Ijtimoiy-gumanitar va mutaxassislik fanlari


Download 1.31 Mb.
bet18/93
Sana27.02.2023
Hajmi1.31 Mb.
#1234071
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   93
Bog'liq
falsafa 2022 majmua

Intuitiv bashorat ilmiy dalilarsiz va mantiqiy mushohadasiz haqiqatning tagiga bilvosita etishdir. Bashoratning bu turi hali yaxshi o‘rganilmagan va ko‘pincha unga etarlicha baho berilmaydi. Holbuki, aqlni lol qoldiradigan dalillar ma’lum. Masalan, to‘rt yuz yil oldin yashagan fransuz tabibi Mishel Nostradamus misli ko‘rilmagan bashoratgo‘ylik qobiliyatiga ega bo‘lgan. O‘zining mashhur «Senturiyalari» va boshqa asarlarida, u XX asrning texnik kashfiyotlari - suv osti kemalari, samolyotlar, vodorod bombasinigina emas, balki fransuz va rus inqiloblarini, shuningdek, de Goll, Franko, Lenin, Stalin, Gitler, Mussolini kabi shaxslarning paydo bo‘lishini ham bashorat qilgan. O‘z davrining mashhur folbini Aleksandra Filippovna Kirxgof buyuk shoirAleksandr Pushkinga, uning hayotidagi muhim voqealarni: tez orada ko‘p pul olish, ikki surgun, uylanish, mashhurlik, 38 yoshda hayotni tark etish ehtimolini bashorat qilgan. Afsus ki, bu bashorat to‘la ro‘yobga chiqqan. Ukrainalik atoqli faylasuf va shoir Grigoriy Skovoroda ham bashorat qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan. U o‘z qishlog‘i - Ivanovkaga oxirgi marta kelganda kasal bo‘lmagan. Hammaga o‘zining o‘limi yaqinligini e’lon qilgan, o‘zi o‘ziga qabr qazgan, o‘z «xonaqosi»ga qaytib kelgan, ich kiyimini almashtirgan, boshiga o‘z asarlarini qo‘ygan va vafot etgan. G‘arb mamlakatlarida ijtimoiy prognoz qilish ilmiy bashoratning turi sifatida «futurologiya» (lot. «futurum» - «kelajak» va yunoncha «logos» - «ta’limot») degan nom bilan vujudga kelgan. Bu atamani ilk bor G‘arbiy Berlin Erkin universiteti huzuridagi Otto Zur nomidagi institut professori O.Flextgaym ishlatgan. Shuni qayd etish lozimki, «futurologiya» atamasi umumiy e’tirof etilgani yo‘q. Misol uchun, bashorat muammolari bo‘yicha fransuz mutaxassislarining aksariyati futurologiya insonning kelajakni ishonch bilan bashorat qilish qobiliyati haqida xom xayol qilish uchun asos bo‘ladi, deb hisoblaydi. Futurologiya o‘rniga «fyutyuribli» atamasi taklif qilingan bo‘lib, u «ehtimol tutilgan kelajak», degan ma’noni anglatadi. Bunda, kelajakning shartliligi, ko‘p variantliligiga urg‘u beradi. Mamlakatimizda ijtimoiy bashorat bilan bog‘liq tadqiqotlar «prognostika» degan nom olgan. Bu yosh fan pro gnoz qilish qonunlari, tamoyillari va metodlarini o‘rganadi, mantiq muammolarini va har xil tipdagi prognostik tadqiqotlarning tasniflarini ishlab chiqadi. U endigina shakllanish davrini boshdan kechirmoqda, lekin hozirning o‘zidayoq kelajakning ilmiy muqobillarini yaratishning muhim vositasi hisoblanadi.
Prognozlashtirishning metodlari:

  1. Ekstrapolyasiya metodlari.

  2. Tarixiy analogiya.

  3. Modellashtirish.

  4. Ekspertiza usulida baholash.

  5. Kelajak ssenariylari.

Ekstrapolyatsiya metodlari - qonuniyatlari o‘tmishda va hozirgi davrda yaxshi ma’lum bo‘lgan tendensiyalarni kelajakka tatbiq etishga asoslanadi. Masalan, biron-bir tizimga o‘tmishda muayyan o‘zgarmas tezlik yoki tezlanish bilan rivojlanish xos bo‘lgan bo‘lsa, bizda bu tezlik yoki tezlanish kelajakda ham muayyan vaqt oralig‘ida o‘zgarishsiz qoladi, deb hisoblash uchun asoslar bor. SHunday qilib, o‘sish (pasayish) egri chiziqlarini grafik yoki analitik usulda davom ettirish va prognoz ob’ekti bo‘lg‘usi holatining miqdor ko‘rsatkichlarini hisoblab chiqarish mumkin. SHunga qaramay, agar o‘rganilayotgan tendensiya boshqa tendensiyalar bilan o‘zaro ta’sirga kirishish natijasida o‘zgarsa va bu o‘zaro ta’sirni lozim darajada o‘rganish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, ekstrapolyasiya metodi uncha samarali bo‘lmasligi mumkin.
Tarixiy analogiya - bu taqqoslash yo‘li bilan bilish. Taqqoslanayotgan ijtimoiy hodisalar o‘rtasida farq ham, o‘xshashlik ham mavjud bo‘lishi kerak. Taqqoslash uchun asos bo‘luvchi omillar taqqoslanishi lozim bo‘lgan hodisalarga qaraganda tanishroq bo‘lishi lozim. Tarixiy analogiyaning ijtimoiy bashoratga moslashuvchanlik darajasi cheklangan. Bu tabiiy bir holdir, zero kelajakka boshqa tarixiy sharoitlar yo‘ldosh. Tarixiy analogiya ko‘proq tarixiy faktni faol tanqidiy tahlil qilishga ko‘maklashadi.
Modellashtirish metodi bilish ob’ektlarining o‘zini emas, balki ular ning modellarini o‘rganishga asoslanadi. Tadqiqot ob’ektini modellashtirish - uni prognostik xususiyatga ega bo‘lgan xulosalar chiqarish uchun qulay bo‘lgan sodda, sxematik ko‘rinishda gavdalantirish demak. Tadqiqot natijalari, modeldan ob’ektga ko‘chiriladi. Prognoz qilishning modelli metodlari shakllarining rang-barangligi bilan tavsiflanadi. Modellashtirishning moddiy, fizik, belgili (matematik), imitatsion, kompyuterda modellashtirish kabi turlarini farqlash mumkin.
Ekspertiza usulida baholash - bu ilmiy metodning mohiyati ekspertlar (fan va texnikaning turli sohasidagi etakchi mutaxassislar) tomonidan muammoni tahlil qilish va so‘ngra natijalarni formallashtirilgan asosda qayta ishlashdan iborat. Ekspertlarning umumiy xulosasi muammoning mumkin bo‘lgan eng maqbul echimi sifatida qabul qilinadi. Bu metodlar guruhiga, odatda, quyidagilar kiritiladi: konsensus (kelajakka doir muayyan masala bo‘yicha ekspertlar umumiy bir to‘xtamga kelishi); «aqliy hujum» (muammolarni echish vositasi va prognoz qilish usuli, ayniqsa, kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan bir nechta vaziyatni ko‘rib chiqishga ehtiyoj tug‘ilgan holda). Metodning mohiyati shundan iboratki, muammoga doir har qanday, hatto «g‘alati» g‘oyalar ilgari suriladi; bu g‘oyalar rivojlantiriladi, o‘z g‘oyalarini taklif qilish mumkin, lekin ularni tanqid qilishga ruxsat etilmaydi; «Delfi» metodi (qadimgi YUnonistonning mashhur Orakuli ismi bilan atalgan). U ekspertlar o‘rtasida so‘rov o‘tkazishga asoslangan. Bunda oldinma-ketin so‘rov jarayonida har bir ekspert boshqa ekspertlarning fikrlari bilan tanishtiriladi; bir nechta sikllar natijasi o‘laroq ustuvor fikr aniqlanadi. Ekspertiza usulida baholashning yana bir o‘ziga xos metodi - sotsiologik so‘rov mavjud bo‘lib, u so‘nggi yillarda bizda ham, chet elda ham tobora keng qo‘llanilmoqda.
Kelajak ssenariylari - bu kuzatilayotgan tendensiyaning ehtimol tutilgan kelajagi haqidagi u yoki bu tusmolni asoslovchi dastlabki farazlarning tartibga so lingan yig‘indisi. Ssenariylar: a) u yoki bu nazariy vaziyatni qay yo‘l bilan bosqichma-bosqich amalga oshirish mumkinligini; b) voqealarning muayyan rivojiga yo‘l qo‘ymaslik, ularni engillashtirish yoki chetlab o‘tish uchun voqealarning har bir ishtirokchisi uchun har bir bosqichda qanday variantlar mavjudligini aniqlaydi.
Shunday qilib, ssenariy murakkab tizimlarni o‘rganishga nisbatan tizimli va tarixiy yondashuvlarni birlashtiruvchi ko‘p variantli prognozdir; aksariyat hollarda u tavsifiy xususiyat kasb etadi va kompleks prognozlarni tuzishda keng qo‘llaniladi. SHuni qayd etib o‘tish lozimki, ko‘rib chiqilgan metodlarning birortasi ham alohida holda prognozning yuksak darajada ishonchliligini ta’minlay olmaydi. SHu sababli amalda, odatda, murakkab, kompleks metodlardan foydalaniladi. Mazkur yondashuv ayrim metodlarning kamchiliklarini bartaraf etish va prognozlarning ko‘proq darajada aniqligi va ishonchliligini kafolatlash imkonini beradi. Ijtimoiy hodisalar va jarayonlarning rivojlanish imkoniyatlarini prognoz qilish natijasi prognoz hisoblanadi. U kelajak u yoki bu muammolarining rivojlanishi va ularni echishning mumkin bo‘lgan barcha variantlarini, ularning bir-birini istisno etuvchi variantlarini, stixiyali va ongli jarayonlarni, ularning vaqt va ko‘lam parametrlarini aniqlash imkonini beradi. Kelajakning ijtimoiy prognozlar taklif qilayotgan tavsifining mazmuniga qarab, ular insonni yo unga faol intilishga, yo uning yuz berishiga qarshi harakat qilishga, yo uni passiv kutishga da’vat etadi. Shu sababli har qanday ijtimoiy prognoz ilmiy bilishga doir mazmunni ham, muayyan mafkuraviy vazifani ham o‘zida birlashtiradi. Bunda bilishga doir funksiya ustunlik qilishi ham, mafkuraviy funksiya ustunlik qilishi ham mumkin. Turli prognozlarning mazmuni va vazifasidan kelib chiqib, ularning to‘rt asosiy tipini farqlash mumkin.
Qidiruv prognozi - ijtimoiy ob’ektning kelajagi qanday bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatish uchun tuziladigan prognoz. U rivojlanish qaysi yo‘nalishda yuz beradi, kelajakning muayyan davrida prognoz ob’ektining holati qanday bo‘lishi mumkin, degan savollarga javob beradi. Normativ prognoz - boshqaruvni optimallashtirish yo‘llarining oqilona tashkil etilgan tahlili. Bu prognoz obrazli qilib «teskari prognoz» deb ataladi, chunki unda o‘rganish teskari yo‘nalishda - kelajakdan hozirgi davrga qarab amalga oshiriladi. Normativ prognoz qo‘yilgan maqsadlarga erishish yoki qo‘yilgan vazifalarni echish uchun nima qilish mumkin yoki kerak, degan savolga javob beradi. Normativ prognozning predmeti sifatida ijtimoiy jarayonlar xususiyatini butunlay o‘zgartirishga qodir bo‘lgan g‘oyalar, gipotezalar, farazlar, axloqiy me’yorlar, ijtimoiy ideallar, maqsadlar va mo‘ljallar amal qiladi.
Korrupsiya shakllanishining tarixi. BMT Kodeksida korrupsiyaga munosabat. O‘zbekistonda korrupsiyaga oid qonunlar va qarorlar tasnifi, korrupsiyaga qarshi kurashning ahamiyati.
Hozirgi zamonda tobora ko‘p qo‘llanilayotgan atamalardan biri bu korrupsiyadir. Korrupsiya albatta bugun paydo bo‘lgan illat emas, u qadimdan buyon mavjud bo‘lib kelmokda. Qadimgi yunon faylasufi Aristotel shunday degan:“Har qanday davlat tizimida - qonunlar va boshqa farmoyishlar orqali ishni shunday tashkil qilish kerak-ki, unda mansabdor shaxslarni noqonuniy yo‘l bilan boyishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim”. Fransuz mutafakkiri Sharl Monteske esa bu borada “Asrlar tajribasidan ma’lumki, har qanday hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan shaxs, uni suiiste’mol qilishga moyil bo‘ladi va u ma’lum bir maqsadga erishmaguncha shu yo‘nalishda yuradi” degan fikrlarni bildirgan. Korrupsiyaning jamiyatga tahdidi barcha millatlar, diniy, huquqiy adabiyotlarning qadimiy manbalarida ham qayd etiladi. Davlat boshqaruvi san’atiga bag‘ishlangan qadimiy hind dostonlaridan “Artxashastra” (er.avv.IV asr)da podshoh oldida turadigan mug‘im vazifalardan biri xazinani talontaroj qiluvchilarga qarshi kurashish ekanligi ta’kidlanadi. “Osmonda uchayotgan qushning qayoqqa qarab burilishini aytib berishdan ko‘ra, ayyor amaldorning qanday hiyla o‘ylab topishini oldindan aytib berish mushkulroqdir; dengizdagi baliq suvdan ichayotganligi yo ichmayotganligini aniqlab bo‘lmaganidek, amaldor unga ishonilgan mulkni o‘zlashtirayotgan yo o‘zlashtirmayotganligini ham aniqlab bo‘lmaydi”29 , - deyiladi. G‘arbiy Yevropa davlatlarining keyingi tarixida ham korrupsiyaning turli ko‘rinishlari va korrupsion munosabatlarning avj olishi nafaqat tarixiy manbalarda balki, o‘sha davrning ilg‘or yozuvchi faylasuflarining asarlarida ham o‘z ifodasini topgan. Xususan, Shekspirning “Venetsiyalik savdogar”, “Qonga qon, jonga jon” , Dantening “Do‘zax”, “Tozalovchi” kabi asarlarida ham yoritilgan. Dante korrupsionerlarni do‘zaxni eng qorong‘i va eng chuqur joyiga tashlash kerak degan fikrni bildirgan.
Korrupsiyaning kelib chiqishi tarixi va rivojlanishi masalalarini Nikkolo Makiavelli o‘rganib, uni yo‘talga qiyoslab shunday degan edi, “Korrupsiyani ham yo‘talga o‘xshab oldin aniqlash qiyin, ammo davolash oson, lekin bu kasalni o‘tkazib yuborsangiz uni aniqlash oson, ammo davolash qiyin”. Mana shu so‘zlardagi haqiqatni bugungi kunda dunyo bo‘yicha keng tarqalgan korrupsiya ko‘rinishlariga nisbatan ham qo‘llash mumkin bo‘ladi.
Ma’lumki “Korrupsiya” tushunchasi lotin tilidagi “corruptio” so‘zidan olingan bulib, mazmuni “buzish, sotib olish” ma’nosini beradi va uning grammatik bir ildizli ma’nosi yana “korroziya” suzi ya’ni “chirish” yoki “zanglash” degan mazmunni ham beradi. Shundan kelib chikib bu so‘zni ijtimoiy ko‘rinishi hokimiyatni buzish, chiritish orkali sotib olish” degan ma’noni beradi. Korrupsiya muammolari bo‘yicha Yevropa Kengashi Guruhlarining 1-sessiyasi (1995 yil 22-24 fevral, Strasburg)da “Korrupsiya”ga shunday ta’rif berilgan.“Korrupsiya - pora olish (o‘ziga og‘dirish), davlat yoki xususiy sohada muayyan vakolatga ega bo‘lgan shaxs, mansabdor shaxsning yoki xususiy sohada faoliyat yuritadigan shaxs yoki mustaqil agentning o‘z mansab vazifasidan yoki shunga o‘xshash munosabatlardan kelib chiqadigan majburiyatlarini buzadigan shuningdek o‘zi yoxud o‘zga shaxslar manfaati uchun har qanday shakldagi afzalliklarga ega bo‘lish maqsadida ifodalangan xatti-harakat”.
Shuningdek, “Korrupsiya - mansabdor shaxs tomonidan muayyan harakat yoki harakatsizlik sodir etish (etmaslik) evaziga moddiy manfaatdor qilayotgan shaxsning manfaatini ko‘zlab mansab vazifasini buzgan yozi buzmagan holda, turli shaklda moddiy qimmatliklar olishi yoxud mulkiy naf ko‘rishi.” (BMT mansabdor shaxslarining obod-axloq Kodeksi 17.12.1979 y). “Korrupsiya - shaxsiy manfaati yo‘lida davlat hokimiyati vazifalarini suiiste’mol qilishi (BMTning Korrupsiyaga qarshi xalqaro kurash bo‘yicha axborot hujjati). Korrupsiya - bu shaxsiy manfaat uchun davlat hokimiyati mansab vazifasini suiiste’mol qilish (Butunjahon banki hisoboti, 1997 y.) Jahon miqyosida quyidagi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha xalqarohuquqiy hujjatlarni alohida ta’kidlab o‘tish lozimdir:

  1. BMTning “Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi”;

  2. Yevropa Ittifoqining “Korrupsiya uchun jinoiy javobgorlik to‘g‘risidagi Konvensiyasi;

v) Yevropa Ittifoqining “Korrupsiya uchun fuqaroviy javobgarlik to‘g‘risida”gi Konvensiyasi;
g) Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida “Korrupsiyaga qarshi siyosatning qonunchilik asoslari to‘g‘risida”gi model qonuni;
d) “Osiyo Taraqqiyot Banki va Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki Osiyo va Tinch okeani korrupsiyaga qarshi harakat dasturi”;
Mamlakatimiz 2008 yil 7 iyulda BMTning “Korrupsiyaga qarshi” Konvensiyasiga (Nyu-York, 2003 yil 31 oktyabr) qo‘shildi. Davlatimiz 2010 yil mart oyida Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurashishning Istanbul rejasiga (2003 yil

  1. sentyabr) qo‘shilgan. SHuningdek, Oliy Majlis tomonidan Jinoiy daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Yevroosiyo guruhi to‘g‘risidagi bitimi (Moskva, 2011 yil 16 iyun) 2011 yil 13 dekabrda ratifikatsiya qilingan. O‘zbekiston mintaqamizda birinchilardan bo‘lib “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonunni qabul qildi. Ushbu tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil 3 yanvar kuni imzolangan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni 3moddasida asosiy tushunchalar berilgan bo‘lib, unda korrupsiyaga oid huquqbuzarlik va manfaatlar to‘qnashuviga doir tushunchalarga ta’rif berilgan, ya’ni korrupsiya - shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini, yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma majlisidagi “Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” mavzusidagi ma’ruzasida “Jamiyatimizda korrupsiya, turli jinoyatlarni sodir etish va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish, ularga yo‘l qo‘ymaslik, jinoyatga jazo, albatta, muqarrar ekani to‘g‘risidagi qonun talablarini amalda ta’minlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishimiz zarur”30, deb ta’kidlab o‘tilgan.
Umuman olganda, korrupsiyani vujudga keltiruvchi shart-sharoitlarga quyidagilarni kiritish mumkin:

  • o‘tish davridagi qiyinchilik;

  • ijro etish tizimining yomonlashuvi;

  • huquqiy nigilizm;

  • jamiyatda insonlarning huquqiy madaniyati;

  • iqtisodiy aspektlar;

Dunyodagi mamlakatlarda korrupsiyaning mamlakat boshqaruvi, iqtisodiyoti va boshqa sohalariga ta’sirini xalqaro nodavlat-notijorat “Transparency International” - “Transperensi interneshnl” tadqiqotlariga asosan baholab kelinadi.
Adabiyotlar

  1. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. - T.:“O’zbekiston”, 2014. 24 b

  2. O’zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo’yicha Harakatlar strategiyasi to’g’risida”gi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF- 4947sonli Farmoni.

  3. Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz.

  • Toshkent: “O’zbekiston” NMIU, 2017. - 488 b.

  1. Mirziyoyev Sh.M. Erkin va farovon, demokratik O’zbekiston davlatini birgalikda barpo etamiz. - Toshkent: “O’zbekiston” NMIU, 2017. - 56 b.

  2. Karimov I.A. Asarlar to‘plami. 1-24 jildlar.- T.: O’zbekiston 1996-2016.

  3. Karimov I. A. Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch. 2 nashr -T.:Ma’naviyat, 2016 176- b.

  4. Falsafa. Axmedova M. Tahriri ostida. - T.: O’FMJ, 2006. 339 b.

  5. Shermuxamedova N.A. Falsafa. - T.: Noshir, 2012. 1214 b.

  6. Falsafa asoslari. Q.Nazarov tahriri ostida. -T.: «SHarq», 2005 y.


Download 1.31 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   14   15   16   17   18   19   20   21   ...   93




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling