Yigirma uchinchi hadis.
Abu Zarr va Muozdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qayda bo‘lmasin, Allohdan taqvo qil. Yomonlikka yaxshilikni ergashtir, uni o‘chirib yuboradi. Kishilarga chiroyli xulq bilan muomalada bo‘l», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari. Yigirma to‘rtinchi hadis.
Irboz ibn Soriyadan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga va’z aytdilar, undan qalblar vahimaga tushdi va ko‘zlardan yosh oqdi. Shunda biz: «Ey Rasululloh, vidolashuvchi mav’iza bo‘lsa kerak, bizga vasiyat qiling», desak, u zot: «Sizlarga Allohdan taqvo qilishni hamda agar qul boshliq bo‘lsa, uning so‘zini eshitib itoat etishni vasiyat qilaman. Chunki sizlardan qaysi biringiz yashaydigan bo‘lsa, ko‘p ixtiloflarni ko‘radi. Ana shu paytda mening sunnatimni va to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi xulafoi roshidinlar sunnatini o‘zingizga lozim topib, uni oziq tishlaringiz bilan mahkam tishlanglar. Ishlarning yangisidan chetlaninglar. Chunki har bir bid’at zalolatdir», dedilar. Abu Dovud va Termiziylar rivoyati.
Do'stlaringiz bilan baham: |