O‘N YETTINCHI SO Z
Bir kuni G‘ayrat, Aql, Yurak uchalasi har qaysisi o‘z hunarini maqtab, aytishib, tortishib qolishibdi-yu, limning oldiga kelib, undan hakamlik qilishni so‘rashibdi.
Shunda birinchi bo‘lib G‘ayrat so‘zlabdi:
- Ey Ilm, - debdi u, - axir o‘zing bilasan, dunyoda hech bir narsa yo‘qki, u mening ishtirokimsiz kamol topsin. Avvalo, mana, sening o‘zingni bilish ham, erinmay, sabot va matonat bilan izlab, o‘rganib, yana uni o‘z o‘rnida ishlatish ham - mening ishim. Har kuni o‘z vaqtida toat-ibodatni kanda qilmay o‘rniga qo‘yish ham - mening ishim. O‘zingga ma’lumki, dunyoda har kim o‘ziga loyiq hunar o‘rganishi, mol topishi, obro‘ qozonishi, mansab egallashi kerak - bularning hammasi bemehnat bunyodga kelmaydi. O‘rinsiz, bo‘lar-bo‘lmas ishlarga ko‘ngil qo‘ydirmay, insonni sof saqlaydigan, uni gunohkorlikdan, johillikdan, shaytonning gapiga kirib, nafs balosiga giriftor bo‘lishlikdan saqlaydigan, adashgan bandalarni to‘g‘ri yo‘lga solib yuboradigan ham - men emasmi, axir? Shunday bo‘lgandan keyin, Aql bilan Yurak nega men bilan masala talashadi? - debdi.
Shunda Aql aytibdi:
- Na bu dunyoda va na u dunyoda nimaiki foydali, nimaiki zararli bo‘lsa - biladigan bir menman. Sening so‘zingni uqadigan ham men. Mensiz inson na o‘z foydasini biladi va na o‘z zararidan qochib qutula oladi. Hatto Ilmni ham o‘qib o‘rgana olmaydi. Shunday bo‘lgandan so‘ng, bu ikkalasi men bilan nega g‘ijillashadi? Men bo‘lmasam, bu ikkalasining qo‘lidan nima ish keladi? - debdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |