Yigirma yettinchi hadis.
Sufyon ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Ey Rasululloh, menga Islomdan bir so‘z aytingki, men sizdan boshqa biror kishidan u haqda so‘ramayin», deganda, u zot: «Allohga imon keltirdim, deb aytib, so‘ngra istiqomatda (ya’ni, sobitqadamlikda) bo‘l», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.
Ulamolarning aytishlaricha, bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlarni jamlovchi hadislari bo‘lib, Alloh taoloning quyidagi so‘ziga muvofiqdir: «Albatta: «Parvardigorimiz Allohdir», deb, so‘ngra (yolg‘iz Allohga toat-ibodat qilishda) to‘g‘ri -ustivor bo‘lgan zotlarning oldilariga (o‘lim paytida) farishtalar tushib, (derlar): «Qo‘rqmanglar va g‘amgin bo‘lmanglar» (Fussilat surasi, 30-oyat). Jumhur ulamolar fikricha, bu oyat va hadisning ma’nosi - «Imon keltirib, Allohning toatida bardavom bo‘lganlar»dir.
Do'stlaringiz bilan baham: |