II. Xatlovning maqsadlari va asosiy vazifalari III
Download 70 Kb.
|
kaeyerga
РуЎзO‘z|Ру 142 25.06.2008 × Izlash × GEOLOGIYA-QIDIRUV IShLARI OLIB BORIShGA VA QATTIQ FOYDALI QAZILMA KONLARINI IShLATIShGA INVESTITSIYaLARNI YaNADA JALB ETISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA Qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida NIZOM I. Umumiy qoidalar II. Xatlovning maqsadlari va asosiy vazifalari III. Xatlovni o‘tkazish mexanizmi IV. Xatlov materiallarini tayyorlash va Komissiyaga taqdim etish 2-ILOVA Qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazishni muvofiqlashtirish komissiyasining TARKIBI Hujjat 15.11.2017 01 sanasi holatiga Amaldagi versiyaga o‘tish O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
GEOLOGIYA-QIDIRUV ISHLARI OLIB BORISHGA VA QATTIQ FOYDALI QAZILMA KONLARINI ISHLATISHGA INVESTITSIYALARNI YANADA JALB ETISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA [Ko‘chirma] LexUZ sharhi Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 161-sonli “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Idoralararo kollegial organlarni tubdan qisqartirish va yanada optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 28-avgustdagi PF-5527-son Farmoni)”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan. O‘zbekistonda qattiq foydali qazilmalar 43 turining 700 dan ortiq konlari, shu jumladan mis, rux, molibden, volfram, litiy, stronsiy, tomirsimon joylashgan kvars hamda texnik kremniy ishlab chiqarish uchun kvarsitlar, mineral tuzlar, fosforitlar, toshko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mir, o‘tga chidamli va keramik xomashyo, qurilish materiallari va boshqa materiallar singari jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan foydali qazilmalar qidirib topilganligi qayd etilsin. Foydali qazilmalarning ayrim turlari bo‘yicha prognoz resurslar qidirib topilgan resurslardan ancha ortiqdir, shu jumladan polimetallar va sement xomashyosi bo‘yicha — 2 baravar, volfram bo‘yicha — 6 baravar, fosforit ruda va bazalt bo‘yicha — 10 baravar, tomirsimon joylashgan kvars va kvarsitlar bo‘yicha — 50 baravar ortiqdir. Shu bilan birga hozirgi vaqtda foydali qazilma boyliklar mavjud konlarining qariyb 80 foizi hali sanoat jihatidan o‘zlashtirishga jalb etilmagan. Qattiq foydali qazilmalarning prognoz resurslarini sanoat zaxiralari toifasiga o‘tkazish uchun birinchi navbatda xorijiy va mamlakatimiz investorlarini jalb etish hisobiga geologiya-qidiruv ishlari hajmini ancha oshirish talab etiladi. Foydali qazilma konlarini izlash va qidirishning zamonaviy usullari va texnologiyalarini qo‘llash hisobiga qattiq foydali qazilmalar bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish asosida qattiq foydali qazilmalar konlarini sanoat jihatidan o‘zlashtirishga jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: 1. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi, “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasining: 2008-2009-yillarda O‘zbekiston Respublikasi hududida qattiq foydali qazilmalar konlarini (oltin va uran konlaridan tashqari) xatlovdan o‘tkazish, yer osti boyliklaridan foydalanuvchilarni va foydali qazilmalarni kavlab olish uchun foydalanishga berilgan yer osti boyliklarining tegishli uchastkalaridan foydalanishning aniq shartlarini belgilash; sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan konlar, shuningdek foydalanish paytida O‘zbekiston Respublikasining yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari muntazam buzilishiga, shu jumladan foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalarda belgilangan yer osti boyliklaridan foydalanish shartlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan konlar bo‘yicha zaxiralarni belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi balansiga berish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinsin. 2. Qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 3. Qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazishni muvofiqlashtirish uchun 2-ilovaga muvofiq tarkibda Komissiya tashkil etilsin. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin: Qoraqalpog‘iston Respublikasida va viloyatlar bo‘yicha qattiq foydali qazilmalar konlarini (oltin va uran konlaridan tashqari) xatlovdan o‘tkazish jadvalini tasdiqlash; hududlar bo‘yicha qattiq foydali qazilmalar konlari dala tadqiqotlari bo‘yicha ishchi guruhlarning shaxsiy tarkibini tasdiqlash; qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazishning borishini nazorat qilish va uning natijalarini tizimli asosda ko‘rib chiqish. Komissiya bir oy muddatda o‘z ishi reglamentini tasdiqlasin. 4. Komissiyaga quyidagi huquqlar berilsin: zaruriyat bo‘lganda qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazishga vazirliklar va idoralarning yuqori malakali mutaxassislarini, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarini jalb etish; zaxiralari yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi balansiga berilayotgan qattiq foydali qazilmalar konlari ro‘yxatini tasdiqlash; foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish holatlari aniqlangan taqdirda sanoat jihatidan o‘zlashtirishga jalb etilmagan konlarda kavlab olingan foydali qazilmalar hajmi O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan instrumental o‘lchanishi to‘g‘risida qaror chiqarish. 5. “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi 2008-yil 10-iyulgacha bo‘lgan muddatda Komissiyaga o‘zlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida 2007-yilda va 2008-yilning birinchi yarim yilligida yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tomonidan yer osti boyliklari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga rioya qilinishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshirishlar natijalari to‘g‘risida axborot taqdim etsinlar. 6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasining so‘rovi bo‘yicha foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yuridik yoki jismoniy shaxslarga berilgan yer uchastkalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilishini ta’minlasinlar. 8. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2009-yilda Davlat geologiya qo‘mitasi tizimi bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlari dasturini shakllantirishda qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazish xarajatlarini moliyalashtirishga mablag‘larni nazarda tutsin. 9. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi uch oy muddatda: O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda — potensial xorijiy investorlarga obyekt va investitsiyalar qo‘yish samaradorligi to‘g‘risida dastlabki xulosa qilish uchun yetarli bo‘lgan hajmda ixtisoslashtirilgan axborot tizimlari orqali sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan konlar va qattiq foydali qazilmalarning istiqbolli maydonlari to‘g‘risida geologik axborotni taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni; O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi va “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasi bilan birgalikda — O‘zbekiston Respublikasi foydali qazilmalarining strategik muhim turlari ro‘yxatini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan konlar va istiqbolli maydonlar to‘g‘risidagi axborot investitsiya loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslashini tuzish uchun yetarli bo‘lgan hajmda Vazirlar Mahkamasining qarori bo‘yicha potensial investorlarga taqdim etilishi mumkin; O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda — geologiya-qidiruv ishlari faqat davlatning buyurtmasi bo‘yicha ular doirasida olib boriladigan asl, rangli, nodir metallar va “qumtosh” tipdagi uran konlarini aniqlash uchun istiqbolli bo‘lgan maydonlar ro‘yxatini, shuningdek mahsulot taqsimotiga oid bitimlar, qo‘shma korxonalar tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar shartlarida yoki boshqa shartlarda, foydali qazilmalarni keyinchalik chuqur qayta ishlashni nazarda tutgan holda, xorijiy va mamlakatimiz investorlari mablag‘lari hisobiga izlash va qidirish ishlari olib borish uchun maydonlar ro‘yxatini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etsin. 10. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi bilan birgalikda: gelogiya-qidiruv ishlarini olib borishga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, shuningdek qattiq foydali qazilmalar konlarini ularni chuqur qayta ishlashni nazarda tutadigan loyihalar doirasida ustun darajada sanoat yo‘sinida ishlatish ishlarini faollashtirsin; har yillik asosida “O‘zbekistonning qattiq foydali qazilmalar investitsiya salohiyati” xalqaro konferensiyalar tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlasin. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi gelogiya-qidiruv ishlari yillik dasturlarini va ularni moliyalashtirish manbalarini shakllantirishda 2009-yildan boshlab ko‘rsatib o‘tilgan xalqaro konferensiyani o‘tkazish xarajatlarini budjet mablag‘lari hisobiga qoplashga mablag‘larni nazarda tutsinlar. 11. O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi markaziy apparat xodimlarining belgilangan umumiy soni doirasida 4 shtat birligidan iborat xorijiy investitsiyalarni jalb etish va investorlar bilan ish olib borish bo‘linmasi tashkil etsin. 12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV Toshkent sh., 2008-yil 25-iyun, 142-son Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 25-iyundagi 142-son qaroriga 1-ILOVA Qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida NIZOM I. Umumiy qoidalar 1. Ushbu Nizom qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazishning asosiy maqsadlari va vazifalarini, sanoat jihatidan o‘zlashtirishga jalb etilgan qattiq foydali qazilmalar konlarini ishlatish samaradorligini baholash uchun zarur va yetarli bo‘lgan ma’lumotlar tarkibini, foydalanilmayotgan konlar joylashgan maydonlarning holatini, O‘zbekiston Respublikasi hududida qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazish mexanizmini belgilaydi. 2. Xatlovni o‘tkazish ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilishni Qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazishni muvofiqlashtirish komissiyasi (keyingi o‘rinlarda “Komissiya” deb yuritiladi) amalga oshiradi. Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi: Qoraqalpog‘iston Respublikasida va viloyatlar bo‘yicha qattiq foydali qazilmalar konlarini (oltin va uran konlaridan tashqari) xatlovdan o‘tkazish jadvalini tasdiqlash; hududlar bo‘yicha qattiq foydali qazilmalar konlari dala tadqiqotlari bo‘yicha ishchi guruhlarning shaxsiy tarkibini tasdiqlash; qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazishning borishini nazorat qilish va uning natijalarini tizimli asosda ko‘rib chiqish. 3. Komissiya quyidagi huquqlarga ega: zaruriyat bo‘lganda qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazishga vazirliklar va idoralarning yuqori malakali mutaxassislarini, mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillarini jalb etish; zaxiralari yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi (keyingi o‘rinlarda “Davlat geologiya qo‘mitasi” deb yuritiladi) balansiga berilayotgan qattiq foydali qazilmalar konlari ro‘yxatini tasdiqlash; foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish holatlari aniqlangan taqdirda sanoat jihatidan o‘zlashtirishga jalb etilmagan konlarda kavlab olingan foydali qazilmalar hajmining O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan instrumental o‘lchanishi to‘g‘risida qaror chiqarish. II. Xatlovning maqsadlari va asosiy vazifalari 4. Quyidagilar qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazishning maqsadlari hisoblanadi: davlat boshqaruvi organlariga, shuningdek potensial investorlarga sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan obyektlar bo‘yicha yer osti boyliklari uchastkalari to‘g‘risida geologik axborotni va boshqa axborotni belgilangan tartibda tezkor taqdim etish maqsadida foydalaniladigan GIS-texnologiyalar asosida qattiq foydali qazilmalar konlari bo‘yicha ma’lumotlarning yagona elektron bazasini tashkil etish; Qattiq foydali qazilmalar konlari bo‘yicha ma’lumotlarning yagona bazasini hisobga olgan holda Foydali qazilmalar zaxiralari davlat balansiga va Konlar, foydali qazilmalar va texnogen mineral xosilalar namoyon bo‘lishi davlat kadastriga zarur qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish. 5. Belgilangan maqsadlardan kelib chiqib quyidagilar xatlovning asosiy vazifalari hisoblanadi: sanoat yo‘sinida ishlatilayotgan qattiq foydali qazilmalar konlari hamda foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yer osti boyliklarining tegishli uchastkalaridan foydalanish huquqi berilgan yuridik shaxslar ro‘yxatini aniqlashtirish; noruda foydali qazilmalarning amalda kavlab olingan hajmining (marksheyderlik hisobotlari ma’lumotlari bo‘yicha) yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tomonidan Davlat geologiya qo‘mitasi huzuridagi Davlat geologiya fondiga taqdim etiladigan ma’lumotlarga muvofiqligini aniqlash (“5-GR” shakl); sanoat jihatidan o‘zlashtirishga jalb etilmagan konlarning holatini baholash; sanoat jihatidan o‘zlashtirishga jalb etilmagan noruda foydali qazilmalar konlarida noqonuniy kavlash holatlarini aniqlash va Komissiyaga kavlab olingan foydali qazilmalar hajmini Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan instrumental o‘lchash o‘tkazilishi to‘g‘risida takliflar kiritish; foydali qazilmalar zaxiralarini hisobdan chiqarishning maqsadga muvofiqligining yiriklashtirilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini ishlab chiqish zarurligi to‘g‘risidagi masalani hal etish uchun ishlatilmayotgan umumiy tarqalgan foydali qazilmalar konlari bo‘yicha foydali qazilmalar joylashgan maydonlar yer uchastkalarining o‘zlashtirilishi darajasini aniqlash (imorat qurilganligi, qishloq xo‘jaligi ekinlari mavjudligi va boshqalar); xatlov natijalari bo‘yicha sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan konlar, shuningdek foydalanish paytida kon munosabatlari sohasida maxsus vakolatli davlat organlari yoki mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan aniqlangan yer osti boyliklari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilgan, shu jumladan foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyalarda belgilangan yer osti boyliklaridan foydalanish shartlari buzilgan konlar bo‘yicha zaxiralarni Davlat geologiya qo‘mitasi balansiga berish haqidagi takliflarni tayyorlash. III. Xatlovni o‘tkazish mexanizmi 6. Qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazish ikki davrda amalga oshiriladi: tayyorgarlik (kameral) va dala sharoitida o‘tkazish davrlari. 7. Tayyorgarlik (kameral) davrida Davlat geologiya qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida va viloyatlar bo‘yicha qattiq foydali qazilmalarning barcha konlari bo‘yicha zarur ma’lumotlarni to‘plash, tizimlashtirish va umumlashtirish amalga oshiriladi. 8. Xatlovni dala sharoitida o‘tkazish davrida barcha noruda foydali qazilmalar konlari maydonlarini, shuningdek sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan qattiq foydali qazilmalar konlari maydonlarini (oltin va uran konlaridan tashqari) tekshirish amalga oshiriladi. 9. Tayyorgarlik (kameral) davrida qattiq foydali qazilmalarning har bir koni bo‘yicha pasport tuziladi, u quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi: konning nomi; ma’muriy joylashuvi (viloyat, tuman); jug‘rofiy joylashuvi (tog‘ tizimining, tog‘larning va shu kabilarning nomi); kon maydonining burchakli nuqtalari koordinatlari; maydoni konning 1:50000 yoki undan yirik masshtabda ko‘rsatilgan holdagi topografik asosi; foydali qazilmaning turi, konni kavlab olish usuli; kon razvedka qilingan davr; razvedkani amalga oshirgan, zaxiralarni hisoblab chiqqan va ularni tasdiqlashga taqdim etgan tashkilot to‘g‘risidagi ma’lumotlar; Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi ma’lumotlariga muvofiq kon (sanoat yo‘sinida ishlatilayotgan, zaxira tarzida qidirib topilgan, sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan) mansub bo‘lgan razryad; tasdiqlangan zaxiralar miqdori (rudali foydali qazilmalar konlari bo‘yicha, shuningdek qo‘shimcha foydali qazilmalar va foydali komponentlar zaxiralari), zaxirani tasdiqlagan organ protokolining sanasi va tartib raqami; konning tajriba-sanoat yo‘sinida ishlatilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar, uni amalga oshirish jarayonida kavlab olingan zaxiralar hajmi; yer osti uchastkasidan foydalanish huquqi uchun litsenziya olgan yuridik shaxsning nomi va uning rekvizitlari; yer osti uchastkasidan foydalanish huquqi uchun litsenziyaning tartib raqami, seriyasi, uning berilgan sanasi; yer osti uchastkasidan foydalanish shartlari nusxasi; zaxiralarning xatlov o‘tkazilayotgan yilning 1-yanvaridagi holati. Oldingi tahrirga qarang. Oldingi tahrirga qarang. 10. Noruda konlar maydonlarini, shuningdek sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan rudali foydali qazilmalar konlarini tekshirish maqsadida Komissiya qarori bilan “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Davlat geologiya qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari vakillaridan hududlar bo‘yicha qattiq foydali qazilmalar konlarini dala sharoitida tekshirish bo‘yicha ishchi guruhlar (keyingi o‘rinlarda “ishchi guruh” deb ataladi) tuziladi. (10-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son) Qarorda tekshirishni o‘tkazish davrida ishchi guruh hal etishi zarur bo‘lgan vazifalar, ishlarning hududlari, guruhning rahbari, xulosalarni taqdim etish muddatlari ko‘rsatiladi. (10-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-dekabrdagi 301-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 51-son, 486-modda) 11. Ishchi guruh dala sharoitida tekshirish jarayonida: a) xatlovdan o‘tkazilayotgan barcha noruda foydali qazilmalar konlari va sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan rudali foydali qazilmalar konlari (oltin va uran konlaridan tashqari) bo‘yicha GPS global pozitsiyalash tizimlari asbob-uskunalari yordamida obyektning ikki-uchta koordinatlarini aniqlashi, shuningdek keyinchalik pozitsiyalarning joylariga (nomi ko‘rsatilgan holda tur yoki qoziqlarni) biriktirgan holda privyazka qilishni amalga oshirishi, ulardan raqamli fotokamera bilan (kamida 5 ta megapikselni hal etgan holda) kon maydonining eng xarakterli xususiyatlarining (relyefning alohida shakllari, mavjud imoratlar, karyerda yer osti suvlarining mavjudligi, chiqindilarning tarqoq holda saqlanishi va shu kabilar) kamida uchta suratini olishi kerak; b) sanoat yo‘sinida ishlatilayotgan noruda foydali qazilmalar bo‘yicha: foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yer osti boyliklari uchastkasidan foydalanish huquqi uchun litsenziyada belgilangan yer osti boyliklari uchastkasidan foydalanish shartlarining yer osti boyliklari uchastkasidan foydalanuvchi tomonidan bajarilishining to‘liqligini baholashi; yer osti boyliklaridan foydalanuvchida konni ochish va tayyorlash loyihasining belgilangan tartibda mavjudligini aniqlashi; yer osti boyliklaridan foydalanuvchi tomonidan kavlab olingan foydali qazilmalar hajmlarining marksheyder o‘lchovlarini amalga oshirishning davriyligini aniqlashi, marksheyder o‘lchovlari ma’lumotlarini o‘rganishi va ularning Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansi ma’lumotlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa chiqarishi; karyerni uning tubida yer osti suvlari mavjudligini aniqlash maqsadida tekshirishi, sabablarini aniqlashi; suv obyektlarining qo‘riqlanadigan zonasi doirasida qum-shag‘alli materiallar kavlab olingan taqdirda qo‘riqlanadigan tabiiy hudud doirasida foydali qazilmalarni kavlab olishga ruxsatnomalar mavjudligini tekshirishi; karyer xo‘jaligini va xodimlarni suv bilan ta’minlash uchun foydalaniladigan suv quduqlarining mavjudligini aniqlashi, suv olishning belgilangan limitiga yer osti boyliklaridan foydalanuvchi tomonidan rioya qilinishini, yer osti suvlari sathini o‘lchashlarning muntazamligini kimyoviy va bakterialogik tekshirishlarning o‘tkazilishini tekshirishi; suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnomalar mavjudligini, uning amal qilish muddatini aniqlashi kerak; v) sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan qattiq foydali qazilmalar konlari bo‘yicha (oltin va uran konlaridan tashqari): obyektda foydali qazilmalarning noqonuniy kavlab olish amalga oshirilganligi yoki amalga oshirilmaganligini aniqlashi; agar kon kavlangan qilingan bo‘lsa, kavlab olingan kon massasi, shu jumladan foydali qazilmalar hajmini baholashi hamda axborotni Davlat geologiya qo‘mitasiga tezkorlik bilan jo‘natishi; Foydali qazilmalar zaxiralarining davlat balansida “Sanoat yo‘sinida ishlatilmagan konlar” yoki “Zaxira tarzida qidirib topilgan konlar” razryadiga kiritilgan konlarda foydali qazilmalarni noqonuniy kavlab olgan yuridik yoki jismoniy shaxsni imkoni boricha aniqlashi; foydali qazilmalar joylashgan maydonda yer uchastkasining o‘zlashtirilganligi darajasini (uy-joylar, turli imoratlar, qishloq xo‘jaligi yerlari va shu kabilar mavjudligini) baholashi kerak. 12. Dala sharoitida tekshirish natijalariga ko‘ra har bir kon bo‘yicha qisqacha ma’lumotnoma tuziladi, u ishchi guruhning barcha a’zolari tomonidan imzolanadi. Ma’lumotnomaga konning privyazkasi va kon maydonining eng xarakterli xususiyatlari fotosurati bo‘yicha ma’lumotlar qog‘oz va elektron manbalarda ilova qilinadi. IV. Xatlov materiallarini tayyorlash va Komissiyaga taqdim etish 13. Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoki viloyatlarda joylashgan konlarni dala sharoitida tekshirish tugallangach ishchi guruh tomonidan xulosa tuziladi, unda tekshirilgan har bir obyekt bo‘yicha yer osti boyliklari, tabiatni muhofaza qilish, suv va suvdan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishlari, shuningdek ushbu Nizomning 11-bandida ko‘rsatilgan barcha masalalar aks ettiriladi. Zaruriyat bo‘lganda, xulosaga konlarni dala sharoitida tekshirish natijalarini tavsiflovchi jadval ma’lumotlari ilova qilinadi. 14. Xulosada quyidagilar ham aks ettirilgan bo‘lishi kerak: sanoat yo‘sinida nooqilona ishlatilayotgan, ulardan foydalanish huquqi, tegishli asoslar ko‘rsatilgan holda, muddatidan oldin to‘xtatilishi mumkin bo‘lgan noruda foydali qazilmalar konlarining ro‘yxati; zaruriyat bo‘lganda, sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan konlarda noqonuniy kavlab olingan foydali qazilmalar hajmlarini instrumental o‘lchashlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflar; zaxiralarini Davlat geologiya qo‘mitasi balansiga berish tavsiya etilayotgan konlar ro‘yxati. 15. Xulosa ishchi guruhning barcha a’zolari tomonidan imzolanadi. Ishchi guruhning xulosada bayon qilingan xulosalarga norozi bo‘lgan a’zolari o‘z fikrini yozma tarzda guruh raisiga taqdim etadilar. 16. Xulosa Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoki tegishli viloyatlarda o‘tkazilgan qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha yig‘ma xulosa tuzish uchun Davlat geologiya qo‘mitasiga taqdim etiladi. 17. Davlat geologiya qo‘mitasi tekshirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasida yoki viloyatlar bo‘yicha qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazish materiallarining umumlashtirilishiga qarab ularni Komissiyaga taqdim etadi, unda quyidagilar to‘g‘risidagi takliflar mavjud bo‘ladi: yer osti boyliklaridan foydalanuvchilar tomonidan foydali qazilmalarni kavlab olish uchun yer osti uchastkalaridan foydalanish huquqiga berilgan litsenziyalarda belgilangan shartlarga rioya qilinmagan taqdirda yer osti boyliklari uchastkalaridan foydalanish huquqini muddatidan oldin to‘xtatish hamda zaxiralarni belgilangan tartibda Davlat geologiya qo‘mitasi balansiga o‘tkazish; qattiq foydali qazilmalarning sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan konlari zaxiralarini belgilangan tartibda Davlat geologiya qo‘mitasi balansiga o‘tkazish; aniq konlarda kavlab olingan foydali qazilmalar hajmlarini, shu jumladan kavlangan sanoat yo‘sinida ishlatilmayotgan obyektlarni instrumental o‘lchashlarning maqsadga muvofiqligi; kon joylashgan maydonda qurilmalar, qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud bo‘lgan yoxud bu maydonlardan boshqa maqsadlarda foydalanilayotgan konlar bo‘yicha keng tarqalgan foydali qazilmalar zaxiralarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hisobdan chiqarish maqsadga muvofiqligining yiriklashtirilgan texnik-iqtisodiy hisob-kitoblarini ishlab chiqish. 18. Taqdim etilgan materiallar asosida Komissiya o‘z vakolatlari doirasida tegishli qaror qabul qiladi. Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 25-iyundagi 142-son qaroriga 2-ILOVA Qattiq foydali qazilmalar konlarini xatlovdan o‘tkazishni muvofiqlashtirish komissiyasining TARKIBI Oldingi tahrirga qarang. Azimov R.S. — O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Komissiya raisi Xo‘jayev B.A. — Iqtisodiyot vaziri, Komissiya raisining o‘rinbosari Mavlyanov N.G. — O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi, Komissiya raisining o‘rinbosari Roziqov O.T. — Vazirlar Mahkamasining Mashinasozlik, metallurgiya, geologiya, mineral xomashyo qazib olish va qayta ishlashni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti sho‘ba mudiri Komissiya a’zolari: Abduazizov A.A. — O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi raisi Guskova T.N. — Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Alixanov B.B. — O‘zbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Kanyazov E.S. — Adliya vazirining o‘rinbosari To‘laganov Sh.A. — Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirining o‘rinbosari G‘ulomov B.V. — “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘i Izoh. Komissiya a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli vazifalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi. (2-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-dekabrdagi 301-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2010-y., 51-son, 486-modda)
Hujjatda xato topganingizda, uni belgilab Ctrl+Enter ni bosing. © O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi Download 70 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling