Ikki kishi sayohat qilib yurib, bir g'orga duch kelibdi. Ichiga kirib qarashsa, kumush eshik bor ekan. Eshikni ochib ichkariga kirishibdi. U erda bir kumush sandiq bo'lib, ichi to'la kumush tanga ekan. Sayohatchilar cho'ntaklari va qo'ynilarini kumush tangaga to'ldirishibdi.
Endi ketmoqchi bo'lib turishganda nariroqda tilla eshikni ko'rib qolishibdi. Uni ochib kirishsa, tilla sandiq bor ekan. Uning ham ichi to'la tilla tanga ekan. Kumushlarni tashlab yuborib, cho'ntaklarini tillaga to'ldirishibdi. Endi ketmoqchi bo'lib turishganda ichkarida yog'och eshikni ko'rib qolishibdi. Uni ochib kirishsa, yog'och sandiq turgan ekan. Sandiqni ochib qarashsa, ichi to'la kitob ekan.
Sayohatchilardan biri: «Kitoblarni bunchalik ichkariga yashirishning nima hojati bor edi?! Bu sandiq g'orning og'zida tursa ham bo'lar edi», deb orqasiga qayta boshlabdi. Ikkinchi sayohatchi esa: «Bu sandiqning ichkariga yashirilishining bir hikmati bo'lsa kerak », deb tillalarni to'kib, kitoblardan ko'targanicha olibdi. Sherigi uning qilgan ishidan kulibdi. Ikki sayohatchi g'ordan chiqib, uylariga ketibdi va har qaysinisi o'z holicha yashay boshlabdi.
Oradan yillar o'tib, tilla olib kelgan odamning boyligiga boylik qo'shilib, badavlat bo'lib ketibdi. Kitob olib kelgan odamning esa bolalari kitoblarni o'qib, elga tanilgan olimlar bo'lib etishibdi.
Bu paytda ikki sayohatchi keksayib qolgan ekan. Tilla olib kelgan odamning bolalari otasining boyligini talashib, bir-birlari bilan urishib, har tomonga tarqab, otasini ham unitishibdi. Kitob olib kelgan odamning bolalari esa otasiga minnatdorchilik bildirib, uni qarigan chog'ida parvarish qilishibdi.
«Tarbiya kitobi»dan olindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |