Iqtisodiyot va uning bosh masalasi. Iqtisodiy faoliyat


Download 16.03 Kb.
Sana15.06.2023
Hajmi16.03 Kb.
#1481053

    1. Iqtisodiyot va uning bosh masalasi. Iqtisodiy faoliyat.

Iqtisodiyot va uning bosh masalasi Iqtisodiyot murakkab va ko’pqirrali tushuncha bo’lib, bu birinchidan xo’jalik tizimi, ikkinchidan iqtisodiy munosabatlar birligi va uchinchidan, fan darajasida mujassamlashgan bilimlardir. Qadimda iqtisodiy faoliyatning asosiy shakli uy xo‘jaligi doirasida ro‘y bergan. Shuning uchun iqtisodiyot deganda uy xo‘jaligi va uni yuritish qonun-qoidalari tushunilgan.
Iqtisodiyot – bu iqtisodiy ne’matlar va vositalarni takror ishlab chiqarish jarayonida vujudga keladigan iqtisodiy munosabatlar, xo’jalik yuritish shakllari, ularni tartibga soluvchi mexanizmlar va infratuzilmaviy muassasalarning ma’lum darajada tartibga solingan tizimidir. Iqtisodiyot doirasida iqtisodiy boyliklarni, ya‘ni jamiyat uchun zarur bo‘lgan ne‘mat va vositalarni takror ishlab chiqarish jarayoni ro‘y beradi. Takror ishlab chiqarish bu jarayonning to‘xtovsiz takrorlanib, yangidan boshlanib turishidir. Takror ishlab chiqarish qisqarib boruvchi, oddiy va kengaytirilgan turlarga ajratiladi.
Qisqarib boruvchi takror ishlab chiqarishda ishlab chiqarish hajmi kamayib borish tartibida takrorlansa, uning oddiy turida bir me‘yorda, o‘zgarmasdan va kengaytirilgan turida esa bu jarayon ko‘payib borish tartibida takrorlanadi. Tovarlar, xizmatlar va resurslarning harakati bo’yicha takror ishlab chiqarish - ishlab chiqarish, ayriboshlash, taqsimlash va iste‘mol qilish jarayonlarining birligidan iboratdir. Ishlab chiqarish jarayonida tovar va xizmatlar yaratiladi. Agar ishlab chiqarilmasa, taqsimlanadigan, ayriboshlanadigan va nihoyat, iste‘mol qilinadigan narsalar bo‘lmaydi. Taqsimot jarayonida ishlab chiqarish vositalari, ishchi kuchi, tovar va xizmatlar hamda pul daromadlari tarmoqlar, sohalar, hududlar, korxonalar va jamiyatning alohida a‘zolari o‘rtasida taqsimlanadi hamda qayta taqsimlanadi. Ayriboshlash yaratilgan ne’matlar va boyliklarning ishlab chiqaruvchilari va iste’molchilarini bog’lovchi bo’g’in hisoblanadi. Iste’mol jarayonida tovarlar va xizmatlar o‘zlarining pirovard iste‘molchilarini topadi hamda turli xil ehtiyojlarni qondirishga xizmat qiladi. Iste‘mol ikki turga bo‘linadi: unumli va shaxsiy iste‘mol. Ishlab chiqarish vositalari va ishchi kuchi ishlab chiqarish jarayonida foydalanilib, unumli iste‘mol qilinadi. Iste‘mol buyumlari shaxsiy iste‘mol jarayonida foydalaniladi va shu orqali ularning o‘rniga yangisini ishlab chiqarish zaruriyati paydo bo‘ladi. Iqtisodiyotning zaruriy tarkibiy qismi va faoliyat qilishining asosiy sharti infratuzilmadir. Infratuzilma – bu ishlab chiqarish va ayriboshlashning bir me‘yorda ro‘y berishi hamda kishilar turmush kechirishining umumiy shart-sharoitini tashkil qiluvchi sohalardir. Infratuzilma quyidagi turlarlardan iborat bo’ladi: Ishlab chiqarish infratuzilmasi-bevosita ishlab chiqarish jarayoniga xizmat ko‘rsatadi. Bular saqlash va uzatish vositalari, ombor xo‘jaligi, moddiy texnika ta‘minoti, transport, aloqa, yo‘llar va boshqa shu kabilardir.
Ijtimoiy infratuzilma-kishilar yashash va hayot kechirishining ijtimoiymadaniy va maishiy sharoitlarini tashkil qiladi (ta‘lim, sog‘liqni saqlash, maishiy, uy-joy va kommunal xo‘jalik). Bozor infratuzilmasi-tovarlar va iqtisodiy resurslar ayriboshlash jarayoniga xizmat qiladi (birjalar, savdo uylari, auktsionlar va boshqalar). Iqtisodiyotning doimiy va bosh masalasi jamiyat ehtiyojlarining cheksizligi hamda uni qondirish uchun zarur bo‘lgan iqtisodiy resurslarning cheklanganligidir. Iqtisodiyotning bosh masalasi o‘zining ikki tomoniga ega: ehtiyojlar cheksiz va iqtisodiy resurslar cheklangan. Iqtisodiyotning asosiy muammosi – iqtisodiy resurslar cheklangan sharoitda jamiyatning cheksiz ehtiyojlarini qanday qilib to‘laroq qondirib borish mumkinligi to‘g‘risidagi masaladir. Iqtisodiyotning asosiy muammosini hal qilish yo’llari: - iqtisodiy resurslar miqdorini ko‘paytirish; - resurslar unumdorligini oshirish; - resurslardan foydalanishning turli muqobil variantlaridan eng samaralisini tanlash; - jamiyat ehtiyojlarini cheklash. Kishilar yashashlari, siyosat, san‘at, adabiyot, fan, ma‘rifat, bilan shug‘ullanishlari uchun hayotiy ne‘matlarni iste‘mol qilishlari, kiyinishlari va turli xil xizmatlardan bahramand bo‘lishlari kerak. Kishilar bunday hayotiy vositalarga ega bo‘lishi uchun turli sohalarda faoliyat ko‘rsatadi. Insonning bu turli faoliyatlari ichida eng asosiysi, ularning yashashi va kamol topishini ta‘minlaydigan iqtisodiy ne‘matlarni ishlab chiqarish (hamda xizmatlar ko‘rsatish) dan iborat bo‘lgan iqtisodiy faoliyatdir. Kishilarning yashashi, kamol topishi uchun zarur bo’lgan hayotiy ne’matlar va vositalarni ishlab chiqarish hamda iste’molchilarga yetkazib berishga qaratilgan, bir-biri bilan bog’liqlikda amal qiladigan turli-tuman faoliyatlar yaxlit qilib, iqtisodiy faoliyat deb ataladi.
Download 16.03 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling