Innovatsiyalar vazirligi abdulla qodiriy nomidagi jizzax davlat pedagogika universiteti
Yangi O‘zbekisiton sharoitida sifatli ta’limni yo‘lga qo‘yish va uning ahamiyati
Download 369 Kb.
|
2023 TAYYOR
2.2. Yangi O‘zbekisiton sharoitida sifatli ta’limni yo‘lga qo‘yish va uning ahamiyati.
Ta’lim-tarbiya tizimini mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2018 yil 5 sentyabr kuni davlatimiz rahbarining “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, shuningdek, qator qarorlari qabul qilindi. Xujjatda, ushbu sohadagi ishlar holatini tanqidiy tahlil qilish xalq ta’limi tizimi boshqaruvini tashkil etish, davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining faoliyatini amaliy jihatdan muvofiqlashtirish, ularning moddiy-texnik holatini yaxshilash bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirishda bir qator muammolar va kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Jumladan: birinchidan, joylarda umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, umumta’lim muassasalari rahbarlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yish masalalarini hal etish, idoraviy mansub tashkilotlarning mulkidan samarali foydalanishda xalq ta’limi boshqaruv organlari rolining etarli darajada emasligi; ikkinchidan, umumta’lim muassasalari rahbarlari zimmasiga ularga xos bo‘lmagan vazifalar va funksiyalarni yuklash, muassasa direktori va uning o‘rinbosarlari o‘rtasida vakolatlarning aniq taqsimlanmaganligi, ular faoliyati samaradorligini baholashning aniq mezonlari va parametrlari mavjud emasligi; uchinchidan, umumiy o‘rta ta’limning dolzarb masalalari va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqotlarning mavjud emasligi, o‘quv-tarbiya jarayonini uslubiy ta’minlash masalalarida xalq ta’limi bo‘limlari va umumta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik darajasining pastligi; to‘rtinchidan, rahbarlar, o‘qituvchilar va umumta’lim muassasalari boshqa xodimlarining kasbiy faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvdan himoya qilish mexanizmlarining samarasizligi, nazorat qiluvchi va boshqa davlat organlari tomonidan maktablarni tekshirish haddan ziyod ko‘payib ketganligi; beshinchidan, ta’lim sifatini ta’minlash, o‘qituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirish masalalarida umumta’lim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik va shaffoflik darajasining etarli darajada emasligi, o‘quv-tarbiya jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratining mavjud emasligi; oltinchidan, xalq ta’limi tizimi muassasalarini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash mexanizmining mukammal emasligi, ularning faoliyatiga zamonaviy me’moriy echimlar, innovatsion ishlanmalarni va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish darajasining pastligi aytib o‘tilgan. Prezident Farmonida xalq ta’limi tizimini isloh qilishning asosiy yo‘nalishlari etib qo‘ydagilarni belgilab berilgan: - umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’limni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, har tomonlama kamol topgan avlodni tarbiyalash, o‘quvchilarning ma’naviy-axloqiy va intellektual rivojlanishini ta’minlash; - ushbu sohada yagona davlat siyosatini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining muvofiqlashtiruvchi roli va mas’uliyatini kuchaytirish, shuningdek, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining mazkur yo‘nalishdagi vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilash va tartibga solish; - rahbar va pedagog xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tatbiq etish yo‘li bilan xalq ta’limi tizimida kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy etish; - xalq ta’limi muassasalarini boshqarish tizimiga zamonaviy axborotkommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shaffof va samarali jamoatchilik nazoratiga erishish, shu jumladan barcha muassasalarning telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishini ta’minlash, barcha foydalanishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlar manbasini yaratish, ularning faoliyatini baholashning elektron reyting tizimini joriy etish; - xalq ta’limi muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirishni va ijtimoiy muhofaza qilishni yaxshilash, ularning samarali ishlashi uchun munosib sharoitlarni yaratish; - zarur tashkiliy-huquqiy va texnik-iqtisodiy sharoitlarni yaratish yo‘li bilan umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim sohasida nodavlat xizmatlarni ko‘rsatishga oid faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tarmog‘ini yanada rivojlantirish, ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklikning turli shakllarini samarali joriy etish; - xalq ta’limi tizimiga ilg‘or xorijiy tajribani, o‘quv-tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalarni, shu jumladan ta’lim berishning innovatsion usullarini joriy etish, o‘quv va o‘quv-uslubiy adabiyotlarning yangi avlodini yaratish, fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish. Keyingi yillarda ta’lim tizimini takomillashtirish, zamonaviy kadrlar tayyorlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Prezident qarori bilan 2017-2021 yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi qabul qilindi. 2018 yilda mamlakatimizda 13 ta yangi oliy ta’lim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etildi. Fanlar akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishlari boshlandi. Albatta, bunday e’tibor yaqin kelajakda o‘z samarasini beradi. Lekin barcha sohalarda jadal islohotlar olib borilayotgan bir paytda shu sur’atga mos ilg‘or kadrlar mamlakatimizga bugun kerak. Hozirgi tizimli o‘zgarishlar jarayonida aksariyat mutaxassislarning bunga tayyor emasligi, ularning bilimi, malakasi va ko‘nikmasi zamon talabiga javob bermasligi ayon bo‘lib qoldi. Masalan, xorijda doktorantura va magistraturada o‘qitish, malaka oshirish va stajirovkani tashkil qilish bo‘yicha dastlabki ehtiyoj 3,5 mingdan ortiq. YUrtimizda xalqaro ilmiy va amaliy tajriba ega 600 nafardan ziyod vatandoshlarimizga ehtiyoj mavjud. 1000 ga yaqin xorijiy olimlar va ekspertlarni jalb etishga talab bor. Ya’ni, bugun kechiktirib bo‘lmaydigan, oddiy ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj 5 mingdan ziyodni tashkil etadi. Agar ishlab chiqarishdagi talab ham inobatga olinsa bu raqam kamida 50-100 baravarga oshadi. «Bu hali bugungi ehtiyoj. Yaqin va uzoq istiqboldagi iqtisodiy rivojlanish nuqtai nazaridan bizga qaysi soha uchun qanday mutaxassis kerak bo‘ladi? Shuni hozirdan chuqur o‘ylashimiz, zamon talabi, islohotlar shiddatiga mos kadrlarni tarbiyalashimiz kerak. Bu masala bizning kelajagimiz, bizning ertangi kunimiz», – dedi SHavkat Mirziyoev. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentning 2018 yil 25 sentyabrdagi Farmoniga1 muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilgan edi. Jamg‘arma oldiga o‘zbekistonlik iqtidorli yoshlarni doktorantura va magistratura dasturlari bo‘yicha o‘qitish, turli soha mutaxassislarining malakasini oshirish va stajirovkasini tashkil etish, xorijdagi vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularni mamlakatimizda bo‘layotgan ijtimoiyiqtisodiy islohotlarga jalb qilish, chet eldagi universitetlar va ilmiy markazlar bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlarni tayyorlashga qo‘mak berish vazifalari qo‘yilgan. Ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun 2019 yilda davlat byudjetidan 45 milliard so‘m ajratilishi rejalashtirilgan. Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, bu mablag‘ yanada oshiriladigan bo‘ldi. Vazirlar Mahkamasiga “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda barcha vazirlik va idoralar kesimida xorijda kadrlar tayyorlash, stajirovkasini tashkillashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Oliy ta’lim vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasiga kadrlarni xorijga yuborish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni aniqlab, tanlov e’lon qilish bo‘yicha topshiriq berildi. Jamg‘arma Tashqi ishlar vazirligi, YOshlar ittifoqi bilan hamkorlikda xorijda qimmatli tajribaga ega bo‘lgan vatandoshlarimiz to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirib borishi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi mamlakatlar va mutaxassisliklar kesimida vatandoshlar to‘g‘risida ma’lumotlar reestrini tezroq ishga tushirishi zarurligi qayd etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizga jalb etilayotgan har qanday xorijiy investitsiyaning ma’lum bir qismini malakali mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltirish kerakligini alohida ta’kidladi. Yig‘ilishda yana bir masala – istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlab olish, ularning kasb malakasini uzluksiz oshirib borishga ko‘maklashish masalalari ham ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 30-maydagi “Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlov asosida tanlab olishning zamonaviy tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi1 qarorida respublika bo‘yicha vazirlik, idora va tashkilotlarda rahbar kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash maqsadida tanlov o‘tkazish belgilangan edi. Tanlovning dastlabki bosqichidan so‘ng 8 ming 334 talabgordan 3 ming 825 nafari keyingi bosqichlarga tavsiya etildi. Yakunda 50 nafar yuqori malakali kadr tanlab olinadi. Davlatimiz rahbari tanlovning final bosqichi ishtirokchilarini qisqa muddatli kurslar orqali malakasini oshirish kerakligini ta’kidladi. Tanlov g‘oliblarining stajirovkasi qaysi rivojlangan mamalakatda, qaysi tashkilotlar va qanday mezonlar asosida o‘tkazilishini aniq belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish masalasida bir ahamiyatli xujjatga e’tibor bersak, bu Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.2 Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Xalq ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Moliya vazirligining: a) quyidagi xalqaro baholash dasturlari bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish: Progress in International Reading and Literacy Study (PIRLS) - boshlang‘ich 4- sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash uchun; Trends in International Mathematics and Science Study (TIMSS) - 4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan o‘zlashtirish darajasini baholash uchun; The Programme for International Student Assessment (PISA) - 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash uchun; The Teaching and Learning International Survey (TALIS) - rahbar va pedagog kadrlarning umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘qitish va ta’lim olish muhitini hamda o‘qituvchilarning ish sharoitlarini o‘rganish uchun; b) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzurida Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi. Milliy markazning asosiy vazifalari va faoliyatining yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi: - xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish hamda muvofiqlashtirishda O‘zbekiston Respublikasining vakili sifatida ishtirok etish; - ta’lim tizimida o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini rivojlantirishning innovatsion metodlarini ishlab chiqish va joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy izlanishlar olib borish; - ta’lim sifatini baholash sohasida xalqaro aloqalarni o‘rnatish, xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, xalqaro ilmiy anjumanlar va simpoziumlarni tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etish; - ta’lim sifatini baholash sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlar o‘tkazish; - ta’lim sifatini baholash bo‘yicha tadqiqotlarni ilmiy va uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash; - umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta’minlash; - O‘zbekiston Respublikasining xalqaro baholash dasturlarida qayd etgan natijalarini boshqa davlatlar natijalari bilan qiyosiy taqqoslash; - xalqaro baholash dasturlarini ta’lim jarayoniga joriy etish bo‘yicha tizimli monitoring olib borish, ushbu sohadagi ilg‘or tajribani ommalashtirish va uning asosida ta’lim muassasalari uchun tavsiyalar va qo‘llanmalar ishlab chiqishda ishtirok etish; - o‘qitishning innovatsion usullaridan foydalangan holda o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlar bo‘yicha pedagog kadrlarning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv-uslubiy tavsiyalar tayyorlash. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida ilm-fan va innovatsiyalar sohasida yetakchi mamlakatlar qatoridan o‘rin olish, to‘rtinchi sanoat inqilobi davrida xalqaro raqobatbardoshlikka erishish, to‘plangan muammolarning yangi yechimlarini izlab topish, shuningdek, globallashuv tufayli yuzaga kelayotgan bahsli masalalarni hal qilishga alohida e’tibor qaratiladi. Bugungi keskin raqobat sharoitida iqtisodiyotda ustuvor yo‘nalishlar rivojini ta’minlovchi ilmiy tadqiqotlar hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshiruvchi tizim ishini samarali tashkil qilish eng asosiy vazifa hisoblanadi. O‘zbekistonni 2030-yilga qadar global innovatsion indeks reytingida dunyoning yetakchi davlatlari qatoriga kiritishdek ulkan maqsadga erishishda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan strategik reja e’lon qilindi. Bizning maqsadimiz ilm-fan sohasini zamonaviy iqtisodiyot talablariga moslashtirishdan iborat bo‘lib, o‘z navbatida, ilm-fandagi tegishli huquqiy baza bilan tartibga solinadigan tub tarkibiy, tashkiliy, moliyaviy hamda kadrlar va infratuzilmaga oid islohot va o‘zgarishlarni amalga oshirishni ko‘zda tutadi.20 Mamlakatimizda so’nggi yillarda ilm-fanni rivojlantirish borasida bir nechta ustuvor vazifalarni amalga oshirishni talab etadi: -ilm-fan sohasida boshqaruv tizimini takomillashtirish borasida jahon tajribasida loyihaviy boshqaruv o‘z samaradorligini ko‘rsatayotganini inobatga olib, dasturiy maqsadli yondashuvni qo‘llash hamda yangi boshqaruv vositalarini joriy etish va ulardan foydalanish; -ilm-fan va ilmiy faoliyatni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish hamda moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiyalash21 va zamonaviy fan yo‘nalishlari bo‘yicha infratuz ilmalarni tashkil qilish, ilmiy tashkilotlarning moddiy-texnika bazasini yangilab borish, oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limni moliyalashtirish kabi rejalashtirilgan chora-tadbirlarga yo‘naltirish; -ilmiy loyihalarni xususiy sektor va tarmoq tashkilotlari bilan teng sheriklikda moliyalashtirish amaliyoti kengaytiriladi, ilmiy-innovatsion loyihalarni qo‘shimcha moliyalashtirish maqsadida xalqaro moliya institutlari, xususan, Jahon bankining ilm-fanni tijoratlashtirishga ajratiladigan imtiyozli qarz mablag‘larini jalb qilish; -ilm-fan va ilmiy faoliyatga xorijiy davlatlar donor tashkilotlarining grantlari, texnik ko‘mak va boshqa tashqi beg‘araz ko‘mak mablag‘larini jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshiriladi, ilm-fanning istiqbolli va yangi yo‘nalishlarida (raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, robototexnika, farmatsevtika, biotexnologiya, nanotexnologiyalar, energetika, muhandislik, elektronika, mexanika, mashinasozlik, genetika, astronomiya, dasturlash, sanoat dizayni, kriminalistikada) ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish; -yuqori malakali ilmiy va muhandis kadrlar tayyorlash hamda ularni ilmiy faoliyatga yo‘naltirish borasida, avvalo, davlat ilmiy tashkilotlarida yangi kadrlar siyosati joriy qilinib, asosiy e’tiborni kadrlar bilan ishlashning strategik boshqaruvini joriy etishga qaratish; -mutaxassislarni qayta tayyorlash va doimiy ravishda malakasini oshirib borish maqsadida xorijiy tillarni o‘rganayotgan olimlar uchun turli o‘quv kurslarini tashkil qilish, mahalliy va dunyoning yetakchi universitetlari o‘rtasida o‘qituvchi1ar va talabalar bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishni ko‘zda tutish; -innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘l1ab-quvvatlash jamg‘armasi va “El-yurt umidi” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda iqtidorli yosh olimlarning yetakchi xorijiy ilmiy markazlarda qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarini tashkil etish, o‘qish va malaka oshirishiga ko‘maklashish, ularning xalqaro ilmiy-texnik konferensiyalarda va ilmiy loyihalarda ishtirok etishlari, ilmiy ishlarining nashr etilishini ta’minlash; -tadqiqotchilar va olimlar uchun professional treninglar tashkil etiladi, ilmiy darajali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va jahon andozalariga moslashtirish choralari ko‘riladi,xalqaro ilmiy anjumanlarda ishtirok etish, yangi mexanizm sifatida grant loyihalari doirasida fan nomzodi yoki falsafa doktori va fan doktorlari tayyorlashga buyurtma berish hamda uni moliyalashtirishga ruxsat berish; -oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat va magistraturada tahsil olayotgan talabalarga ilmiy faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlari yaratish, doktorantlar bilan ishlash, ular tomonidan olib borilayotgan ishlarni nazorat qilish, himoyaga o‘z vaqtida chiqishini ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish; -ilm-fanni yanada rivojlantirish va uning zamonaviy infratuzilmasini yaratishda, avvalo, ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalarining ilmiy laboratoriyalari zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi hamda butlovchi qismlar bilan ta’minlanishiga hamda ilmiy faoliyat infratuzilmalari doirasida ilmiy laboratoriyalar tarmog’i yaratilishiga alohida e’tibor berish; -ilm-fanni rivojlantirish uchun mahalliy va xorijiy olimlarga markazlarning asbob-uskunalari, tajriba ishlab chiqarish bazalari va boshqa ilmiy resurslaridan foydalanishga keng imkoniyatlar yaratish, nodavlat loyiha va konstruktorlik tashkilotlarini rivojlantirishga e’tibor qaratish va investitsiya dasturlari doirasida qo‘llab-quvvatlash; -ilmiy tashkilotlar, universitetlar tarkibida ilmiy-innovatsion klasterlar, innovatsiya markazlari, konstruktorlik ustaxonalari, biznes akseleratorlar, startap akseleratorlarini tashkil qilish va ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, mahsulotlar marketingi bilan shug‘ullanadigan alohida kompaniyalar faoliyatini yo‘1ga qo‘yishga alohida ahamiyat qaratiladi; -xususiy sektor va xo‘jalik yurituvchi subyektlar, jumladan, davlat boshqaruvi organlari ishtirokidagi jamg‘armalar tashkil qilinishi hamda yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish uchun shart-sharoitlar yaratilishiga erishish; -rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, ilmiy ekspertiza jarayonida “manfaatlar to‘qnashuvi” omillarini cheklash maqsadida ilmiy loyihalar ekspertizasiga mas’u1 tuzilma tashkil qilinib, muhokamalarga chet el mutaxassislarini jalb qilgan holda, ekspertizaning to‘1a interaktiv platforma orqali o‘tkazilishini ta’minlashiga alohida e’tibor berish. Yangi O’zbekiston strategiyasida sifatli ta’limni yo’lga qo’yish borasida davlat dasturini amalga oshirish maqsadida Prezidentimizning 2023-yil 28-fevraldagi farmoni qabul qilingan.Ushbu farmonga asosan Ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish maqsadida yangicha o’zgarishlar amalga oshirish ko’zda tutildi.Masalan: -2023-yil 1-sentabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yilishi; -2023-2024-o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, jamoa bo‘lib ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim dasturlari amalda ijro etilishi. Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-4-sinflarida o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish; 5 -9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish; 10-11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilinsin. Shunga asosan farmonda bir necha ustuvor vazifalar belgilab berildi: a)2023-2024 o‘quv yilidan boshlab respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bepul ovqat bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilsin. Bunda, ovqat turlari o‘quvchilarning yoshi va sog‘lig‘i holatiga ko‘ra me’yorlangan holda yetkazib berilishi hamda sanitariya talablariga javob berishi ta’minlansin; b) 2023-yil 1-apreldan boshlab maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirish maqsadida: yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini ko‘p kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki yakka tartibda qurilgan uy-joylarni sotib olish va keyinchalik ularni ta’mirlash hamda jihozlash orqali tashkil etishga ruxsat etilsin; davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida ijaraga berilgan yer uchastkasida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosini qurgan xususiy sherik tomonidan ushbu binoning mazkur loyiha uchun bank kreditlari bo‘yicha garovga qo‘yilishiga oid cheklovlar bekor qilinsin; d) professional ta’lim tizimini rivojlantirish, mehnat bozori va ish beruvchilarning talablariga mos bo‘lgan malakali o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash maqsadida: 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual ta’lim shakli bo‘yicha ham ajratilsin; 2023-yil 1-sentabrga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida malakali xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Yevropa kasbiy ta’lim va kasbga o‘qitish sifatini ta’minlash tizimi talablariga to‘liq javob beradigan 1 tadan namunaviy professional ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilsin; e) 2023-yil 1-apreldan boshlab: - professional ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalari mos ravishda umumiy o‘rta ta’lim muassasasi pedagoglarining bazaviy tarif stavkalariga; - professional ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifasiga ega bo‘lgan, malaka toifasiga ega bo‘lmagan oliy ma’lumotli hamda oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan ishlab chiqarish ta’limi ustalarining bazaviy tarif stavkalari tegishincha umumiy o‘rta ta’lim muassasasi birinchi va ikkinchi malaka toifali o‘qituvchisi, oliy ma’lumotli o‘qituvchisi hamda o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchisining bazaviy tarif stavkalariga tenglashtirilsin.22 Shu jumladan, sifatli ta’limni o’rnatish maqsadida muhtaram Prezidentimiz 2022-2026-yillarga mo’ljallangan innovatsion rivojlanish strategiyasida bir necha muhim jihatlarni asosiy vazifa sifatida aytilgan. Ta’limning barcha bosqichlarida yaratuvchanlik, innovatsion tadbirkorlik va ratsionalizatorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish orqali innovatsion faoliyatni boshqarishda inson kapitalini yanada rivojlantirish uchun chora-tadbirlarni amalga oshirilishi lozim: -talaba yoshlarda innovatsiyaning dastlabki ilmiy, terminologik, texnologik tushunchalarini shakllantirish orqali innovatsion faoliyatdagi rolini oshirish; -ilm-fan va innovatsion faoliyatga kirib kelayotgan yoshlar, stajor-tadqiqotchi va tayanch doktorantlarning bilimi va saviyasini oshirish maqsadida o‘z iqtidorlarini va ratsionalizatorlik qobiliyatlarini namoyon qilishlari uchun jozibador rag‘batlantirish mexanizmlarini, intellektual raqobat muhitini yaratish; -iqtidorli maktab o‘quvchilari va talaba yoshlarni o‘zida jamlagan Yoshlar akademiyasi faoliyatini yanada rivojlantirish va qamrov doirasini oshirish orqali yoshlarning ilmiy hamda innovatsion faolligini qo‘llab-quvvatlash; -oliy ta’lim tashkilotlaridagi innovatsion markazlar, texnoparklar hamda hududiy innovatsiya markazlari va biznes-inkubatorlarda startap loyihalarni akseleratsiyadan o‘tkazish dasturlarini keng joriy etish; -innovatsiya va texnologik faoliyatni boshqarish yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularning muntazam ilmiy-amaliy stajirovkalarini tashkil qilish; -oliy ta’lim tashkilotlarining moliyaviy barqarorligini yaxshilash, ilm-fan va ishlab chiqarishdagi integratsiyasini mustahkamlash, jahon ilm-fani va ta’lim dasturlari bilan hamohangligini ta’minlash hamda iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlarini qondiruvchi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar bilan ta’minlashga qaratilgan “Innovatsion universitet” konsepsiyasini ishlab chiqish va bosqichma-bosqich joriy etish.23 Zamonaviy xodimning ma’lum bir ish faoliyatiga moslik darajasini baholash borasidagi talablar doimiy ravishda o‘zgarib va kuchayib bormoqda. Bunda “Kasbiy kompetentlik” sifatida uning nafaqat kasbiy bilimlari, malaka va ko‘nikmalari, balki mantiqiy fikrlashi, tashabbuskorligi, uddaburonligi, guruhda ishlash va hamkorlik qilishga bo‘lgan qobiliyati, ma’lumotliligi va boshqa sifatlari muhim ahamiyat kasb etadi. XULOSA « Prezident Shavkat Mirziyoyev asarlari va ma’ruzalarida ta’lim-tarbiya jarayonini yangi bosqichga ko‘tarish masalasi » mavzuida olib borilgan tadqiqot ishi qator xulosalarga kelish imkonini berdi: 1. Tarixiy tajriba shundan dalolat beradiki, qaerdaki ta’lim-tarbiyaga e’tibor berilsa, o‘sha yerda barkamol avlod yetishib chiqadi. Xalqimizning shu sohada to‘plagan boy tarixiy tajribasiga tayanib, unga ijodiy yondashgan holda faqat ma’rifatli insonlar ko‘pchilikni tashkil etgan jamiyatdagina yuksak ma’naviyat qaror topishi mumkinligini falsafiy jihatdan asoslab berish lozim. Biroq hozirgi vaqtda bu mavzu mamlakatimizdagi falsafiy fanlarda yetarli darajada ilmiy tahlil predmetiga aylanmadi, shu bois, maxsus tizimli nazariy tahlilni taqozo etmoqda. Bu ma’naviy-axloqiy ongi yuksak yoshlarni tarbiyalash borasidagi tadqiqotlarni yanada chuqurlashtirish zarurligini ko‘rsatadi. 2. Yoshlarni ma’naviy barkamol insonlar qilib shakllantirishda asosan ijtimoiy-falsafiy muammolar ta’lim-tarbiya jarayonida ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Ta’lim-tarbiya jarayonida ushbu muammolarni aniqlash va ularni bartaraf qilishning usul hamda vositalari ishlab chiqilib, amaliyotda qo‘llansa, ta’lim muassasalarida sog‘lom muhit shakllanishi va yoshlarning ma’naviy-axloqiy ongi yuksalishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. 3. Yoshlar dunyoqarashida yangilik va modernizatsiya qilish jarayonlariga kamarbastalik, ular mohiyatini chuqur anglash, islohotlar maqsad va mazmunini qo‘llash, yangi munosabatlarga intilish, izlanish, o‘z ijtimoiy ovoziga ega bo‘lish uchun harakat, o‘ziga va idrokiga ishonch, o‘z salohiyatini jamiyat taraqqiyoti uchun sarflashga tayyorlik, shaxs sifatidagi komillikka intilish, o‘z taraqqiyotini jamiyat rivoji bilan bog‘lash, bunyodkorlik ishlariga tayyorlik, ochiq nazar bilan qarash va sof ko‘ngillilik kabi fazilatlarni shakllantirish muhim ahamiyatga ega. 4.Yoshlar o‘rtasida befarqlik, boshqaruv tizimlariga ishonchsizlik, barcha narsani men uchun davlat yaratib berishi lozim degan asosga qurilgan boqimandalik kayfiyati, yot g‘oyalarga nisbatan beriluvchanlik, ziddiyatlarga moyillik, o‘z ijtimoiy holatidan norozilik, biron ishga yaroqsizlik, o‘z kelajagiga ishonchsizlik, konflikt vaziyat va holatlardan chiqib keta olmaslik, mana shunday holatlarni o‘zi yaratish, qonunlarni bilmaslik, bilimsizlik, tushkunlik. Shu bilan birga, yoshlar o‘rtasida ta’lim, mehnat, madaniyat, qonunlarga bo‘ysunish, yangi demokratik tamoyillarni anglash va qabul qilish, ijtimoiy va siyosiy ong, din va demokratik jamiyat muvozanatiga nisbatan turlicha munosabat va qarashlar ham mavjud. Mazkur vaziyatning murakkabligi va turlichaligi, ayniqsa uning qarama-qarshi tomonlari, yoshlar o‘rtasida targ‘ibot va tashviqot faoliyatini yanada kuchaytirish, uning omma ongiga ta’sirchanligini oshirish lozimligi, bunda esa yoshlar tashkilotlarining mas’uliyati nechog‘lik yuqori ekanligi ko‘zga tashlanadi. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda mamlakatdagi yoshlar masalalarini hal qilishda yoshlar tashkilotlarining vazifalari uchun xos bo‘lgan quyidagi taklif va tavsiyalarni bildirish mumkin: -oliy ta’lim muassasalarining o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari bilan hamda maktabgacha ta’lim muassasalari – o‘rta ta’lim muassasalari hamkorligi konsepsiyasini yaratish; - hududlarda yoshlar bilan ishlash bo‘limi tarkibini yetuk mutaxassislar jumladan, psixolog, san’at sohasi vakillari, huquqshunos, tadbirkor(fermer), iqtisodchi, pedagog kadrlar bilan to‘ldirish; - Turli ijtimoiy tuzilmalarda Yangi O’zbekiston Strategiyasida belgilangan jadal yuksalish jarayonlarini har bir yosh kesimida amalga oshishini ta’minlash uchun aniq reja va “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish hamda har bir ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarda “Men bugun va ertaga qandayman” shiori ostida individual taraqqiyot rejalarini tuzish; - Kitobxonlik madaniyatini vertikal asoslarda emas, balki gorizontal asoslarda, ya’ni “ota kitobxon- bola kitobxon,” “o‘qituvchi kitobxon- o‘quvchi kitobxon”tarzidagi yondashuvni, ya’ni ibrat omilini qo‘llash orqali targ‘ibotini kuchaytirish va har bir mahalla, oila va maktabda bolaning 5-7 yoshligidan boshlab, aniq maqsadni shakllantirishga erishish; - yoshlarning jamiyat taraqqiyotidagi faoliyatlariga yo‘l ochish va uni ta’minlash uchun ularning o‘zlaridagi faollik, siyosiy va iqtisodiy islohotlar jarayonlariga kamarbastalik, islohotlarga ishonch, demokratik qadriyatlarning abadiyligiga suyanish fazilatlarini tarbiyalashning aniq modelini ishlab chiqish; - yoshlarning yangilikka intilishi, tashabbuskorligi, erkin bozor iqtisodiyotiga tez ko‘nikishi, yangi yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlashi kabi mavjud yuqori saviyadagi va ijobiy yo‘naltirilgan salohiyatidan o‘z vaqtida xolis va rag‘bat asosida foydalanishga erishish, yoshlar tashabbuslarining “cho‘kib” qolishiga yo‘l qo‘ymaslik; - yoshlar siyosati va uni amalga oshirish masalasini milliy va davlat xavfsizligining zaruriy tarkibiy qismlaridan biri deb tan olish, yoshlar davlat istiqbol rivojlanishining zahira boyligi ekanligini targ‘ib va tashviq etish va boshqalar. Download 369 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling