Ikkinchi jahon urushi davrida o’zbekiston demografiyasidagi o’zgarishlar olimjonov Davronbek
Download 44.5 Kb.
|
1-songa NamDU D.Olimjonov
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kalit so’zlar
IKKINCHI JAHON URUSHI DAVRIDA O’ZBEKISTON DEMOGRAFIYASIDAGI O’ZGARISHLAR Olimjonov Davronbek Namangan davlat universiteti, O’zbekiston tarixi mutaxasisligi magistranti Annotatsiya Ushbu maqolada Ikkinchi jahon urushi davrida O’zbekiston demografiyasiga Rossiyadan ko’chirilgan – chechen, ingush, mesxeti turk, qalmoq, balqar va qrim tatar xalqlari katta ta’sir qilganligi. Ularni turmush tarzi haqida ma’lumot va faktlar keltirilgan. Kalit so’zlar: Ikkinchi jahon urushi, chechen, ingush, mesxeti turk, qalmoq, balqar, qrim tatar, demografiya. Annotation In this article, the demographics of Uzbekistan during World War II were greatly influenced by the Chechen, Ingush, Meskhetian, Turkic, Kalmyk, Balkar, and Crimean Tatar peoples. Here are some facts and facts about their lifestyle. Keywords: World War II, Chechen, Ingush, Meskhetian Turk, Kalmyk, Balkar, Crimean Tatar, Demography. Sovet davlatining fashizmga qarshi urush yillari davri tarixida xalqlarni majburiy ravishda ko‘chirish, ya’ni deportatsiya qilish alohida o‘rin egallaydi. Xalqlarni majburlab ko‘chirish, deportatsiya jarayonlari turli davlatlarda o‘ziga xos xususiyatlar asosida amalga oshirilgan. Sovet tuzumi sharoitida esa, xalqlarni deportatsiya qilish orqali milliy mojarolarni hamda davlatning milliy masaladagi muammolarini hal qilish maqsadida foydalanildi. 30-50-yillar davomida Sovet Ittifoqida 60 dan ortiq xalqlar va aholi guruhlari yashab turgan joylaridan mamlakatning boshqa hududlariga majburan ko‘chirildi. Deportatsiya jarayoni ayniqsa, 1930-40-yillarda ancha kuchaygan. 1940-yillarning 1-yarmida ayrim xalqlar dushman bilan hamkorlik qilganligi bahonasidan kelib chiqib, 1943-1944 yillarda SSSR Oliy Sovetining xalqlarni deportatsiya qilish to‘g‘risidagi bir qator farmonlari e’lon qilindi. Xususan, 1943-yil 12-oktyabrdagi «Qorachoy avtonom oblastini tugatish va uning hududining ma’muriy tuzilishi to‘g‘risida»[1]gi, 1943-yil 27-dekabrdagi «Qalmoq ASSRni tugatish va RSFSR hududida Astraxan oblastini tashkil etish to‘g‘risida»[2]gi farmonlarida xalqlarning (qorachoylar, qalmiqlar, chechenlar, ingushlar, balqarlar, Qrim tatarlari) ko‘chirilish sabablari bir xilda, ya’ni nemis bosqinchilari tomonidan tashkil etilgan qurolli guruhlarda ishtirok etish, fashist bosqinchilariga yo‘l ko‘rsatuvchi sifatida yordam ko‘rsatish, ozod etilgan hududlardagi banditlar tuzilmalarida qatnashish, sovet xalqiga qarshi sotqinlik harakatlari bo‘lganligida, deb ko‘rsatildi. Albatta fashist bosqinchilari egallagan hududlardagi xalqlar vakillarining bosqinchilar bilan hamkorlik qilgan holatlari bo‘lgan. Shu bilan birga, sovet hukumatining ashaddiy dushmanlari va ayni vaqtda uning haqiqiy tarafdorlari ham bo‘lgan. Xalqlarning asosiy qismi o‘z hayoti, oilasi va Vatanini Germaniya agressiyasidan jonbozlik bilan himoya qilgan. Shuningdek, 1941-1945-yillar urushidagi g‘alabaga SSSR xalqlarining birlashgan hatti-harakatlari tufayli erishilgan. Urush yillarida 60 millatga mansub 11000 dan ko‘proq kishi sovet ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi (ular orasida 8 ta qalmiq, 7 ta kabardin, 6 ta adigey, 5 ta abxaz, 2 ta moldavan va boshqalar bor edi)[3]. Ayrim xalq vakillarining xoinligi tufayli butun bir xalq xiyonatkor bo‘lishi mumkin emas edi. Hukumat tomonidan xalqlarga nisbatan zo‘ravonlik bilan amalga oshirilgan qatag‘onlik choralarini og‘ir urush sharoiti talablaridan biri, deb izohlanganda ham jamoatchilik oldida uni oqlab bo‘lmaydi. Mazkur yillarda ko‘plab xalqlar, jumladan, koreyslar, polyaklar, nemislar, kurdlar, mesxeti turklari, xemshillar, chechenlar, ingushlar, balqarlar, qorachoylar, Qrim tatarlari, bolqarlar, qalmiqlar, greklar, pontiya greklari va boshqalar turli sabab hamda bahonalar bilan o‘zlarining yashab turgan joylaridan mamlakatning boshqa hududlariga, jumladan, O‘zbekistonga deportatsiya qilindi. Bunday harakatlar mazkur xalqlarning vakillari bo‘lgan jangchilar urush frontlarida mardona jang qilib, halok bo‘layotgan paytlarda sodir qilindi. Stalincha rahbariyat “kichik xalqlar”ning zo‘ravonlik bilan ko‘chirilishini, ular fashist bosqinchilari bilan “hamkorlik qilganlar” deb oqlashga uringan. Mazkur xalqlarning bir guruhi, ya’ni chegara hududlarida yashagan koreyslar, polyaklar, kurdlar, mesxeti-turklari, xemshillar va boshqalar «chegara xavfsizligini ta’minlash» maqsadida, ikkinchi guruhi esa shimoliy Kavkaz, Qrim xalqlari va boshqalar hukumatga qarshi kurashda ayblanib ko‘chirildi. O‘zbekistonga ko‘chirilgan greklar esa, «davlat chegara hududlarini rus bo‘lmagan «shubhali» xalqlardan tozalash maqsadida (Davlat Mudofaa Komitetining 1941-yil 12-maydagi «Krasnodar o‘lkasi va Rostov viloyatidagi chet el fuqarolarini ko‘chirish to‘g‘risida»gi va 1942-yil 29-maydagi «Davlat uchun xavfli bo‘lgan shaxslarni ko‘chirish to‘g‘risida»gi qarorlariga binoan) deportatsiya qilindi[4]. Ko‘chirilgan xalqlarning barchasi milliy-davlat tuzilmalari va konstitutsion huquqlaridan mahrum etilganlar. Maxsus ko‘chirib keltirilganlar o‘zlari uchun belgilangan repressiv rejimga qat’iy rioya qilishlari va NKVD (Ichki ishlar xalq nozirligi)ning maxsus komendaturalari farmoyishlariga bo‘ysunishlari shart bo‘lgan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘chirish jarayonida maxsus posyolka va lagerlarda deyarli 200 ming chechen va ingush, 120 ming qalmiq (xalqning deyarli yarmi), 40 ming qorachoylik (millatning 1\3), 20 ming balqar (millatning yarmi) halok bo‘lgan[5]. 1944-yil martidan 1945-yil oktabriga qadar mamlakat bo‘ylab maxsus ko‘chirilganlar soni 2 230 500 kishini tashkil etgan bo‘lib, ulardan 200 mingdan ortiq kishi O‘zbekistonga joylashtirilgan[6]. Amalda ularning umumiy soni ko‘p bo‘lgan. Gruziyadan 110 mingga yaqin mesxeti turklari, Shimoliy Kavkazdan 20 mingdan ortiq ingush, 4,5 ming arman, greklar, Qrimdan 151 604 qrim tatarlari va boshqalar ko‘chirib keltirilgan[7]. Shunday qilib, O‘zbekiston deportatsiya jarayonida zo‘rlik bilan etnik ozchilikni joylashtirish hududiga aylantirildi. Keyingi yillarda O‘zbekistonga xalqlarning zo‘rlik bilan ko‘chirilishi va joylashtirilishi masalalariga doir ba’zi bir tadqiqotlar e’lon qilingan bo‘lsa-da[8], mazkur muammo hali milliy mustaqillik mafkurasi asosida yanada chuqurroq va atroflicha tahlilni hamda ilmiy yondashuvni talab qiladi. 1943-44-yillarda O‘zbekistonga maxsus ko‘chirilganlar orasida erkaklar faqat 18 foizni tashkil etgan. Xotin-qizlar taxminan 30 foizni, qolganlar, ya’ni yarmidan ko‘pini bolalar tashkil qilgan[9]. Mahalliy aholining maxsus ko‘chirilganlar bilan muomalada bo‘lishiga davlat organlari xodimlari shubha bilan qaraganlar hamda, maxsus ko‘chirib keltirilganlarga nisbatan “umumiy nafrat” to‘lqinini vujudga keltirish uchun hamma choralarni ko‘rganlar. Sobiq SSSRning turli hududlaridan bir qator xalqlarning O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi ularni yangi yerlarga joylashtirish va bu yerda keyingi hayotlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, jumladan, uy-joy va ish bilan ta’minlash, moddiy yordam ko‘rsatish va ijtimoiy masalalarni hal etish muammosini keltirib chiqardi.
Arxiv hujjatlari ko‘pincha maxsus ko‘chirib keltirilgan xalqlarning moddiy ahvoli, yashash sharoitlari yaxshi bo‘lmaganligidan, hukumatning, huquqni muhofaza qilish organlari vakillarining maxsus ko‘chirilgan aholining turar-joy sharoitlari uchun javobgarlikdan bo‘yin tovlaganligidan, shu bilan birga mavjud ahvolni o‘zgartirish uchun choralar ko‘rishga harakat qilinganligidan dalolat beradi. Jumladan, O‘zbekiston SSR XKSning «Maxsus ko‘chirilgan aholiga xizmat ko‘rsatishning qo‘shimcha chora-tadbirlari» to‘g‘risidagi hisobotida quyidagi ma’lumotlar keltiriladi: «Maxsus ko‘chirilganlarga yordam berish maqsadida Namangan viloyatida davlat tomonidan 180000 rubl mablag‘ ajratildi. Bundan tashqari aholidan 24000 rubl, hamda 3878 ta issiq kiyimlar yig‘ilgan bo‘lib, ular ham ko‘chirilganlarga tarqatildi. Shuni ham aytish kerakki, bugungi kunda 50-60 foiz aholi orasida butunlay antisanitariya holati kuzatilgan. Ularda almashtirishga kiyimi, yotoq anjomlari, yuvinish uchun hatto sovuni ham bo‘lmagan. Antisanitariya holati tufayli ko‘plab kasalliklar tarqalishining oldini olish choralarini ko‘rish lozimligi e’tiborga olinmagan»[10].
[1] Tak i bilo, I kitob, Insan. Kazan:,1993, 258 son. [2] Tak i bilo, II kitob, Insan. Kazan:, 1993, 39-son.
[4] Rahmonqulova A. O‘zbekistonga deportatsiya qilinganlar , №3 T:, 2003, - 32-b. [5] Sovet mustamlakasi davrida O'zbekiston, O'zbekistonning yangi tarixi, II kitob, T:, 2000, - 462-b.; Dolutskiy I.I., SSSR vo vtoroy mirovoy voyne (1941-1945yy.), - M:. 1992, -141-b. [6] Bugay N.F., K voprosu o deportatsii narodov SSSR v 30-40-gody: Voprosy Istorii, №6, M:, 1989, - 141-143-b. [7] Sovet mustamlakasi davrida O'zbekiston, O'zbekistonning yangi tarixi II kitob, T:, 2000, - 462-b. [8] Kim P.G., Koreya Respublikasi: tarix va zamonaviylik, T:, 1993; Kim V.D., Pravda polveka spustya, T:, 1999; Primqulov Sh., Samarqanddagi Polsha fuqarolari (1941-1946), S:, 1999.. [9] Sovet Ittifoqi davrida O'zbekiston. O'zbekistonning yangi tarixi. –T:, 2000, 462-b. [10] O'zDA, 314 f., 1-ro'yxat, 116 jild, 7-nashr. Download 44.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling