Asosiy tayanch tushunchalar
Ishchi kuchi — insonning mehnat qilishga bo’lgan aqliy va jismoniy qobiliyatlari yig’indisi.
Mehnat qurollari — insonning tabiatga, mehnat predmetlariga ta’sir qilishda vosita bo’lib xizmat qiladigan narsalar: mashinalar, dastgohlar, traktorlar, pluglar, qurulmalar, uskunalar va boshqalar.
Mehnat predmetlari — bevosita mehnat ta’sir qiladigan, ya’ni mahsulot tayyorlanadigan narsalar (er-suv, xom ashyo, materiallar va boshqalar).
Kapital — ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatishda ishlatilib, o’z egalariga daromad keltiradigan ishlab chiqarish vositalari, tovarlar va pul mablag’laridir.
Er-suv — tuproq unumdorligi, o’tloqlar, suvlar, o’rmon, qazilma boyliklardan iborat bo’lgan va foydalanishga tortilgan tabiiy resurslar.
Tadbirkorlik qobiliyati — insonda bo’lgan tashabbuskorlik, tashkilotchilik, novatorlik, iqtisodiy xavfdan, javobgarlikdan cho’chimaslik hislatlarining birligi.
Ishlab chiqarish jarayoni — kishilarning maqsadni ko’zlab amalga oshiriladigan faoliyati bo’lib, iste’mol uchun zarur bo’lgan moddiy va ma’naviy ne’matlarni yaratishga qaratilgan jarayon. Ishlab chiqarish jarayoni bir tomondan iste’mol qiymatlarini (naflilikni) yaratish jarayoni bo’lsa, ikkinchi tomondan qiymatning o’sish jarayonidir.
Ijtimoiy ishlab chiqarish — o’zaro bog’liqliqda va doimiy aloqada bo’lgan barcha individual ishlab chiqarishlarning birligidan iboratdar.
Ishlab chiqarishning umumiy samarasi — ishlab chiqarishning pirovard natijasi bilan unga sarflangan resurs xarajatlari o’rtasidagi nisbat.
Yalpi ijtimoiy mahsulot — ma’lum bir davrda, masalan, bir yilda yaratilgan moddiy ne’matlar yig’indisi.
Ichki milliy mahsulot — bir yil davomida mamlakat hududida vujudga keltirilgan va bevosita iste’molchilarga yetib boradigan barcha tayyor tovarlar va ko’rsatilgan xizmatlarning bozor bahosidagi qiymati.
Sof milliy mahsulot — ishlab chiqarishda va xizmat ko’rsatish-da band bo’lgan xodimlarning sarflangan mehnati bilan, vujudga keltirilgan yangi mahsulot. U ichki milliy mahsulotdan ishlab chiqarish jarayonida iste’mol qilingan asosiy vositalar amortizatsiyasini chegirib tashlash yo’li bilan aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |