossiya hukmronligiga emas, Rossiya «imperializmiga, rus burjuaziyasi va mahalliy boylarga» qarshi milliy ozodlik kurashi sifatida yoritildi. Lekin rus imperializmi, mahalliy boylar, rus burjuaziyasini tugatgan sovet davlati ham Turkiston xalqlariga milliy ozodlik olmadi. Sovet davlati yana shu xalq qarshiligiga duch keldi va o’ziga qarshi keskin kurashlarni uzoq vaqtlargacha yenga olmadi.

Download 45.96 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling